Home / FOTO LAVHALAR / Turkiyaning Anqara Yildirim Boyazid universitetida Oʻzbekiston bogʻi barpo etilmoqda

Turkiyaning Anqara Yildirim Boyazid universitetida Oʻzbekiston bogʻi barpo etilmoqda

Turkiya safari davomida Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ilmiy xodimlaridan iborat delegatsiya vakillari Anqara Yildirim Boyazid universitetiga tashrif buyurdilar. Tashrif doirasida delegatsiya vakillari universitet rektori professor Ibrahim Aydinli bilan uchrashdilar. Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Diqqatga sazovor jihati shundaki, Anqara Yildirim Boyazid universiteti hududida qurilayotgan yangi darvozadan kiraverishda buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan bebaho hissasi, xususan, oʻzbek xalqiga hurmat oʻlaroq, yurtimiz sharafiga Oʻzbekiston nomli katta bogʻ barpo etilmoqda.

Ushbu universitetga tashrif doirasida Oʻzbekiston bogʻining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. Delegatsiya vakillari ushbu bogʻda ezgu niyatlar ila koʻchatlar oʻtkazdilar. Oʻzbekiston bogʻining tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi elchixonasi vakillari, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ilmiy xodimlaridan iborat delegatsiya hamda Anqara Yildirim Boyazid universiteti mutasaddi xodimlari va boshqa bir qator nufuzli mehmonlar ishtirok etdilar.

Shuningdek, Anqara Yildirim Boyazid universitetiga tashrif davomida universitetning islom ilmlari fakultetida “Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. 

 

Shu bilan birga, islom ilmlari fakultetida ikki Markaz tomonidan nashr etilgan kitoblar taqdimoti ham oʻtkazildi. Taqdimotda Anqara Yildirim Boyazid universiteti professor-oʻqituvchilari hamda talaba yoshlari ham ishtirok etdilar.

Maʼlumot oʻrnida: Anqara Yildirim Boyazid universiteti Turkiyaning eng nufuzli oliygohlaridan biri boʻlib, poytaxt Anaqara shahrida joylashgan.

Universitetga 2011 yil 3 oktyabrda asos solingan.

Hozirda universitet tarkibida 15 ta fakultet, 1 ta oliy maktab, 1 ta davlat konservatoriyasi, 3 ta kasb maktabi, 5 ta institut va 24 ta ilmiy-tadqiqot markazi faoliyat koʻrsatmoqda.

1500 nafarga yaqin oʻqituvchi va ilmiy xodimlar mehnat qiladigan universitetda jami 25 ming talaba tahsil olib, ulardan 10 foizini (2,5 ming nafar) xorijlik talabalar tashkil etadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yangi loyiha boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) …