Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZ RAHBARI TURKIYADAGI YIRIK XAYRIYA TASHKILOTLARIDAN BIRIDA BOʻLDI

MARKAZ RAHBARI TURKIYADAGI YIRIK XAYRIYA TASHKILOTLARIDAN BIRIDA BOʻLDI

Ayni kunlarda Turkiya safarida boʻlib turgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov Istanbuldagi İLAM ilmiy-tadqiqot markazi kutubxonasi va Aziz Mahmud Xudoyi Vaqfiga tashrif buyurib, Vaqfning xalqaro aloqalar boʻyicha mutasaddi vakili Abdurahmon Toʻpbosh bilan uchrashdi.

Mahmud Xudoyi Vaqfi XVI asrda Turkiyada yashab oʻtgan yetuk diniy ulamo, maʼnaviyat targʻibotchisi Aziz Mahmud Xudoyi nomi bilan nodavlat tashkilot sifatida 1986 yilda tashkil etilgan boʻlib, ayni paytda bu yerda yirik xayriya loyihalari bilan bir qatorda islom ilmlari sohasida tahsil olayotgan xorijlik talabalarning moddiy va maʼnaviy taʼminoti ham amalga oshiriladi.

Ikki tomonlama samimiy suhbat davomida oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish imkoniyatlari muhokama qilinib, istiqbolda ilm va taʼlim sohasini qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida birgalikda amalga oshiriladigan ishlar koʻlami belgilab olindi.

 

Suhbat yakunida tomonlar oʻzaro esdalik sovgʻalari almashdilar. Markaz tomonidan nashr etilgan kitoblar İLAM kutubxonasiga taqdim etildi.

 

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Hamkorlik istiqbollari yuqori baholandi

Kuni kecha Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Qozon shahrida joylashgan Abdulla Apanayev nomidagi madrasa va …