Home / MAQOLALAR / ILM OLISH FAZILATI

ILM OLISH FAZILATI

Ilm olish dinimizda eng ulugʻ ibodatlardan sanaladi. Chunki banda ilm vositasida Rabbini tanishga, U Zotning farzlarini bajarishga, shuningdek, barcha mavjudotlarga taalluqli haqlarni ado etishga muvaffaq boʻladi. Biror din ilm olishga islomchalik targʻib qilmaydi. Islom jaholatga qarshi ilm-maʼrifat bilan kurashishga ham katta eʼtibor qaratadi.

Oʻqish ilmning kalitidir. Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni paygʻambar qilib yuborgan paytni esga oladigan boʻlsak, oʻsha davrda odamlar jaholat botqogʻiga tamoman botgan edi. Johiliyatning bu holatini yoritishga tarixchilarning qalami oʻtmaslik qiladi, deyilgan. Shunda Alloh taolo Qurʼoni karimning ilk oyatini ham “Oʻqing!” deb nozil qildi. Ushbu oyat insoniyat birinchi boʻlib nima qilishi kerak ekanini koʻrsatib berdi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”[1], dedilar”.

Alloh taoloning quyidagi soʻzlari ilmning fazilati naqadar yuksak ekaniga ochiq dalildir: “Alloh, farishtalar va ilm ahllari — yolgʻiz Allohdan oʻzga hech qanday iloh yoʻq, faqat Uning Oʻzi borligiga guvohlik berdilar. U adolat bilan turguvchi — hukm qilguvchidir. Hech qanday iloh yoʻq, faqat Uning Oʻzi bor. U qudratli, hikmat egasidir[2].

Bu oyatda Alloh taolo avval oʻzini, keyin farishtalarni, soʻngra ilm ahlini zikr etdi. Mana shuning oʻzi ilmning sharafli, fazilatli va ulugʻ ekanini anglash uchun kifoyadir.

Alloh taolo Qurʼoni karimda yana bunday marhamat qiladi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga koʻtarur”[3].

Haq taolo bu oyatlarda ilmni neʼmat oʻlaroq zikr qilyapti.

Hadisi shariflarda esa, ilm fazilati quyidagicha bayon etiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kimga Alloh yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih (teran anglovchi) qilib qoʻyadi”[4]. Binobarin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana marhamat qiladilar: “Olimlar Paygʻambarlarning vorislaridir[5]. Maʼlumki, paygʻambarlik rutbasidan ustunroq hech bir rutba yoʻq va unga merosxoʻr boʻlish oliy sharafdir.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Olimga yerdagi va osmondagi barcha narsalar istigʻfor aytadi”. Yerdagi jonzotlar va osmonlardagi farishtalar istigʻfor aytib turuvchi kishining mansabidan ziyodroq va ulugʻroq mansab bormi?!

Mavzuni yanada teranroq tarzda davom ettirsak, Alloh taolo ilmning fazilatlari va uning martabasi haqida Qurʼoni karimda bunday dedi: “U Oʻzi xohlagan kishilarga hikmat (paygʻambarlik yoki Qurʼon ilmi) beradi. Kimga (mazkur) hikmat berilgan boʻlsa, demak, unga koʻp yaxshilik berilibdi. Bundan faqat oqil kishilargina eslatma olurlar”[6].

Mazkur oyat tafsiri haqida Ibn Abbos roziyallohu anhumo fikr bildirib, “Ushbu oyatdagi hikmatdan murod halol va harom ilmini bilishdir”, degan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Imon yalangʻochdir, uning libosi taqvo, ziynati hayo, mevasi esa ilmdir”[7].

Olimlarning martabalari toʻgʻrisida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Butun bir qabilaning oʻlimi bir olimning vafotidan yengilroqdir”.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Ummatimdan kim qirq hadisni odamlarga taʼlim berish uchun yodlasa, men qiyomat kuni unga shafoatchi va guvoh boʻlaman”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ilmning shahidlik va obidlikdan afzalligi haqida marhamat qilib aytadilar: “Olimning obiddan afzalligi mening quyi darajadagi sahobiydan afzalligim kabidir”.

Qarangki, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam olimni nabiylik darajasiga yaqin koʻtarib, ilmsizni juda quyi tushiryaptilar. Agar obid qilayotgan ibodati haqida ilmga ega boʻlmaganida, ibodati davomli boʻlmas edi.

Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Olimning obiddan afzalligi Badr kechasida (oʻn toʻrt kunlik) oyning boshqa yulduzlardan afzalligi kabidir”.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qiyomat kuni uch toifa kishilarda: paygʻambarlar, olimlar va shahidlarda shafoat qilish huquqi boʻladi”. Yaʼni, shafoat borasida ham olim shahiddan oldin turar ekan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Qaysi amal afzal?” deb soʻrashdi. U zot aytdilarki: “Alloh azza va jallani bilish”. Soʻng: “Siz qaysi ilmni iroda qilyapsiz?” deb soʻrashdi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taoloni bilishni”. Shunda: “Biz sizdan amal haqida soʻrasak, ilm haqida aytyapsiz”, deyishdi. Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloni tanib qilinadigan ozgina amal ham manfaatli boʻladi, Allohni bilmasdan qilingan koʻp amal ham foyda bermaydi!” dedilar.

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Kumaylga: “Ilm moldan yaxshidir, u seni muhofaza qiladi, molni esa sen qoʻriqlaysan. Ilm hokim, mol mahkumdir. Nafaqa qilish bilan mol kamaysa, ilm ziyoda boʻladi”, degan.

Ilm olishning fazilatlari toʻgʻrisida Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: “Olimlarning darajasi ilm olmagan moʻminlarning darajasidan yetti yuz karra yuqoridir. Har darajaning orasi besh yuz yillik yoʻlga teng”.

Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻlurmi?!”[8] deb aytgan.

Yana Alloh taolo aytadi: “Bandalari orasida Allohdan faqat ulamolargina astoydil qoʻrqarlar”[9].

Yana Alloh taolo aytadi: “Kitobdan (Ismi Aʼzamdan) xabardor boʻlgan zot esa: “Men koʻzing oʻzingga qaytgunicha (koʻz ochib yumguningcha) uni senga keltirurman”, dedi”[10].

Mazkur oyatda Alloh taolo Sulaymon alayhissalomning kotibi ilm quvvati bilan inson aqli bovar qilmas ishga qodir boʻlganini taʼkidlamoqda.

Qurʼoni karimda Alloh taolo marhamat qiladi: “Ilm-maʼrifat ato etilgan kishilar esa: “Oʻlim boʻlsin sizlarga! Imon keltirgan va yaxshi amal qilgan kishi uchun Alloh beradigan ajr-savob yaxshiroq-ku! U (savobga) faqat sabr-qanoatli kishilargina erishurlar”[11], dedilar.

Ushbu oyatda ham Alloh taolo oxiratdagi ajr-mukofotning buyukligi ilm bilan boʻlishini bayon etyapti.

Hasan Basriy rahmatullohi alayh: “Ey Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni doʻzax azobidan asragin”[12] oyatini bunday tafsir qiladi: “Dunyodagi yaxshilik ilm va ibodat, oxiratdagisi esa, jannatdir”.

Umar roziyallohu anhu aytadi: “Ey insonlar, ilm oʻrganinglar, Alloh taoloning huzurida Uning oʻzi sevgan bir libos boʻlib, ilmning bir bobini oʻrgangan kishiga u libosni kiygizadi. Agar olim bir gunoh qilsa, libos undan olinmasligi uchun unga uch marta tanbeh beradi. Garchi, bu gunohi vafotigacha davom etsa ham (libos yechib olinmay, tanbeh berilaveradi)”.

Salim ibn Abul Jaʼd aytadi: “Meni bir ulugʻ zot uch yuz dirhamga sotib olib, qullikdan ozod etdi. Shundan soʻng men ilm oʻrganishga qaror qildim. Hech qancha vaqt oʻtmasdan, shahar amiri ziyoratimga keldi, men uning huzurimga kirishiga ruxsat bermadim”.

Islomning buyuk ulamolari ilm oʻrganish fazilatini koʻp taʼkidlagan. Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: “Ilm olishda (qiynaldim), biroz xorlandim, tilagim hosil boʻlgach, azizu mukarram boʻldim”.

Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: “Sen olim, yo oʻrganuvchi yoki unga quloq tutuvchi boʻl. Lekin toʻrtinchisi boʻlmagilki, halok boʻlasan”. Yaʼni, sahoba bu yerda ilmga bepisandlikni nazarda tutmoqda.

Xulosa oʻrnida Ibn Abdulhakam rahmatullohi alayh aytgan: “Men Imom Molik huzurida ilm olardim. Peshin vaqti kirishi bilan nafl namoz oʻqish uchun kitoblarimni yigʻishtira boshladim. Shunda ustoz, agar niyating durust boʻlsa, hozir mashgʻul boʻlib turgan ishing bajarmoqchi boʻlayotgan ishingdan afzalroqdir, dedilar”, soʻzlarini keltirsak, maqsadga muvofiq boʻladi.

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati
  1. Abdulaziz Mansur. Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. “Toshkent islom universiteti”. T.: — 2004.
  2. Imom Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-Sahih” asari.
  3. Doktor Muhammad ibn Abdurahmon Xumayyis. Usuluddin indal imam Abi Hanifa. “Ar-Riyoz: Dorus samʼiy lin nashr vat tavziyʼ, 1428/2007.
  4. “Sahihul Muslim” asari.
  5. “Miftahus saodat”. J. 2.
  6. “Imom Buxoriy saboqlari”. Jurnal. 2008/3.
Abduhalim Muhiddinov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …