Home / ALLOMALAR / NOSIRIDDIN TUSIY DUNYOQARASHINING SHAKLLANISHIGA TAʼSIR ETGAN IJTIMOIY-SIYOSIY VAZIYAT VA MAʼNAVIY MUHIT

NOSIRIDDIN TUSIY DUNYOQARASHINING SHAKLLANISHIGA TAʼSIR ETGAN IJTIMOIY-SIYOSIY VAZIYAT VA MAʼNAVIY MUHIT

Abu Jaʼfar Muhammad ibn Muhammad ibn Hasan Nosiriddin Tusiy hayoti va faoliyati bilan falsafa tarixida oʻz oʻrniga ega buyuk donishmand va ensiklopedik olim sifatida islom falsafasining rivojlanishida unutilmas va abadiy iz qoldirgan. Uning faoliyati nafaqat Sharq va Gʻarb tamadduni rivojiga taʼsir qildi, oddiy xalqdan to ziyolilargacha hammaning hurmatiga sazovor boʻldi. Shuningdek, uning faoliyati oʻsha davrning gʻoyaviy, falsafiy, siyosiy va madaniy darajasini belgilab berdi.

Nosiriddin Tusiy yashagan XIII asr butun Yaqin va Oʻrta Sharq dunyosi uchun ziddiyatli bir davr edi. XIII asr boshlarida Temuchin – Chingizxon (1206-1227) tarafidan yaratilgan Moʻgʻullar imperiyasi (1206-1368) ulkan hududga ega edi. Turk va musulmon sulolalarining bu yerdagi hukmronligiga qarshi boʻlgan Ali moʻgʻul hoqoni Munke 1255 yilda Oʻrta Sharqda hokim mavqeiga erishish va bu yerdagi hududlarni fath etish maqsadida qarindoshi Xulaguxonni ushbu yerlarni ishgʻol etish uchun yubordi.

Ali moʻgʻul xoqoni Munke xon tarafidan oʻlkadagi yerlarning hukmdori deb tayin etilgan moʻgʻul shahzodasining rahbarligi bilan moʻgʻullarning bu yerda uchinchi yurishining oxirida beshinchi moʻgʻul ulusining yaratilishiga erishildi.

1256 yilda Chingizxon avlodidan boʻlgan Xulaguxon (1256-1265) Ozarbayjon va Eron yerlarida Elxoniylar davlatining asosini qoʻydi.

Davrning mashhur ilm ahllarini oʻziga vazir qilgan Xulaguxon Nosiriddin Tusiyning maslahati bilan muhtasham va shonli Abbosiylar sulolasining (750-1258) yarim ming yillik hokimiyatiga chek qoʻyishga jasorat etdi. Xulaguxonning Bagʻdodga yuborilgan elchilari Abbosiy xalifasi tomonidan yaxshi kutib olinmasligi Elxoniy rahbarlarining gʻazabiga sabab boʻldi. Shu tariqa 1258 yil 13 fevralda arablarning hokimiyatiga soʻnggi nuqta qoʻyildi.

Taniqli hind siyosiy arbobi Javoharlal Neru Bagʻdod fojiasini quyidagicha ifodalaydi: “Gʻazablangan Xulagu Bagʻdodga hujum qilar edi. Qirq kunlik qamaldan keyin u shaharni egallab oldi. Bu “Ming bir kecha” shahrining, besh yuz yillik hukmronlikning oxiri edi. Xalifa, uning oʻgʻillari va yaqin qarindoshlari qatl qilindi. Qirgʻin bir necha hafta davom etdi. Qatliomda yarim million odam halok boʻldi. Bagʻdod xarobaga aylandi…”[1: 284].

Nosiriddin Tusiy moʻgʻul bosqinchilarining vahshiy harakatlariga befarq tura olmadi. Dono va ehtiyotkor, uzoqni koʻra oladigan, oʻziga xos dunyoqarash sohibi boʻlgan vazir musulmon sharqi va islom dunyosi uchun ahamiyatli va xayrli ishlarni qilishga ham ulgurganligini quyidagi holatlar bilan koʻrsatish mumkin:

  1. Ilmiy va madaniy ishlarni bajarishdan tashqari kitoblar yozish;
  2. Al-movt qalʼasida joylashgan katta kutubxona moʻgʻullar tomonidan yoqib yuborilishining oldini olish;
  3. Moʻgʻullarning gʻazabiga duchor boʻlgan Ibn Abil Hadid kabi olimlarning hayotini saqlab qolish;
  4. Bir qator olimlarning oʻzaro hamkorligi natijasida Marogʻa rasadxonasining yaratilishi;

5.Observatoriyaga tegishli katta kutubxonani tayyorlash[2: 313].

Ushbu tarixiy davrda Joʻjining oʻgʻli Botuxon (1240-1255) yaratgan Qizil Oʻrda davlati bilan Xulagular davlati oʻrtasida ziddiyat, oʻzaro kelishmovchilik mavjud edi. Xulagular davlati Qizil Oʻrda davlati yerlariga hujum qilib, ularning sarhadlariga rahna solar va mavqeiga xalal yetkazar edi. 1255 yilda Botuxonning oʻlimidan keyin Berkaxon (1257-1266) musulmonlikni qabul qildi. Berkaxon musulmonlarni oʻldirmasligini bahona qilib, bu bosqinlarni yanada kuchaytirdi. Bu hudud davlat aholisining aksariyati turk boʻlgan Ozarbayjon yerlari edi. Moʻgʻullar oʻz mentalitetida koʻchmanchilik hayoti va oʻtroq hayot tarzida yashagan mahalliy aholi bilan uygʻunlashgan edi. Moʻgʻullarning musulmon boʻlgan Joʻji ulusi bilan butparast Xulagu ulusining bu haqsiz tuproq iddaolari natijasida ushbu hududdagi iqtisodiy-madaniy hayot maqtarli darajada emas edi.

Nosiriddin Tusiy yashab ijod etgan davrda musulmon dunyosining ilm ahli turli-tuman ilmlar sohasida buyuk ishlarga bel bogʻlagan edi.

Ushbu tarixiy davrda masjidlarda, xonaqohlarda va Dorul Qurʼon nomli oʻquv maskanlarida asosan shariat, din arkonlari va Qurʼon oʻrgatilar edi. Boshqa fanlar boʻyicha maʼlumotlar berilar edi. Taʼlimning “Mazhar” deb nomlangan shaklida esa asosan ustoz oʻz shogirdi bilan mustaqil shugʻullanar edi.

Bu davrda mashhur boʻlgan madrasalar orasida Tabrizda “Qazaniyya”, “Falakiyya”, “Shayx Kamoliddin Xoʻjandiy”, “Damashqiyya”, “Qozi Shayx Ali”, “Maqsudiyya”, “Muzaffariyya”, “Nasriyya”, “Shafeiyya”, “Hanafiyya”, “Shoh masjidi” va boshqalarning nomini koʻrsatish mumkin[3: 19].

Nosiriddin Tusiydan soʻng Elxoniylarning saroy hokimi va vaziri boʻlgan Fazlilloh Rashiduddin tomonidan XIV asrning boshida Tabrizda “Rabi Rashidiy” shaharchasida “Dorush shafo” nomli ilmiy markaz, maktab yaratildi. Bu buyuk ilm shaharchasi Sharqning madaniyat markaziga aylandi. “Rabi Rashidiy” Yaqin va Oʻrta Sharqda Bagʻdoddagi “Nizomiya” madrasasidan keyingi eng nufuzli taʼlim muassasalaridan biriga aylandi. Bu rasadxonada qilingan tadqiqotlar Yevropa olimlar asarlarida oʻz ifodasini topdi. U shu davrda faoliyat koʻrsatgan boshqa rasadxonalarning, jumladan, mashhur Ulugʻbek va Pekin rasadxonalarining faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Arab tarixchisi Muhammad ibn Shokir Qurtubiy “Favvatul vafayat” nomli asarida qoʻlyozma nusxalar boʻlganini qayd etadi. “Bu katta kutubxonani tashkil etgan ilmiy asarlar, shariatga oid risolalar va boshqa mavzularda yozilgan kitoblarning paydo boʻlishida Nosiriddin Tusiyning katta xizmati bor. Ular faylasufning rahbarligi va yaqin ishtiroki natijasida qoʻshni mamlakatlardan, asosan arab tilli oʻlkalaridan toʻplangan edi”[4: 13].

Xulaguxonning vaziri boʻlib ishlagan Nosiriddin Tusiy uzoq vaqt chekkan zahmatdan soʻng rasadxonada ishlashga ruxsat oladi.

Turli-tuman millatlar vakillarini bu rasadxonada toʻplagan faylasuf davrning fanatik ruhli insonlariga maydon ochib berdi. Turli aqidalar, xilma-xil dunyoqarashli, bir-birining aksini tashkil etgan tariqat va jarayon namoyandalarini bir yerda toʻplagan olim oʻz davrining gumanist (insonparvar) va hur fikrli insonlari uchun oʻziga xos oʻrnak vazifasini bajardi.

Rasadxonada yigʻilganlar katta ilmiy faoliyat bilan mashgʻul boʻldi. Olimlar orasida faylasuflar, huquqshunoslar, geograflar, tarixchilar, tibbiyot, riyoziyot, astronomiya sohasida ijod qilgan olimlar nozik ilmlarga oid asarlar yaratdi.

Riyoziyot sohasida Shamsiddin Ubayd Tabriziyning “Risolatul hisob” (“Hisob-kitob haqida risola”), Abdulloh Tabriziyning “Saodatnoma” (“Saodat kaliti”) asarlari mashhur edi. “XIV-XVI asrlarda Abdulloh Tabriziy, Shoh Fatilloh Shirvoniy, Sayyid Yahyo Bakuvi, Badriddin Amir Sayyid Lalavi, Qiyosiddin Shirvoniy, XVII asrda Nasrulloh Halxamning riyoziyot, astronomiya va mantiqqa doir asarlari maʼlumdir. Nosiriddin Tusiydan soʻng riyoziyot ilmining yakuni Muhammad Badidbiy, Muhammad Bakir Tabriziy, Ali Muhammad Badidbiyning nomlari bilan bogʻliqdir”.

Tibbiyot sohasida Sharq oʻlkalarida tanilgan Muhammad Naxchivoniy, Fazlilloh Rashididdin ham shu davrda faoliyat koʻrsatdi. Oʻsha kezlari dorushshifo va dorixonalar ham ishladi. Vaqf hisobiga ishlagan bu muassasalarda Hindiston, Xitoy va Misrdan kelgan mutaxassislar faoliyat yuritdi. Baʼzi tarixiy manbalarda XIII asr oxirida 67 ta dorushshifo boʻlgani va bu yerda har 5 yilda 2 ta yuksak ixtisoslik boʻyicha hakim yetishib chiqqani haqida maʼlumotlar mavjud.

Bu davrda yozilgan tarixiy asarlar mualliflarining koʻpchiligiga koʻra tadqiqotchilar XIII-XIV asrlarni “Eron (Sharq) tarixshunosligining qizil davri”, deb ataydi. Hamidulloh Qazviniy, Fazlulloh Rashididdin, Sh.Vassaf, A.Juvayniy, Sharofiddin Ali Yazdiy kabi tarixchilarning yetmishdan ortiq qoʻlyozmalari tarix ilmining yuksak natijasi, deya baholanadi.

Xususan, Xulagularning bosh vaziri boʻlgan tabib va tarixchi Fazlilloh Rashiduddin (1247-1318) tarixga doir 14 tomli asar yozdi. Uning “Tarixlar toʻplami”, Hamidulloh Qazviniyning “Sochilgan tarixning davomi”, Ali Yazdiyning “Sharafnoma”si tarixiy kitoblar orasida asosiy asarlar hisoblanadi. Bulardan tashqari, M.Tabriziy, T. Ibn Bazzoz, A. Ahari, M.Naxshivandiy, N.Shomiy, N.Ganjali ham Sharqda tanilgan moʻtabar tarixchilardan sanalgan. Davomi bor…

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Nehru.C. Ümumdünya tarixinə nəzər. Bakı, 2006.
  2. Əliyeva S. Nəsirəddin Tusinin və Rixard Vaqnerin yaradıcılığında əxlaq fenome 2011.
  3. Namiq Abbasov, Rəhim Həsənov. Nəsirəddin Tusinin müdriklik fəlsəfəsi, Bakı, 2012.
  4. Məmmədova A. Nəsirəddin Tusinin dünyagörüşü. Bakı, 2001.
  5. Muzaffarov F.D. Gʻazzoliyning inson haqidagi taʼlimotning ilmiy-falsafiy asoslari. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya. Samarqand, 2019.
  6. Petrushevskiy I.P. Islam v Irane v XII-XV vekax. (Kurs leksii). –L: Izd-vo Leningrad. Un-ta, 1966.
  7. Nasr S.H. İslam ve ilim. İstanbul, 1989.
Nafisa QOʻShSHAYEVA,
Buxoro davlat universiteti oʻqituvchisi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …