Home / FOTO LAVHALAR / “MUQADDASDIR VATAN BAYROGʻI”

“MUQADDASDIR VATAN BAYROGʻI”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18 noyabr – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilingan kun munosabati bilan “Muqaddasdir Vatan bayrogʻi” deb nomlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda Samarqand davlat chet tillar instituti, Toshkent farmatsevtika instituti professor-oʻqituvchilari, Markaz ilmiy xodimlari hamda Hadis ilmi oliy maktabi talabalari ishtirok etdi.

Tadbirni Markaz direktorining oʻrinbosari O.Muhammadiyev ochib, ushbu qutlugʻ ayyom bilan barcha yigʻilganlarni qizgʻin tabrikladi.

Samarqand davlat chet tillar instituti professori R.Shodiyev va Toshkent farmatsevtika instituti dotsenti D.Amriddinova ushbu sana toʻgʻrisida maʼruza qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining yuksak qadri, Vatanimiz hurligi, xalqimiz ozodligi, bugungi erkin va baxtli hayotimiz, porloq istiqbolimiz ramzi sifatidagi ahamiyati toʻgʻrisida soʻzladi.

Ota-bobolarimiz azaldan davlat ramzlarini muqaddas timsol sifatida koʻz qorachigʻiday asrab kelgan. Xalqqa kuch baxsh etgan tugʻ bahodirlarga, mard oʻgʻlonlarga ishonib topshirilgan. Muqaddas bayroq hamisha odamlarni jipslashtirgan, ergashtirgan, birlashtirgan.

Bugun milliy bayrogʻimiz qabul qilinganiga 30 yil toʻldi. Undagi har bir belgi va rang zaminimizda qadimdan mavjud tarixiy anʼanalarni, milliy-madaniy qadriyatlarni oʻzida ifoda etadi.

Tadbirda soʻz olganlar, jumladan Markaz direktorining Bosh maslahachisi professor B.Toʻrayev va Hadis ilmi oliy maktabi 3-bosqich talabasi A.Uzoqov milliy bayrogʻimizning muqaddas va eʼzozli, saodatli hayotimiz asosi ekanini, uning timsolida dunyoning har qaysi nuqtasida boʻlsak ham Oʻzbekiston degan muqaddas Vatanimiz, himoyachimiz, suyanchimiz borligini his qilishimiz, shu bois davlat ramzlarini asrab-avaylash, ularni hurmat qilish oʻzligimizga, yurtga boʻlgan sadoqatimizni ifoda etishi haqida toʻlqinlanib gapirdi.

Markaz ilmiy xodimi B.Mahmudov oʻzining “Muqaddasdir bizga Vatan bayrogʻi” deb nomlangan sheʼriy nomasini oʻqib eshittirdi.

Tadbir yakunida mehmonlarga Markaz nomidan tashakkurnomalar va Markaz tomonidan nashr etilgan adabiyotlar toʻplamlari taqdim etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …