Home / YANGILIKLAR / EMLANISH KASALLIKDAN SAQLANISHNING MUHIM CHORASI

EMLANISH KASALLIKDAN SAQLANISHNING MUHIM CHORASI

Bismillahir Rohmanir Rohim. Alloh taoloning bandalariga bergan behisob neʼmatlari ichida eng ulugʻi, bu — sihat-salomatlik. Shu bois, bu bebaho neʼmatning qadri nechogʻliq ulugʻ ekani haqida Hazrati Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam biz, ummatlarini ogohlantirib shunday marhamat qilganlar: Ikki neʼmat borki, koʻpchilik odamlar uning qadriga yetmay aldanib qolganlar. U ikkisi — sihat-salomatlik va osudalik (Imom Buxoriy rivoyati).

Darhaqiqat, insoniyat gohida oʻzida bor neʼmatning qadriga yetmaydi. Salomat va xotirjam boʻlgan kishi turmush tashvishlari, cheki-chegarasi yoʻq orzu-havaslar ketidan quvib yuraveradi va oʻshalarga aldanib salomatligi, tinchligini qoʻldan berib qoʻyadi. Oxir-oqibat attang qiladi va salomatligini yoʻqotish evaziga topgan narsasi orzu-havas oldida hech narsa emasligini anglab yetadi. Lekin keyingi afsus-nadomatning foydasi yoʻq. Shuning uchun neʼmatlarning vaqtida qadriga yetib, shukronasini ado etib bormoqlik lozim. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadislarining birida marhamat qildilar: …salomatlik vaqtingizni bemorlik kelishidan oldin gʻanimat biling… (Imom Termiziy rivoyati).

Sihat-salomatlikdan bahramand kishigina boshqa neʼmatlardan ham bahra olib yashaydi. Salomatlik boʻlmasa, boshqalari insonga tatimaydi. Shuning uchun, inson bu neʼmatni qoʻldan bermaslik, unga futur yetkazadigan har qanday illatlardan oʻzini saqlamogʻligi lozim boʻladi.

Shu kunlarda mamlakatimizda epidemiologik vaziyat xavotirli tus olayotir, eng achinarlisi, kasallikdan vafot etganlar bor.

Sogʻliqni saqlash vazirligi yurtimizda koronavirusning “omicron” shtammi aniqlangani, ehtiyot choralari kuchaytirilishi haqida xabar qilib, Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yigʻilishida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ortib borayotgani, ushbu kasallikka qarshi zarur choralar koʻrishni davom ettirish lozimligi qayd etilgan edi.

Xususan, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etish ustidan nazorat kuchaytirilmoqda. Bunda barcha tashkilot, korxona va muassasalarda, yirik savdo majmualari, supermarketlar, koʻngilochar muassasalarning kirish qismida niqobda boʻlish, ijtimoiy masofani saqlash, tana haroratini oʻlchash amaliyotiga qatʼiy rioya etilishi taʼminlanadi.

Shundan kelib chiqib, moʻmin-musulmonlar koronavirus tarqalishi yoki yuqishidan ehtiyot boʻlish maqsadida mutaxassislar koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilishi lozim. Dinimizda insonning joni, eʼtiqodi, aqli, moli va obroʻsini saqlash muhim asoslardan biri sanaladi. Mana shu jihatlarga zarar yetadigan holatlarda shariat oʻz koʻrsatmalarini insoniyatga yengillatadi.

Maʼlumki, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti koronavirusni pandemiya, deb eʼlon qildi. Ushbu kasallik asosan, havo-tomchi, qoʻl berib soʻrashish kabi holatlarda yuqadi. Shunday ekan, jamoa boʻlib toʻplanish holatlari ushbu xatarli virus tarqalishiga sabab boʻladi. Bunday vaziyatda quyidagi oyat, hadis va sharʼiy qoidalarda koʻrsatilgan tavsiyalarga amal qilish buyuriladi: Alloh taolo Qurʼoni karimda shunday bayon qiladi: Oʻzingizni halokatga duchor qilmang. Ehson qiling, albatta, Alloh ehson qiluvchilarni xush koʻradir (Baqara surasi, 195-oyat).

Bu oyatda halokatga sabab boʻladigan ishlardan toʻxtashga buyurilgan. Abu Saʼid Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam: Zarar berish ham va zarar koʻrish ham yoʻq deganlar (Imom Moja, Imom Doraqutniy rivoyatlari).

Demak, hadisi sharifda inson oʻziga yoki oʻzgalarga zarar keltiradigan sabablardan uzoq boʻlishga buyurilgan. Moʻtabar fiqhiy kitoblarimizda: Zararni daf qilish foydani jalb qilishdan oldinga qoʻyiladi, deyilgani ham ayni haqiqat.

Koronavirus yuqumli kasalligi tarqalayotgan paytda musulmon kishi Alloh taoloning taqdir qilgani yuzaga chiqishiga qattiq ishongan holda, kasallikdan saqlanish chora-tadbirlarini koʻrishi lozim. Vabo va shu kabi tez tarqaladigan kasalliklar chiqqan joyga kirilmaydi va qattiq zarurat boʻlmasa, u yerdan chiqib ketilmaydi. Tibbiy soha vakillari koʻrsatmalariga toʻla amal qilinadi.

Hazrati Paygʻambarimiz alayhissalom kasallik tarqagan vaziyatda sabablarni ushlash, kishi salomatligi uchun zarur choralarni koʻrish lozimligini taʼkidlab, shunday marhamat qilganlar: Albatta, bu vabo — Alloh u bilan sizdan avvalgi qavmlarni halok qilgan azobdir. Yer yuzida undan bir ozi qolgan. Gohida keladi, gohida ketadi. Agar bir yerda vabo paydo boʻlsa, u yerdan chiqib ketmanglar. Agar bir yerda vabo borligini eshitsangiz, u yerga bormanglar (Imom Ahmad rivoyatlari).

Kasallik, bu — sinov. U shunday sinovki, nafaqat kishilarni, balki butun xalqni sinaydi. Mana shunday kunlarda har birimiz sabr-matonatli boʻlmogʻimiz, boʻsh vaqtimizni iloji boricha foydali ishlarga sarflashimiz darkor. Bu sinovli kunlarda barchamiz sabr qilib, birdam boʻlib, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, inshaalloh tez kunlarda qiyinchilik ortidan yengillik va farovonlik keladi. Chunki Alloh taolo Qurʼoni karimda bandalariga bir qiyinchilik ortidan albatta, yengillik kelishini bayon qilib, shunday degan: Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir (Sharh surasi, 5-6-oyatlar).

Bu oyatni tafsir qilgan ulamolarimiz bir qiyinchilikdan keyin ikki yengillik bor, deydi. Dunyoda xursandchilik bilan xafachilik doim yonma-yon yuradi, lekin Alloh taolo bandalariga yetgan aziyatlar sababli ularning darajalari koʻtarilishi, qalblari poklanishi va gunohlari yuvilib ketishini xohlaydi.

Yana bir hadisda shunday deyiladi: Savobning ulugʻligi balo-musibatning kattaligiga qarabdir. Agar Alloh bir qavmni yaxshi koʻrsa, ularga sinov yuboradi. Kim bunga rozi boʻlsa, Alloh ham undan rozi boʻladi. Kim sinov-musibatdan gʻazablansa, unga ham gʻazab boʻladi (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Demak, inson musibatlarni Alloh taolodan bilib, sabr-toqatli va shukrli boʻlsa, jazavaga tushmasa, oʻz holatidan gʻazablanmasa, unga Alloh taoloning roziligi, yordami va fazli boʻladi.

Gohida insonga bemorlik yetishi tabiiy holat. Insonning ojizligi ham shunda. Bu dunyoda Alloh taolo bandalarini turli yoʻllar bilan sinab, imtihon qilar ekan, bemorlik ham oʻsha sinovlardan biridir. Buning uchun banda gʻamga botmasligi kerak, aksincha, bu imtihondan muvaffaqiyatli oʻtishga oʻzida kuch topa olishi lozim. U ham boʻlsa, sabrdir. Xastalikka sabr qilgan kishiga savob yozilishi, gunohlariga kafforat boʻlishi haqida Nabiy alayhissalomdan qator hadislar vorid boʻlgan. Jumladan, Abu Saʼid Xudriy va Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Paygʻambar sallallohu alayhi vasallam dedilar: Musulmon kishiga yetadigan charchoq, xafalik, ozor, gʻam-tashvish va hatto bitta tikan kirishi sababli Alloh taolo uning xatolarini oʻchiradi (Imom Buxoriy rivoyati).

Dinimizda davolanishga ijozat berilgan. Hadislarda bayon etilishicha, Alloh taolo qanday dard nozil qilgan boʻlsa, albatta, uning davosini ham nozil qilgan. Shunday ekan, insoniyat doimo izlanishda boʻlib, oʻzining hayotini saqlovchi, sogʻligʻini asrovchi vositalarni kashf qilishda bardavom boʻlishi lozim.

Allohga hamdlar boʻlsinki, hukumatimiz miqyosida koronavirusga qarshi kurashish boʻyicha katta eʼtibor qaratilmoqda. Muhtaram Yurtboshimiz tashabbusi bilan bugungi kunda aholini koronavirusga qarshi emlash maqsadida, Oʻzbekistonga vaksina yetkazish ishlari jadal amalga oshirilmoqda.

Maʼlumki, sogʻliqni saqlash sohasi mutaxassislari qariyb ikki yillik kuzatishlar va izlanishlardan keyin koronavirus — COVID-19 kasalligidan saqlanishning eng samarali vositasi vaksina olish ekani toʻgʻrisida xulosaga keldi.

Dinimizda insonning joni, eʼtiqodi, aqli, moli va obroʻsini saqlash muhim koʻrsatmalardir. Mana shu jihatlarga zarar yetadigan holatlarda shariatimiz uni daf qilish sabablarini qoʻllashga buyuradi. Shunday ekan, vaksina olish zarurati bir necha jihatlar bilan taʼkidlanadi. Oqil inson sogʻligʻining ketishiga oʻzi bila turib sababchi boʻlmasligi lozim. Chunki biz uchun hayotimiz qanchalik omonat boʻlsa, sogʻligʻimiz ham omonatdir.

Oʻz joniga qasd qilish qanchalik ogʻir gunoh boʻlsa, qasddan sogʻligʻiga putur yetkazish ham shunchalik gunoh.

Birinchidan, dinimiz koʻrsatmalariga koʻra, Alloh taolo har bir dardning shifosini ham bergan. Bu haqda Paygʻambarimiz alayhissalom bunday deganlar: Alloh taolo har bir kasallikka shifosini tushirgandir (Imom Buxoriy rivoyati). Boshqa hadisda shunday bayon qilinadi: “Paygʻambarimiz alayhissalomdan aʼrobiylar: Ey, Allohning Rasuli, davolanaylikmi?, deb soʻrashdi. U Zot alayhissalom: Ha, ey, Allohning bandalari, davolaninglar. Chunki Alloh har bir kasallikka davo yaratgandir, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Ikkinchidan, baʼzi kishilar kasal emasligini roʻkach qilib, vaksina olishga beparvo boʻladi, vaholanki shariatimizda bemorlikdan avval undan saqlanishga buyurilgan. Bu haqda ulamolarimiz shunday deganlar: Kasallikdan saqlanish uni davolashdan yaxshiroqdir (Al-Fiqhul islomiy va adillatuhu kitobi). Demak, bemor boʻlmagan kimsalar ham kasallik tegishining oldini olishi va shunga sabab boʻladigan muolajalarni qilishi dinimiz talabidir.

Uchinchidan, dinimizdagi asosiy qoidalardan biri oʻziga ham oʻzgaga ham zarar bermaslikdir. Bu haqda Abu Saʼid al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam: Zarar berish ham, zarar koʻrish ham yoʻq, deganlar (Imom Ibn Moja rivoyati). Demak, vaksinani olishimiz, birinchi navbatda, oʻzimiz, qolaversa, yaqinlarimiz sogʻligʻini saqlashga sabab boʻladi.

Toʻrtinchidan, hozirgi kunda Umra ziyorati safarini rejalashtirayotgan kishilardan ham birinchi navbatda, vaksina bilan emlangan boʻlishi talab qilinmoqda. Qolaversa, dunyoning har qanday davlatiga bormoqchi boʻlgan kishidan vaksina bilan emlanganlik soʻralmoqda.

Xulosa shuki, hozirda davlatimiz tomonidan fuqarolarimizga yetkazib berilayotgan vaksinalarni olishimizga dinimiz ruxsat beradi. Emlanish sharʼan joiz, chunki bu davolanishning bir koʻrinishidir.

Yuqumli kasallik bilan xastalanish holatlari ortib borayotgan, unga qarshi ehtiyot choralari kuchaytirilayotgan vaqtda har bir moʻmin-musulmon Alloh taoloning taqdiriga rozi boʻlib, jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etish, kasallikning oldini olish maqsadida soha mutaxassislari tomonidan tavsiya etilgan vaksinalar bilan toʻliq emlanish kabi Respublika maxsus komissiyasi tomonidan joriy etilgan yangi tartib-qoidalarga qatʼiy amal qilib, oʻzimiz, yaqinlarimiz, qolaversa, yurtdoshlarimizning sogʻligʻini saqlaylik.

Zero, ulamolarimiz aytganlaridek: Kasallikdan saqlanish uni davolashdan yaxshiroqdir”.

Homidjon ISHMATBЕKOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 18 yanvar, 11(533) son

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …