Home / MAQOLALAR / “ATVOQUZ ZAHAB”NING IKKI NODIR QOʻLYOZMA NUSXASI

“ATVOQUZ ZAHAB”NING IKKI NODIR QOʻLYOZMA NUSXASI

Koʻhna Xorazm zaminidan dunyo taraqqiyoti, ilm-fanning rivoji va takomillashuviga ulkan hissasini qoʻshgan koʻplab allomalar yetishib chiqqan. Ana shunday allomalardan biri Mahmud Zamaxshariydir. Toʻliq ismi – Abulqosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad Zamaxshariy. Hijriy 467 yili rajab oyining yigirma yettinchisida – chorshanba kuni Xorazm vohasining Zamaxshar (Izmixshir) qishlogʻida tavallud topgan. Bu milodiy 1075 yilning 19 martiga toʻgʻri keladi. Lekin baʼzi tarixchilar uning tavalludini 1074 yil deb yozadi [4:5]. Aslida esa, 467 hijriy yilning birinchi toʻrt oyi 1074 yilga kiradi. Yettinchi oy boʻlmish rajabning birinchi kuni 1075 yil 19 fevral – payshanbaga toʻgʻri keladi. Mahmud Zamaxshariy hijriy 538 yili 71 yoshida Jurjoniya (Urganch)da vafot etgan [1:6].

Mahmud Zamaxshariyning hayoti va ilmiy merosini oʻrganish boʻyicha keng qamrovli tadqiqotlar mustaqillikdan soʻng amalga oshirila boshlandi. Bu borada katta ishlarni amalga oshirgan Alibek Rustamov, Ubaydulla Uvatov, Ahadjon Hasanov, Zohidjon Islomov kabi oʻnga olimimizni sanab oʻtish mumkin.

Mahmud Zamaxshariy tafsir, hadis, fiqh, lugʻatshunoslik, tilshunoslik, adabiyot, aruz, sheʼriyat, odob-axloq, mantiq va jugʻrofiya kabi fanlarga oid yetmishdan ortiq asar yozgan. Aksariyati bizgacha yetib kelgan.

Allomaning mashhur asarlaridan biri “Atvoquz zahab fil mavoiz val xutob” (“Oʻgit va nasihatlarning oltin shodalari”), yaʼni nasihatomuz maqolalar toʻplami boʻlib, u qisqacha qilib “Atvoquz zahab” (“Oltin shodalar”) deyiladi. Zamaxshariy taxminan 1130 yilda Makka shahriga safar qilib, Baytulloh – Kaʼbani tavof qiladi va har bir tavofdan soʻng, bir maqola yozadi. Shu tariqa yuz marta tavof qilib, yuz maqoladan iborat “Atvoquz zahab” asarini tasnif qiladi. Bu asar sajʼ (vaznga tushmaydigan qofiyali soʻz) janrida (usulida) yozilgan boʻlib, oʻzidagi maʼnoli hikmatlari va fasohatli mavzulari bilan alohida ajralib turadi.

“Atvoquz zahabdagi izohtalab joylarga sharhlar bitgan Muhammad Said Rafoiy Kutubiy bunday taʼrif beradi: “Imom Zamaxshariy yozgan “Atvoquz zahab fil mavoiz val xutob” mavʼizalarining purmaʼnoligi va oʻquvchini oʻziga tortishi bilan boshqa kitoblardan alohida ajralib turadi”.

Bu asar bir necha tillarga tarjima qilingan. Birinchi marta 1835 yili nemis olimi Fon Xomer nemis tiliga oʻgirib, arab tilidagi matni bilan nashr etgan. Ellik yildan keyin fransuzchaga ham tarjima qilinib, 1886 yili Parijda chop etilgan. 1873 yili esa turk tiliga tarjima qilinib, Istanbulda nashr etilgan. Mustaqillikning dastlabki yillarida ona tilimizga ham oʻgirilib, nashr qilindi [5:25].

Mahmud Zamaxshariy hayotiy va ilmiy tajribasidan kelib chiqib, odilu zolim podshohlar, insofliyu noinsof amaldorlar, taqvodoru firibgar savdogarlar, tolibi ilmu olimi beamallar, kambagʻalu boylar haqida fikr yuritadi. Shuningdek, odamlarga dunyoning oʻtkinchi ekanini eslatib, arzimas havaslarga berilmaslikka, molu dunyo ketidan quvib oʻzini unutib qoʻymaslikka, kibr, riyo, ochkoʻzlik, xiyonat, behuda gapirish kabi illatlardan tiyilishga chaqiradi. Insonlarni ulugʻlikka yetaklaydigan ilmu maʼrifat, taqvo, saxovat, ota-ona, qarindosh va qoʻshnilarga yaxshilik qilishga undaydigan fazilatlar haqida hikoya qiladi.

“Atvoquz zahab”ning nodir qoʻlyozma nusxalari dunyoning bir qancha qoʻlyozma fondlarida saqlanadi. Jumladan, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida №4877, Turkiyaning “Maktabatun nur Usmoniya” kutubxonasida inv №3678 va №4260, Saudiyaning “Jomeatul Malik Saud” kutubxonasida №547, Kuvaytning “Jomeatul Kuvayt” kutubxonasida №646 va №5775 raqamlar ostida saqlanmoqda.

“Maktabatun nur Usmoniya”dagi qoʻlyozmaning muqovasi kartondan boʻlib, usti abri bahor qogʻozi bilan qoplangan. Majmuadagi birinchi asar “Atvoquz zahab”dir. U 1b sahifadan boshlanib, 16sahifada tugagan. 1sahifada asar nomi “مقالة الزمخشرى” – “Maqolatuz Zamaxshariy” deb keltirilgan. Mistarasi – sahifadagi matn qatorlari 19 satrdan iborat boʻlib, nasx xatida yozilgan. Xattoti nomaʼlum. Barcha matnlar qizil chiziqli ramkaga olingan. Har bir varaqda poygirlar keltirilgan. Asar basmala bilan boshlanib, keyingi 1-2 satrlarda muallif haqida quyidagi eʼtirof bor:

”قال الشيخ الامام الاجلّ الزّاهد العلّامة شيخ العرب و العجم فخر خوارزم محمود ابن عمر الزّمخشرى رحمة الله عليه… .[2:1b] “

“Shayx, ulugʻ imom, zohid, alloma, arab va ajamlar shayxi, Xorazm faxri Mahmud ibn Umar Zamaxshariy rahmatulloh alayh aytadi…”

“Jomeatul Malik Saud”dagi qoʻlyozma 1a sahifadan boshlanib, 20a sahifada yakunlangan, umumiy hajmi – 40 sahifa. 1a sahifasida asar nomi

[3:1a] “هذا الكتاب المسمى اطواق الذهب تاليف العلامة الزمخشرى”

“Bu kitob “Atvoquz zahab” deb nomlangan boʻlib, alloma Zamaxshariy tomonidan yozilgan”, deb keltirilgan. Muqovasi och yashil rangli kartondan. Varaqlar oʻlchami 24×17 sm. boʻlib, mistarasi – 17 satr. Barcha varaqlarda poygirlar keltirilgan. 2a, 5a, 9b, 11b, 19b sahifalarda

“مخطُوطَات جامَعة الريَاض”

“Maxtutot maktabatur Riyoz” yozuvli zamonaviy, doira shaklidagi, siyoh rangli muhr bosilgan.

Asar 1b sahifadan basmala bilan boshlangan, undan keyingi satrda Mahmud Zamxshariy quyidagicha eʼtirof etilgan:

قال الشيخ الامام البارع رئيس الافاضل استاذ الدنيا شيخ العرب و العجم فخر خوارزم ابو القاسم محمود ابن عمر الزمخشرى رضى الله عنه[3:1b]…

“Shayx, keng fikrli (ustoz) imom, fozillar raisi, dunyo ustozi, arab va ajamlar shayxi, Xorazm faxri Abulqosim Mahmud ibn Umar Zamaxshariy roziyallohu anhu aytadi…”

Asarning 19b sahifasida, kalofonda bu nusxani hijriy 1278 yili Robiul avval oyining 26 sanasi (1861 yil 30 sentyabr)da xattot Ahmad bin Mansur Qanoiy nasx xatida koʻchirgani qayd etilgan.

Ikki qoʻlyozmada yuztadan maqola keltirilgan. Nusxalarda xattotlar baʼzi kalimalarni turli shaklda yozgani va ayrim harflar tushib qolganini koʻrish mumkin. Misol uchun, ikki nusxada ham 11-maqolada xattotlar turli kalimalardan foydalangan. “Maktabatun nur Usmoniya”dagi nusxada “الشميم” shaklida kelgan kalima, “Jomeatul Malik Saud”dagisida “الشهم” shaklida yozilgan.

Bunday holatlarni bir qancha joylarda uchratish mumkin. Jumladan, quyida keltirilgan 7-maqolada ham. “Jomeatul Malik Saud”dagi nusxada kelgan وأنأى kalimasi, “Maktabatun nur Usmoniya”dagida واْنآسى koʻrinishda kelgan. وإن ذا kalimasi ان ذا koʻrinishda boʻlib, و harfi tushib qolgan,تتقلقل kalimasi يَتَقَلْقل koʻrinishda kelganini koʻrish mumkin [2:3a]. Albatta, bunday vaziyatda asarning bir nechta nusxasi olinib, ularni tahqiq qilish orqali aniqlik kiritish mumkin boʻladi. Tadqiqotchilarga uchun shuni maʼlum qilamizki, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi elektron bazasida bu ikki qoʻlyozmaning elektron nusxalari bor.

Yuqorida taʼkidlanganidek, asardagi yuzta maqola turli mavzularni qamrab olgan boʻlib, yettinchisida tavozeli boʻlish kishini sharafli, kamtarlik mashhur qilishiga alohida urgʻu berilgan.

التّوضيع كلَّ التّوضيع أن تُشَرّف، والتّنكير كلّ التّنكير أن تُعرف. فآثِر الخُمولَ على النباهة، واستحب الستر على الوجاهة تعِش أنجى من أظفار المِحَن، وأنأى عن إضمار الإِحَن. وإن ذا الشرف محسود أو حاسد، ومحقود عليه أو حاقدٌ. وتلك بليّة تتقلقل تحتها الأحشاء، ويفعل الله فيها ما يشاء. [3:3a]

“Xushtavoze boʻlish seni sharafli qiladi, kamtarlik esa seni mashhur qiladi. Tanbeh berganda, jiddiylikni lozim tutgin, mashhurlikdan parda ortini mahbub bilgin. Shunda balolar tirnogʻidan omonda boʻlib, gina-kudurat zamiridan oʻzingni saqlagan boʻlasan. Sharaf egasi, hasad qilinuvchi yoki uning oʻzi hasad qiluvchi boʻladi. Yoki u gina qilinuvchi, yoki gina qiluvchi boʻladi. Mana shu balolar ostida inson vujudi titrab turadi. Alloh taolo shu balolarni sabab etib, u vujudda xohlaganini qiladi”.

Darhaqiqat, Imom Zamaxshariy qalamiga mansub bu asarning ilmiy-tarbiyaviy ahamiyati juda katta. U oʻziga xos uslubi bilan odob-axloqqa oid boshqa asarlardan alohida ajralib turadi. Shuningdek, oʻquvchini yomon xulqdan uzoqlashtirib, yaxshilikka yetaklaydi va kamtar boʻlishga chaqirib, kibr va manmanlikka berilmaslikka undaydi. Allomaning merosi insonga maʼnaviy ozuqa berib, kelajakda har tomonlama barkamol boʻlishi va oʻsib kelayotgan yosh avlodning ota-onasi va xalqimizga munosib farzand boʻlishiga xizmat qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Mahmud Zamaxshariy “Atvoquz zahab fil mavoiz val xutob”. – Qohira. 2006.
  2. Mahmud Zamaxshariy. “Atvoquz zahab”. Qoʻlyozma –Turkiya. “Maktabatun nur Usmoniya” kutubxonasi. №4260.
  3. Mahmud Zamaxshariy. “Atvoquz zahab”. Qoʻlyozma. – Saudiya Arabistoni. “Jomeatul Malik Saud” kutubxonasi. №547.
  4. Rustamov A. “Mahmud Zamaxshariy”. – T.: Fan, 1971.
  5. Uvatov U. “Xorazmlik buyuk alloma”. – T.: Yangi asr avlodi, 2006.

Yoʻldoshxon ISAYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …