Home / MAQOLALAR / PAYGʻAMBARIMIZ MAQTAGAN SOHA

PAYGʻAMBARIMIZ MAQTAGAN SOHA

Yaxshiga qilsang yaxshilik –
ham aytadi, ham qaytadi…”

 Bismillahir Rohmanir Rohiym!

Mehribon Yaratgan Parvardigorimiz Alloh taboraka va taologa beadad hamdu sanolar,

Hazrati Paygʻambarimiz Janobi Muhammad Mustafo Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga behisob salavotu salomlarimiz boʻlsin!

Baxtli, saodatli yashash, chinakam maʼmur hayot kechirish – har bir inson orzusi. Dunyoda baxtu saodatni, maʼmurchilik va farovonlikni oʻlchaydigan mezonlar koʻp, omillar bisyor. Lekin shunday neʼmatlar borki, ularsiz hayotimiz rangsiz, turmushimiz huzur-halovatsiz boʻlib qoladi.

Xoʻsh, bu neʼmatlar qaysilari?

Janob Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Ikki neʼmat borki, koʻpchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir”, – dedilar» (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Boshqa bir hadisi sharifda: “Kimki oʻz uyida tinchlikda, tani sogʻlom, bir kunga yetadigan taomi bor holda tong ottirsa, unga butun dunyo neʼmatlari toʻligʻicha berilgandek boʻlibdi”, – deyilgan (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Nega hadisi sharifda har kuni, har doim muhtoj boʻladiganimiz uch neʼmat: sogʻliqtinchlik va qut-barakaga urgʻu berildi?

Chunki bu neʼmatlar boʻlmasa, turmush izdan chiqadi, yashash qiyinlashadi. Uzoqqa bormaylik, bugungi dunyoning manzarasidan xulosa chiqarib olaylik! Birgina koʻzga koʻrinmas oʻlat barchaning halovatini oʻgʻirladi, hammaning tinchini buzdi… Shunday emasmi? 

I

…Tong sahar tinchlik-xotirjamlikda uygʻonishning oʻzi bir neʼmat emasmi?! Bobo-buvi, ota-ona, aka-uka, farzandlar – oila davrasida nonushta qilishning fayzini nima bilan taqqoslash mumkin?! Ishga, oʻqishga otlanayotganda, oila ulugʻlarining duosini olib koʻchaga chiqishning barakotini hammamiz yaxshi bilamiz.

Tinchlik-omonlikda yashash bu – jon, mol, uy-joy, or-nomus xavfsizligiga ega boʻlish demakdir. Ming-ming shukrlarki, yurtimizda bular barchasining xavfsizligi kafolatlangan.

Aslida, “Islom” soʻzi arab tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilinganda “itoat va boʻysunish”, “ixlos va turli ofatlardan salomat boʻlish” hamda “sulh va omonlik”, “tinchlik” degan maʼnolarni bildiradi. Bu dinni Paygʻambarning oʻzlari tanlagan emaslar, balki uni Alloh taoloning Oʻzi (!) ixtiyor etgan! Islom – bu Alloh yagona deb eʼtiqod qilib, unga boʻysunmoqlik va butun qalb bilan unga ixlos qilmoqlik demakdir.

«Musulmon» degan soʻzning asli, negizi, oʻzagi “islom” soʻzi. Demak, har bir inson millati, yoshi, jinsi, dini, irqi, ijtimoiy holati, turar joyidan qatʼiy nazar, modomiki “men – alhamdulilloh, musulmonman!” deb, oʻzini musulmon hisoblasa, tinchlik uchun xizmat qilishi shart va zarur ekan! Aksincha, qiladigan ishi aytayotgan soʻziga toʻgʻri kelmas ekan! Xudoning Oʻzi hammamizni asrasin!

Qoʻshning tinch – sen tinch!”, “Yurting tinch – sen tinch!” deydi dono xalqimiz. Yurtimiz, qoʻshnimiz, oilamiz tinchligi-xotirjamligi uchun nechta odam xizmat qilmoqda? Ularning ikki-uch nafarini koʻra olsak, necha million nafarini hayolimizga ham keltira olmaymiz! Hatto tasavvur qilishga ham ojizmiz!

Dono xalqimiz “Birni koʻrib – fikr qil, birni koʻrib – shukr qil!” deb bejiz aytmagan. Televizorimiz pultining xohlagan tugmasini bosib, xohlagan telekanalga qoʻysak, dunyoning necha minglab joylarida necha yuz minglab insonlar tinchlik (!) izlab, sarson-sargardon boʻlayotganiga guvoh boʻlamiz…

Har qanday aqlli odam Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, fuqarolarimiz farovonligi uchun son minglab oʻzimizning aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz, oʻgʻil-qizlarimiz xizmat qilayotganini alohida eʼtirof etadi va yuksak qadrlaydi.

Kunlarning birida mashhur rassom dunyodagi eng goʻzal suratni chizishga qaror qiladi va sayohatga otlanadi. Bir qishloqdan oʻtayotib, nuroniy otaxonga duch keladi va yoniga borib u kishidan: “Dunyodagi eng goʻzal narsa nima?” – deb soʻraydi. Otaxon hech ikkilanmay: «IMON!» – deb javob beradi.

Soʻngra bir guzar oldidan oʻtayotib, karnay-surnay sadolarini eshitadi va toʻplanib turgan olomon oldiga borib kelindan: “Sizningcha, dunyodagi eng goʻzal narsa nima?” – deb soʻraydi.

Kelin kuyovning koʻzlariga boqib: «Dunyodagi eng goʻzal narsa – MUHABBAT!» – deydi.

Rassom yoʻlida davom etadi. Bepoyon dashtlar, tizma togʻlar, yastanib yotgan qir-adirlardan oʻtib, sahroda bir toʻda askarni uchratadi va ulardan birini yoniga chorlab, yuqoridagi savolni beradi.

Askar: «Dunyodagi eng goʻzal narsa bu – TINCHLIK!» – deya javob beradi.

Rassom dunyodagi eng goʻzal narsalar – imon, muhabbat va tinchlik boʻlsa, bularning barchasini bir rasmda qanday ifodalayman, deya oʻylay-oʻylay uyiga qaytib keladi. Uyiga kirishi bilan dunyoning eng goʻzal manzarasi qarshisida ekanini anglab yetadi: bolalarining maʼsum nigohlarida imon, ayolining koʻzlarida muhabbat, uyida esa tinchlik hukm surar, hammalarining tanlari sogʻ-salomat edi…

Bulardan ilhom olgan rassom dunyodagi eng goʻzal narsani chizishga kirishadi va uni “Mening uyim” deb nomlaydi.

Biz buni yanada kengroq tasavvur qilib, tabiiy lozim boʻlgan IMON va MUHABBATdan tashqari, dunyodagi eng goʻzal narsa bu – TINCHLIK va SOGʻLIQ ekanini eʼtirof etamiz. Imon, tinchlik, salomatlik neʼmatlari jannatmakon yurtimizda, shukrki, barqaror! Demak, dunyodagi eng goʻzal diyor bu – imon, tinchlik, salomatlik barqaror boʻlgan VATAN – OʻZBЕKISTONIMIZDIR! 

II 

Jannatmakon Yurtimiz jonkuyarlari boʻlgan aka-uka, opa-singillarimiz, avvalo, yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, xalq salomatligi, farovonligi va xotirjamligi uchun gʻoyat masʼuliyatli va sharafli ishga bagʻishlagan Siz, azizlarni beqiyos xizmatlaringizni yuksak qadrlab, barchalaringiz(!)ga  cheksiz hurmat va chuqur ehtiromimizni izhor etishga ruxsat bergaysizlar!

Moʻmin-musulmonlarimiz sizlarni dunyodagi eng ulugʻ kasb sohiblari, muborak dinimiz vafodorlari, oʻz ishiga fidoyi insonlar deb biladi va mashaqqatli mehnatingizni yuksak darajada qadrlaydi. Ayniqsa, hozirgi zamonda chinakam xalqparvar-vatanparvar boʻlib xizmat qilayotganingiz har qanday tahsin va koʻpdan-koʻp  tasannolarga  munosibdir!

Tinchlik-osoyishtalik hayotimiz uchun bu mashaqqatli ishning oldingi saflarida turib, oʻz hayotini xavf-xatarga qoʻyib, jasorat va matonat namunasini koʻrsatib kelayotgan barcha soha xodimlariga yana bir bor chuqur minnatdorlik bildiramiz!

Jahon miqyosida keng tarqalib, global muammoga aylangan COVID-19 davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda olijanoblik namunasini koʻrsatgan, mehr-oqibat, saxovat va olihimmatlik fazilatlarini koʻrsatib kelayotgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularga beminnat koʻmak berish borasidagi ishlarga katta hissa qoʻshgan, hamjihatlik muhitini mustahkamlashda faol ishtirok etib, ezgu ishlari bilan koʻpchilikka oʻrnak boʻlayotgan VATAN HIMOYACHILARIMIZning xizmatlarini alohida eʼtirof etish kerak.

Oʻzbekistonlik yetuk ulamolarimiz, notiq imom-xatiblarimiz tomonlaridan karantin koʻrsatmalariga amal qilish, ushbu sinovli kunlarda vahimaga berilmaslik, yaxshi kunlarga intilib yashash, yordamga muhtoj shaxslarga gʻamxoʻrlik qilish kabi yoʻnalishlarda behisob targʻibot ishlari olib borildi.

Bunday din xizmatchilarimiz mana shunday oʻta ogʻir davrda va turli tabiiy ofatlar tufayli elu yurtimiz boshiga tushgan sinovlarning oqibatlarini bartaraf etishda haqiqiy jonbozlik koʻrsatganlari ulkan  tahsinlarga va beqiyos  tashakkurlarga  loyiqdir!

Natijada, matonatli xalqimiz kovid vabosi, boshimizga tushgan turli sinovlar va tabiiy ofatlar sharoitida “Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” degan oyati karimaga amal qilib, tushkunlikka berilmasdan, yanada ahil va birdam boʻlib, insonparvarlik va mehr-oqibatlilikning yuksak namunasini butun (!) dunyoga koʻrsatdilar.

Fazilatli insonlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni qoʻllab-quvvatlash, xayriya mablagʻlarini toʻgʻri yoʻnaltirish, qiyin ahvolga tushgan aholiga koʻmak berish, ogʻir sharoitdagi odamlarni sabr-toqatga chaqirish, ularning koʻnglini koʻtarishdagi fidoyiliklari har  qanday  maqtovga  loyiqdir! Zero Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir”, – deb xushxabar bergan.

Shubhasiz, har qanday mashaqqatni mehnat va matonat, sabru chidam bilan mardona yengib oʻtishda diniy sohamiz xodimlarining pandu nasihatlari, ibratli oʻgitlari va ezgu tashabbuslari  juda  ham  katta  taʼsir  koʻrsatmoqda.

Muhtaram Yurtboshimiz pandemiyaga qarshi kurashda faollik  koʻrsatganlarga tashakkur bildirib, keng jamoatchilik vakillari qatorida qadri baland muhtaram va hurmatli imom-xatiblarimizni ham alohida esga olganlari diniy soha xodimlari mehnatlariga berilgan  yuqori  bahodir!

Xalqimizning salomatligini oʻylab, farovonligini koʻzlab davlatimiz, hukumatimiz chiqargan barcha topshiriqlarini muqaddas dinimiz ravnaqi, masjidu madrasalarimiz obodligini moʻljallab, moʻmin-musulmonlarimizni manfaatlari uchun batafsil yetkazishda kechayu-kunduz begʻaraz va beminnat xizmatlari bilan, diniy sohamizdagi barcha xodimlarimizga oʻzlarining bevosita koʻmak va ulkan yordamlari bilan fidokorona xizmat qilayotgan Din ishlari boʻyicha qoʻmitadan kelayotgan barcha muhim tavsiyalarni sohamiz xodimlariga onlayn ham, oflayn ham oʻzlarining qimmatbaho yoʻl-yoʻriqlari bilan yetkazayotgan Diniy idoramiz raislariga nafaqat mamlakatimiz xalqi tahsinlar aytmoqda, balki xalqaro darajada ham Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, Muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlariga ham eʼtirof va tahsinlar bildirilmoqda.

Oxirgi paytlarda qahramonona, jonini Jabborga berib, 24 soatlab, haftalab tinmay, beminnat xizmat qilayotgan barcha Vatan himoyachilarimiz kabi shifokorlarimiz, huquq-tartibot organlari xodimlarimiz, diniy sohamiz xodimlarini ham dono xalqimiz nihoyatda yaxshi bilar ekan… Taʼkidlash joizki, mana shunday ulugʻvor ishlari uchun xalqimizning minnatdorligini moʻmin-musulmonlarimizdan izhor etilayotgan tashakkuru rahmatnomalaridan bilish mumkin.

Taʼkidlash joizki, muhtaram va hurmatli fazilatli ulamolarimizning va diniy soha xodimlarining mehnatlarini qadrlash – Yangi Oʻzbekistonda din sohasi va imom-domlalarga berilayotgan yuksak eʼtiborning yana bir bor yaqqol namunasidir! Taraqqiyotimizning yangi davrida muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida Islom dini maʼrifatini keng tarannum etish, masjid-madrasalarni obod etish va ulamolarni, imom-domlalarni munosib qadrlash yoʻlida juda ham katta ishlar amalga oshirilayotganidan, albatta, hammaning xabari bor.

Bugungi tarixiy oʻzgarishlar va voqealarni hammamiz koʻrib, eshitib, bevosita guvohi boʻlib turibmiz… Bularning zamirida Yaratgan Parvardigori olamning irodasi ila bir yoqadan bosh chiqarib samarali mehnat qilishimiz hamda Davlatimiz Rahbari atrofida jipslashib, yorqin kelajak va yuksak taraqqiyot sari dadil saʼy-harakatlarimiz mujassamdir.

Darhaqiqat, Islom dinining ezgu taʼlimotlarini keng tarannum etish va Haq taoloning diniga xizmat qilish savobi ulugʻ amallardan hisoblanadi. Alloh taolo Qurʼoni karimda Oʻz diniga xizmat qiluvchilarni shunday madh etadi: “Ey, imon keltirganlar! Agar sizlar Allohga yordam bersangiz (dinining rivoji uchun harakat qilsangiz), U ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur” (Muhammad surasi 7 oyat).

Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam oʻzlarining muborak hadisi shariflarida: “Odamlardan boʻlgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qila olmagan odam Xudoga ham shukr qilolmaydi”, – deb marhamat qilganlar. Dono xalqimiz esa: “Yaxshiga qilsang yaxshilik – ham aytadi, ham qaytadi. Yomonga qilsang yaxshilik – na aytadi, na qaytadi”, – deb bejizdan bejiz aytmagan.

Oʻzini jonini ham, oilasini salomatligini ham Xudoga topshirib, oʻta katta va jiddiy xavf-xatarni ham chetga surib, jonini ham, molini ham, umrini ham xalq uchun fido etayotgan DONO XALQIMIZNING HAR BIR FARZANDIGA behisob  tashakkurlar aytamiz!

Mehribon Parvardigorimiz jannatmakon yurtimiz tinchligi uchun, muqaddas Vatanimiz ravnaqi uchun, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun, muborak dinimiz kamoloti uchun, masjid-madrasalarimiz obodligi uchun oʻz hayotini xavf-xatar ostiga qoʻyib, jasorat va matonat namunasini koʻrsatib, bu kunlarimizni koʻrolmay oʻtganlarimizning yotgan joylarini keng, nurli etib, barcha solih amallarini oʻzlariga hamroh aylagan boʻlsin! Ilohim Oʻzi rozi boʻlib, joylarini jannatlari bilan siylasin!

III 

Bir oddiygina kichik qoʻl soatida ham, uyimizdagi televizorda ham, qoʻlimizdagi telefonimizda ham, eng katta kompyuterda ham, eng oxirgi rusum avtomobilida ham, bir necha tonnalik samolyotda ham, Yer sayyorasidan koʻtarilib koinotga borib-kelayotgan necha ming tonnalik kosmik kemalarda ham shunday bir qism, boʻlakchalari bor-ki, u qismlarsiz mazkur “moʻjiza”lar ishlolmay qoladi… Aslini olganda, u boʻlak-qismlar koʻzga koʻrinmaydi ham… Ular eʼtiborsiz-u, lekin ularsiz soat va televizor ham, telefon va kompyuter ham, avtomobil va samolyot ham, hatto insoniyatni lol qoldirayotgan bahaybat kosmik kemasi ham ishlamasdan qotib qoladi! “Moʻjiza”larning eng kattasi va eng ulugʻi boʻlgan Inson organizmida ham mana shunday “qism-boʻlaklar” mavjud.

Har bir korxona-tashkilotlarda ham xuddi shu kabi “qism-boʻlaklar”ni vazifasini ado etadigan odamlar, katta-kichik xodimu xizmatchilari bor!!! Ular oʻzlarini hadeb bildiravermaydilar… Lekin oʻz ishlarini nihoyatda chiroyli va namunali etib, toʻla-toʻkis va mukammal qilib, dinu diyonat bilan, halolu pok, insofu vijdon bilan bajaradilar. Shunday insonlarga oʻzlarini “koʻrsatish”larini yo (hozir “moda”ga aylanib qolgan) internetga “chiqish”larini taklif etsangiz, hammalaridan yagona javob eshitasiz. Oʻzlarini tortib, uyalib, chuqur hayajonlanib: “Xudo bilsa, boʻldi… Bilsa – baliq, bilmasa – Xoliq,” – deb qoʻyadilar xolos…

Mana shunday insonlar bizning sohamizda son-sanoqsiz darajada koʻp! Lekin ularning mashaqqatli va sermahsul mehnatlarini, beqiyos va olijanob xizmatlarini Yaratganimizdan tashqari, rahbarlarimiz ham, dono xalqimiz ham juda yaxshi biladi! Ularga Xudoning ham, xalqning ham rahmati doimo yogʻilib turadi!

Bugungi murakkab va sinovli davrda xalqimiz va dinimiz xizmatida boʻlib turgan qadrli va tabarruk ulamolarimizmuhtaram va hurmatli imom-domlalarimizaziz va qimmatli mudarrislarimizmushtipar va munis otinoyilarimiz, masjid-madrasalarimiz bebaho va mehnatkash xodimlarisevimli va suyukli talabalarimiz hamda muqaddas Vatanimizning barcha himoyachilariga Mehribon Parvardigorimiz Alloh taboraka va taolodan sihat-salomatlik, shodu hurramlik va ikki dunyo saodatini soʻraymiz!

 Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qildilarkim: “Kimki Alloh taolo yoʻlida bir kunduz yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi nafl roʻza tutib, kechasi ibodat qilganlik savobi yoziladi. Kimiki sarhadni qoʻriqlab turganda halok boʻlsa, unga ham xuddi shunday ajru-savob mukofoti boʻladi va shahidlik maqomi berilib, barcha fitnalardan omonda boʻladi” (Imom Nasoiy rivoyatlari).

Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, muborak dinimiz kamoloti hamda dono xalqimiz salomatligi va farovonligi yoʻlida olib borayotgan fidokorona mehnatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar ato etishini Mehribon Parvardigorimizdan iltijo qilib qolamiz!

Oʻz ajdodlari qoʻnim topgan xoki poklarini, kindik qoni toʻkilgan Vatanni himoya qilish, oʻz ona-yurtini koʻz qorachigʻiday asrab-avaylash – oʻz oilasini, shaʼnini, or-nomusini, imon-eʼtiqodini himoya qilishdir! Bu xususda Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida: “Ikki koʻz egasini doʻzax otashi kuydirmas: biri  – Allohning azobidan qoʻrqib yigʻlagan koʻz, ikkinchisi – Alloh yoʻlida qoʻriqchilik qilib bedor boʻlgan koʻz”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).

El-yurtimiz ravnaqi va dini Islom maʼrifati yoʻlida kunni tunga, tunni kunga ulab, oʻzining bor kuch-qudrati va aql-zakovatini ayamasdan, sidqidildan, fidoyilarcha, xolisona hamda ulkan mehr ila xizmat qilib kelayotgan sizlardek moʻtabar insonlarni tarbiyalab, voyaga yetkazgan OTA-ONALARINGIZGA  MING-MING-MING RAHMAT! Barcha ota-onalarga ham Parvardigori olam ana shunday farzand tarbiyalab, kamolga yetkazishni nasib aylasin!

Iloha jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi, dinimiz kamoloti, masjidu-madrasalarimiz obodligi uchun muhtaram Yurtboshimizni dono rahbarliklari ostida hukumatimiz, Diniy idoramiz tomonlaridan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklaridagi mehnatkash xalqimiz olib borayotgan barcha xayrli, yaxshi, savobli ishlarda Alloh taolo Oʻzi madadkor boʻlsin!

Ilohim oʻzlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, Janob Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, oʻtmishda oʻtganlarimizni roʻhlari shod boʻladigan, xalqimiz xursand boʻladigan, ota-onalarimiz rozi boʻladigan yoʻllardan yurishimizni nasib etsin! 

Xulosa 

Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun har bir insonning qilayotgan xizmatlariga minnatdor boʻlishimiz –  ham burchimiz, ham farzimiz, ham qarzimizdir!

Ustoz ulamolarimiz aytadilar: “Hayotdan kishi olmasa taʼlim, oʻrgata olmas unga hech bir muallim”. Kundalik hayotimizda nihoyatda ehtiyot boʻlishimiz lozim ekan. Yana bilib-bilmasdan Janobi Paygʻambarimiz alayhis salomning: «Ikki neʼmat borki,  koʻpchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir» degan muborak soʻzlariga qarshi boʻlib qolmaylik!

 
Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosar
Manba: muslim.uz

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …