Home / FOTO LAVHALAR / Malayziyaning “Eng yaxshi xususiy tadbirkorlik universiteti” delegatsiyasi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida

Malayziyaning “Eng yaxshi xususiy tadbirkorlik universiteti” delegatsiyasi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Malayziya fan va menejment universiteti Prezidenti professor Mohd Shukri Ab Yazid boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Malayziya fan va menejment universiteti 2001 yilda tashkil etilgan boʻlib, ayni paytda jahon reytingida 551 oʻrinni, Osiyo davlatlari reytingida esa 139 pogʻonani egallab turibdi. Jami 11 ta fakultetda 100 dan ortiq dasturlar boʻyicha aspirantura, bakalavriat va tayanch bosqichlarida taʼlim berilayotgan mazkur xususiy universitet Malayziya milliy universitet reyting tizimi boʻyicha “Aʼlo darajadagi universitet” deb topilgan va unga ushbu davlat Oliy taʼlim vazirligi tomonidan “Eng yaxshi xususiy tadbirkorlik universiteti” maqomi berilgan.

Mehmonlar Markazda ilmiy faoliyatni olib borish uchun yaratilgan sharoitlar hamda Markaz muzeyi eksponatlari bilan yaqindan tanishdilar.

 

Tashrif doirasida oʻtkazilgan qisqa muloqot davomida Markaz va universitet bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatish masalalari muhokama etildi. Universitetda “Halol standarti” talablarini ishlab chiqishning ilmiy asoslarini oʻrganish borasida amalga oshirilayotgan tadqiqot ishlarida Markaz bilan oʻzaro tajriba almashuv hamda malaka oshirish yoʻnalishida xodimlar almashinuvini joriy etishga boʻlgan ehtiyoj hamkorlikning samarali istiqbollarini belgilab berishi taʼkidlandi.

Muloqot soʻnggida tomonlar yaqin kelajakda bildirilgan fikr va takliflar asosida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga oid keng doirada muzokaralar olib borish istagini bildirdilar.

Tashrif yakunida mehmonlar Markaz uchun esdalik sovgʻalarini taqdim etdilar.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yangi loyiha boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) …