Home / ALLOMALAR / FIRABRIY RIVOYATI MASHHURLIGINING SABABLARI NIMADA?

FIRABRIY RIVOYATI MASHHURLIGINING SABABLARI NIMADA?

“Sahihul Buxoriy”ni muallifdan eshitgan roviylar orasida Abu Abdulloh Firabriy (231-320/846-932) alohida oʻrin tutadi. Alloh taolo unga Imom Buxoriy bilan uchrashish va undan hadis eshitish uchun bir necha sabablarni taqdir qilgan va koʻp xayrli ishlarga muyassarlik bilan xoslagan. Shu sababli uning rivoyati rivoyatlarning eng yaxshisi, eng toʻligʻi va sanadi oliyrogʻiga aylangan.

Abu Isʼhoq Mustamliy Muhammad ibn Yusuf Firabriydan rivoyat qilib bunday deydi: “Muhammad ibn Ismoilning “Sahihul Buxoriy” kitobini muallifning oʻzidan men bilan birga toʻqson mingga yaqin kishi eshitgan. Bu kitobni Imom Buxoriyning oʻzidan rivoyat qiladigan mendan boshqa biror kishi qolmadi”. Firabriyning bu gapi hamma ulamolar tomonidan birdek eʼtirof etilmasa ham, Imom Buxoriydan rivoyat qilgan roviylarning koʻpligiga dalil boʻla oladi. Chunki, oʻsha paytda Firabriydan uzoqroq umr koʻrgan boshqa roviylar ham boʻlgan.

Imom Firabriy rivoyatining mashhur boʻlishi va boshqalaridan ajralib turishi bejiz emas, albatta. Bu variantda “Sahihul Buxoriy”ning boshqa rivoyatlarida uchramagan jihatlar bor.

Ulamolar Firabriyning rivoyatini “Sahihul Buxoriy” kitobi borasida musulmonlarning asosiy tayanchi va mustahkam arqoni deb hisoblagan. Xususan, Ibn Rushayd Fihriy (vaf. 721/1321): “Abu Abdulloh Firabriy “Sahihul Buxoriy” kitobida musulmonlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgacha boʻlgan vositasi va ularning mustahkam arqonidir”, degan.

Rivoyatlar va nusxalar orasidagi tafovut sabablari juda koʻp. Ularni birma-bir sanab oʻtish bir maqola doirasiga sigʻadigan ish emas. Bu sabablar roviylarning shaxsiyatidagi va kitob nusxalarini diqqat bilan tekshirishdagi tafovutlarga borib taqaladi.

Firabriyning rivoyati haqidagi maʼlumotlar toʻplanganida, uni boshqalardan ajratib turadigan bir necha omil ayon boʻladi.

Birinchi. Firabriydagi odillik, maʼlumotlarni diqqat bilan tekshirish va ulamolar u kishi haqida yaxshi soʻzlarni aytgani.

Shak-shubhasiz, bir odamning xabari qabul qilinishi uchun u adolatli va ishonchli inson sifatida nom qozongan boʻlishi kerak. Firabriy haqida ulamolar juda yaxshi gaplarni aytgan. Bu oʻrinda Ibn Rushayd Fihriyning: “Abu Abdulloh Firabriy “Sahihul Buxoriy” kitobida musulmonlarning asosiy tayanchidir”, degan soʻzini keltirishning oʻzi kifoya.

Ikkinchi. Firabriyning qoʻlidagi nusxa toʻliq boʻlgan va kamchiligi yoʻqdir. Rivoyatning toʻliqligi va kamchiliklardan xoli ekani afzallik belgisidir. Chunki, keyin kelgan har qanday roviy imkon qadar toʻliq va mukammal nusxaga murojaat qilishi tabiiy.

Abu Ali Jayyoniy “Taqyidul muhmal”da bunday deydi: “Abu Fazl Solih ibn Muhammad ibn Shazon Isbahoniy Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiydan: “Imom Buxoriy toʻplamning oxirida menga “Hukmlar kitobi”ning avvalidan kitobning oxirigacha ijozat bergan edi”, deb rivoyat qiladi”. Lekin Nasafiyning rivoyatida toʻplamning oxiridagi varaqlari Firabriynikiga qaraganda kamroqdir.

Imom Xattobiy “Sahihul Buxoriy”ga yozgan “Aʼlomul hadis” nomli sharhida: “Biz bu kitobning koʻp qismini Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiyning Imom Buxoriydan rivoyat qilgan yoʻliga koʻra eshitdik. Faqat oxiridagi hadislarnigina Muhammad ibn Yusuf Firabriyning yoʻli orqali eshitdik”, degan. Demak, Imom Xattobiy “Sahihul Buxoriy”ni Nasafiy yoʻli orqali rivoyat qilgan roviylardan biri hisoblanadi. Lekin kitobning oxiridagi hadislarni Firabriydan rivoyat qilgan.

Burhonuddin Abnosiy (vaf. 802/1400) oʻzining “Ash-Shazol fiyah min ulumi Ibn Saloh” kitobida Ibn Salohning “Sahihul Buxoriy”dagi hadislarning soni haqidagi: “Unda toʻrt mingta hadis bor” degan soʻzlarini sharhlab bunday deydi: “Bu Firabriyning rivoyati. Ammo Hammod ibn Shokirning rivoyati Firabriyning rivoyatidan ikki yuzta hadisga kam. Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiyning rivoyati Hammod ibn Shokirning rivoyatidan yuzta hadisga kam”. Bu gapni Iroqiy, Abnosiy, Saxoviy va Shayxulislom Zakariyo Ansoriy zikr qilgan. Bu va boshqa dalillar Firabriyning rivoyati rivoyatlarning eng toʻligʻi ekanini koʻrsatadi.

Uchinchi. Firabriyning rivoyatini boshqalardan ajratib turadigan yana bir jihati qoʻlidagi asl nusxa sahih boʻlganidir.

Abu Valid Bojiy (vaf. 474/1082) “At-Taʼdil vat tajrih” kitobida Firabriyning qoʻlida “Sahihul Buxoriy”ning Imom Buxoriy oʻz qoʻli bilan yozgan asl nusxasi borligiga dalil boʻladigan gapni keltirib, bunday deydi: Hofiz Abu Zarr Abdurahmon ibn Ahmad Haraviy bizga Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad Mustamliydan rivoyat qiladi. Abu Isʼhoq Mustamliy: “Men “Sahihul Buxoriy” kitobini Muhammad ibn Yusuf Firabriyning qoʻlidagi asl nusxadan koʻchirib oldim. Shunda uning hali toʻliq emasligini koʻrdim. Kitobda koʻplab yozilmagan boʻsh joylar bor edi. Ketidan biror narsa yozilmagan roviylar silsilasi va sanadi yozilmagan hadislar bor edi. Shunda baʼzisini baʼzisiga qoʻshib qoʻydik”, degan.

Ibn Hajar ham “Sahihul Buxoriy”ga yozgan sharhlaridan biriga “Hadyus soriy” deb nomlangan muqaddimasida bu gapni Abu Valid Bojiydan naql qilgan.

Hofiz ibn Hajar Asqaloniy: “Bu asrda va undan oldingi asrlarda “Sahihul Buxoriy” kitobini eshitishda sanadi uzluksiz bogʻlangan rivoyat Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf ibn Mator ibn Solih ibn Bishr Firabriyning rivoyatidir”, degan.

Ibn Rushayd Fihriy bunday deydi: “Bugun mashriq va magʻribda “Sahihul Buxoriy”ni eshitishda sanadi Imom Buxoriyga bogʻlangan yoʻl Abu Abdulloh Firabriyning yoʻlidir. Rivoyati komilligi, muallifga yaqinligi va roviylarining mashhurligi uchun insonlar unga koʻproq suyanadi. Abu Abdulloh Firabriyning qoʻlida “Sahihul Buxoriy”ning asl nusxasi boʻlgan va undan shogirdlari nusxa koʻchirgan. Bu esa Firabriyni qoʻllab-quvvatlaydigan hujjat va uning toʻgʻriligiga guvohdir. Shu tariqa “Sahihul Buxoriy” Abu Abdulloh Firabriydan mutavotir yoʻl bilan naql qilingan. Musulmonlar buni mahkam ushlagan va unga ijmo bogʻlangan. Natijada aniq hujjat boʻlgan”.

Bu rivoyatlar Firabriy “Sahihul Buxoriy”ni uning asl nusxasidan oʻrganganiga yetarli dalildir. Shak-shubhasiz, bu kabi asl nusxaga boshqa nusxalar tenglasha olmaydi. Firabriy ham Imom Buxoriyning bevosita oʻzidan tinglagan ham “Sahihul Buxoriy”ni asl nusxasidan yozib olgan.

Toʻrtinchi. Firabriyning rivoyatini boshqalardan ajratib turadigan yana bir jihati Imom Buxoriydan keyin uzoq umr koʻrgani uchun sanadi oliy boʻlganidir. Imom Buxoriy 256/870 yil shavvol oyining boshida vafot etgan. Firabriy esa 320/932 yil shavvol oyining oʻninchi kuni toʻqson yoshida vafot etgan. Demak, Firabriy Imom Buxoriyning vafotidan keyin hijriy hisob bilan 64 yil yashagan. Oʻsha davrda yashagan muhaddis va talabalarning aksariyati “Sahihul Buxoriy”ni Firabriydan eshitishga intilgan. Zero, oliy sanadni talab qilish muhaddislar odobidandir.

Shu sababli boʻlsa kerak, Firabriy: “Muhammad ibn Ismoilning “Sahihul Buxoriy” kitobini muallifning oʻzidan men bilan birga toʻqson mingga yaqin kishi eshitgan. Bu kitobni Imom Buxoriyning oʻzidan rivoyat qiladigan mendan boshqa biror kishi qolmadi”, degan. U oʻzini Imom Buxoriydan hadis oʻrganganlarning eng oxirgisi deb hisoblagan.

Beshinchi. Firabriy “Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriyning oʻzidan bir necha marta eshitgan. Uning oʻzi muallifdan ikki marta eshitganini zikr qilgan. Bir marta – 248/862 yili Firabrda, ikkinchi marta – 252/866 yili Buxoroda. 253/867 yili ham Imom Buxoriydan eshitganiga dalil boʻladigan baʼzi rivoyatlar bor. Abu Ali Jayyoniy oʻz asarida Abu Zayd Marvaziyning Imom Firabriydan: “Oʻsha yili ham eshitganman”, degan rivoyatini keltirgan.

253/867, 254/868 va Imom Buxoriyning vafotidan bir yil oldin – 255/869 yillarda ham eshitganidan dalolat beradigan maʼlumotlar ham bor. Demak, Firabriy Imom Buxoriydan umrining oxirida “Sahihul Buxoriy”ni eshitgan boʻlsa, bundan undagi nusxa eng toʻliq ekanini, Imom Buxoriy oʻz qoʻli bilan yozgan “Sahihul Buxoriy”ning eng oxirgi asl nusxasi Firabriyning qoʻlida qolganini bilib olamiz. Keyinchalik aynan Firabriydan “Sahihul Buxoriy”ni juda koʻp shogirdlar taʼlim olgan va asar matnini ustozining qoʻlidagi asl nusxadan koʻchirgan.

“Sahihul Buxoriy” versiyalari orasida Firabriyning rivoyati juda mashhur boʻlib ketgani ana shundan. Insonlar hozirgacha “Sahihul Buxoriy”ni Firabriyning rivoyatidagi sanad bilan oʻrganib kelayotgani esa oltinchi omil boʻladi.

ABDUVOSI SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …