Home / ALLOMALAR / MOVAROUNNAHR ULAMOLARINING MЕROS ILMIGA QOʻSHGAN HISSASI

MOVAROUNNAHR ULAMOLARINING MЕROS ILMIGA QOʻSHGAN HISSASI

Movarounnahr diyori islom nuri bilan munavvar boʻlganidan soʻng bu diyor ahlining koʻpchiligi islomni ochiq qalb bilan qabul qildi. Aytish mumkinki, Movarounnahr aholisining islom diniga kirishi ularning koʻplab qobiliyatlarining ochilishiga, hayotning koʻplab jabhalarida oʻzlarining peshqadamliklarini isbot qilishga olib keldi.

Koʻp oʻtmasdan ilm-fanning va islomning turli sohalari boʻyicha movarounnahrlik namoyandalar yetishib chiqa boshladi. Natijada Buxoro, Samarqand, Xorazm, Termiz va Nasaf kabi shaharlar ilm markazlaridan biri sifatida butun dunyoga tanila boshladi.

Movarounnahrdan oʻsha vaqtda mavjud boʻlgan ilmlardan tashqari bir qancha yangi ilmlarga asos solgan ulugʻ zotlar ham yetishib chiqdi.

Ilm-fansiz hech bir yurt yoki jamiyat taraqqiyotga erisha olmaydi. Islom madaniyatining gullab-yashnashi, musulmon oʻlkalarining jahon tarixi koʻrmagan taraqqiyotga erishishi, yurtlarning obod, xalqlarining peshqadam boʻlishi ham Islom dinining ilm-fanga boʻlgan oʻta yaxshi munosabatidan edi. Dunyoda hech bir din, tuzum, falsafa yoki harakat ilm talab qilishni ibodat darajasiga koʻtargan emas. Talabi ilmni har bir erkak va ayol uchun beshikdan lahadgacha farz qilgan emas. Ulamolarning siyohini shahidlar qoniga tengalashtirgan emas. Islom esa aynan shu ishlarni qildi[1].

Yurtimiz olimlarining koʻpligini tasavvur qilish uchun birgina misol ketirishimiz mumkin. Umar Nasafiyning “Al-Qand fii zikri ulamai Samarqand”[2] nomli kitobida Samarqandga tegishli bir ming oʻnta olimning tarjimai holi keltirilgan. Albatta, mazkur kitobda uning muallifiga maʼlum boʻlgan va undan oldin yashab oʻtgan ulamolar haqida maʼlumot berilgan, xolos. Movarounnahrning boshqa shaharlari haqida ham xuddi shu gaplarni takrorlashimiz mumkin.

Movarounnahr olimlarining ilmiy merosi haqida juda ham qisqa maʼlumotlarni taqdim etib, soʻng aynan meros ilmiga oid ishlari bilan tanishamiz.

Aqida ilmini oladigan boʻlsak, bu soha boʻyicha butun Movarounnahr diyoridan bir qator ulamolar yetishib chiqdi. “Aqoidu Nafasiy” asarining muallifi “Imomul Huda” Imom Abu Mansur Moturidiy (v.333 h.), aqida maktabining rivojiga katta hissa qoʻshgan olim Najmuddin Abu Hafs Samarqandiy Nasafiy (460-537/1068-1142), Moturidiya aqiydaviy mazhabining koʻzga koʻringan olimlaridan biri ulkan alloma Saʼduddin Masʼud ibn Umar Taftazoniy (722-792/1322-1390)[1]. Sirojiddin Oʻshiy Fargʻoniy, Abu Shakur Solimiy Keshiy (v.508/1215) va boshqalarni keltirishimiz mumkin.

Tafsir ilmi boʻyicha ham Movarounnahrdan yetishib chiqqan ayrim ulamolarni keltirib oʻtamiz: “Kashshof an haqoiq va uyunil aqovil fi vujuhi-t-taʼvil” nomli tafsir muallifi imom Jorulloh Abul Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Umar Zamaxshariy (467-538/1075-1144), “Bahrul ulum” tafsir kitobining muallifi imom Abu Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Samarqandiy (v. 373/1003), “Mafotiyhul gʻayb” kitobi muallifi imom Faxriddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Husayin Roziy (534-606/1149-1210), “Madorikut tanzil va haqoiqit-taʼvil” kitobi muallifi imom Abul Barokot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy (v.701/1310) va boshqalar[2].

Hadis ilmi boʻyicha ham butun dunyo tan olgan olimlardan Isʼhoq ibn Rohavayh Marvaziy (161-238/778-853), Abdulloh ibn Muborak Marvaziy (118-181/726-797), Imom Nasaiy (215-303/829-915), Imom Buxoriy (194-256/810-870), Imom Termiziy (209-279/824-892), Imom Dorimiy[3] (182-255/797-869) kabi ulamolarimizni keltirishimiz mumkin.

Islom olamidagi eng ishonchli olti toʻplamning uchtasi – Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Nasaiylarni yurtimizdan chiqqanligi yurtimiz ulamolarining bu sohadagi oʻrinlarini koʻrsatib turibdi.

Fiqhning usul va furuʼlari boʻyicha esa Movarounnahr ulamolarining soni cheksizdir. Usulul fiqh ilmini rivojlanishida hissa qoʻshgan Oʻrta Osiyolik ulamolar qatorida Abu Mansur Moturudiy, Imom Abu Zayd Dabusiy, Imom Ali ibn Muhammad ibn Abdulkarim Faxrul Islom Bazdaviy (v.482), Imom Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Hofiziddin Nasafiy, Shamsul-aimma Sarxasiy va boshqalarni keltirish mumkin boʻlsa, furuʼul fiqh borasida ijod qilgan allomalarimizdan  Alouddin Abu Bakr ibn Masʼud ibn Ahmad Kosoniy (v.587), Alouddin Muhammad ibn Ahmad Samarqandiy, Imom Sodrush shariyʼa Ubaydulloh ibn Masʼud Buxoriy, Burhoniddin Ali ibn Abu Bakr Abduljalil Margʻinoniy, Imom Abu Bakr Muhammad ibn Abu Sahl Saraxsiy(v.483), Shamsul Aimma Abdulaziz Halavoniy, Qozixon nomi bilan mashhur Faxriddin Hasan ibn Mansur Oʻzgandiy Fargʻoniy (v.592) va boshqa koʻplab allomalarni sanash mumkin boʻladi.

Meros ilmiga taalluqli hukmlarning deyarli hammasi Qurʼoni karimda batafsil kelganligi hammamizga maʼlum. Shuning uchun ham barcha mufassirlar qatori Mavorounnahr tafsir olimlari merosga taalluqli oyatlarni sharhlash orqali mazkur ahkomlarni yanada ochib berishga katta hissa qoʻshishgan. Ayniqsa, imom Zamaxshariyning “Kashshof” tafsirlarida bu borada koʻp foydalarni koʻrishimiz mumkin. Maʼlumki, mayyitning meros oluvchi qizlari soni ikkita boʻlsa, ularga umumiy molning 2/3 qismi beriladi. Biroq, Qurʼon oyatida ushbu masala yoritilgan oyatda 2/3 oladigan voris qizlar ikkitadan koʻp boʻlishligi aytilgan[4]. Ushbu oyatdagi ikkitadan koʻp qizga berilgan nasiba nima uchun ikkita qizga ham berilishini oyatdagi ishora orqali tushuntirib beradi. Oyatning avvalida bir oʻgʻilga ikki qiz ulushi berilishi aytilganidan, bir qiz bilan kelgan oʻgʻilni 2/3 olishi maʼlum boʻldi. Demak, hukmda bir oʻgʻil bilan barobar boʻlgan ikki qiz ham 2/3 oladi, degan ajoyib xulosani chiqaradi. Onaning merosi haqidagi oyatda agar mayyitning akalari boʻlsa, unga 1/6 beriladi deyilgan. Aksar ulamolar bu yerda kamida uchta erkakni bildiruvchi إخوة (akalar) soʻziga ikkitasini ham bir aka bir singilni ham va, hattoki ikkita singillarni ham kiritib yuborishadi. Buning sababini imom Zamaxshariy bunday izohlaydi. إخوة soʻzi miqdordan qatʼiy nazar mutlaq koʻplikni ifodalaydi, deydi va shu bilan ikkilik va koʻplikka qanday dalolat qilishi maʼlum boʻladi[5].

Faqih Samarqandiy ham oʻzlarining “Bahrul ulum” deb nomlangan tafsir kitoblarida Niso surasidagi meros haqidagi oyatlarga atroflicha toʻxtalib oʻtadi. Qurʼoni karimda har bir vorisning ulushi bayon qilinganidan soʻng ushbu hukm vasiyat va qarzlar ado qilinganidan keyin amalga oshirilishiga urgʻu berilgan[4]. Lekin fuqaholar qarzni toʻlash vasiyatdan muqaddam ekanligiga ittifoq qilishgan. Bu holatni Samarqandiy shunday izohlaydi. Qurʼonda vasiyat oldin keltirilganiga qaramay fuqaholar qarzni avval toʻlashlikka hukm qilishlariga ikkita sabab bor. Birinchisi, Hazrat Alining qarzni vasiyatdan avval toʻlashlikka qilgan koʻrsatmalari boʻlsa, ikkinchisi, insonning tabiatidagi molga boʻlgan muhabbat. Yaʼni, mayyit vasiyat qilgan insonlarga molni yetkazib berishda vorislar gohida baxillik sababidan, gohida esa shunchaki beparvolik tufayli kamchilikka yoʻl qoʻyadilar. Shular sababidan aslida vasiyat qarzdan keyin bajarilishi kerak boʻlsada, Qurʼonda oldin keltirib oʻtilgan, toki insonlar uni qarz kabi hukmga ega sifatida koʻrib, uni ado qilishga shoshilishsin[6].

Imom Nasafiy “Madoriku-t-tanzil”da qizning merosdan oladigan ulushlariga toʻxtalganda bunday deydi. Alloh yolgʻiz qizga yarim, ikkitadan ortiq qizga 2/3 hissa bergan, lekin ikkita qizning ulushi qancha boʻlishi xususida ochiq maʼlumot bermagan. Ulamolarning aksari ularga ham 2/3 qism berishadi, biroq buni dalili sifatida har xil qarashlar mavjud. Bu borada imom Nasafiyning fikrlari tahsinga sazovordir. Ular: Alloh ikkita singilga 2/3 bergan, qanday qilib marhumga ulardan koʻra yaqinroq boʻlgan qiziga bundan kam berishi mumkin[7: 337], deydi. Bu kabi dalil keltirish uslubini  usul ilmida “qiyosul avlo” deyiladi. Demak, Nasafiy ushbu hukmni qiyos yoʻli bilan chiqargan ekan. 

Maʼlumki, faroiz yoki meros ilmi fiqhning ajralmas qismidir. Bu jihatdan olib qaraydigan boʻlsak, fiqh boʻyicha kitob tasnif qilgan olimlarimiz garchi faroizga oid mustaqil asar yozishmagan boʻlsada, ular fiqh kitoblarining soʻnggida meros masalalariga atroflicha toʻxtalib oʻtishgan.  710 hijriy sanada vafot etgan Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy oʻzining fiqhga oid “Kanzu-d-daqoiq” asarida ham meros masalalariga alohida toʻxtalib oʻtgan. Mazkur bobni muallif “Kitab al-faroiz” deb nomlagan. Bobda meros masalalari juda sodda va ixcham shaklda berilgan. Kitobda merosxoʻrlardan ayrimlari, masalan ota va bobo orasidagi farq ikkita deyilgan. Bu borada muallif farqni toʻrttaga yetkazgan “Sirojiya” muallifiga xilof qilgan[8: 696]. Lekin tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, ular orasidagi farqning ikkita ekanligi Abu Hanifaning, toʻrtta ekanligi esa imomaynning fikrlari ekan[9: 20].

Onani koʻp (1/3) ulushdan kam (1/6) hissaga tushib qolishi uchun mayyitning farzandi, yoki kamida ikkita aka-uka, opa-singillari boʻlishi kerak. Biroq aka-uka yoki opa-singillarning farzandlari taʼsir qilishi-qilmasligi haqida aksar ulamolarimiz asarlarida maʼlumot uchramaydi. Imom Nasafiy buning hukmini bayon qilib bunday degan: “Onaga mayyitning farzandi yoki oʻgʻlining farzandi hamda kamida ikkita aka-singillar boʻlganda 1/6 tegadi, ammo ularning oʻgʻillari sabab onaning haqqi kamaymaydi”[8].

Bulardan tashqari yurtimiz ulamolari tomonidan fanga oid yozilgan mustaqil, yaʼni, “Kitobul faroiz” kabi kitoblar ham bor. Quyida ulardan ayrimlarini keltiramiz:

“Faroiz” – Abu Nasr al-Marvaziy. Muallif oʻz kitobi haqida: “Faroiz haqida kitobimiz ming sahifadan oshadi” degan.

“Faroiz at-Temirtoshiy”– Zahiriddin Ahmad ibn Ismoil Temirtoshiy Xorazmiy Hanafiy (744 hijriy yilda vafot etgan).

“Faroiz al-Usmoniy” – Burhonuddin Abul Hasan Aliy ibn Abul Hasan Aliy ibn Abu Bakr Margʻinoniy. (“Al-Hidoya”ning sohibi) 593 h.y. vafot etganlar.

 Shu oʻrinda yurtimiz madrasalarida qadimdan oʻqitilib kelingan meros kitoblaridan biri Sirojiddin Muhammad ibn Mahmud ibn Abdurrashid Sajovandiyning “Sirojiya” nomi bilan tanilgan “Faroiz as-Sirojiya” kitobidur.

“Sirojiya”ga yozilgan sharhlar orasida mashhuri va odamlar orasida eng koʻp qoʻlma-qoʻl boʻlgani alloma Sayyid Sharif Aliy ibn Muhammad Jurjoniyning “Al-Faroiz ash-Sharifiyya”[10] nomli kitobidir. Bu sharhga ham juda koʻp hoshiya va taʼliqotlar yozilgan. Sayyid Sharif bu asarini 804 hijriy yilda Samarqandda yozib tugatgan.

Xulosa qiladigan boʻlsak, ulamolarimizning fiqh va ayniqsa, uning katta boblaridan biri boʻlgan faroiz sohasida qilgan ishlari beqiyos ekan. Ular tomonidan ilmning ayrim muhim masalalarini hal qilishda va dalil-hujjatlarini ochib berishda katta ishlar amalga oshirilganini hamda islom ulamolari tomonidan ushbu xizmatlarni yuksak eʼtirof qilinganini alohida taʼkidlash oʻrinli ekan.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Mavorounnahrlik ulamolarning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi.
  2. “Al-Qand fi zikri ulamai Samarqand”.
  3. Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi. Ziyodov Sh. rahbarligidagi olimlar jamoasi. 2016. Rasulova; –T., Dustjonov; S.Xasanov “Xorazm Maʼmun akademiyasining olis-yaqin yulduzlari”. T– 2005 y.,
  4. Qurʼoni karim, Niso surasi, 11-oyat.
  5. Zamaxshariy M. Tafsiri kashshof, 1-juz, 223-b. “Darul Maʼrifa”, Bayrut – 2009.
  6. Samarqandiy. “Bahrul ulum”, I-juz, 336-338-b. “Darul kutubil ilmiyya”, –Bayrut 1993.
  7. Nasafiy, Abul Barakot. “Madoriku-t-tanzil”, I.
  8. Nasafiy, Abul Barakot. “Kanzu-d-daqoiq”.
  9. Badaxshoniy A. Tavdihu faroizi-s-sirojiya.
  10. Sayyid Sharif Jurjoniy. “Sharifiya sharhi sirojiya”.
S.MASAYITOV
 TII Xalqaro aloqalar boʻlimi xodimi, tadqiqotchi
_____________________________________________________________
[1] “Mutaqaddimin” va “mutaaxxirin” deb, ulamolarni taqsimlash shu olim davridan eʼtiborga olinadi, yaʼni, Taftazoniygacha yashab oʻtgan olimlarni birinchi, undan keyingilarni ikkinchi nom bilan atala boshlangan.
[2]Movarounnahrda “Itqon”, “Tafsiri Noʻmoniy”, “Tafsiri Tibyon”, “Tafsiri Mavlono Charxiy” kabi mahalliy tillarda yozilgan koʻplab tafsirlar ham mavjud boʻlib, ular fors va turkiy tilning oʻzbek, tatar va boshqa shevalarida yozilgan.

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …