Home / YANGILIKLAR / “Umra qoʻllanmasi” ilovasi iOS dasturida ham ishlab chiqildi

“Umra qoʻllanmasi” ilovasi iOS dasturida ham ishlab chiqildi

Yaqinda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Android mobil telefonlari uchun “Umra qoʻllanmasi” ilovasi ishlab chiqilgani haqida xabar berilgan edi.

Albatta, bunday qulaylikdan iOS tizimidan foydalana yotgan aqlli gadjet sohiblari bebahra qolayotgan edi. Endilikda mazkur ilova iOS dasturida ham ishlab chiqildi. Bu esa barcha smartfon, planshet egalariga ilovadan foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Qayd etish joizki, “Umra qoʻllanmasi” ilovasida Umra safari davomida lozim boʻladigan zarur barcha maʼlumotlar tafsilotlarigacha qisqa, sodda va loʻnda bayon etilgan. Unda “Umra qoʻllanmasi”, “Umra duolari”, “Safarga tayyorgarlik” va “Islom tarixiga oid joylar” nomli boʻlimlari mavjud.

“Umra qoʻllanmasi” boʻlimida Umra ibodatiga oid barcha masalalar keltirilgan. Xususan, “umra” soʻzining maʼnosidan to uning amallari-yu sunnatlarigacha tushuntirib berilgan. Shu bilan birga, ziyorat qilish odoblari, muborak shahar va masjidlarning fazilatlari, safar tartib-qoidalari kabi bir qator ruknlarda zarur maʼlumotlar taqdim etilgan.

Bundan tashqari, “Umra duolari” bobida muborak safarda muhim boʻlgan duolar batafsil bayon etilgan. Safarga tayyorgarlik koʻrishda, safar davomida, muborak shaharga kirishdagi duolar, tavof asnosida, zam-zam suvi ichganda, tabarruk joylarda, Vatanga qaytishda oʻqiladigan duolar kabi ellikdan oshiq duolar berilgan. Yana bir muhim jihat, bu boʻlimda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan bir qatorda Abu Bakr va Hazrati Umar roziollohu anhumoga salom berish odob va tartiblari bayon etilgan. Bu duolarni mukammal bilish ziyoratu ibodatlarni toʻla-toʻkis boʻlishi zamin yaratadi.

Mazkur boblardan yana biri Islom tarixiga oid. Bunda safar davomida boriladigan muqaddas joylar haqida qiziq va tarixiy manbalar berilgan. Ularni oʻqigan kishi muqaddas qadamjolarga oid keng tushunchaga ega boʻladi.

Yana bir muhim boʻlim – safarga tayyorgarlik boʻlimidir. Unda muborak safarga chiqmoqchi boʻlgan har bir kishiga muhim tavsiyalar, man etilgan tartib-qoidalar, ziyoratchilar eʼtibor qaratish lozim boʻlgan masalalar bayon etilgan.

Shuningdek, ilovada bir qator eslatma va xizmatlar bor. Jumladan, pandemiya sharoitida Saudiya Arabistonidagi tartiblar, qaysi vaksinalar olish zarurligi hamda ob-havo maʼlumotlari berib borilmoqda. Qolaversa, muqaddas safarga eng soʻnggi reyslar qachon uchishi va qaytishi haqida ham aniq xabarlar joylangan. Bunday zamonaviy xizmatlar muborak safarga otlanganlar uchun qulaydir.

Qisqasi, ilova bilan tanishgan kishi Umra ziyorati xususida toʻliq maʼlumotga ega boʻladi.

Manba: OʻzA

Check Also

Markaz rahbari – Samarqanddagi yirik anjumanda

Bugun, 3-may kuni Samarqanddagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Turkiyadagi Egey universiteti …