Home / YANGILIKLAR / Prezident farmoni bilan 75 nafar shaxs afv etildi

Prezident farmoni bilan 75 nafar shaxs afv etildi

Insonparvarlikning yuksak namunasi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navroʻz umumxalq bayrami arafasida xalqimizga xos ezgulik, bagʻrikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli boʻlish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 75 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 4 nafari asosiy jazodan toʻliq ozod etildi, 53 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 2 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 16 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 18 nafarini chet el fuqarolari, 17 nafarini ayol, 15 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 6 nafarini nogironlar hamda 9 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishlari, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishlari uchun ularga koʻmak berish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Manba: OʻzA

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …