Home / ALLOMALAR / XORAZMNING BIZ BILMAGAN MUHADDIS VA TARIXCHISI

XORAZMNING BIZ BILMAGAN MUHADDIS VA TARIXCHISI

Ilm-fan taraqqiyotida xorazmlik olimlarning xizmati katta boʻlgan. Bu yurtning yetuk mutafakkirlari ilmning turli sohalarida samarali ijod qilgan. Shunday zotlardan biri Mahmud ibn Muhammad Xorazmiydir. Uning toʻliq ismi – Mahmud ibn Muhammad ibn Abbos ibn Arslon Mazhariddin Xorazmiy. Ibn Abbosiy nomi bilan ham tanilgan. 1099 yilning avgust oyida Xorazmda tugʻilgan.

Alloma muhaddis, tarixchi, shuningdek, fiqh va tasavvuf ilmida imom boʻlgan.

Ilmiy muhitda bilimga mehr qoʻyib ulgʻaygan Mahmud dastlabki taʼlimni otasi va bobosidan olgan. Ulardan arab tilini, Qurʼon va hadisni oʻrgangan. Otasi Muhammad ishonchli roviy, Xorazmning yirik ulamolaridan, oʻz davrida shofeiylarning yirik faqihlaridan boʻlgan. Oʻgʻli Mahmud “Xorazm tarixi” kitobida uning tarjimai holini yozar ekan, “Usulni Imom Ismoil ibn Husayn Dargʻoniyning huzurida oʻrgangan va bu sohada yetuk olim boʻlgan. Zamonasida til fasohati, chiroyli bayon va Qurʼoni karim oyatlaridan dalil olishda eng yetugi boʻlgan”, deydi. Bobosi Abbos ibn Arslon ham muhaddis, fozil, hadis borasida ishonchli kishilardan edi.

Mahmud Xorazmiy keyinchalik bilimini yuksaltirish maqsadida yetuk olimlarning ilmiy halqalariga qoʻshilgan. Xususan, Ismoil ibn Ahmad Bayhaqiyning hadis darslariga qatnashgan. Samarqandda Ahmad ibn Abdulvohid Forsiydan, Buxoroda Muhammad ibn Ali Mutohhiriydan hadis tinglagan. Marvga borib Muhammad ibn Abdulloh Hafsaviydan, soʻng Bagʻdodda Ibn Talloyadan muhaddislik bilimlarini egallagan. Fiqh ilmini Hasan ibn Masʼud Bagʻaviydan oʻrgangan.

Uzoq ilmiy safarlardan soʻng Ibn Abbosiy oʻzining ona shahri – Xorazmga olim, faqih, muhaddis, tarixchi boʻlib qaytadi. U vatandoshlariga egallagan bilimlarini oʻrgatishni qasd qilgan edi. Isnaviy: “U turli shaharlarda koʻplab shayxlardan hadis tinglagan. Soʻng ilm yoyish maqsadida Xorazmga qaytib, shu yerda yashagan”, deydi. Darhaqiqat, Ibn Abbosiy hadis ilmining mohir bilimdoni edi. Subukiy aytadi: “U hadis ilmidan yaxshi xabardor edi, unga nisbatan “Hofizul mutlaq” darajasi ishlatilgan”.

Alloma fiqh va usul bilan ham shugʻullangan. Bu sohalarda yetuk olim hisoblangan. Imom Zahabiy: “Ibn Abbosiy faqih, fozil, ittifoq qilingan va ixtilofli masalalarni biladigan, zohiri va botini ajoyib, fiqh va tasavvufni oʻzida jamlagan olim edi”, degan.

Mahmud Xorazmiy oʻrgangan fanlari orasida tarix bilan koʻproq mashgʻul boʻlgan. “Xorazm tarixi” asarini bitgan. Imom Subukiy aytadi: “Men uning birinchi jildini koʻrganman. Kitob hammasi boʻlib sakkizta katta jilddan iborat”. U Xorazm tabiati, shaharlari, xalqi, tijorat, sanoat va ziroat sohalaridagi iqtisodiy holati, Abbosiylar, Tohiriylar, Somoniylar davridagi siyosiy vaziyatni tasvirlovchi asardir. Kitob geografik va tarixiy asar boʻlib, unga koʻplab tarixchilar murojaat qilgan va asarlarida foydalangan.

Ilm talabida turli yurtlarda boʻlib qaytgan Mahmud Xorazmga kirib kelishi bilan uning atrofiga odamlar, ayniqsa, ilm talabalari toʻplanib, taʼlim oladi. Ular orasidan Yusuf ibn Maqlad Damashqiy, Ahmad ibn Toriq Karkiy, Imom Faxriddin Roziy va Imom Samʼoniyni taʼkidlab oʻtish kerak.

Shogirdlari orasida eng mashhuri Abulhayot Forsiy nomi bilan tanilgan Imom Muhammad ibn Abdulloh ibn Umardir. U asli Balxdan boʻlib, Ibn Abbosiydan saboq olish uchun Xorazmga kelgan. Yetuklikka erishgunga qadar allomadan taʼlim olgan va “Nizomiya” madrasasining mashhur olimlaridan biri boʻlib yetishgan.

Manbalarda Mahmud Xorazmiyning yana bir asar yozgani xabar qilinadi. U “Kofiy fin nazmish shofiy” (“Komil tizimdagi yetuk asar”) boʻlib, fiqh sohasiga oiddir. Keyingi koʻplab faqihlar undan manba sifatida foydalangan. Afsuski, bu kitob bizgacha yetib kelmagan.

Ibn Arslon tugʻilib oʻsgan shahri Xorazmda 1173 yilda vafot etgan va shu yerda dafn qilingan.

Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …