Home / ALLOMALAR / XUSRAV DЕHLAVIY IJODINING TARIXIGA CHIZGILAR

XUSRAV DЕHLAVIY IJODINING TARIXIGA CHIZGILAR

Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimizning asrlar mobaynida yaratib kelgan ulkan, bebaho maʼnaviy va madaniy merosini tiklash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Bu merosni yaratgan siymolarning orasida, moʻgʻul istilosidan qochib Hindistonga ketgan, asli keshlik kishining Dehlida tugʻilib, ijodi oʻsha yurtda shakllangan farzandi, adabiyot ixlosmandlarining koʻnglidan abadulabad joy olgan ijodkor, fors-tojik adabiyotining buyuk namoyandasi Amir Xusrav Dehlaviy ham bor. Amir Xusrav Dehlaviyning ijodi oʻrta asrlardagi soʻz sanʼatining muhim bir hodisasi sifatida turli yurt tadqiqotchilarining diqqat markazida boʻldi.

Oʻrta asrlardagi allomalar Davlatshoh Samarqandiyning (“Tazkirat ush-shuaro”), Amin Ahmad Roziyning (“Haft iqlim”), Shayx Ozarining (“Javohir ul-asror”), Sherxoni Ludiyning (“Mirʼot ul-hayol”), Amir Kamoliddin Husayn Gozurgohiyning (“Majolis ul-ushshoq”) asarlarida, Shamsiddin Somiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Rizoqulixon Hidoyatning tazkiralarida Amir Xusrav Dehlaviyning shaxsi va ijodi haqidagi umumiy maʼlumotlarga duch kelamiz.

Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” asari fiqralarida, oʻsha paytlarda ijod ahliga baho berishda, ularning Amir Xusrav Dehlaviyning sheʼrlarini qay darajada bilgani, toʻplagani, ularga muhammaslar, naziralar yozgani badiiy soʻz sohasidagi bilimdonlik mezoni hisoblangan.

Jahon adabiyotshunosligida Amir Xusrav Dehlaviyning ijodi katta ehtirom bilan oʻrganilgan va shu paytgacha talaygina tadqiqot ishlari olib borilgan. Tadqiqotchilardan Shibli Nuʼmoniy, Ye. B. Kavel, Xammer, Shpringer, G. Ete, Charlz Ryo, Garsin de Tassi, Yan Ripka, Arberri, Zabihullo Safo, Said Nafisiy, tarixchilardan Ziyouddin Baraniy, Muhammad Qosim Hindushoh, Amir Xurd, N. M. Elliot va boshqalar Amir Xusravning shaxsiyati va u yashagan muhit haqida ancha maʼlumotlar bergan [1: 7]. Tojik olimi M. Baqoyev birlamchi manbalardagi maʼlumotlardan shoirning ilmiy biografiyasini yaratishga, ijodiy merosini birmuncha keng koʻlamda oʻrganishga muvaffaq boʻlgan [2: 33].

Respublikamizda Amir Xusrav Dehlaviyning hayoti va ijodini oʻrganish borasida ancha ishlar qilingan. 1965 yili Sh. Shomuhamedovning tashabbusi bilan ToshDUning sharq fakulteti tarkibida xorijiy Sharq mamlakatlari adabiyoti kafedrasi tashkil qilindi. Bu kafedra sharq xalqlari adabiyotini oʻrganish borasida salmoqli ishlarni amalga oshirdi. U Amir Xusrav Dehlaviyning ijodini atroflicha oʻrganish boʻyicha sobiq Ittifoqda yagona markaz hisoblangan. Oʻsha paytlardayoq bu mavzu boʻyicha 100dan ortiq maqola, 4ta toʻplam, 5ta monografiya eʼlon qilindi. Shuningdek, 3ta doktorlik va 8 ta nomzodlik dissertatsiyasi yoqlandi. Ularning qatorida Jaʼfar Iftixor, Bosit Musayev, Suyuma Yuldasheva, Muhammadjon Imomnazarov, Ahmadjon Quronbekov, Gulxumor Toʻychiyeva va boshqalar bor.

1969 yili Bosit Musayev prof. Sh. M. Shomuhamedov rahbarligida Oʻzbekiston FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining ilmiy kengashida “Tekstologicheskoye issledovaniya gazeley «Tuxfat as-sigar” Amir Xosrova Dexlevi» degan mavzuda nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. 1974 yil noyabr oyida Suyuma Yuldasheva SSSR FA Sharqshunoslik instituti ilmiy kengashida “Xudojestvennыye osobennosti poemы “Xasht bexesht” Amir Xosrova Dexlevi” degan mavzuda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1975 yili Muhammadjon Imomnazarov Moskvada SSSR FA Sharqshunoslik instituti ilmiy kengashida “Xusrav Dehlaviyning “Shirin va Xusrav” dostoni leksikasining statistik-semantik xususiyatlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. 1986 yili esa Tojikiston FA Rudakiy nomidagi Til va adabiyot instituti ilmiy kengashida “Xusrav Dehlaviy epik ijodida badiiy metod va poetika masalalari” degan mavzuda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1980 yilning aprelida S. Shomuhamedova Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Falsafa va huquq instituti ilmiy kengashida “Amir Xusrav Dehlaviyning ijtimoiy-falsafiy qarashlari” mavzusida dissertatsiya yoqlaydi va falsafa fanlari nomzodi ilmiy darajasini oladi. 1993 yili eronshunos olima Gulxumor Toʻychiyeva taniqli sharqshunos olim Sh.M. Shomuhamedov rahbarligida ilmiy ish olib borib “Amir Xusrav Dehlaviyning «Tuhfat as-sigʻar” devoni gʻazallarining vazni» degan mavzuda dissertatsiya shuningdek, “Amir Xusrav Dehlaviy poetikasi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Amir Xusrav Dehlaviyning hayoti va ijodini yoritishda amalga oshirilgan turli koʻrinishdagi izlanishlarning koʻlami, salmogʻi tahsinga sazovordir [3: 65].

Fors-tojik adabiyotidagi ruboiy janriga forsshunos olim Ye.E. Bertelsning eʼtibor qaratganini koʻramiz. U X asrda Buxorodagi sheʼriyatni oʻrganish asnosida oʻsha davr ruboiy janri xususida qisqa boʻlsa-da toʻxtalib oʻtadi. “Ruboiyning ibtidoiy holati islomdan oldingi davrda ham kuzatilgan sheʼr shakli ekani shubhasiz. U hozir ham Eronda koʻp tarqalgan, maʼlum darajada bizdagi chastushkalarning vazifasini oʻtab keladi”, deb yozadi Ye.E. Bertels. U somoniylar davri adabiyotida hali yaxshi shakllanmagan bu janrning fors-tojik adabiyotida juda sekinlik bilan rivojlanib kelganiga diqqatimizni qaratadi va bu yoʻnalishda tadqiqotlar olib borishga daʼvat etadi [2: 65].

Fors-tojik adabiyotidagi ruboiy janrining yuzaga kelishini atroflicha yoritgan olima A.K. Kozmoyan oʻzining izlanishlarini X­XII asrlardagi ruboiynavis shoirlarning ijodiy merosi asosida olib bordi [4: 26]. Bu ish, fors-tojik adabiyotida ruboiy janrining nazariy jihatlarini ochib berishga bagʻishlangan asosiy tadqiqotlardan hisoblanadi. Unda ruboiyning shakllanishidan tortib, bosqichma-bosqich yuksalib borish jarayonigacha yaxshi aks etgan.

Xusrav Dehlaviyning ijodi boʻyicha koʻplab tadqiqotlar olib borgan tojik olimi Muhammadvafo Baqoyev shoirning hayoti va ijodi haqida monografiya yozgan. Bu tadqiqotda Amir Xusravning hayot qirralari va ulkan merosi birmuncha keng tahlil etilgan. Baqoyev bu tadqiqotida shoirning dostonlari, gʻazaliyoti va qasidalariga bagʻishlab, muhim fikrlar bildirgan. Muallif, avvalo, Amir Xusrav ruboiylarining umumiy miqdori va ularning besh devon ichra joylashuvi haqida mulohazalar yuritgan va raqamlar keltirgan (868 ta). U ham umum fikriga qoʻshilgan holda ruboiylarning sonini bundan koʻra koʻproq boʻlishi kerak deb hisoblaydi [5: 204]. Muallif mavzularni turkumlashtirib, ruboiylardan bir qanchasini nimalarga bagʻishlanganini sanab oʻtadi.

Amir Xusrav Dehlaviyning ijodiga bagʻishlab, ayniqsa uning masnaviy, qasida, ruboiy va gʻazaliyoti boʻyicha koʻplab ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Shu bois, bu maqola Dehlaviyning ijodini oʻrganishga, uning adabiy faoliyati bilan yaqindan tanishishga, badiiy mahoratining yangi qirralarini kashf etishga qaratilgan.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Shomuhamedov Sh., Musayev B. Amir Xusrav Dehlaviy. – T.: Fan, 1971.
  2. Baqoyev M. Hayot va ejodiyoti Xusravi Dehlaviy. –Dushanbe: Donish, 1975.
  3. Aliyev G.Yu. Persoyazichnaya literatura Indii. –M., 1968.
  4. Imomnazarov.M. Iz opыta sostavleniya slovarya yazыka Amira Xosrova. -V sb.: Amir Xosrov Dexlevi, – T., 1978.
  5. Yoʻldosheva S. Xarakteristika sravneniya v poeme “Hasht behesht” Amir Xosrova Dexlevi. – V sb.: “Amir Xosrov Dexlevi”. –T., 1975.
  6. Munirov Q. Amir Xusrav Dehlaviy asarlarining ќoʻlyozmalari. –T.,1975.
  7. Musayev B. Amir Xusrav Dehlaviy va Alisher Navoiy, – Sharq yulduzi jurnali, –T., 1968.
  8. Kozmoyan A.K. Ruboi v klassicheskoy poezii na farsi (X-XIIvv.). – Yerevan, 1981.
Feruza NIZAMOVA
OʻzXIA “Oʻzbek tili va  mumtoz sharq adabiyoti”  kafedrasi dotsenti,
filologiya fanlari nomzodi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …