Home / MAQOLALAR / SUNAN TOʻPLAMLARI VA ULARNING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI(2-qism)

SUNAN TOʻPLAMLARI VA ULARNING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI(2-qism)

Imom Termiziy, Abu Dovud va Nasoiy sunanlarining bir-biriga yaqinligi borasida Abu Jaʼfar ibn Zubayr aytadi: “Abu Dovud ahkom oyatlarini mukammal jamlagan boʻlib, bu ishni biror muhaddis amalga oshirmagan. Imom Termiziy yangi uslubda hadislarni jamlagan boʻlib, unga sherik boʻladigan biror muhaddis yoʻq. Ammo imom Nasoiy bu yoʻllarning eng goʻzalini va eng ulugʻini tanlagan”, degan.

Keyingi kitob muhaddis Ibn Mojaning “Sunan”i boʻlib, fiqh ilmi boʻyicha foydali kitob hisoblanadi. Ibn Mojaning asarlarini avvalgi “beshta sahih”ga qoʻshgan olimlardan birinchisi Hofiz Abulfazl ibn Tohir Maqdisiy (vaf. 507/1113 y.) boʻladi [5: 70]. U Ibn Moja haqida “Shurut al-aimma as-sitta” kitobida maʼlumot berib oʻtgan. Keyin Hofiz Abdulgʻani Maqdisiy “al-Ikmol fi asmo ar-rijol” kitobida beshta buyuk muhaddisdan soʻng oltinchisi sifatida zikr etgan. Ibn Moja oʻz kitobida yolgʻon bilan ayblangan kishilar va hadis oʻgʻrilaridan rivoyat qilingan hadisni kiritgani uchun ulamolar “olti sahih” qatoriga Ibn Moja sunanini emas, imom Dorimiy kitobini qoʻshish lozimligini aytgan. Dorimiy kitobida, mursal, mavquf hadislar boʻlsa ham, zaif roviylar va munkar hadislar juda oz. Muhaddis Razin Saraqsiy (vaf. 535/1141 y.) oʻzining “Tajridus sihoh”, Ibn Asir “Jomeʼ al-usul” kitobida imom Molik ibn Anasning “Muvatto”sini sahih va buyuk boʻlgani uchun oltinchi qilish kerak, degan.

Ibn Mojaning sunanlari boshqa sunanlar kabi bobma-bob qilib ajratib yozilgan. Hofiz Ibn Hajar: “Ibn Moja boshqa muhaddislar kitobida mavjud boʻlmagan juda koʻp hadislarni yolgʻiz oʻzi rivoyat qilgan, bu hadislarning barchasi sahih. Ammo zaifga nisbat berilgan hadislar boʻlsa, faqat roviylari orasida zaiflari boʻlishi mumkin. Ahmad ibn Abu Bakr Busiriy bir kitob yozib, unda ushbu fikrlarni bayon etgan”, degan.

Imom Suyutiy: “Albatta, Ibn Mojaning kitobi yolgʻon bilan ayblangan va hadis oʻgʻrilari boʻlgan roviylardan hadis rivoyat qilgan yagona kitob. Undagi hadislarning baʼzilari faqat imom Molikning kotibi Hubayb ibn Abu Hubayb, Aʼlo ibn Zayd, Dovud ibn Muhabbar, Abdulvahhob ibn Zahhok, Ismoil ibn Ziyod Kufiy, Abdussalom ibn Yahyo va boshqalardan eshitilgan xolos”, degan.

Muhaddislardan biri Abu Zurʼa Ibn Mojaning juda koʻp hadislarini botil, soqit, munkar deb hukm qilgan. Bu hukm Abu Hotimning “al-Ilal” kitobida hikoya qilingan. Imom Zahabiy: “Ibn Moja hofiz, rostgoʻy, ilmi chuqur. Ammo uning kitobi darajasini pastga tushirgan narsa, kitobidagi munkar va mavzu hadislar edi”, degan.

Shuningdek, yuqorida sanab oʻtilganlardan boshqa “Sunan”lar turli olimlar tomonidan yozilgan. Ular: Ibn Jurayj nomi bilan mashhur Abdulmalik ibn Abdulaziz Abu Valid Rumiy Makkiy (vaf. 151/768 y.), Said ibn Mansur (vaf. 227/842 y.), Muhammad ibn Saboh Abu Jaʼfar Dulobiy (vaf. 227/842 y.), Ismoil ibn Yahyo Abu Ibrohim Muzaniy Dorimiy (vaf. 264/878 y.) rivoyati bilan Imom Shofeiy (vaf. 204/819 y.) “Sunan”i, Ibrohim ibn Abdulloh Keshiy (vaf. 292/905 y.), Ahmad ibn Muhammad ibn Honi Abu Bakr Asram (vaf. 273/886 y.), Hasan ibn Ali Abu Ali Xallol (vaf. 242/856 y.), Abu Qurra nomi bilan mashhur boʻlgan Muso ibn Toriq Yamoniy Zubaydiy, Sahl ibn Abu Sahl Abu Amr Roziy (vaf. 240/854 y.), Ahmad ibn Ubayd Abu Hasan, Muhammad ibn Yahyo Abu Bakr Shofeiy Hamadoniy, Ibn Lol nomi bilan mashhur boʻlgan Ahmad ibn Ali Abu Bakr (vaf. 398/1008 y.), Ahmad ibn Sulaymon Najjor (vaf. 348/959 y.), Ismoil ibn Ichoq ibn Ismoil Qozi Azdiy Basriy (vaf. 282/895 y.), Yusuf ibn Yaʼqub ibn Hammod ibn Zayd Abu Muhammad Basriy (vaf. 297/910 y.), Lolkoiy nasabi bilan mashhur boʻlgan Hibatulloh ibn Hasan Abu Qosim (vaf. 418/1027 y.) va Bayhaqiyning “as-Sunan” kabi asarlarini keltirish mumkin. Olim Gʻovriy oʻzining asarida 24 ta sunan asari haqida maʼlumot beradi [1: 21-33].

Imom Ahmad ibn Husayn Abu Bakr Bayhaqiyning (vaf. 458/1066 y.) “Sunanul kubro” asari “Sunan”lar orasida hajmining kattaligi va yaxshi uslubda yozilgani bilan ajrab turadi. Alloma Kattoniy bu asar haqida: “Uni «Sunanul kubro” deyishadi. Toʻplam 10 jilddan iborat boʻlib, islom olamida bu kabi asar yozilmagan [6: 103]. Ahkom hadislarning aksarini qamrab olgan. Bu kitob haqida Ibn Saloh: “Sunnatda Bayhaqiyning «Sunanul kubro” kitobidan koʻra dalillarni mukammal tarzda jamlovchi kitob yozilmagan. Dunyoning biror tomonida qandaydir hadis qolgan boʻlsa, Bayhaqiy oʻshani ham kitobiga kiritgan», degan. Kitobning oxirida sahobiylar, tobeiylarning ismlari, hadislarning sanadlari va matndagi turli rivoyatlar qoʻshilgan. Unga Ibn Turkmoniy nomi bilan mashhur boʻlgan Ali ibn Faxriddin Usmon ibn Ibrohim ibn Mustafo Mordiniy Hanafiy (vaf. 750/1349 y.) “al-Javhar an-naqiy fi ar-radd ala al-Bayhaqiy” nomi bilan katta hajmda hoshiya yozgan», degan.

Shuningdek, baʼzi asarlar ham borki, olim Sayyid Abdulmajid Gʻavriy fikricha, ularni sunan deb atasa zarari yoʻq. Bularga Yaʼqub ibn Ibrohim Abu Yusufning (vaf. 182/798 y.) “Kitobul osor”, Muhammad ibn Hasan Shayboniyning (vaf. 189/805 y.) “Kitob al-osor”, Muhammad ibn Idris Shofeiyning (vaf. 204/819 y.) “Umm”, Ahmad ibn Muhammad Abu Jaʼfar Tahoviyning (vaf. 321/933 y.) “Sharh maoniyul osor”, Muhammad ibn Jarir Abu Jaʼfar Tabariyning (vaf. 310/922 y.) “Tahzibul osor” asarlarini keltirish mumkin.

Imom Muhammad ibn Jarir Abu Jaʼfar Tabariyning asari xalifa Abu Bakr Siddiq (r.a.) rivoyat qilgan hadis bilan boshlanib, hadis fiqhi va hadisning olimlar nazdidagi ixtilofi hamda uni hujjat qilib qabul qilinishi yoritilgan. Har bir hadis yozilgandan keyin, uning mazmuni, taʼrifi, usuli, fiqhi, illati, ulamolar ixtilofi, hujjatlari va lugʻati bayon etilgan. Jannat bashorati berilgan oʻnta sahoba, ahli Bayt, ozod qilingan musulmon qullarning musnadlari va Ibn Abbos musnadlaridan bir qism keltirilgan. Kitobning eng ajoyib joyi Ibn Abbos musnadlaridir. Biroq uni tugatishdan oldin olimning oʻzi vafot etgan. Agar bu kitob ham oxirigacha yozilganda, sunnat ilmlari borasida yagona kitob-hujjat boʻlardi, deb manbalarda fikr bildirilgan [7: 16].

Shuningdek, Muhammad ibn Husayn Abu Bakr Ojuriy Shofeiy (vaf. 360/971 y.) “Kitob ash-sharia”, Hamad ibn Muhammad Bustiy Xattobiy (vaf. 388/988 y.) “Maʼrifa as-sunan va-l-osor”, Husayn ibn Masʼud Farro Bagʻaviy (vaf. 516/1122 y.) “Sharh as-sunna” asarlarini ham sunan deyish maqsadga muvofiq.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Gʻovriy, Sayyid Abdulmojid. Al-Vajiz fi taʼrif kutub al-hadis. – Bayrut: Matbaa Rayyon, 2009.
  2. Gʻovriy, Sayyid Abdulmojid. Mavsua ulum al-hadis va fununih. – Damashq: Dor Ibn Kasir, 2007. – T. 2.
  3. Xattobiy, Abu Sulaymon. Maolim an-sunan. – Halab: Matbaa ilmiyya, 1932. – T. 1.
  4. Ibn Saloh. Ulum al-hadis. – Damashq: Dor al-fikr, 1998.
  5. Nuriddin ibn Abdussalom. Al-Madxal ila sunan al-imom Ibn Moja. –Kuvayt: Maktaba shuun al-fanniyya, 2008.
  6. Muratov D. Hadis toʻplamlarini qiyosiy oʻrganish. – T.: TIU nashriyot-matbaa birlashmasi, 2018.
  7. Muratov, Doniyor Mr (2019) “THE ROLE ON THE COMPANIONS IN THE SCIENCE OF HADITH,” The Light of Islam: Vol. 2019 : Iss. 4, Article 2. Available at: https://uzjournals.edu.uz/iiau/vol2019/iss4/2.
Doniyor MURATOV,
OʻzXIA dotsenti, tarix fanlari nomzodi

Check Also

MUSTAQILLIK YILLARIDA TASAVVUF TAʼLIMOTINING TADQIQ ETILISHI

Mustaqillikning ilk yillarida islom diniga qoʻyilgan bir asrlik cheklov [4:252] barham topib, eʼtiqod erkinligi uchun …