Home / ALLOMALAR / Samarqand ziyoratgohlari turkumidan / ABULHASAN ANDOQIYNING HAYOT YOʻLI

ABULHASAN ANDOQIYNING HAYOT YOʻLI

Tarixdan maʼlumki, yurtimizda barcha sohalarda boʻlgani kabi tasavvuf yoʻnalishida ham koʻpgina allomalar yetishib chiqqan. Shulardan biri Abulhasan Andoqiydir. U mashhur fiqh olimi Abulkarim ibn Hanifa Andoqiyning nabirasi boʻladi. Toʻliq ismi Abu Muhammad Hasan ibn Husayn Andoqiy boʻlib, 460/1067-552/1159 yillarda yashagan va oʻsha davrda ilm oʻchoqlaridan biri hisoblangan Buxoroda koʻpgina ulamolardan tahsil olgan. Shulardan biri – oʻz davrining avliyosi sanalmish Yusuf Hamadoniydan ham tahsil olgan va uning ikkinchi xalifasi darajasiga koʻtarilgan.

Xoja Yusuf Hamadoniyning shogirdu muridlari koʻp boʻlib, ulardan eng suyuklisi Abdulloh Barraqiy, Xoja Hasan Andoqiy, Ahmad Yassaviydir. Hatto silsilai sharifda toʻqqizinchi halqa piri murshidi Xoja Yusuf Hamadoniy ularni oʻziga maʼnaviy farzand deb qabul qilgan. U vafoti oldidan “Men vafot etganimdan soʻng jasadimni Abdulloh Barraqiy yuvsin, Abdulxoliq Gʻijduvoniy suyasin, qabrimni Andoqiy qazisin, Ahmad Yassaviy qabrimda “An-Noziot”ni oʻqib tursin” deb vasiyat qilgan ekan.

Abulhasan Andoqiy Buxoro fiqh maktabi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Shamsul aimma (imomlar quyoshi) nomini olgan Abu Muhammad Abdulaziz Halvoiydan fiqh va hadis ilmlaridan taʼlim olgan.

Alloma oʻz davrining tariqat, tasavvuf ilmi mashoyixlaridan edi. Butun umrini ilm olish va muridlariga taʼlim-tarbiya berish bilan oʻtkazgan. Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning sunnatlariga qatʼiy rioya etardi. Insonlarni Allohga ibodat qilishga, riyozatni lozim tutishga daʼvat etardi.

Andoqiy ustozi Yusuf Hamadoniy bilan Xorazm, soʻngra Bagʻdodga birga borgan. Samʼoniyning yozishicha, “Birinchi marta u kishini Marvda Shayx xonaqohida, keyinchalik Buxoroda koʻrdim va u zotdan koʻp rivoyat yozib oldim. Abulhasan Andoqiy meni nihoyatda hurmat qilar edi. U kishidan shayx Yusuf Hamadoniy rivoyat qilgan hadislardan taʼlim oldim”.[1]

Abulhasan Andoqiy tasavvufning xojagon tariqatiga asos solishda Abduxoliq Gʻijduvoniyga katta yordam bergan. Shu tariqa tariqat ilmining yetuk mashoyixlaridan biriga aylanib, Xoja Yusuf Hamadoniyning nazariga tushgan, mehrini qozongan.

Shuni alohida qayd etish kerakki, Andoqiy taʼlimoti jahoniy tariqat boʻlib, buni butun dunyo tasavvuf ahli, barcha tasavvufshunos olimlar eʼtirof etadi. Jumladan, olmon naqshbandiyshunos, tasavvufshunos olimi Yurgen Paul oʻzining “Die politische und soziale Bedeutung der Naqschbandiyya in Mittelasie im 15 Jahrhundert” (“XV asrda Oʻrta Osiyoda naqshbandiyaning siyosiy va ijtimoiy ahamiyati”) asarida xojagon-naqshbandiya, shuningdek, yassaviya tariqatlariga mansub 96 pirning nomini keltirib, Xoja Yusuf Hamadoniy va Xoja Abdulloh Barraqiydan keyin Abulhasan Andoqiyni qayd etgan.

Hazrat Andoqiy 1158 yili Ramazon oyining oxirgi uchinchi oʻn kunligida, Laylatul Qadr kechasida vafot etgan. U zotning qabri Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumaniga qarashli Andoqsoy mahallasi Andoqsoy qishlogʻida joylashgan. Mustaqillik davrigacha shunchaki tosh bilan aylantirib qoʻyilgan xaroba holatda boʻlgan. 1995 yildan 2015 yilgacha Andoqsoy qishlogʻi ahli tomonidan hashar yoʻli bilan, uni obod qilib, maqbara barpo etilgan.

[1] Abdulkarim Samʼoniy. “Al-Ansob” (“Nasabnoma”). – T.:  2017. – B. 10.

Baxtiyor Ibotov
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

SUGʻDLIK FAQIH – IMOM ALI SUGʻDIY

Islom fiqhiga oid kitoblarda Qoraxoniylar davrida Samarqandda ilmiy faoliyat olib borgan mashhur allomalardan biri Imom …