Home / MAQOLALAR / MUHAMMAD GʻAZZOLIY VA UNING “NASIHATUL MULK” ASARI HAQIDA(2-qism)

MUHAMMAD GʻAZZOLIY VA UNING “NASIHATUL MULK” ASARI HAQIDA(2-qism)

Alloma vazirni usta ovchiga qiyoslaydi. Ular kichik qushlarni emas, katta turnalarni ovlaydi.

Asarning uchinchi boʻlimida alloma kotiblarning vazifalari haqida batafsil  toʻxtaladi. Uningcha, qalam va qilich hamma narsaga hokimdir. Agarda bu ikkisi boʻlmaganida dunyo oyoqda turmas edi. Gʻazzoliy kotib bilishi kerak boʻlgan oʻnta muhim shartni koʻrsatadi:

  1. Tuproq tagidagi suvning yuzaga yaqin va uzoqligini bilishi.
  2. Bir masala haqida hukm chiqarmoq maʼrifatiga ega boʻlishi.
  3. Yoz va qish oylaridagi kecha va kunduzning uzayish va qisqarish miqdorlarini bilishi.
  4. Quyosh, oy va yulduzlarning harakatlarini bilishi.
  5. Quyosh va oyning tutilish vaqtlarini bilishi.
  6. Geometriya, taqvim va sananing belgilangan kun va haftalarini bilishi.
  7. Ziroatchilarga xos ishlarni bilishi.
  8. Tabiblikdan xabardor boʻlishi.
  9. Shamolning esish joylarini va nomlarini yaxshi bilishi.
  10. Sehr va qofiya ilmini bilishi[2: 213].

Kotib uchun eng ahamiyatli unsurlardan biri qalamini boshqarishni bilishidir. Goʻzal boshqarishdan chiqqan yozuvlar albatta goʻzal boʻladi, deb yozadi Gʻazzoliy.

Toʻrtinchi boʻlimda davlat odamlarining va boshqaruvchilarining yuksak azmi masalalari tahliliga qaratilgan. Alloma mulohazalaridan shu narsa ayonlashadiki, hikmat bilan istak (ehtiyoj) bir-biriga oʻxshash boʻlib, har insonda bu ikkisidan biri bor. Hikmat, azm va gʻayrat kimda boʻlsa, albatta bir kun oʻz sohibini murodiga yetkazadi. Gʻayrat sharaf uchundir[2: 238].

Beshinchi boʻlimda hikmat ahlining ibratli soʻzlari tahlil etilgan. Ushbu boʻlimda alloma insonlarni toʻrt qismga boʻladi.

  1. Biladi. Bilishini ham biladi. Bular olimlardir. Ularga yaqinlashing.
  2. Biladi. Bilishini bilmaydi. Bular unutganlar. Ularga eslating.
  3. Bilmaydi. Bilmasligini biladi. Bular yoʻl koʻrsatishga muhtojlar. Ularga oʻrgating.
  4. Bilmaydi. Bilmasligini ham bilmaydi. Biladiganlar kabi harakat qiladi. Bular johildir. Bulardan saqlaning, deydi Gʻazzoliy[2: 239].

Oltinchi boʻlim aqlning sharafi va fazilati tahliliga qaratilgan. Gʻazzoliy ushbu boʻlimda aql tushunchasini keng va atroflicha tahlil qiladi. Uningcha, aqlli kishi, garchi olim boʻlmasa-da, aqli unga yoʻl koʻrsatadi. Ilm sohibi boʻlsa-da, aqli boʻlmagan kimsalarning ishlari teskari ketadi. Mana shu nuqtada alloma dunyoda aqli va ilmi bir boʻlgan kishi yo paygʻambar, yoki hikmat sohibi, yoki rahbar bir kimsadir, deb koʻrsatadi. Chunki, insonning goʻzalligi, sharafi va martabasining yuksakligi, dunyosi va oxirati faqat aqliga bogʻliqdir[2: 266].

Gʻazzoliy nazdida aql – imonning avvali, oʻrtasi va oxiridir. Aql koʻkdagi quyosh kabidir. U butun goʻzalliklarning qalbidir. Aql daraxtdagi yoshlik kabidir. Insonning aqli qiyomida boʻlgan vaqtda vujudi sogʻlom, suhbati barokatli, ziyorati foydali boʻladi.

Yettinchi boʻlim xotinlarning sifat va hollari tahliliga qaratilgan. Alloma eʼtiroficha, xotinlarning eng xayrlisi va barokatlisi – goʻzal va taqvoli boʻlganidir. Shu sababli Gʻazzoliy: “Ey qardoshim ! Uylanadigan vaqtingda mol va shuhrat egasi boʻlganini emas, din va taqvo sohibi boʻlganini afzal koʻr. U xotin senga itoat etsin. Bunday xotin sen uchun jahannam otashiga qarshi bir toʻsiq boʻlur”, [2: 278] deb yozadi.

Oʻz fikrini davom ettirib, “shuni bilki, xotinning dinga bogʻlanishi Allohning quliga bergan neʼmatlaridan biridir. Iffatli bir xotinga hech bir yomon niyatli kishi yaqinlasha olmas”[2: 282].

Xotinlarning xojasiga nisbatan samimiy boʻlishi, koʻpiga shukur, kamiga qanoat etishi kerak. Xotinlar har doim Hazrati Oisha va Hazrati Fotimani oʻziga oʻrnak qilib, ularning axloqi bilan xulqlanishlari shart, deb koʻrsatadi alloma.

Shu narsa haqiqatdirki, deydi Gʻazzoliy, “insonning boshiga kelgan barcha balo, musibat va mashaqqatlar boʻlsa, yomon tabiatli, jizzaki va qanoatsiz xotin tufayli maydonga keladi”[2: 299].

Gʻazzoliy dunyoning oʻtkinchi ekani, dunyo taxtu toji esa, sarobdan boshqa narsa emasligini uqtiradi. U sultonni abadiy hayotni arzimas qadriyatlarga almashtirmaslikka chaqirib, najot yoʻli dinu iymonni mustahkamlash orqali borishi, saodat ildizi shunda ekanini taʼkidlaydi. Shundan keyin iymon va irfon arkonlarini sanab oʻtadi va fikrini jamlab, Parvardigor sifatlari, Uning pokligi, qudrati, basirati, kalomi, feʼli xususida hikoya qiladi. Oʻz hikoyasini qiyomat kuni, paygʻambar soʻzlari bilan yakunlaydi. Shundan keyin u din sohalari haqida gapiradi. Adolat va ibodatni shunday sohalardan deb koʻrsatadi. Uning nazdida xavfu xatardan najot topishning yoʻli bu – adolat tamoyillariga amal qilishdir. Uning fikricha najot shunday bir daraxtki, ildizlari ikki ilmdan oziqlanadi. Bu ilmlarning biri – dunyo va insonning unga munosabati haqidagi bilim boʻlsa, ikkinchisi qiyomat kuni va oʻlimni esga olish haqidagi bilimdir.

Xullas, alloma ushbu asarida hukmdorga hayot haqiqatini eslatish, Alloh qudratining cheksizligi, qiyomat kuni hisobi bilan qoʻrqitib, adolat va xalqparvarlikka yoʻllash uchun nasihat qilayotgan muallim qiyofasida gavdalanadi. Olim shu yoʻl bilan zulm va istibdod kuchini kamaytirmoqchi boʻladi. U hukmdorlarni ichkaridan, botinan ezgulik va adolatga tayyorlamoqchi boʻladi. Uning yozishicha, shoh, hukmdorlar taqvodor olimlar oldiga borib, ular nasihatini eshitishi, takabbur, manman olimlar, laganbardorlar va soxtakor odamlardan uzoq turishi lozim.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. İmam Gazalî. Nasîhatüʼl-mülûk (Devlet Başkanlarına Nasîhatlar): Trc. Osman Şekerci. –İstanbul: Sinan Yayınları, 1969.
  2. İmam Gazalî. Nasîhatüʼl-mülûk. YÖNETİCİLERE ALTIN ÖĞÜTLER. Mütercim: Hüseyin Okur, –Semerkand Yayıncılık, 2008.
  3. Imom Muhammad Gʻazzoliy. Nasihatul muluk. Jaloliddin Humoiy tahriri ostida. Humo nashriyoti, 4-nashr. 1367.
  4. Sayyid Muhammad Hotamiy. Islom tafakkuri tarixidan. –T.: Minhoj, 2003.
  5. Sadık Yazar. “Gazzâlîʼnin 13-19 Yüzyıllar Arasında Batı Türkçesinde Tercüme Edilen Eserleri”, Divan Disiplinlerarası Çalışmalar Dergisi, c.16, s.31, (2011/2).
Firuz MUZAFFAROV,
Buxoro davlat universiteti kafedra mudiri, falsafa doktori (PhD)
Baxshi RUSTAMOV,
Buxoro davlat universiteti oʻqituvchisi

Check Also

PAYGʻAMBARLIKNING XALQ UCHUN AHAMIYATI HAQIDA KUMUSHXONAVIY GʻOYALARI

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022-yilga “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” deb nom berdi [1]. …