Home / MAQOLALAR / FARZAND UCHUN ENG QIMMAT MЕROS – GOʻZAL TARBIYA

FARZAND UCHUN ENG QIMMAT MЕROS – GOʻZAL TARBIYA

Ota-ona borki, farzandining tinch va osuda Vatanda sogʻlom oʻsib-ulgʻayishi, zamonaviy ilm-fan va kasb-hunarlarni egallab, oilasiga, yurtiga tayanch boʻlishini istaydi. Mamlakatimiz taʼlim-tarbiya tizimidagi tub islohotlar esa har bir oilaga, ota-onaga ertangi yorugʻ kun uchun katta ishonch berayotgani haqiqat.

Maʼlumki, 2021-yil yurtimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlandi. Mazkur ramziy yil nomiga mos ravishda qabul qilingan Davlat dasturi asosida bajarilgan ishlar mohiyatiga chuqur ahamiyat qaratilsa, har qanday iqtisodiy rivojlanish asosida, eng avvalo, yoshlar kamoloti ustuvor ahamiyat kasb etishi namoyon boʻladi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Har qanday jamiyat taraqqiyotida hal qiluvchi rolni ushbu jamiyatning kelajagi boʻlgan yosh avlodning sogʻlom va barkamol rivojlanishi oʻynaydi. Shuning uchun islohotlarimizni kengaytirish va samaradorligini yanada oshirish masalalarida biz zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan gʻayratli, tashabbuskor, har tomonlama rivojlangan yoshlarimizni oʻzimizga tayanch deb bilamiz”.

Darhaqiqat, farzandlarimizning kelajakda raqobatbardosh kadrlar boʻlib shakllanishi, avvalo, ularning yoshligida olgan odobaxloqi hamda ilm-u maʼrifatiga bogʻliq. “Yoshlikda olingan bilim toshga oʻyilgan naqsh kabidir”, deydi donishmandlar. Shu bois, yoshlarning taʼlim olishi, kasbhunar egallashi, yetuk insonlar boʻlib ulgʻayishi yoʻlida zamonaviy, ilgʻor-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib berish uchun yurtimizda bor kuch va imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Xabaringiz bor, shu hafta boshida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev huzurida 2022-yil uchun soliq tushumlari hamda byudjet parametrlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi. Unda davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, odamlar hayotini yaxshilash asosiy maqsad etib belgilangani va bu tamoyillar byudjetni shakllantirishda asosiy mezon boʻlishi zarurligi taʼkidlandi. Shunga muvofiq, Prezidentimiz kelgusi yilga moʻljallangan davlat byudjeti loyihasida ham avvalo, ijtimoiy yoʻnalishlarga katta eʼtibor qaratib, taʼlim va tibbiyot tizimiga koʻzda tutilgan 58 trillion soʻm mablagʻga qoʻshimcha tarzda yana 12 trillion soʻm ajratish taklifini bildirdi. Zotan, yosh avlod taʼlim-tarbiyasi va sihat-salomatligiga ustuvor ahamiyat qaratilishi bugun xalqimiz intilayotgan Uchinchi Renessans – yangi Uygʻonish davriga qoʻyilajak poydevorning mustahkam boʻlishi garovidir. Tabiiyki, yuqorida qayd etilgan mablagʻlarning barcha taʼlim boʻgʻinlarini, xususan, oliy taʼlimni rivojlantirishdagi oʻrni aniq hisob-kitoblar asosida belgilab berildi.

Oʻzbekiston rahbari yoshlar istiqboli uchun ajratilgan sarmoya kelajak uchun qoʻyilgan eng samarali sarmoya, taʼlim darajasi va sifati esa, har qanday davlatning istiqbolini belgilab beradigan muhim omil ekanini bot-bot taʼkidlab kelmoqda. Shu maqsadda mamlakatimizda Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi, maktab taʼlim tizimi tubdan isloh qilinib, 11 yillik umumiy oʻrta taʼlim zamon talablari asosida qayta joriy etildi. Hududlarda yangi oliy taʼlim muassasalari, ilmiydiniy va ijodiy markazlar tashkil etilmoqda. Oliy oʻquv yurtlariga qabul kvotalari sezilarli darajada kengaytirildi. Sirtqi va kechki oliy taʼlim shakllari tiklandi.

Keyingi ikki yil ichida rivojlangan davlatlarning 20 ga yaqin nufuzli universitetlari filiallari ochildi. Bu bugun ulugʻ orzu-maqsadlar bilan voyaga yetayotgan oʻgʻil-qizlarimizga ragʻbat berib, kelgusida oʻz tanlagan kasbi boʻyicha yetuk mutaxassis boʻlishiga ishonch uygʻotmoqda.

Shuningdek, farzandlarimizning yoshlikdan bilim, kasb-hunar egallashi hamda isteʼdodlarini toʻliq namoyon etishi uchun 5 ta muhim tashabbusning ilgari surilgani Oʻzbekiston tarixida yoshlar taʼlim-tarbiyasi boʻyicha yana bir yangi bosqichni boshlab berdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Davlatimiz rahbarining bu ezgu gʻoyasi Oʻzbekiston xalqi, ayniqsa, yoshlari tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olinib, qisqa vaqtda mamlakat boʻylab keng quloch yozgani bejiz emas. Chunki yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, maʼnaviy yetuk, jismonan sogʻlom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga eʼtibor qancha kuchaytirilsa, uning samarasi ham shuncha yuqori boʻlishi shubhasiz. Shu bois, Oʻzbekistonda jamiyatning faol qatlami boʻlgan yoshlarga oʻzini “rivojlangan” hisoblagan ayrim davlatlar singari “muammo” deb emas, balki yurt ravnaqini taʼminlovchi katta kuch sifatida qaramoqda. Natijada bugun yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qatʼiy pozisityaga ega yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib boryapti.

Muhimi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan nafaqat mamlakatimiz, balki, butun dunyo hamjamiyati eʼtibori ham yoshlar taʼlim-tarbiyasi, maʼnaviyati va huquqlari himoyasiga qaratilib, Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi BMT konvensiyasini qabul qilish taklifi ilgari surilgani katta ahamiyatga ega. Ushbu taklif xalqaro hamjamiyat tomonidan ham iliq qarshi olindi. Zotan, bugun dunyo miqyosida yoshlar soni ikki milliarddan ortiq boʻlgani holda, axborot xurujlari, “ommaviy madaniyat”, xalqaro terrorizm va esktremizm kabi chegarasiz tahdidlar shiddat bilan oʻsib borayotgani murgʻak va begʻubor qalblarni ishonchli himoya qilish zaruratini yuzaga keltirayotgani ochiq haqiqat. Afsuslanarlisi, ushbu tahdidlarning paydo boʻlishida ayrim gʻarazli maqsaddagi kuchlar din va davlatni birbiriga muxolifat sifatida koʻrsatishga, ayniqsa, muqaddas islom dini asoslarini buzib talqin etishga harakat qilmoqda.

Maʼlumki, Qurʼoni karim oyatlarining ilk soʻzi “Iqro” (yaʼni, oʻqi) buyrugʻi bilan nozil boʻlgan. Shuning oʻziyoq muqaddas dinimizda ilmmaʼrifatga qanchalik eʼtibor qaratilganidan dalolat emasmi?! Chunki dinimiz ilm-maʼrifat dini boʻlib, unda jaholat va ilmsizlik hamisha qoralangan. Dunyoning obodligi, bardavomligi va baxt-saodati, albatta, ilm va maʼrifat bilan chambarchas bogʻliq. Hazrati Ali roziyallohu anhu “Ilm moldan yaxshidir, u seni himoya qiladi, molni esa sen qoʻriqlashga majbursan, ilm hokim, mol mahkumdir, sarflash, nafaqa qilish bilan mol kamaysa, ilmni tarqatganing sayin koʻpayib boradi”, degan.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan Hadisi sharifda: “Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar”, deyiladi. Farzand taʼlim-tarbiyasi xususida Imom Gʻazzoliy oʻzining “Ihyou ulumud din” asarida “Bola – ota-ona qoʻlidagi omonat. Uning qalbi turli naqsh va rasmlardan xoli. Qanday naqsh solinsa, qabul qiladi… Agar yaxshilikka undalsa va oʻrgatilsa, saodatli boʻladi. Otaonasi hamda odob, taʼlim-tarbiya bergan ustozlar uning savobiga sherik boʻladi…” deb yozadi.

Darhaqiqat, bugun dunyo inson nigohida halqalangan koʻzyoshdek qalqib turgan bir paytda yoshlarni chalgʻituvchi, ularni oʻz domiga tortishni istovchi turli gʻarazli kuchlar koʻpayib boryapti. Eng achinarlisi, dunyoning qaysi burchagida biror jinoyat sodir etilsa, albatta, bunda yoshlarning gʻoʻrligi, oq-qorani hali toʻliq ajrata olmasligidan foydalanilyapti.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, oilada farzand tarbiyasiga eʼtiborsizlik nafaqat oʻsha xonadon, balki butun bir millat, xalq maʼnaviy tanazzuliga asos boʻlishi mumkin ekan. Bunga tarixda misollar koʻp. Bugun dunyoda inson kapitali uchun kurash, eng katta sarmoya farzandning bilimli boʻlishiga, tarbiyasiga tikilayotgan bir vaqtda, ming afsuski, ayrim oilalarda farzand tarbiyasiga eʼtiborsizlik holati ham yoʻq emas. Shu bois, Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning “Hech bir ota-ona farzandiga goʻzal tarbiyadan koʻra, qimmatliroq meros qoldira olmaydi”, degan hikmatlarini unutmasligimiz lozim.

Shu maʼnoda, 2020-yildan umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquv dasturidan “Tarbiya” fanining oʻrin olgani bejiz emas. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida tashkil etilgan mualliflar va ekspertlar guruhi ishtirokida yaratilgan yangi fan darsliklari oʻquvchilarning yoshi va psixofiziologik xususiyatlari inobatga olingan holda, ularning ongiga umuminsoniy qadriyatlar va yuksak maʼnaviyatni yanada chuqur singdirish, ularni vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi nazarda tutilgan. “Tarbiya” fani dasturi milliy tarbiyamiz oʻzagi va Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Abu Nasr Forobiy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy, Husayn Voiz Koshifiy, Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdurauf Fitrat kabi ulugʻ mutafakkirlarimizning maʼnaviy-ilmiy merosiga asoslangan. Ayni vaqtda xalqaro tajribalar asosida zamonaviy tarbiya texnologiyalaridan foydalanilgani yangi fanning zamon bilan hamnafasligiga xizmat qilmoqda.

Tan olib aytish joizki, yaqin-yaqingacha umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻquvchilar tarbiyasiga ularning taʼlimdan boʻsh vaqtida amalga oshiriladigan qoʻshimcha yuklama – ikkinchi darajali ish sifatida qarash tendensiyasi kuchayayotgandek edi. Buning oqibatida tarbiya uzuq-yuluq jarayonga aylanib, otaona va oʻqituvchi oʻrtasida muallaq turib qoldi. Ming afsuski, ushbu jarayonning asorati bugun turli gʻarazli kuchlar aldoviga uchib, notoʻgʻri yoʻl va gʻoyalar taʼsiriga tushib qolgan yoshlar taqdirida qora dogʻ qoldirmoqda.

Biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan, dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qoʻshgan, donishmand xalq farzandlarimiz. Buning asosi esa ilm-maʼrifat, bagʻrikenglik va oʻzlikni anglash ajdodlarimizning doimiy intilishi, maqsad-muddaosi boʻlganidadir. Zotan, IX–XII asrlarda mintaqamizda yuz bergan Birinchi Sharq Uygʻonish davrida ham, butun dunyoda Temuriylar davri Renessansi deya eʼtirof etilgan XIV–XVI asrlardagi Ikkinchi Sharq Uygʻonish davrida ham jamiyatda dinu diyonat mustahkam, insonlar dunyoqarashida maʼnaviyat qadrli, davlatchilik tuzumida ilm-fan va maʼrifat ustuvor boʻlgan.

Bir soʻz bilan aytganda, azaldan xalqimizning ilmu fan, ijodu mehnatga ragʻbati baland boʻlib, oʻzining yuksak maʼnaviyati, imon-eʼtiqodi, milliy gʻururi hamda umuminsoniy qadriyatlarga yoʻgʻrilgan goʻzal odob-axloqi bilan hamisha ibrat boʻlgan. Shunday ekan, begʻubor va muhtasham orzu-umidli yoshlarimiz yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan oʻz vaqtida oqilona foydalanib, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz yuksalishiga hissa qoʻshadigan farzandlar boʻlishiga ishonamiz.

Muzaffar KOMILOV,
Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2021-yil 7-noyabr, 223-son

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …