Home / FOTO LAVHALAR / DUNYODAGI ENG YIRIK QOʻLYOZMA KUTUBXONALARIDAN BIRIGA TASHRIF

DUNYODAGI ENG YIRIK QOʻLYOZMA KUTUBXONALARIDAN BIRIGA TASHRIF

Turkiya safarida boʻlib turgan delegasiya aʼzolari Istanbul shahridagi Sulaymoniya kutubxonasiga tashrif buyurib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Tashrif doirasida kutubxona rahbari doktor Husayn Kutan bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Uchrashuvda kutubxona tarixi, qoʻlyozmalarni yigʻish, ularni taʼmirlash, faksimile nusxalarini yaratish, saqlash sharoitlari boʻyicha maʼlumot berildi. Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, oʻzaro tajriba almashish, ikki Markaz ilmiy xodimlarini Sulaymoniya kutubxonasida malaka oshirishlarini tashkil qilish, kutubxona fondidan foydalanish, undagi elektron kitoblarni Markazlarga jalb qilish kabi masalalar ham muhokama qilindi.

Muloqotdan soʻng delegasiya aʼzolari Sulaymoniya kutubxonasi fondlari va kitoblarni saqlash sharoitlari bilan tanishdilar. Tashrif chogʻida kutubxonadagi Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotiga oid kitoblarning katalogini yaratish, ularning elektron nusxalaridan foydalanish masalalari boʻyicha ham fikr almashildi.

Tashrif doirasida delegasiya tomonidan kutubxonaning Qoʻlyozmalar shifoxonasi boʻlimi faoliyati ham oʻrganilib, boʻlimda olib borilayotgan ishlar, kitoblarni taʼmirlash texnikasi, bunda foydalaniladigan uskunalar haqida batafsil maʼlumot olindi. Delegasiya aʼzolari Boʻlim xodimlarining mehnat faoliyatiga bevosita guvoh boʻldilar.

Maʼlumot oʻrnida: Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan Sulaymoniya kutubxonasi (yoki Sulaymoniya qoʻlyozma asarlar kutubxonasi) dunyodagi eng yirik qoʻlyozma kutubxonalaridan biri sanalib, 1557 yilda Sulaymoniya kulliyasi tarkibidagi birinchi va ikkinchi madrasalarning kutubxonaga aylantirilishi natijasida tashkil topgan. 1914 yilda Birinchi jahon urushi boshlanishi munosabati bilan qimmatli qoʻlyozma asarlarni saqlab qolish maqsadida shu vaqtgacha mavjud boʻlgan barcha qoʻlyozma kitoblarni Sulaymoniya kutubxonasiga jamlash boʻyicha qaror qabul qilingan. Hozirgi Sulaymoniya kutubxonasi 1927 yilda toʻla shakllangan.

Kutubxonada boshqa oʻziga qarashli kutubxonalar bilan birgalikda jami 100 mingdan ziyod qoʻlyozma va 80 mingga yaqin bosma asarlar saqlanmoqda. Asosan arab, turk va fors tillaridagi qoʻlyozmalar saqlanayotgan kutubxonada YUNЕSKO roʻyxatiga kiritilgan Ibn Sinoning nodir qoʻlyozmalari ham mavjud.

Kutubxona tarkibida 152 ta kolleksiya mavjud boʻlib, ulardan eng yiriklari Ayo Sofiya, Bagʻdodli Vahbiy, Jorulloh, Domad Ibrohim, Asad Afandi, Fotih Hoji Mahmud, Hamidiya, Qilich Ali, Lolali, Raisulkuttob, Sulaymoniya, Shahid Ali va Yangi Jomeʼ kolleksiyalari hisoblanadi.

Otif Afandi, Koʻprulu, Nuriusmoniya, Rogʻib Posho qoʻlyozma asarlar kutubxonalari Sulaymoniya kutubxonasiga qarashli kutubxonalar hisoblanadi.

Kutubxona xizmat koʻrsatish, asarlarni tasniflash va kataloglashtirish, raqamlashtirish va byuro xizmatlari kabi xizmat turlarini kitobxonlarga taqdim qiladi. Kutubxonada Saqlash va Tadqiqot markazi, Husayn Unver tadqiqot markazi kabi markazlar faoliyat koʻrsatadi.

 Kutubxonada Imom Moturidiy qalamiga mansub “Tavilot al-Quron” asarining nodir qoʻlyozmalari, moturidiylik taʼlimotiga oid yuzlab qoʻlyozma va bosma asarlar mavjud.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Hamkorlik istiqbollari yuqori baholandi

Kuni kecha Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Qozon shahrida joylashgan Abdulla Apanayev nomidagi madrasa va …