Home / MAQOLALAR / IMON-EʼTIQOD MUSTAHKAMLIGI – IKKI DUNYO SAODATI

IMON-EʼTIQOD MUSTAHKAMLIGI – IKKI DUNYO SAODATI

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Alloh taologa behisob shukrki, Yangi Oʻzbekistonda qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlarida insonning eʼtiqod erkinligi, qadr-qimmatini hurmat qilish hamda uning huquq va erkinliklarini taʼminlash yaqqol oʻz ifodasini topmoqda.

Ayni kunlarda yurtimizda Konstitutsiyamiz qabul qilingan sana keng nishonlanmoqda. Bugun roʻyobga chiqayotgan oʻzgarishlar va yangilanishlar zamirida Asosiy Qonunimizning mazmun-mohiyati mujassam, desak ayni toʻgʻri gapni aytgan boʻlamiz. Chunki, unda “Inson va uning qadr-qimmati” degan ulugʻ tushuncha markaziy oʻringa qoʻyilgan. Shu nuqtai nazardan Davlatimiz Rahbari amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning asosiy maqsadini “Odamlarni hayotdan rozi qilish – asosiy mezon” degan yuksak tamoyilga qaratmoqdalar.

Mutasavvif olim Mir Alisher Navoiyning “Odamiy ersang, demagil odami, Onikim, yoʻq xalq gʻamidin gʻami” – degan, baytlarida juda ham chuqur hayotiy hikmat bor. Haqiqatda Hazrati Navoiy aytganlaridek, inson qachonki millati, xalqi, dinining gʻami bilan yashasa, shundagina komil inson, haqiqiy maʼnoda odamiylikka erishadi.

Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir moʻmindan  bu dunyo mashaqqatlaridan bir mashaqqatni ketkazsa, Alloh taolo undan Qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini ketkizadi. Kim bir kambagʻalning ishini yengillatsa, Alloh  uning bu dunyoyu oxiratidan ishlarini yengillatadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo uning aybini bu dunyoyu oxiratda berkitadi. Modomiki banda oʻz birodarining yordamida ekan, Alloh ham uning yordamida boʻladi” dedilar.

Darhaqiqat, odam borki, avvalo, kundalik hayotida u yoki bu narsadan manfaat koʻrishni koʻzlab oldinga intiladi, mehnat qiladi. Agar faoliyati halol-pok yoʻl bilan rizq topishga, savobli ishlarga qaratilgan boʻlsa, nafaqat oʻziga balki el-yurtiga ham manfaat yetkazaveradi.

Inson manfaatlari ichida eng asosiysi – yurt tinchligi va oila xotirjamligidir. Yurtimizdagi bunday osoyishta kunlarni qadrlash, eng avvalo, ahil-inoq boʻlib yashash, bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilish, har bir masalaga maslahatlashgan holda yondashib, oʻzaro izzat-hurmat tuygʻusiga tayanib ish koʻrish hozirda keng quloch yozmoqda.

Maʼlumki, Qurʼoni karimda inson qadr-qimmati doimo ulugʻlangan. Kalomi sharifda: “Darhaqiqat, Biz Odam farzandlarini aziz va mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga ot-ulov va kemalarga mindirib qoʻydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni Oʻzimiz yaratgan koʻp narsalardan afzal qilib qoʻydik” (Isro, 70), deb bayon qilinadi.

Yuqoridagi oyati karimadan ayon boʻladiki, inson Alloh taolo yaratgan barcha mavjudotlar ichida eng aziz va mukarram xilqat. Haq taolo odamni Oʻz qudrati bilan yaratib, uni mukarram qildi. Oʻz ruhidan jon puflab, ulugʻladi. Shu boisdan ham inson azizu mukarramdir.

Shunday ekan bugungi kunda “Insonlarning dardu tashvishlarini oʻylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir” shiori ostida amalga oshirilayotgan xayrli islohotlar oʻzining yaxshi natijalarini berayotganini har qadamda koʻrish mumkin.

Bosh Qomusimizning muhim bandlaridan biri – Alloh taolo bergan ulugʻ neʼmat – insonning hayoti va huquqlaridir. Unda fuqarolarning manfaatlari qonuniy ravishda mustahkamlangan va qatʼiy kafolatlangandir.

Islom shariatining ham asosiy maqsadlari odamlarning bu dunyo va oxiratdagi saodatini taʼminlash, mashaqqatlarini yengillatishdan iborat. Shariatning birlamchi maqsadlari 1. Din 2. Hayot 3. Nasl 4. Aql 5. Mulk kabilarni muhofaza qilish hisoblanadi. Bularni saqlash insoniyatning saodati va yashab qolishi uchun eng muhim omillardir.

Inson hayotini himoya qilish Qurʼon va Sunnatda koʻp taʼkidlanadi, shariat kishi hayotini daxlsiz deb eʼlon qilgan, xususan suiqasd qilishni taqiqlaydi, begunoh insonni oʻldirganlik uchun qattiq jazo joriy etadi. Hatto uning gunohi butun insoniyatni oʻldirganlikka tenglashtiriladi.

Hayotning davom etishini taʼminlash, naslni saqlash uchun Islom dini nikoh asosida oila qurishni targʻib etadi, silai rahm va farzandlar tarbiyasini ham muhim deb hisoblaydi.

Aqlni saqlash maqsadi esa ilm olish orqali yaxshi va yomonni ajratish, jamiyatning rivoji yoʻlida xizmat qilishni bildiradi. Zero usiz saodat va adolatli jamiyat qurishning imkoni yoʻq. Buning uchun shariat aqlni ketkazuvchi harakat va narsalar isteʼmol qilishni taqiqlaydi.

Mulk va boyliklarni saqlash shariatning asosiy maqsadlaridan biri boʻlishi yaxshi yashash va adolatli jamiyat qurishda naqadar ahamiyatli ekanini koʻrsatadi. Halol yoʻl bilan mol-mulk topish, boy va kambagʻallar orasida katta tafovut paydo boʻlishining oldini olishga katta eʼtibor qaratiladi.

Eʼtibor qiladigan boʻlsak, ushbu besh narsaning barchasi Bosh qomusimizda oʻz ifodasini topgan. Jumladan, 13-moddada inson hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, 24-moddada yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi ekani va 63-moddada esa nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asosida barpo etilishi kabilar alohida qayd etilgan.

Taʼkidlash joizki, taraqqiyotimizning yangi davrida insonlarning vijdon va eʼtiqod erkinligi huquqini taʼminlash, xalqimizni maʼnan yuksaltirish va barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa soʻnggi yillardagi musulmonlarga yaratilayotgan imkoniyatlar barcha moʻmin-musulmonlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Bularning bari vijdon va eʼtiqod erkinligi toʻla taʼminlanganiga yaqqol dalildir.

Maʼlumki, shu yil 5 iyul kuni diniy-maʼrifiy sohadagi ulkan islohotlarning mustahkam poydevori boʻlmish “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahriri qabul qilinishi ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yanada sayqal toptirdi. Qonun bilan eʼtiqod erkinligini taʼminlashning asosiy ustuvorliklari, diniy tashkilotlarning huquqlari, imtiyozlari va majburiyatlari aniq belgilab berildi.

Eʼtirof etish kerakki, Davlatimiz Rahbarining tinimsiz saʼy-harakatlari va ilgʻor tashabbuslari bilan yurtimizda mana shunday din va eʼtiqod erkinligi borasida juda katta ishlar amalga oshirilmoqdaki, buning uchun Yaratgan Parvardigorga cheksiz shukronalar aytishimiz kerak boʻladi.

Haq taolo ona-Vatanimiz taraqqiyoti, qonun ustuvorligi va xalqimiz manfaati yoʻlida olib borilayotgan ulugʻvor ishlarda madadkor boʻlib, ulkan muvaffafiyatlar ato etsin, Omin yo Robbal alamiyn.

 

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi,
muftiy Nuriddin domla XOLIQNAZAROV hazratlari
Manba: muslim.uz

Check Also

SHAMSUL AIMMA HALVONIY QALAMIGA MANSUB ASARLAR

Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Hanafiy Buxoriy al-Halvoniy (vaf. 448/1056-1057) ijtimoiy-siyosiy faoliyati uchun …