Home / FOTO LAVHALAR / Yakunlangan trening hali davom etadi

Yakunlangan trening hali davom etadi

Oʻtayotgan hafta soʻngida AQSH Tinchlik instituti tomonidan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari uchun “Tinchlik uchun pedagogika” dasturi doirasida “Strategik rejalashtirish va tatbiq etish” mavzusida Buxoro shahrida oʻtkazilgan 5 kunlik amaliy trening mashgʻulotlari nihoyasiga yetdi.

Mashgʻulotlar yakunida Markaz direktori Shovosil Ziyodov soʻzga chiqib, trenerlarga alohida minnatdorlik izhor etdi va trening orqali har bir xodimning kelgusidagi faoliyatni yanada takomillashtirish hamda ishini tartibli tashkil etish, maqsadni aniq qoʻyib, unga yetish rejasini puxta ishlab chiqishga oid koʻnikmalari yanada mustahkamlanganini alohida taʼkidladi. Notiq shuningdek, jamoa hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdorligini qayd etib, institut tomonidan ezgulik yoʻlida amalga oshirilayotgan bu kabi amaliy tadbirlarning markaz xodimlari salohiyatini tobora yuksaltirishdagi muhim ahamiyatini eʼtirof etdi.

Institutning loyiha rahbari Barmak Pajvak yakuniga yetgan trening uning barcha ishtirokchilarga birdek manfaatli boʻlganidan mamnunligini bildirib, institut nomidan onlayn tarzdagi uzviy muloqotlarga doim tayyorligini maʼlum qildi. Pajvak shuningdek, jamoaga mashgʻulot oʻtish tashkilotchilarga zavq bagʻishlagani, trening kunlik ishida buyuk muhaddis Imom Buxoriy ruhiyati sezilib turganini qayd etdi. Shu bilan birga trening rahbari mashgʻulotlarni tashkil etish va oʻtkazishga barcha imkoniyatlarni yaratib bergan mamlakatimiz hukumatiga alohida minnatdorlik izhor etib, buni bevosita davlatimizda diniy-maʼrifiy soha taraqqiyotiga qaratilayotgan eʼtibor sifatida baholadi.

Tomonlar trening mashgʻulotlarini keyingi bosqichlarini ham izchil davom ettirishga kelishib oldilar. Unga koʻra navbatdagi bosqich mashgʻulotlari joriy yilning kuz oylarida oʻtkazilishi belgilandi.

Shundan soʻng, trening ishtirokchilarining barchasiga tashkilotchilar tomonidan tegishli sertifikatlar topshirildi.

Oʻz navbatida trenerlar hamda loyiha rahbariyatiga markaz jamoasi nomidan estalik sovgʻalari hadya qilindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Mashgʻulotlar amaliyot bilan bogʻlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan oʻtgan davr mobaynida qator xalqaro nufuzli tashkilot va ilmiy …