Home / XALQARO YANGILIKLAR / Misrlik xalqaro kuzatuvchi Oʻzbekiston Prezidenti saylovi haqidagi taassurotlari bilan boʻlishdi

Misrlik xalqaro kuzatuvchi Oʻzbekiston Prezidenti saylovi haqidagi taassurotlari bilan boʻlishdi

Qohira strategik tadqiqotlar markazi veb-saytida  ushbu markaz taʼsischisi, Oʻzbekiston Prezidenti saylovini kuzatish uchun yurtimizda boʻlgan Ahmad Musulmoniyning   saylov jarayoni va uning natijalari, shuningdek, mamlakatimiz haqidagi taassurotlariga bagʻishlangan maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar berdi “Dunyo” AA muxbiri.

Muallif Oʻzbekiston Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatidagi  ishtiroki, Toshkent va Samarqand shaharlariga sayohati tafsilotlari haqida soʻzlab bergan.

Prezident saylovi haqida toʻxtalar ekan, misrlik tadqiqotchi 2021 yil 24 oktyabr kuni oʻtkazilgan saylovda 5 nafar siyosatchi davlat rahbarligi uchun kurashganini taʼkidlaydi.

“Men Misr delegatsiyasi tarkibida saylov jarayonini kuzatdim.  Samarqanddagi saylov uchastkalarining birida ovoz berish jarayonida qatnashdim. Saylovga juda yaxni darajada tayyorgarlik koʻrilgan edi. Saylov uchastkasi ichida va tashqarisida suhbatlashgan kishilarda katta mamnuniyat shukuhini his qildim”, – deb yozadi Ahmad Musulmoniy.

Nashr muallifi Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasida saqlanayotgan Usmon Musʼhafi – qadimiy Qurʼoni karimning qoʻlyozma nusxasini ziyorat qilgani haqida maʼlum qilgan.

Qohira strategik tadqiqotlar markazi taʼsischisi, shuningdek,  Samarqandga qilgan safarini alohida hayajon bilan eslab oʻtgan.

U Samarqand yaqinidagi Xartang qishlogʻida dafn etilgan buyuk hadisshunos olim Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilgani va uning nomi bilan ataladigan markaz faoliyati bilan tanishganini taʼkidlaydi. “Markaz bir nechta ajoyib binolardan iborat boʻlib, ularning birida Imom Buxoriyning Oʻzbekistondan safarga chiqib toki Vatanga qaytishigacha boʻlgan sayohat xaritasi devorlarda tasvirlangan”, deb yozadi muallif.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatda diniy erkinliklarni targʻib qildi. Davlat rahbarining izchil saʼy-harakatlari tufayli Oʻzbekiston diniy erkinlikka qarshi boʻlgan davlatlar roʻyxatidan chiqarildi. Xalqaro huquq talablariga zid boʻlgan mehnat munosabatlari bekor qilindi.

Maqolada 2016 yilda Shavkat Mirziyoyev birinchi marta Oʻzbekiston Prezidenti etib saylanganidan keyin mamlakatda amalga oshirilgan ulkan oʻzgarishlar jarayoniga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Ushbu mavzuga toʻxtalar ekan, Ahmad Musulmoniy  davlat rahbari oʻtgan besh yil davomida koʻplab yutuqlarga erishganini, poytaxtda va mintaqalarda keng koʻlamli  bunyodkorlik ishlari avj olgani haqida soʻzlaydi. “Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosati shu darajada muvaffaqiyatga erishdiki, «The Economist” jurnali 2019 yilda Oʻzbekistonni “Yil mamlakati” deb eʼlon qildi», deb yozadi u.

Tadqiqotchi arablar va oʻzbeklarni bogʻlab turgan jihatlarga toʻxtalgan. Xususan, Qohirada “Oʻzbekiya” mahallasi va “Oʻzbekiya” bogʻi bor, “Misrdagi eng mashhur kitob bozori ham «Oʻzbekiya” nomi bilan yuritilgan. Mamlakat poytaxtining Nil daryosiga yaqin hududida joylashgan Manial mahallasida Fargʻona vodiysida yetishib chiqqan buyuk oʻzbek olimi, daryoga nilometr oʻrnatgan alloma Ahmad Fargʻoniy haykali oʻrnatilgan.

 Muallif oʻzbek oshxonasi anʼanalari, milliy restoranlardagi oʻziga xos sharoitlar, bunday maskanlarga odamlarning oilaviy tashrif buyurishlariga ham eʼtibor qaratgan. “Anor va gilos sharbatlari barcha dasturxonlardagi doimiy ichimliklar, palov esa Oʻzbekistonda eng mashhur taom hisoblanadi. Odatda oʻzbeklar ovqatlanib boʻlgach, baland ovozda, taʼsirchan va goʻzal bir manzarada Allohga shukronalar aytib, duo qiladilar”, – deb yozadi misrlik xalqaro kuzatuvchi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …