Home / FOTO LAVHALAR / MASHHUR SHARQSHUNOS OLIM BILAN OCHIQ MULOQOT

MASHHUR SHARQSHUNOS OLIM BILAN OCHIQ MULOQOT

Joriy yil 6 dekabr kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Rossiya Federatsiyasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti huzuridagi Oʻrta Osiyo, Kavkaz va Ural-Volgaboʻyini oʻrganish markazi rahbari Vladimir Bobrovnikov tashrif buyurdi.

Mehmonni direktor Shovosil Ziyodov kutib olib, Markaz muzeyi va undagi eksponatlar bilan tanishtirdi.

Tashrif doirasida Markaz va Oʻrta Osiyo, Kavkaz va Ural-Volgaboʻyini oʻrganish markazi hamkorligida “Rossiyada islomshunoslik va arabshunoslik” mavzuida onlayn tarzda ochiq muloqot boʻlib oʻtdi. Unda V.Bobrovnikovning shu nomdagi maʼruzasi tinglandi.

Notiq Rossiya hududida islom dinining yoyilish tarixi, arabshunoslikka oid oʻziga xos maktabning shakllanish bosqichlari, mamlakat kutubxonalarida saqlanayotgan islom ilmlariga doir adabiyot va qoʻlyozmalar hamda sohaga tegishli davriy matbuot nashrlari xususida batafsil maʼlumot berdi.

Maʼruzachi, shuningdek, islom madaniyati va sivilizatsiyasi taraqqiyotining dogmatik, siyosiy va etnik madaniy manbalari hamda tarixiy sabablarini atroflicha tahlil qilib, islomning koʻplab yoʻnalishlari va talqinlarining mavjudligi dinning chuqur mohiyatidan dalolat berishini alohida taʼkidladi.

Muloqotda bugungi kunda Rossiyada islom diniga munosabat va boshqa din vakillariga boʻlgani kabi islomga eʼtiqod qiluvchilar uchun ham yaratilgan sharoitlar hamda diniy bagʻrikenglik va vijdon erkinligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar samaralari eʼtirof etildi.

Tadbir qizgʻin munozaralar va savol-javoblarga boy boʻldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …