Home / MAQOLALAR / TЕLЕFONIMIZ ODOBLARI

TЕLЕFONIMIZ ODOBLARI

(“Siz tergan raqam xizmat doirasida…”) 

Islom – gʻoyat goʻzal din. Barcha zamon va hamma makonlarga mos. Goʻzalligi shundaki, dinimiz oʻz taʼlimotlari bilan insoniyatning baxtli-saodatli yashashini ochiq-oydin koʻrsatib bergan. Shu koʻrsatmalarga rioya qilgan kishining qaygʻurishi u yoqda tursin, hatto bir lahza boʻlsa-da, noqulay vaziyatga tushib qolmasligi kafolatlangan.

Imom Abu Dovud Abu Umoma raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Janob Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “Oʻzi haq boʻlca ham talashib-tortishmagan kishi uchun jannat chekkarogʻidan uy berilishiga, hazillashib boʻlsa-da yolgʻon gapirmagan kishi uchun jannatning oʻrtasidan uy berilishiga, xulqini goʻzal qilgan kishi uchun esa jannatning eng yuqori qismidan uy berilishiga men kafilman” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Muborak hadisi sharifni bejiz keltirmadik. Chunonchi, bugun koʻplab oilalarga darz ketib, Arshning larzaga kelishiga, maʼsum goʻdaklarning tirik yetim boʻlib qolishiga, oʻsmirlarning boshi berk koʻchaga kirib qolib, jinoyatga qoʻl urishiga, qizlar bahorida xazon boʻlishiga mobil telefon sabab boʻlayotgani hech kimga sir emas…

Aslida muborak Islom dinimizda shaxsning daxlsizligi yuqori darajada himoyalangan. Birovning maktubini oʻgʻirlab olish yoki tortib olib oʻqishga intilish u yoqda tursin, iznsiz xattoki nazar solish ham mumkin emas! Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. “Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam: “Kim birovning maktubiga iznsiz nazar solsa, doʻzax otashiga nazar solgan bilan barobardir”, – deganlar” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Ulamolarimiz nazar solishga oid hukmni eshitishga, quloq solishga ham qiyos qilganlar. Bugun birovning mobil telefonidagi SMSlar va hokazolarga nazar solishning hukmi ham shunday!

Butun boshli oʻrmonning kuyib kul boʻlishiga bir gugurt donasi kifoya qilganidek, jamiyatning tanazzulga uchrashiga ham, ming afsuski, arzimas omil va bahonalar sabab boʻlayotir… Qolaversa, xalq orasida yurib, ularning murojaatlari, savollarini tinglab, mobil telefondan toʻgʻri (!) foydalanilsa, koni foyd ekani, aks holda, bu matoh asr muammosiga aylanayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz. Shu bois dinimiz taʼlimoti asosida mobil telefondan foydalanishning tartib-taomillari, qoidalarini keltirib oʻtishni lozim topdik.

Milliy va diniy qadriyatlarimiz asosi boʻlgan Islom dinimizning ENG MUQADDAS va ENG OLIY kitobi boʻlmish Qurʼoni karim va hadisi shariflarda “hayot ensiklopediyasi”da uchraydigan barcha savollarga aniq, batafsil va mukammal javob bor!

 

Eng avvalo unutmaslik lozimki:

1)   telefon orqali bizni chaqirayotgan ham odam;

2) roʻparamizdagi odam bilan muloqot qilganda, nimalarga eʼtibor qaratsak, telefonga javob berishda ham shularni inobatga olish lozim;

  • avvalo boshqa telefonga egasining ruxsatisiz mutlaqo tegmaslik;
  • agar egasi ruxsat bermasa, boshqa telefonni “SMS”, “IMЕNA”, “KONTAKTЫ” va boshqa joylarini oʻqimaslik va qaramaslik;
  • behuda, manfaati yoʻq, dinimiz qaytargan narsalarni yozdirmaslik, eshitmaslik va koʻrmaslik;
  • shariat hukmlariga, milliy qadriyatlarimizga va davlat qonunlariga zid narsalarni yozdirmaslik, eshitmaslik va koʻrmaslik;
  • noxush, koʻngilni xira qiladigan, asabga tegadigan va inson ruhiyatiga salbiy taʼsir etadigan voqea-hodisalarni telefonda tasvirga olmaslik yoki ovozini yozmaslik va ularni tarqatmaslik;
  • katta-kichik majlislar, turli xil yigʻin-yigʻilishlar, oʻzaro suhbatlar va turli muloqotlarni majlis-yigʻin raislari, suhbatdoshlarning ruxsatlarisiz telefonga yozib olmaslik;
  • birovning gaplashganini eshitmaslik va poylamaslik;
  • boshqaga qoʻngʻiroq qilayotgan odam kun va kechaning soatlarini inobatga olib, bemahalda va nooʻrin qoʻngʻiroq qilmaslik;
  • boshqaga qoʻngʻiroq qilganda har bir telefon qilishni orasida 4 rakat sunnat namozni vaqti oʻtgandan soʻng lozim boʻlsa, yana bir bor telefon qilinadi. Shu tartibda 3 marta telefon qilinganda ham javob boʻlmasa, takroran qilinmaydi. Agar yetkazilmoqchi boʻlgan xabar tezkor, oʻta muhim, juda ham zarur boʻlsa, yozma shaklda yuboriladi;
  • suhbatdosh odam telefonni oʻchirmagan boʻlsa, qiziqib eshitib turmasdan, darxol telefonni oʻchirish;
  • hammom, xojatxona joylarda telefonda gaplashmaslik;
  • suhbatdosh odamni telefonda vaqtini koʻp olmaslik;
  • bizga telefon qilingan paytda, yonimizdagilardan izn, ruxsat soʻrab telefonga javob berish, agar zarur boʻlsa;
  • telefonga kelgan qoʻngʻirok, xabar(xat, savol, tabrik va hokazo)larga oʻz vaqtida javob qaytaraolmagan odam, keyinroq albatta munosib javob qaytarish;
  • telefonga kelgan xabar(xat, savol, tabrik va hokazo)larni javobsiz qoldirmasdan, imkon boʻlganda munosib javob qaytarish;
  • suhbatdoshlaringiz va boshqa odamlar oldida telefon oʻynamaslik, ayniqsa ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar oldilarida. Chunki bunday qilish – suhbatdoshga nisbatan hurmatsizlik, mensimaslik hisoblanadi. Agar zarurat tugʻilib qolsa, suhbatdoshga uzrini aytib, ruxsat soʻrab telefon bilan mashgʻul boʻlinadi;
  • birinchi telefon qilayotgan odam: “Kim bu?” demaslik. Balki avval salom berib, oʻzini tanishtirib, kerakli odamni soʻrashlik;
  • ota-onasining telefonini oʻzinikidan yaxshiroq va zoʻrroq telefon qilib berishlik;
  • uka-singillariga ham telefon olib berishlik;
  • aka-opalarining telefon sotib olishga imkonlari boʻlmasa, ularga ham telefon olib berishlik;
  • ahli ayoliga ham telefon olib berishlik;
  • ular (ota-ona, uka-singil, imkoniyati kamroq aka-opa hamda ahli ayoli)ga telefonlarining pullarini toʻlab turishlik;
  • “Alo?”, “Hello?”, “Ha?”, “Alyo?”, “Da?” soʻzlari bilan birga “Labbay?”, “Eshitaman?”, “Assalomu alaykum!”, “Qulogʻim sizda?” kabi milliy qadriyatlarimizga xos va mos iboralar bor ekanligini unutmaslik;
  • telefon orqali suhbat tugaganda, telefonni darxol oʻchirmasdan, balki suhbatdosh bilan xayrlashib, unga yaxshi tilaklar tilagandan soʻng telefonni oʻchirishlik;
  • ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar bilan telefonda soʻzlashganda ham, oʻrnidan turib soʻzlashish;
  • ular (ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar)ga telefonda soʻzlashganda ham, birinchi salom berish;
  • ular (ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar)ga telefon qilganda, ular soʻrashlaridan oldin oʻzining kimligi (ismi, lavozimi)ni aytib tanishtirish;
  • suhbatdoshning vaqtini olmayotganligini soʻrab, uzr soʻrashlik;
  • ular (ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar)dan oldin telefonini oʻchirmaslik;
  • telefon qilingan odam telefonni birinchi boʻlib oʻchirmaslik;
  • ular (ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar)ga gudok tashlamaslik;
  • agar ular shunday qilgan boʻlishsa, darhol ularga qayta telefon qilish;
  • suhbatdoshning ruxsatisiz boshqalarga eshitiladigan darajada zaruratsiz telefonni ovozini baland qilmaslik;
  • suhbatdoshning shaxsiy maʼlumot (rasm, video, telefon raqam, ovozli gap-soʻzlari, sms va hokazo)larini uning ruxsatisiz boshqalarga koʻrsatmaslik, bermaslik va yubormaslik;
  • suhbatdosh bilan telefon orqali muloqotni telefonda yozib olish uchun suhbatdoshning roziligini olish; agar ruxsat bermasa, yozib olmaslik;
  • bir kishi bilan birga surat yo videoga tushmoqchi boʻlgan odam, oldin u kishidan izn soʻrab, ruxsatini olish; agar ruxsat bermasa, surat yo videoga tushmaslik;
  • bir kishini surat yo videoga olmoqchi boʻlgan odam ham, oldin u kishidan izn soʻrab, ruxsatini olish; agar ruxsat bermasa, surat yo videoga olmaslik;
  • telefon orqali koʻrib gaplashish uchun avval suhbatdoshning oldidan oʻtib, uning roziligini olish;
  • telefon orqali koʻrishib gaplashish uchun suhbatdoshning roziligini olishda unga gaplashmoqchi boʻlgan odamning huzurida kimlar mavjud ekanligini ham ogohlantirib qoʻyish;
  • agar suhbatdosh tomonidan telefon orqali koʻrishib gaplashishga istak bildirilmasa, bundan aslo xafa boʻlmaslik;
  • agar ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar bilan telefon orqali koʻrib gaplashish zaruriyati boʻlsagina, shunda ham faqat ularning ijozatlari bilangina koʻrishib gaplashish uchun telefon qilish;
  • ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlarning ruxsatlarini olishda ularga ham gaplashmoqchi boʻlgan odamning huzurida kimlar mavjud ekanligini bildirib qoʻyish;
  • agar ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar tomonlaridan telefon orqali koʻrishib gaplashishga xoxish bildirilmasa, ulardan uzr soʻrashlik;
  • ular (ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar) bilan soʻzlashganda, ularning hurmatlarini bilib, vaqtlarini ortiqcha olmaslik;
  • ular (ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar) telefon qilgan boʻlishsa, biror uzrli sabab bilan telefonni ololmagan odam, darhol uzr soʻrab qayta telefon qilish;
  • siz telefon qilgan vaqtda ham boshqalar ola olmagan boʻlsalar, ulardan aslo xafa boʻlmaslik;
  • jamoat joy (kasalxona, majlis, masjid, maʼraka-marosim, taʼziya, ishxona, poyezd, avtobus va hokazo)larda boʻlganda telefon ovozini oʻchirib qoʻyishlik;
  • ular (ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar) bilan telefonsiz soʻzlashganda, telefon ovozini oʻchirib qoʻyishlik;
  • ular (ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar) telefon qilib qolishsa, yonimizdagilardan uzr soʻrab, kim telefon qilayotganini aytib, telefonga darhol javob berishlik;
  • kasalxona va hokazolarda boʻlganda telefonda gapirish toʻgʻri kelsa ham, past ovoz bilan soʻzlashish;
  • jamoat joylarda boʻlganda, shu yerdagilardan izn, ruxsat soʻrab telefonga javob berish, agar zarur boʻlsa;
  • zarur boʻlgan holatlar: ota-ona, ustoz, rahbar, oʻzidan yoshi katta, ulugʻ inson, tabarruk odamlar telefon qilganlarida yoki tezkor holatli ish sodir boʻlganda va hokazo;
  • telefonga javob bersa ham, chetroqga chiqib, ovozi pastroq holda javob berish;
  • ota-onasi, rahbari, ustozi, yoshi, lavozimi yuqoriroqlar bilan soʻzlashib turganda, shulardan birortasi telefon qilib qolsa, ruxsat soʻrash, ruxsat bersagina gapirishlik.

Muqaddas Islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil gʻarazli xuruj va xamlalardan, tuhmat va buhtonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini oʻnib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimizga toʻgʻri tushuntirish, Islom madaniyatining ezgu gʻoyalarini keng targʻib etish – har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN bugungi XXI asr zamonasida ENG KATTA vazifa!

Hozirgi davrda, axborot texnologiyalari oʻta tezkorlik bilan rivojlanayotgan bir paytda, nanotexnologiya zoʻr shiddatlik bilan avjiga chiqayotgan zamonda, turli ommaviy axborot vositalari xilma-xil maʼlumotlarni kechayu kunduz tarqatayotgan bir onda mazkur soʻzlar jannatmakon yurtimizni, muqaddas Vatanimizni, dono xalqimizning har bir fuqarosiga qushga – havo, baliqqa – suv zarurligiday zarur boʻlsa kerak…

Iloho oʻzlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, Janob Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam tavsiya etgan, oʻtmishda oʻtganlarimizni ruhlari shod boʻladigan, xalqimiz xursand boʻladigan, ota-onalarimiz rozi boʻladigan yoʻllardan yurishimizni nasib etsin!

Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari
Manba: muslim.uz

Check Also

SHAMSUL AIMMA HALVONIY QALAMIGA MANSUB ASARLAR

Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Hanafiy Buxoriy al-Halvoniy (vaf. 448/1056-1057) ijtimoiy-siyosiy faoliyati uchun …