Home / FOTO LAVHALAR / Taqdimot tadbirlari viloyatlarga koʻchmoqda

Taqdimot tadbirlari viloyatlarga koʻchmoqda

Mustaqilligimizning 30 yilligiga munosib tuhfa boʻlgan koʻplab ezgu ishlar istiqlolning naqadar buyuk neʼmat ekanini chuqur anglashimizda muhim omil boʻlayotgani bilan ahamiyatli. Xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi tomonidan oʻzbek tilidagi “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining dastlabki 30-juzi dunyo yuzini koʻrgani ham ming-minglab yurtdoshlarimizda bugungi kunlarga shukronalik hissini oshiradi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Buxorodagi Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasida Buxoro viloyati hokimligi, Mir Arab Oliy madrasasi, Mir Arab oʻrta maxsus islom bilim yurti, Joʻybori Kalon ayol-qizlar oʻrta maxsus bilim yurti, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasining Buxoro viloyatidagi vakilligi bilan hamkorlikda Imom Moturidiy “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tarjima qilinib nashr ettirilgan 30-juzi taqdimoti oʻtkazildi.

Markaz xodimlari, hamkor tashkilotlar va ilmiy doiralar vakillari, nufuzli ulamolar, diniy yoʻnalishdagi taʼlim muassasalari talaba yoshlari hamda mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etgan tadbir avvalida Qurʼon tilovat qilindi.

Taqdimotni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov ochib berdi. Notiq soʻzida yigʻilganlarga Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan nashr va tarjima ishlari  xususida qisqacha maʼlumot berdi.

Buxoro viloyati hokimi oʻrinbosari E.Majidov hamda Buxoro viloyati Bosh imom xatibi J.Elov oʻz nutqlarida davlatimiz rahbari boshchiligida soʻnggi yillarda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada keng koʻlamda olib borilayotgan tub islohotlar zamirida buyuk allomalarimiz hayoti va ilmiy merosi, shu jumladan, ularning islom ilmi rivojiga qoʻshgan bebaho asarlarining ilmiy-maʼnaviy qiymatini keng targʻib etish maqsadida oʻtkazilayotgan ushbu taqdimot tadbirlari iymoni butun, eʼtiqodi mustahkam xalqimiz uchun manfaatli boʻlib, yosh avlodni millatlararo va dinlararo bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat, tinchlik-totuvlik kabi islom dinining asl qadriyatlari ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshishiga ishonch bildirishdi.

Marosimning asosiy maʼruzachilari buyuk ajdodlarimizning islom ilmlari sohasidagi ilmiy merosi ayni  kungacha dunyo musulmonlari hayotida muhim ahamiyat kasb etib kelayotganini, xususan, yurtimizdan chiqqan faqih va kalom ilmi allomalarining islom huquqshunosligi, tafsir va aqida ilmi borasida toʻplagan ilmiy-amaliy tajribasi yurtimizda Qurʼon va fiqh ilmlari rivojiga munosib hissa qoʻshganini alohida eʼtirof etdilar.

Darhaqiqat, bu borada qator sharafli nomlar bilan eʼzozlangan Imom Moturidiy ilmiy merosi alohida eʼtiborga molik. Uning “Taʼvilot al-Qurʼon” asari – moturidiylik taʼlimoti asosidir.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchi olimlari tomonidan yuksak ilmiy qiymatga ega mazkur asarni tarjima qilish jarayonida Imom Moturidiy rahimahullohning qarashlarini imkon qadar yengil, tushunish oson boʻlgan uslubda xalqimizga yetkazishga eʼtibor qaratilib, Qurʼoni karim oyatlarining tarjimasini keltirishda Shayx Abdulaziz Mansur qalamiga mansub “Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri” asaridan keng foydalanildi.

  

Taqdimot savol-javoblar va qizgʻin munozaralarga boy boʻldi.

Yaqin kunlarda bu kabi taqdimot tadbirlarini respublikamizning boshqa viloyatlarida ham oʻtkazish rejalashtirilgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …