Home / MAQOLALAR / DONIYOLBIY OTALIQ VA AMIR SHOHMUROD DAVRIDA BUXORODA TAʼLIM VA ILMIY MUHIT

DONIYOLBIY OTALIQ VA AMIR SHOHMUROD DAVRIDA BUXORODA TAʼLIM VA ILMIY MUHIT

Dunyo davlatlari iqtisodiy taraqqiyot, siyosiy barqarorlik va madaniy yetuklikka erishishning asosiy tamoyili ilm-fanni rivojlantirish ekanini anglagan holda shu sohaga alohida eʼtibor qaratadi va homiylik qiladi. 1756-1920 yillarda Buxoro amirligini boshqargan mangʻitlar saltanatida ham ilm-fan va madaniyat davlat siyosati darajasida qaraladigan sohalardan biri edi.

Buxoro amirligida fan va maorif hamda madaniy hayotdagi oʻzgarishlarni Amir Doniyolbiy (1758-1785) davridan boshlab oʻrganish maqsadga muvofiqdir. Chunki, ashtarxoniylar xonadonida yuqori lavozimlarda faoliyat koʻrsatib, qulay vaziyat tugʻilishi bilan hokimiyatni egallagan Muhammad Rahimbiy davrida hokimiyatni markazlashtirish ishlari olib borilgan. Taʼlim tizimi, maorif va madaniy jarayonlar ashtarxoniylar davridagi kabi davom etgan.  Amir Doniyolbiy hokimiyatni egallagach, jamiyatning barcha sohalari kabi maorif tizimini ham qatʼiy nazoratga olgan. Oliy taʼlim beruvchi madrasalarning faoliyatni muntazam tekshirib borish tartibini joriy qilgan. Turkiston jadidlarining otasi Mahmudxoʻja Behbudiy oʻzining “Amir Doniyolning qabrdan yozmish maktubi” maqolasida amirning taʼlim tizimi sohasidagi islohotlarini tilga oladi. Jumladan, mamlakatning taraqqiy etishi ilm-fan bilan bogʻliq ekanini inobatga olib, madrasalar vaqflar ajratilgani, ulardan tushadigan daromad asosida mudarrislarga maosh hamda talabalarga stipendiyalar joriy qilingani haqida maʼlumot beradi [1]. Ammo Amir Doniyolbiyning siyosiy faoliyatini keskin tanqid ostiga olgan Ahmad Donish maʼlumotlarida uning davrida ilm-fan tanazzul sari yuzlangani qayd qilingan.  Uning yozishicha, “Amir Doniyol boshqaruvi davrida amirlik poytaxti Buxoroda millat hayotida qabih oʻzgarishlar yuz berdi: aksariyat madrasalarda dars, masjidlarda namoz taqiqlanib, madrasalarning hujralari goho meshkobchining eshagi uchun ogʻilxona, baʼzan esa baqqolning gʻalla omboriga aylandi” [2: 18]. Ahmad Donishning bu maʼlumotlarini oʻsha davrning boshqa manbalari inkor etadi. Jumladan, Oʻzbekiston Milliy arxivi Qoʻshbegi fondida saqlanayotgan hujjatlarda Amir Doniyolbiyning madrasalar qurdirgani va madrasa mudarrislariga xazinadan maosh tayinlagani xususida maʼlumotlar mavjud. Amir Doniyolbiy Bahouddin Naqshband ziyoratgohida shu hudud aholisi oliy diniy taʼlim olishi uchun Doniyolbiy otaliq nomli madrasa qurdiradi. Madrasa talabalari uchun maxsus nizomnoma ishlab chiqilgan boʻlib, unga koʻra, vaqflar hisobidan talabaga hujra va stipendiya belgilab qoʻyilgan. Talaba qirq kun sababsiz darsga kelmasa, hujrada yashash va boshqa huquqlardan mahrum qilingan. Madrasaning umumiy boshqaruvi tuman qozisi nazoratida boʻlib, nizomda belgilangan tartiblarni buzgan mudarris va talabalarni jazolash vakolatiga ega boʻlgan. Madrasaning ichki boshqaruvi bosh mudarrisga tegishli boʻlgan. Buxoro shahri madrasalarida mudarrislik qilgan Tojiddin Abdulloh Bahouddindagi ushbu madrasaga tolibi ilmlarga tahsil berish uchun yuborilgan. Unga 35 tilla tanga maosh belgilangan va yashashi uchun madrasa hujralaridan biri taqdim qilingan [3: 40]. Mudarris madrasa talabalariga hisob, oʻqish, yozish, arab tili grammatikasi va diniy fanlarni oʻrgatgan.

Amir Doniyolbiyning taxt vorisi Shohmurod (1785-1800) hukmronligi davrida jamiyatning barcha sohalari kabi maorif va ilm-fan ham rivojlanib bordi. Shohmurod amirlik taxtini egallagunga qadar Samarqandda hokimlik qilgan boʻlib, shaharning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy qiyofasini tubdan oʻzgartirdi. Ilm-fanga jiddiy eʼtibor qaratib, xaroba holiga tushib qolgan Shayboniyxon va Xoja Ahror Valiy madrasalarini qayta tiklaydi. Ularga tegishli vaqf mulklarini qaytarib, hujjatlarini yangidan rasmiylashtiradi. Otasi vafotidan soʻng amirlik taxtiga oʻtirgach,  Buxoro shahridagi madrasalarni qayta taʼmirlaydi, ularga vaqflar tayinlaydi [4: 31]. Madrasalarda ilm berish ishlari rivojlanadi. Ernazar elchi, Xalifa Xudoydod, Muhammadamin toʻpchiboshi, Nazarak va Rahmonquli kabi yangi madrasalar bunyod etiladi. Buxoroning Gulobod mavzesida oʻzining nomi bilan ataluvchi madrasa qurdiradi [5: 173].  Amir Shohmurod davrida xotini – malika Bibi Otun ham madrasa qurdirgan boʻlib, unga “Jannatmakon” deb nom beradi. Tarixiy manbalardan zamondoshlari tomonidan Amir Shohmurod “jannatmakon”, deb eʼzozlangani maʼlum. Bundan koʻrinib turibdiki, malika madrasani amir sharafiga qurdirgan. Uning hukmronligi davrida 75 ta masjiddan 50 tasi taʼmirlangan, 3 ta madrasa qayta tiklangan [6: 6]. 

Amir Shohmurod davrida Xalifa Xudoydod majmuasi qurilishi boshlangan boʻlib, 1796-1797 yillarda qurilishi tugallangan. Xalifa Xudoydod oʻz davrining buyuk mutafakkiri, shoiri va xattoti boʻlgan. tarixchi Nosiriddin Hanafiyning maʼlumot berishicha, Xorazm viloyati shayxzodalaridan boʻlgan hazrat xalifa Xudoydod Mir Arab madrasasida 40 yil ilm oʻrganish bilan mashgʻul boʻlgan. Oʻqishni tamomlagach, oʻz yurtiga qaytmasdan, Pirmast (hozirgi Vobkent tumani) tumanidagi Koʻli Odina qishlogʻida yashay boshlaydi. Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviy mozori yonida xonaqoh qurdirib, unga 200 tanob yerni vaqf qilgan. Amir Doniyolbiy davrida Buxoro shahriga kelib, 12 tanob yer sotib olgan va shu joyda toshdan xonaqoh, 38 hujrali madrasa, sardoba, tahoratxona va maqbara qurdirgan.   Davomi bor…

Vazira SADULLAYEVA,
Buxoro davlat universiteti tayanch doktoranti

Check Also

SHUKRONALIK – INSON KAMOLOTINING ASOSI

Insonning kamolga yetishida barcha ijobiy fazilatlarning oʻziga xos oʻrni bor. Ammo ular ichida shukronalikning oʻrni …