Home / ALLOMALAR / ABU HOMID GʻAZZOLIYNING “BIDOYATUL HIDOYA” ASARIDA QALB GUNOHLARI TOʻGʻRISIDA

ABU HOMID GʻAZZOLIYNING “BIDOYATUL HIDOYA” ASARIDA QALB GUNOHLARI TOʻGʻRISIDA

Abu Homid Muhammad Gʻazzoliy (450/1058-505/1111) oʻz davrining mashhur olim, faqih, mutasavvuf va faylasuflaridan boʻlib, Islom tamaddunining “oltin asri”da eng koʻzga koʻringan, kuchli zakosi bilan yorqin namoyon boʻlgan mutafakkirlardan biri edi.

Gʻazzoliy 1058 yilda Tusda dunyoga kelgan, yoshligidanoq islom dini asoslari, fiqh va kalomni oʻrganib, Juvayniy, Rozkoniy, Farmadiy kabi olimlardan taʼlim olgan. Olim Nizomiya madrasasida taʼlim bergan, keyinchalik maʼrifiy inqiroz va ruhiy tushkunlikka tushib, tasavvuf yoʻliga kirib, darveshona turmush tarziga oʻtgan. Gʻazzoliy 1111 yilda 53 yoshida dunyoni tark etgan [1: 8]. Abdulgʻofir Forisiyning soʻzlariga qaraganda, Gʻazzoliyning oʻgʻil farzandi boʻlmagan, lekin bir necha qizi boʻlgan [2: 9]. 

Gʻazzoliy asarlarini Yevropada tarjima qilish boshlangach, uning qarashlari gʻarb falsafasiga kuchli taʼsir koʻrsatgan. Mutafakkirning asarlari bilan Foma Akvinskiy tanish boʻlib, uni yuksak baholagan. XII asr oxirida Gʻazzoliyning “Tahofut ul-falosifa” asari lotin tiliga oʻgirilib, Yevropada keng tarqaladi. Uni ispaniyalik Dominik Gundassalini yahudiy olim Avendaut bilan tarjima qilib, “Logica et philosophia Algazelis” deb nomlaydi. Aynan ushbu tarjima Gʻarbda musulmon falsafasini oʻrganish boʻyicha asosiy manba boʻladi. Biroq Gʻazzoliy oʻsha davr Yevropa olimlari oʻrtasida xato ravishda Ibn Sinoning izdoshi deb hisoblanadi [3: 140]. 

V.M. Vottning taʼkidlashiga koʻra, 850 yillarda, yaʼni Gʻazzoliygacha 200 yil oldin musulmonchilikning gʻoyaviy ekspansiyasi tugab, omma eʼtibori individual idealga va inson komilligining ichki muammolariga yoʻnaltirildi [4: 180]. Nemis olimi fon Gryunebaum Gʻazzoliyni birinchilardan boʻlib tasavvufni tizimlashtirgan Horis Muhosibiyning “buyuk izdoshi” deb ataydi. Muhosibiy anʼanaviy islom bilan tasavvufni birlashtirishga harakat qilgan, biroq uning boshlagan ishini shaksiz Gʻazzoliy yakunlagan deb hisoblanadi [5: 274]. Gʻarb tadqiqotchilari mutafakkirning ushbu murakkab jarayondagi oʻrni va rolini yaxshi anglaydi. Darhaqiqat, Gʻazzoliy buyuk faylasuf kashfiyotchi hisoblanib, uning qarashlari, mantiqiy-ratsional bilish, shuningdek, intuitsiya va metafizikaga doir asarlari bundan guvohlik beradi.

Mutafakkir oʻzining falsafiy qarashlarini tasavvuf va islom shariati bilan murosaga keltirish orqali sunniy ortodoksiyaning tan olinishiga erishdi. Shundan kelib chiqib, Gʻazzoliyning bu ishini diniy kashfiyot yoki ijodkorlik emas, balki falsafiy kashfiyot va ilmiy ijodkorlik deb aytishimiz mumkin.

U oʻz zamonasining mashhur faqihlari va soʻfiylaridan taʼlim olib, bir qancha tasavvuf va axloqqa doir asarlar yozgan. Italiyalik tadqiqotchi Massimo Kampanini Gʻazzoliyning qalbni illatlardan poklash gʻoyasiga yuksak baho beradi va uning soʻzlarini quyidagi keltiradi: “Qachonki Alloh qalb borasida gʻamxoʻrlik qilsa…, koʻkrak yorugʻlikka toʻladi va malakut, yaʼni ruhoniy olam siri ochiladi, zalolat pardasi esa yechiladi va qalb ilohiy ashyolar haqiqati bilan charogʻon boʻladi. Bir kun kelib qalb haqiqat sohibiga aylanadi, shunda aql oʻziga ishonadi. Aqlning zarur boʻlgan haqiqatlarini men uning haqqoniyligiga va shubhasizligiga ishongan paytim yana bir bor qabul qildim. Bu narsa tizimli isbot-dalillar yoki tartibga solingan tafakkur qilish yoʻli bilan emas, balki Alloh koʻksimga solgan nur yordamida roʻy berdi” [6: 5].

Abu Homid Gʻazzoliyning tasavvufiy axloqqa doir risolalaridan biri “Bidoyat ul-hidoya” (Hidoyatning boshlanishi) hisoblanadi. Mutafakkirning mazkur asari umrining oxirgi yillarida taʼlif etilgan boʻlib, “Ihyo ulumid din” (Diniy bilimlarning tirilishi) asariga muqaddima tarzida yozilgan.

Bu asar taqvo vositasida axloqni poklash tamoyillari boʻyicha yoʻriqnoma tarzida bitilgan. Risola qisqa hajmda boʻlib, kunlik dasturlar shaklida bayon qilingan. Asar uch qismdan iborat, birinchi qismi hidoyatga kirish, uyqu, uyqudan uygʻonish, hojatxonaga kirish, tahorat olish, gʻusl qilish, tayammum, masjiddan chiqish va kirish odoblari, shuningdek, islom arkoni hisoblanmish namoz oʻqishga tayyorgarlik koʻrish, imomlik qilish, juma va roʻza tutish odobidan tashkil topgan.

Ikkinchi qismda Gʻazzoliy gunohlardan saqlanish toʻgʻrisida gapiradi. U qalb gunohlari va uning eng xavfli ekanligi toʻgʻrisida bayon qiladi. Shu bilan birga Alloh va maxluqot bilan bandaning muloqoti hamda munosabati tushuntirib beriladi.

“Bidoyatul hidoya” asariga 982/1572 yilda Abdulqodir bin Ahmad Ali Fokihiy va 1316/1898 yilda Muhammad bin Umar Navaviy Hoviy sharh yozgan.

Risolaning “Qalb gunohlari” bobida qalbga xos boʻlgan yomon sifatlarning koʻpligi, undagi chirkinliklardan qutulish yoʻlining uzoqligi va muolaja usullari hali toʻliq maʼlum emasligi aytiladi. Gʻazzoliy odoblar va ularni amalda qoʻllash insonlar xotirasidan oʻchib ketgani va yoʻqolganini, odamlar oʻzlarining xudbin ekanini anglamasliklarini taʼkidlaydi [7: 210]. Gʻazzoliy shunday yozadi: “Barcha usul va yoʻllarni biz “Ihyo ulumid din” nomli kitobimizning “Munjiyot” qismida bayon qilganmiz. Bu yerda esa seni qalbning uchta illatli xususiyatidan ogohlantiramiz. Ushbu kasalliklar odatda hozirgi kunda fiqhni oʻrganish bilan mashgʻul boʻlgan olimlarga xosdir. Agar ular haqida bilsang, oldindan chorasini koʻrasan. Bu shunday jihatlarki, ular insonni aslida halokatga yetaklaydi va qalbdan chiqadigan barcha yomonliklarning onasi hisoblanadi. Ular hasad, riyo va ujbdir. Shu uch narsadan qalbingni poklashga harakat qil. Agar bu ishda muvaffaqiyatga erishsang, qalbingni boshqa kasalliklardan ham qutqarishni oʻrganasan. Agar ulardan tuzala olmasang, hech qachon boshqalaridan davolana olmaysan. Agar qalbda hasad, riyo va ujb kabi kasalliklar hukmron boʻlsa-yu, ilm olish yoʻlida solih niyat bilan ulardan xalos boʻlaman deb oʻylamaki, zero, Rasululloh (s.a.v.) aytgandi: “Uch narsa insonni halokatga yetaklaydi – boshqarilmaydigan baxillik, erk berilgan hoyu-havaslar va insonning oʻzidan mamnun boʻlishi” [7: 211].   Davomi bor…

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Al-Ghazali. Abstinence in Islam / Transl. and notes by Caesar E. Farah. – Minneapolis: Bibliotheca Islamica. – ISBN 0-88297-048-8.
  2. Griffel, Frank. Al-Ghazālīʼs Philosophical Theology (angl.). –Oxford: Oxford University Press, 2009. –ISBN 9780195331622.
  3. Shanab, R. E. A. 1974. Ghazali and Aquinason Causation. The Monist: The International Quarterly Journal of General Philosophical Inquiry 58.1.
  4. Watt W.M. Muslim Intellectual: A Study of al-Ghazali. – Edinburgh, 1963.
  5. Gryunebaum G.E. Klassicheskiy islam. Ocherki istorii (600-1258). – M., 1988.
  6. Kampanini M. Abu Xamid Muxammad ibn Muxammad al-Gazzali. Minbar. Islamic Studies. 2010;3(1):4-18. https://doi.org/10.31162/2618-9569-2010-3-1-4-18.
  7.  Abu Homid Gʻazzoliy. Bidoyat ul-hidoya, Dor ul-minhoj, –Bayrut, 2012.
Davronbek QODIROV,
Buxoro davlat universiteti doktoranti

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …