Home / MAQOLALAR / BЕMORLIK – HAM NEʼMAT, HAM…

BЕMORLIK – HAM NEʼMAT, HAM…

Islom dinida kasalni ziyorat qilish eng ulugʻ savobli amallardan biri hisoblanadi. Barcha ezgu amallar kabi bu ishni ham astoydil, ixlos bilan ado etish lozim. Kishi bemor boʻlganda savobli va xayrli ishlarni qila olmay qolsa, bemor paytida ham shu ishlarining savobi yozilaveradi. Muborak dinimizda bemorning har bir holati ibodat qilgan qatorida sanaladi. Kasallik tufayli musulmon kishi ulkan ajru savobni qoʻlga kiritadi, gunohlari kechiriladi. Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Musulmonga qiyinchilik, kasallik, tashvish, xafalik, aziyat va gʻam-gʻussa yetadigan boʻlsa, hattoki tikon kirsa ham, Alloh taolo oʻshalar bilan uning gunohlarini ketkazadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Ummul Aʼlo raziyallohu anho aytadilar: “Men kasal boʻlganimda, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam meni koʻrgani keldilar-da: “Ey, Ummul Aʼlo! Xursand boʻling! Musulmon kishi kasal boʻlsa, olov kumushning kirini ketkazgani kabi, Alloh taolo uning gunohlarini ketkazadi”, – dedilar (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Alloh taolo har kimga ham dard beravermac ekan, balki dardni Oʻzining suygan bandasiga uning amal daftariga yaxshiroq amal yozilishi uchun, uning gunohlarini kechirib, darajasini koʻtarish uchun berar ekan.

Shu bilan birga, bemorni ziyorat qilishning fazli ham ulugʻ. Bemorni koʻrgani, hol-ahvolini soʻragani borgan kishi ham ulkan ajru savobni qoʻlga kiritadi. Qolaversa, yaqinlarimiz yoki qavmu qarindoshlarimizdan bemor boʻlib qolganlarini darhol koʻrgani borish biz moʻmin-musulmonlarning bir-birimizdagi haq-huquqlarimizdan biridir.

Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Musulmonning musulmondagi haqqi beshtadir. Salomga alik olish, kasalni borib koʻrish, janozaga ergashish, taklif etsa, borish va aksa urganga yaxshilik tilashdir” (Imom Muslim rivoyatlari).

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam marhamat qildilar:

«Bir odam bemor kishini faqat Alloh taolo roziligi uchun koʻrishga borsa, Alloh taolo u haqda bunday deydi: “Juda yaxshi qilding! Borishing ham chiroyli boʻldi. Jannatda oʻzingga bir manzil tayyorlading” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Shu bois bemor odamni ziyorat qilgani borganda, undan duo soʻrashni ham unutmaslik kerak. Zero Allohning bergan dardiga sabr qilib yotgan bemorning duosi albatta ijobat boʻladi. Janobi Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Agar hasta-bemor kimsani oldiga borsangiz, sizni haqqingizga duoi xayr qilishini soʻrang, chunki uning duosi farishtalarni duosi kabi ijobat boʻladi”, – dedilar.

Demak, biror-bir orzu-niyatimiz boʻlsa, tilak-duoimiz ijobat boʻlishini xohlasak, ulkan savob istasak, bemor qoʻshnimiz, qarindoshimiz, yaqinimizni yoʻqlashimiz kerak ekan. Shunda nafaqat ajrga ega boʻlamiz, balki undan duo olib, hojatimiz ravo boʻladi.

Janobi Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishi qachon kasal doʻstini ziyoratiga borsa, to u qaytib kelgunicha jannat bogʻlari ichra sayr qilib yurgan boʻladi”, – deb marhamat qildilar (Imom Muslim rivoyatlari).

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar. Hazrati Paygʻambar alayhissalom kasallarni borib koʻrardilar va: “Yo Alloh, insonlarning Parvardigori! Kasallikni ketkazgin, shifo bergin! Oʻzing – shifo beruvchisan! Oʻzingning shifoingdan oʻzga shifo yoʻq! Kasalni tashlab qoʻymaydigan shifo berishni soʻrayman!” desa, Alloh uning bu kasalligiga shifo beradi, – dedilar» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Uzoq umr koʻrishi va sogʻayib ketishini aytib, bemorni xushnud etish tavsiya etilgan amallardandir. Abu Said Xudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar, Janobi Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Agar kasalning oldiga kirsangizlar, unga umri haqida tasalli beringlar. Chunki u biron narsani qaytarmaydi va kasalni xushnud etadi”, – dedilar (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Maʼlumki, xasta odam, ayniqsa, ancha muddat yotgan boʻlsa, injiqtabiat, koʻngli juda nozik boʻlib qoladi. Bunday holga tushgan kishi muloyimlik va shirin soʻzga ehtiyojmand boʻlib qolishi tabiiy. Inchunin, bemor ziyoratiga borgan kishi mazkur holatlarni albatta inobatga olib shirin soʻzlarni aytishi kerak.

Mabodo borishga vaqtimiz kamlik qilsa yoki masofa uzoqlik qilsa, bemor qarindoshimiz, yaqinimiz yo doʻstimizdan telefon orqali ham hol-ahvol soʻrashimiz, dardmand birodarimizning oʻzi yoki yonidagi kishilar orqali dori-darmon yo zarur oziq-ovqat uchun elektron shaklda pul oʻtkazib, duosini olishimiz ham nihoyatda ulugʻ va beqiyos chiroyli savobli ishlardan hisoblanadi.

Alloh taolo barchalarimizni xayrli ishlarga haris qilsin, bemorlarimizga komil shifo bersin, bir-birimizga mehr-oqibatli boʻlishimizni nasib etsin!

Uyda yotgan, shifoxonada yotgan barcha-barcha bemorlarimizga Mehribon Parvardigorimiz Oʻzi shifosini bersin! Tez kunlarda yaxshi boʻlib, oilalari bilan doimo sogʻ-omon boʻlishsin!

Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari
Manba: Muslim.uz

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …