Home / MAQOLALAR / Ota nidosi

Ota nidosi

Otaning haqqi, mehri, muruvvati onanikidan kam emas. Buni ota boʻlgach bilamiz, farzandimiz bemor boʻlgach, sezamiz. Bolalarimiz ochlikdan biroz qiynalganda, otani eslaymiz. Oila boshligʻi boʻlish mashaqqat ekanini roʻzgʻor tashvishlari boʻynimizga tushgach, his etamiz. Ota boʻlish ham sharaf, ham masʼuliyat, ham burchdir.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ota haqida bir goʻzal hadis aytganlar:“Ota jannatning oʻrta eshiklaridan. Xohlasang, uni ochib kirib ol, xohlasang, zoye qil, yaʼni yuzingga qarshi yopib ol”, dedilar(Imom Termiziy rivoyati).

Nabiyyi muhtaram sollallohu alayhi va sallam jannatda eng oliy darajadagi eshik oʻrta eshik ekani, shu bois otaning shu eshikka qiyoslayaptilar.Ota – aziz zot, bolasi uchun jonini berishga tayyor.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Saodat asrida bir yigit Paygʻambarimiz alayhissalomga otasidan shikoyat qilib keldi. (Ajablanmang, azizlar. Afsuski, bugun otasidan shikoyat qiladiganlar koʻpayib qoldi. Bizning oldimizga ham baʼzan padaridan norozi nodonlar kelib turadi.)Shikoyatga qarang: “Yo Rasululloh, otam mentopgan hamma molimni ishlatib yuboryapti. Bunga uning haqqi bormi?” dedi. Paygʻambarimiz alayhissalom: “Otangni chaqirib kel”, dedilar. Ota bechora oʻgʻli  Rasulullohga shikoyat qilganini sezdi.(Tasavvur qiling-a, dunyolarga rahmat Paygʻambarimiz alayhissalomga oʻgʻil otasidan shikoyat qilsa-ya?! Bu ota uchun  qanchalik or).

Otaoʻgʻliga: “Sen ketaver, men ortingdan yetib boraman”, dedi. Ota shoirtabiat inson ekan. Yoʻl-yoʻlakay oʻgʻlidan qattiq ranjiganidan sheʼr toʻqidi. Lekin u farzandini ehtiyot qilib, sheʼrni tiliga ham chiqarmadi. Dilidan oʻtkazdi, xolos. Shu payt Jabroil alayhissalom Paygʻambarimiz alayhissalomning oldilariga tushib: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam, sizga Alloh taolo salom aytdi. Hozir oldingizga bir moʻysafid odam kelyapti. Undan ichida toʻqigan, ammo tiliga chiqarmagan narsani aytib berishini soʻrang”, dedi.

Haligi odam kelgach, Paygʻambarimiz alayhissalom undan: “Oʻgʻlingiz shikoyat qilyapti, topgan molu dunyosini – pullarini ishlatib yuborar ekansiz”, dedilar. Ota: “Yo Rasululloh alayhissalom, oʻgʻlimdan soʻrang-chi, uning topganlarini oʻzim uchun ishlatibmanmi? Hammasini opa-singlisiga, amma-xolasiga berdim-ku”, dedi.

Shu gapdan soʻng Rasulimiz alayhissalom: “Mayli, qoʻyavering. Siz hozir kelayotganingizda, ichingizda toʻqib, tilingizga ham chiqarmagan narsani aytib bering”, dedilar. Haligi ota hayron qoldi. Paygʻambarimiz alayhissalomga yana bir karra imon keltirib: “Siz haqiqiy Rasululloh ekansiz. Axir, buni men hatto tilimgayam ham chiqarmagan edim, qalbimdan oʻtkazgandim, xolos. Qayerdan bildingiz?” deb soʻradi. U zot: “Menga bildirildi”, dedilar.

Haligi odam sheʼrni aytib berdi (farzandi yoshligida koʻp kasal boʻlgan chogʻi, shuni esladi ota):

Boqdim seni jon bolam,
Qalbim sururga toʻlib,
Quvonchga toʻldi olam,
Ulgʻayding yigit boʻlib.
 
Boʻldim kechalar bedor,
Senga yetganda alam,
Tanda qolmadi mador,
Yetdi koʻklarga nolam.
 
Goʻyo edim men bemor,
Boshga yogʻilib toshlar,
Qalbimga toʻldi ozor,
Koʻzdan toʻkildi yoshlar.
 
Firoq meni qoʻrqitdi,
Chang solib senga oʻlim,
Dardlar meni yiqitdi,
Ming titroq tutdi qoʻlim.
 
Doʻsting boʻlib alp oʻgʻlon,
Kamolga yetib asta,
Soʻzlaringdan yurak qon,
Boʻldim-ku bolam xasta.
 
Qilding menga qoʻpollik,
Qalbimga berib ozor,
Koʻzlarimga boqding tik,
Mahzunlik boʻldi hazor.
 
Otamanmi, oʻgʻilmi,
Boʻlib qoldim men hayron,
Gʻamga toʻldirding dilni,
Yurakni qilib vayron.
 
Aqli yoʻq, nodon, deding,
Shumi sendan koʻrganim,
Kuchsiz bir ojiz, deding,
Ustimdan kuldi gʻanim.
 
Netay, menga dilbandsan,
Qilgum senga yaxshilik,
Axir, menga farzandsan,
Yuz burmayman dushmandek.

Bu sheʼrni eshitib, Nabiy alayhissalom yigʻlab yubordilar va: “Sen ham, molu dunyoing ham otangniki”, dedilar(Imom Abu Dovud rivoyati).

Butun borligʻimiz, bisotimiz otamizniki. Yoshlar chuqur tafakkur qilishlari kerak. Ota farzandlarini boqish uchun ne kuylarga tushmaydi. Buni ota boʻlib, joʻjabirday bolalarini voyaga yetkazish uchun kechayu kunduz tinim bilmay tirishayotganotalar bilishadi.

Azizlar, ota – gʻanimat. Koʻpchiligimizning otalarimiz oʻtib ketishdi. Ular hozir qancha qidirsalar ham, otalarini topa olishmayapti. Davlatmand, boy odamlar dasta-dasta pullarni koʻtarib olib, otasini axtarishadi. Xizmatini qilmoqchi boʻlishadi. Lekin topa olmay, yigʻlab yuribdi. Otasi borlar esaoxirgi marta qachon qiblagohini ziyorat qilganini unutdilar.

Azizlar, ona – mehribon, mushtipar, bolasini yeru koʻkka ishonmaydi, jonidan ortiq yaxshi koʻradi. Uning peshonasidan oʻpadi, boshini silaydi, erkalatadi. Otabaʼzan qahri qattiq koʻrinsa-da, lekin u farzandini onadan kam yaxshi koʻrmaydi.

Yaqinda oldimga bir ota keldi. U bolasining buyragi qurib borayotganini, uni almashtirish zarurligini kuyinib gapirdi.Tibbiy amaliyotga, birovning buyragini sotib olishga puli yetmasligini, shu bois oʻzi oʻgʻliga buyragini bermoqchi ekanini aytdi. Ammo shifokorlar oʻzi bemor boʻlsa-da, oʻgʻliga buyragiini tortiq qilayotgan otaga: “Siz jarrohlik amaliyotidan chiqmaysiz. Oʻgʻlingizga buyragingizni olib qoʻyamiz, lekin siz yashamaysiz”, deyishayotgan ekan. Ota buyragidan ayrilishiga ham, amaliyotdan chiqmasligiga ham rozi. Oʻgʻli yashasa boʻldi.

Ota:

– Hazrat, sizning oldingizga men oʻgʻlimga buyragimni bersam, amaliyotdan chiqmasam, oʻz jonimga qasd qilib qolgan boʻlmaymanmi? Qiyomatda Allohning huzurida gunohkor boʻlib qolmaymanmi? – degan savollarga javob topish uchun keldim. Oʻlimdan qoʻrqmayman, bolam yashasin.

Yigʻidan oʻzimni toʻxta olmadim. Unga javob topib bera olmadim. Oʻzini oʻzi oʻldirgan boʻlib qoladi desam, bolasi turibdi, “yoʻq” deyishni ham, “ha” deyishni ham bilmay qoldim. Faqat yigʻlab haqiga duo qildim. Biror donarni toping, oʻzingizni ehtiyot qiling, deyishdan nariga oʻtolmadim.

Oʻsha kundan beri ichimda bir gʻalayon kezib yuribdi. Nahot otalar shunchalik mehribon boʻlishsa, bolasi uchun jonidan ham kechsaya?!

Ammo, afsuski, hozir koʻp yoshlar otasining qadriga yetmayapti. Ish bilan ovora boʻlib, ziyoratidan ham uzoqlashib qolyapmiz. Ayniqsa, boshqa viloyatda, boshqa tumanlarda yashaydigan otangiz telefon qilib: “Bolam, yaxshimisan?” desa, bilingki, otangiz oʻsha kechasizni sogʻinib mijja qoqmay chiqadi. Oldida ukam, akamlarbor. Opa-singillarim holidan xabar olib turibdi, deb oʻylashingiz mumkin.Har gulning oʻz hidi bor. Ota hamma bolasini sogʻinadi.

Birodar, otangizning oldiga boring, ajin tushgan yuzlariga qarang, sochlariga “yoqqan pagʻa-pagʻa qor”ni koʻrib tafakkur qiling. U bu koʻyga qanday tushib qolganini oʻylang.  Ertaga qiyomatda otamiz biz uchun oʻzini fido qilganini aytganda, xijolat boʻlib qolmaylik. Bizni boqaman, deb shu holga tushdi.

Azizlar, ota – gʻanimat.Biz qiblagohlarimizni topa olmayapmiz. Oramizda otasi oʻtib ketganlar bor. Ular ming armon bilan: “Qaniydi otam hayot boʻlsa, qoʻllarini oʻpar edim”, deb orzu qilib oʻtirishibdi. Bugun otasi hayotlar, jannat darvozasi borlar, shu darvozadan kirib oling. Bu darvozani ertaga topa olmay qolishingiz mumkin.

Alloh taolo marhum otalarimizni rahmatiga olsin, makonlarni jannat aylasin. Hayotda yashayotganlarini salomat qilsin. Otalar – jannat darvozasi. Ular mana shu maqomga loyiqdirlar. Farzandlaringiz shu darvozadan kirib olishsin. Otaning qoʻlini ushlab, Kaʼba oldida u zotning duosini olish – farzand uchun dunyodagi eng katta baxt. Otani yelkasida koʻtarib, Kaʼbatullohni tavof qildirish – chinakam saodat.

Bugun otasi borlar Kaʼbada u zotning qoʻllarini ushlab, Arafotda yonlarida turib duolarini olsin. Bugun otasi yonida boʻlishini orzu qilayotgan doʻstlarimizga Arafotda qiblagohi haqiga duo qilish nasib etsin.

 Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Manba: muslim.uz

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …