Home / MAQOLALAR / Jannatdan uzoq kishi

Jannatdan uzoq kishi

Baxillik kishini dunyoda xorlikka, oxiratda azobga yetaklovchi maʼnaviy illatlardan biridir. Qurʼoni karim va Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning hadislarida bu kasallik qattiq qoralangan. Olim va ulugʻ zotlar uni yomon xulq, deb tariflagan.

Baxillik saxovatning ziddi boʻlib, mol-dunyoni sarflanishi zarur oʻrinlardan man qilishdir. Bu oʻziga sarflamaslik, birovga bermaslik, soʻralganda rad etish kabilarni oʻz ichiga oladi.

Tangri taolo: “Alloh Oʻz fazlidan bergan narsaga baxillik qilganlar buni oʻzlariga yaxshilik deb hisoblamasinlar. Aksincha, bu ularga yomonlikdir. Qiyomat kuni baxillik qilgan narsalari ila boʻyinlari oʻralur. Osmonlaru yerning merosi Allohgadir. Va Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir”, degan (Oli Imron, 180 oyat).

Islom taʼlimoti boʻyicha insonning qoʻlidagi mol unga Alloh Oʻz fazlidan bergan omonatdir. Shuning uchun u mazkur molni Allohning roziligi yoʻlida sarflashi kerak. Ammo baxillik qilib, molni sarflamay toʻplasa, oʻzining koʻziga yaxshi boʻlib koʻringani bilan aslida yaxshilik boʻlmaydi. Kim baxillik bilan toʻplagan molini yaxshilik deb hisoblasa, notoʻgʻri oʻylagan boʻladi.

Baʼzilar mulkimdan hech kimga bermasam, u koʻpayadi, hech boʻlmasa, kamaymaydi, deb hisoblaydi. Aslida, “baxilning bogʻi koʻkarmas”ligini quyidagi hadis ochiqlaydi:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bandalar tong ottirgan kun borki, ikki farishta tushib, ulardan biri: “Allohim! Infoq qiluvchiga evaz bergin”, deydi. Ikkinchisi: “Allohim! Baxilga talofat bergin”, deydi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Baxil kishi mol-dunyosining kamayib qolishidan qoʻrqib, uni koʻpaytirish umidida muhtojlarga berishdan, hatto oʻziga-da sarflashdan xavfsiraydi. Oxir-oqibat shu qilmishi sababli dunyoda xor, oxiratda azobga duchor boʻladi.

Baxillikning ikkita darajasi bor:

  1. Oʻzidagi narsaga baxillik qilish.
  2. Birovdagi narsaga baxillik qilish.

Bunga quyidagi oyat dalolat boʻladi: “Ular baxillik qiladigan, odamlarni baxillikka buyuradigan va Alloh ularga Oʻz fazlidan bergan narsalarni berkitadiganlardir. Va kofirlarga xorlovchi azobni tayyorlaganmiz” (Niso, 37 oyat).

Birovdagi narsaga baxillik qilish eng yomoni boʻlib, bunda oʻzga bir kishining yaxshilik qilishiga qarshilik koʻrsatish, bandalarni xayrli ishlardan chalgʻitish kabi maʼnaviy illatlar mavjud.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saxiy Allohga yaqindir, jannatga yaqindir, odamlarga yaqindir, doʻzaxdan uzoqdir. Baxil esa Allohdan uzoqdir, jannatdan uzoqdir, odamlardan uzoqdir, doʻzaxga yaqindir. Albatta, saxovatli johil Alloh taologa baxil obiddan koʻra suyukliroqdir”, dedilar. (Imom Termiziy rivoyati).

Hadisga koʻra, molidan yaqinlarga, muhtojlarga yordam qiladigan kishi Allohning rahmatiga yaqin, odamlarning muhabbati va koʻngliga yaqin boʻladi va doʻzaxga eltuvchi amallardan uzoq yurar ekan. Aksincha, baxil, xasis odam Allohning buyrugʻini tark qilib, Undan va odamlardan uzoqlashadi, jannat koʻprigidan yiroqlashadi va doʻzax yoʻliga tushib oladi. Himmatli boʻlish, Razzoqning fazlidan boshqalarga ham ulashish baxt va saodatga eltuvchi vositalardan biridir.

Bahodir Mirzayev,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

SHAMSUL AIMMA HALVONIY QALAMIGA MANSUB ASARLAR

Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Hanafiy Buxoriy al-Halvoniy (vaf. 448/1056-1057) ijtimoiy-siyosiy faoliyati uchun …