Home / MAQOLALAR / BЕMAZHABLIK SOXTA SALAFIYLIKNING ASOSIDIR

BЕMAZHABLIK SOXTA SALAFIYLIKNING ASOSIDIR

Hozirgi ayrim yoshlar orasida sharʼiy bilimlarni mukammal bilmaslik oqibatida, boshqalarga taqlid qilib yoki kimlarningdir gap soʻzlariga uchib hanafiy mazhabidan kelgan dalillarga gumon bilan qarab, ularni inkor qilishgacha borishdi. Bu aslida toʻgʻrimi?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida sahobalar ichida biror anglashilmagan sharʼiy masala chiqib qolsa, darxol u zotga murojaat qilinib yechimi topilardi. Rasululloh solallohu alayhi vasallamning vafotlaridan soʻng sahobalar sharʼiy savollar boʻyicha oʻzlarining ichida mujtahid boʻlgan sahobalardan fatvo soʻrardilar. Ibn Xaldun aytganlaridek: “Rasululloh alayhissalomning sahobalari ilmda bir-birlaridan farq qilar edilar. Ularning barchalari ham ahli fatvo boʻlmaganlar. Bu ish bilan faqat Qurʼonning nosix va mansuxini, mutashobihini, muhkamini va boshqa maʼnolarini bilgan hofizi Qurʼonlargina shugʻullanishgan. Chunki ular bu ilmni Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan yoki u zotning soʻzlarini eshitgan, peshqadam boʻlgan sahobalardan olganlar. Shuning uchun ular “qorilar” deb atalgan”.

Zero, sahobalar Rasululloh solallohu alayhi vasallamni koʻrib, u zotga vahiylar nozil boʻlishiga guvoh boʻlgan boʻlsalar-da, keyinchalik shariatda oʻzlaricha amal qilishmagan, balki oʻzlaridan olimroq boʻlgan sahobalarga ergashgan. Chunki Alloh taolo “Nahl” surasi 43-oyatida aytadi:

 فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُون

“Bas, agar bilmasangiz, zikr ahlidan soʻrang”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqih sahobalarini Islom endi tarqalayotgan makonlarga yuborar edilar. Yangi makonlar ahli bu sahobaning har bir fatvolariga, buyurgan amallari, ibodatlari, muomalotlari va halol-harom ishlari yuzasidan unga ergashardilar. Baʼzan Kitob va Sunnatda dalili boʻlmagan ishlar bilan roʻbaroʻ kelib qolishsa, unda faqih sahobaning oʻzi ijtihod qilar va ijtihodidan kelib chiqib odamlarga fatvo berar, ular esa oʻsha ishda unga taqlid qilardilar. Bunga Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga yuborganliklari haqidagi hadis dalil boʻla oladi. Eʼtiborli holat shuki, sahobalarning muftiylari hukmni zikr qilar ekan, fatvo soʻrovchiga uning dalilini bayon qilib oʻtirishmagan. Chunki shariat ilmidan bexabar boʻlgan avom uchun mujtahidning fatvosi xuddi mujtahid olim uchun Kitob va Sunnatdagi dalillar singaridir.

Tobeʼinlar davrida esa ijtihod doirasi kengaydi, bu davrga kelib musulmonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari tutgan yoʻlni tutdilar. Yaʼni oʻzlarining ichidagi mujtahidlariga ergashdi.

Ibn Qayyum oʻzlarining “Aʼlomul muvaqqiʼiyn” kitoblarida shunday yozadilar: “Din, fiqh va ilm bu ummatga Abdulloh ibn Masʼud, Zayd ibn Sobitning shogirdlari, Abdulloh ibn Umar va Abdulloh ibn Abbosning shogirdlari orqali tarqaldi. Bas, odamlarning hammasi ana oʻsha toʻrt sahobalar orqali ilmli boʻldilar. Madina ahlining ilmi Zayd ibn Sobit va Abdulloh ibn Umarning asʼhoblaridan, Makkaliklarning ilmi Abdulloh ibn Abbosning asʼhoblaridan, iroqliklarning ilmi esa Abdulloh ibn Masʼudning asʼhoblaridandir”.

Har bir zamonda xalifaning oʻzi kimga muftiylikni topshirgan boʻlsa oʻsha odamning ismini eʼlon qildirar va yurtdagi hamma odamlarning diqqatini unga qaratar edi. Toki ular oʻsha muftiylarga oʻz savollarini bersinlar va diniy masalalarda ularga ergashsinlar. Baʼzida xalifa turli xildagi fatvolarni eshitib odamlar hayrat va iztirobga tushib qolmasliklari uchun oʻzi tayinlagan kishidan boshqalarni fatvo berish bilan shugʻullanishdan qaytargan.

Ibnul Imodning “Shazarot uz zahab” kitobida: “Makka boʻylab fatvo berishlik Ato ibn Abu Raboh bilan Mujohidlarga belgilab berilgan edi. Xalifaning jarchisi odamlar orasida yurib ana shu ikkala imomlardan boshqa hech kim fatvo berish bilan shugʻullanmasin, deb jar solib chiqar edi.

Uzoq zamonlar Makkaliklar mana shu ikkala imomning mazhabiga amal qildilar. Ato ham, Mujohid ham va ulardan boshqa imomlar ham xalifaning bu ishiga eʼtiroz bildirmagan va hech birlari odamlarni aynan bitta imomning mazhabini ushlab olishdan qaytarmaganlar ham”.

Tobeʼiynlar davrida ijtihodiy omillar sababli ikki asosiy: rayʼ va hadis mazhabi oʻzini namoyon qildi. Raʼy mazhabining Iroqdagi qutblaridan Alqama ibn Qays Naxaʼiy, Masruq ibn Ajdaʼ Hamadoniy, Ibrohim ibn Zayd Naxaʼiy va Saʼid ibn Jubayrlardir. Iroq va uning yon-atrofidagi hamma kishilar hech bir moneliksiz shu mazhabga taqlid qilishar edi.

Hadis mazhabining Hijozdagi qutblaridan Saʼid ibn Musayyab Maxzumiy, Urva ibn Zubayr, Solim ibn Abdulloh ibn Umar, Sulaymon ibn Yasor va Abdulloh ibn Umarning mavlosi Nofeʼlardir. Hijozliklar va Hijoz atrofidagi barcha biror bir qarshiliksiz mana shu mazhabga taqlid qilgan.

Ushbu ikkala maktabdan bir nechta mazhablar paydo boʻldi. Barcha mazhablar ushbu toʻrtta mazhabda jamlandi. Bular Hanafiy, Molikiy, Shofeʼiy va Hanbaliydir.

Alloma Ibn Rajab rohimahulloh oʻzlarining “Toʻrt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” deb nomlangan asarlarida “Koʻplab mazhablar orasidan aynan shu toʻrt mazhabning saqlanib qolishi xuddi Qurʼoni Karimning yetti qiroatdan faqat bir qiroati saqlanib qolishiga oʻxshaydi”, -deganlar.

Mazhab deyilganda, asrlar osha moʻmin-musulmonlar Alloh taoloning va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari asosida ijtihod qilib topilgan, musulmonlar ommasi ittifoq qilgan, oqibati yomon boʻlishidan qoʻrqilmaydigan, U Zotning roziligiga erishtiruvchi yoʻldir.

“Mazhab” soʻzi arabcha soʻz boʻlib “yoʻl”“yoʻnalish” degan maʼnolarni bildiradi. Sharʼiy istilohda esa “biror diniy masala, muammo boʻyicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yoʻlidir”.

Mazhablar – goʻyoki bir daryodan oqib kelayotgan toʻrt anhorga oʻxshaydi. Ularning har birlari, oʻz ijtihodlari bilan Janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olib kelgan shariatdan hukmlar olishgan. Ularning bir masalada qarashlarining turlichaligi, ularni kelisholmasliklaridan emas. Vaholanki, bu bilan shariatning barcha jabhasini qamrab olgan. Imom Molik rahimahulloh Madinada turib oʻz mazhablarini shakllantirishda namozda qoʻllarini ikki yonga tushirib oʻqishlik dalilini quvvatlaganlar. Bu Imom Molikning bundan boshqa dalillari boʻlmagan, degani emas.

Hanafiy mazhabi olimlari, namozda qoʻlni kindik ostida boʻlishi toʻgʻrisida oʻz asarlarida, “Al-hidoya”, “Kanzu-daqoiq”, “Tabyinul-haqoiq”, “Al-bahrur-roiq”, “Fathul-qadir”, “Mabsut” kitoblarida ishonchli dalillarni keltirganlar. Hattoki, koʻzga koʻringan tobeʼinlardan Sufyon Savriy, ibn Rohavayh, shofeʼiylardan Abu Isʼhoq Marvaziy kabi olimlar, buni quvvatlashgan.

Shuning uchun kim mazhabga ergashsa, xato qilmagan holda Qurʼon va Sunnatga ergashgan boʻladi. Alloh taolo barchamizni Oʻz yoʻlidan adashtirmasin!

 Jobir Elov
OʻMI Buxoro viloyati vakili,
viloyat bosh imomi

Check Also

SHAMSUL AIMMA HALVONIY QALAMIGA MANSUB ASARLAR

Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Hanafiy Buxoriy al-Halvoniy (vaf. 448/1056-1057) ijtimoiy-siyosiy faoliyati uchun …