Home / MAQOLALAR / SUNAN TOʻPLAMLARI VA ULARNING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI

SUNAN TOʻPLAMLARI VA ULARNING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI

Muhaddislar hadis toʻplamlarini yozish jarayonida hadislarni turli mavzularga boʻlib chiqib, oʻz kitoblariga kiritgan. Natijada koʻplab hadis toʻplamlari vujudga kelgan. Hadis toʻplamlari orasida “sunan” nomi bilan yuritiladigan asarlar alohida ahamiyatga ega.

Sunan soʻzi sannat soʻzining koʻpligi boʻlib, odatlar, anʼanalar va rivoyatlar maʼnolarini bildiradi. Hadis toʻplami turi sifatida bunday asarlarda ahkom hadislar “tahorat” bobidan “vasiyatlar” bobigacha fiqh tartibi boʻyicha jamlangan boʻladi. Odatda bunday asarlarda aqida, tarix, manoqib kabi mavzular mavjud emas [1: 21]. Shuningdek, bunday asarlarda mavquf va mursal kabi hadis turlari ham yoʻq. Chunki muhaddislar ularni sunnat deb hisoblamaydi. Bu turdagi kitoblar hijriy II asrning birinchi yarmidan (mil. VIII asrdan) yozila boshlangan.

Baʼzi sunan kitoblarda ahkom hadislar bilan bir qatorda fazilatlar va zuhd mavzulariga oid rivoyatlar ham uchrab turadi. Bunga imom Doriymiy va Bayhaqiyning “Sunan”larini misol tariqasida keltirish mumkin. Bu holatda sunan kitoblar “musannaf” va “muvatto” toʻplamlari bilan deyarli farqlanmasligi mumkin. Sunan nomi bilan juda koʻp kitoblar yozilgan. Ulardan sihohi sittaga kiruvchi imom Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy va Ibn Mojalarning yozgan asarlari mashhur boʻlib, ular “toʻrt sunan” nomi bilan yuritiladi [2: 251]. Shuningdek, imom Doriymiy va Doraqutniyning asarlari ham keng tarqalgan.

Imom Abu Dovudning “Sunan”i ham olti ishonchli hadis toʻplamlari qatoriga kiradi. Imom Abu Dovud oʻz “Sunan”iga besh yuz ming hadis orasidan toʻrt ming sakkiz yuzini tanlab olib kiritgan. Bu hadislarning barchasi shariat ahkomlari haqida boʻlib, koʻpi faqihlar orasida mashhurdir. Imom Abu Dovud “olti sahih” sohiblari orasida Buxoriydan keyingi eng faqihi sanaladi. Shuning uchun “Sunan” kitobi fiqh ilmining barcha boblarini va musulmon shaharlari ulamolarining oʻzlariga dalil qiladigan va shunga muvofiq hukmlar chiqaradigan hadislarni oʻzida jamlagan. Muhaddislar buni eʼtirof etib: “Shubhasiz, mujtahidlarga Qurʼoni karimdan keyin imom Abu Dovudning sunanlari kifoya qiladi”, deganlar va kitobdagi har bir hadisni barcha fiqh olimlarining mazhablariga muvofiq keladigan, keng va mukammal bayon etgani sababli bu kitob faqihlar orasida mashhur.

Abu Sulaymon Xattobiy “Maʼolimus sunan” kitobida: “Bu kitob barcha olimlar tarafidan goʻzal qabul qilingan va turli mazhab fuqaholar tabaqotlari oʻrtasida hakamlik maqomiga ega. Har bir faqih unga nazar solgan, undan foydalangan. Iroq, Misr, Magʻrib va musulmon shaharlari olimlari undan foydalangan. … Abu Dovudning kitobi fiqh bilan toʻla, yozilishi ham goʻzal…”, degan [3: 6].

Imom Abu Dovud kitobga hadislarni yozish shartlari va darajasi haqida shunday deganlar: “Men kitobimda sahih hadislar bilan birga, unga oʻxshagan, unga yaqin boʻlgan hadislarni ham zikr qildim”. Boshqa oʻrinda: “Kitobimga kiritilgan hadislarda, agar biroz qattiqlik boʻlsa, men uni tushuntirdim. Men tushuntirmagan hadislar ham solih hadislar. Ularning baʼzilari boshqalaridan sahihroq”, deganlar. Ibn Saloh: “Biz uning kitobida zikr etilgan hadislardan birortasini sahihaynda topmadik. Hadisning sahihi bilan hasanini ajratadigan biror kishidan imom Abu Dovudning hadislarini sahihligi haqida hujjat eshitmadik, bildikki, ular imom Abu Dovudning nazdida hasan hadisdir. Baʼzida bu hadislar orasida Abu Dovud nazdida hasan sanalmagan hadislar ham mavjud. Aslida hasan hadis qanday boʻlishi toʻgʻrisida biror qoida yoʻq”, degan.

Muhaddis Ibn Kasirning aytishicha, imom Abu Dovud sukut saqlagan hadis hasan boʻlib, agar sahih boʻlsa, muammo yoʻq.

Imom Termiziyning “Sunan”i esa “Jomeʼ Termiziy” nomi bilan mashhurdir. Ushbu kitob fiqh va boshqa mavzudagi boblarga boʻlingan va mavzuga muvofiq sahih, hasan va zaif hadislar ham keltirilib, har birining darajasi oʻz oʻrnida bayon etilgan. Hadisning zaifligiga sabab koʻrsatilgan, sahobiy va tobeiylar hamda turli shahar faqihlarining mazhablari tushuntirilgan. Hadis yoʻllarini muxtasar qilib, bir sanad boʻyicha bitta hadis rivoyat qilingan va qolgan isnod yoʻllarga ishora qilingan. Kitobning oxirida bir bob illatlarga bagʻishlangan. Unda fiqh va hadisga aloqador koʻp foydalar jamlangan boʻlib, bular boshqa kitoblarda mavjud emas. Shu jihatlar uning qadrini oshirib yuborgan.

Imom Abu Iso Termiziy: “Men bu kitobimni Hijoz, Iroq va Xuroson ulamolariga koʻrsatdim. Ular rozi boʻldilar va yaxshilik tiladilar. Kimning uyida shu kitob boʻlsa, goʻyoki uning uyiga Rasululloh (s.a.v.) kelib gapirayotganday boʻladilar. Men bu kitobga kiritgan hadislar baʼzi fuqaholar amal qilayotgan hadislardir”, degan.

Ibn Saloh “Ulum al-hadis”sida shunday yozadi: “Abu Iso Termiziyning kitobi “hasan hadis”ni bilishda asl manbadir. Chunki “hasan hadis” nomini baland aytgan, “Jomeʼ”ida koʻplab shunday hadislarni zikr etgan muhaddis imom Termiziydir [4: 40].

Imom Termiziy sunanlaridagi hadislarning darajasi haqida Ibn Rajab “Ilal at-Termiziy” kitobining sharhida shunday deydi: “Bilingki, albatta Termiziy kitobiga kiritgan hadislar «sahih hadis”, “hasan hadis” va “gʻarib hadis” deb yuritiladi. Hasan hadis sahih darajasidan pastroq boʻlib, ularda biroz zaiflik mavjud. Gʻarib hadis esa biroz munkarlik illatiga ega. Bunday hadislar “fazoil amallar”ni taʼriflashda ishlatiladi. Imom Termiziy gʻarib hadislar oldida sukut saqlamagan, balki ularni bayon qilib bergan».

Sunanlar orasida imom Nasoiyning asari alohida ahamiyatga ega. Imom Nasoiy avvaliga “Sunanul kubro” asarini yozgan. U kitobda sahih bilan illatli hadislarni ham qoʻshgan. Keyin uni muxtasar qilgan va “Mujtabo” deb nomlagan. Bu kitobdagi hadislarning barchasi imom Nasoiyning nazdilarida sahih. Imom Nasoiy: “Sunan” kitobining koʻp hadislari sahih, baʼzisi esa illatli. Muxtasar qilingan “al-Mujtabo”ga kiritilgan hadislarning barchasi sahihdir», degan [1: 27].

Baʼzi manbalarda shunday rivoyat keltiriladi: “Imom Nasoiy «Sunanul kubro”ni yozib tugatgandan keyin, uni Ramla amiriga hadya qildi. Amir: “Bu kitobdagi hadislarning hammasi sahihmi?” deb soʻradi. Imom Nasoiy: “Yoʻq!” deb javob berganida, Amir: “Bu kitobdan sahihini ajratib yoz!”, deb buyurdi. Imom Nasoiy shu tariqa “Mujtabo”ni yozdi». Kim imom Nasoiyga nisbat berib biror hadisni rivoyat qilsa, shubhasiz “Mujtabo” deb nomlangan “Sunanus sugʻro”dan rivoyat qilgan boʻladi. Bu asarda zaif va illatli hadislar boʻlmagani uchun “sahihayn”dan soʻng uchinchi ishonchli kitob sanaladi, deydilar va darajada imom Abu Dovud va Termiziy sunanlaridan muqaddam qoʻyadilar. Chunki imom Nasoiy roviylarni juda qattiq tekshiruvchi boʻlganlari uchun baʼzi muhaddislar “imom Nasoiy Muslim ibn Hajjojdan ham ehtiyotliroq” – degan.

Imom Nasoiy “Mujtabo”da birinchi, ikkinchi va uchinchi tabaqaning hadislarini usulda keltirgan, mutobaʼot va shavohidlarda esa toʻrtinchi va beshinchi tabaqaning hadislaridan ham keltirgan. Ammo Nasoiy mualliflarni qattiqroq tekshirgani, roviylarning holini ehtiyotroq boʻlib taftish qilgani, imom Abu Dovud va Termiziylar koʻproq hadis rivoyat qilgan roviylarni tark qilgani uchun ulamolar u zotning sunanlarini Abu Dovudning sunanlariga nisbatan muqaddamroq sanagan. Ibn Hajar Asqaloniy: “Imom Abu Dovud va Termiziy qancha roviydan hadis rivoyat qilgan boʻlsalar, Nasoiy ularning barchasini tark qilgan, hatto imom Buxoriy va Muslim hadis rivoyat qilgan roviylarning bir jamoasidan ham hadis rivoyat qilishni tark qilgan”. Shuning uchun koʻp olimlar Nasoiyning “Mujtabo”dagi sharti ahli ilmlar nazdida ikki sahihning keyingi oʻrinda turishini aytgan. Davomi bor…

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Gʻovriy, Sayyid Abdulmojid. Al-Vajiz fi taʼrif kutub al-hadis. – Bayrut: Matbaa Rayyon, 2009.
  2. Gʻovriy, Sayyid Abdulmojid. Mavsua ulum al-hadis va fununih. – Damashq: Dor Ibn Kasir, 2007. – T. 2.
  3. Xattobiy, Abu Sulaymon. Maolim an-sunan. – Halab: Matbaa ilmiyya, 1932. – T. 1.
  4. Ibn Saloh. Ulum al-hadis. – Damashq: Dor al-fikr, 1998.
  5. Nuriddin ibn Abdussalom. Al-Madxal ila sunan al-imom Ibn Moja. –Kuvayt: Maktaba shuun al-fanniyya, 2008.
  6. Muratov D. Hadis toʻplamlarini qiyosiy oʻrganish. – T.: TIU nashriyot-matbaa birlashmasi, 2018.
  7. Muratov, Doniyor Mr (2019) “THE ROLE ON THE COMPANIONS IN THE SCIENCE OF HADITH,” The Light of Islam: Vol. 2019 : Iss. 4, Article 2. Available at: https://uzjournals.edu.uz/iiau/vol2019/iss4/2.
Doniyor MURATOV,
OʻzXIA dotsenti, tarix fanlari nomzodi

Check Also

SHAMSUL AIMMA HALVONIY QALAMIGA MANSUB ASARLAR

Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Hanafiy Buxoriy al-Halvoniy (vaf. 448/1056-1057) ijtimoiy-siyosiy faoliyati uchun …