Home / MAQOLALAR / “TAʼVILOT AL-QURʼON” BARCHA MAVHUM MASALALARGA ANIQLIK KIRITIB BЕRADI

“TAʼVILOT AL-QURʼON” BARCHA MAVHUM MASALALARGA ANIQLIK KIRITIB BЕRADI

Imom Moturidiy nomi bilan mashhur boʻlgan ulugʻ allomaning toʻliq ismi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy Samarqandiy Ansoriydir.

Imom Moturidiy Abu Bakr Ahmad ibn Isʼhoq Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyoziy, Nusayr ibn Yahyo Balxiy, Muhammad ibn Muqotil Roziy va boshqalardan taʼlim olgan.

Ushbu toʻrt alloma Imom Moturidiyning Abu Hanifagacha boʻlgan sanadini bogʻlovchi ustozlar hisoblanadi. Maʼlumki, Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Abu Nasr Iyoziy va Nusayr Balxiy Abu Sulaymon Muso Juzjoniyning shogirdlaridir. Bu zot esa Abu Hanifaning asosiy ikki izdoshi boʻlmish Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadning shogirdi boʻlgan. Demak, shunga koʻra, hanafiya mazhabi Imom Moturidiyga quyidagi sanad bilan yetib kelgan:

– Imom Abu Hanifa;

– Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad;

– Abu Sulaymon Muso Juzjoniy;

– Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Abu Nasr Iyoziy va Nusayr Balxiy;

  • Imom Moturidiy.

Imom Moturidiy fiqhda Abu Hanifaning mazhabida boʻlganidek, aqidada ham u kishiga ergashgan. Shuning uchun ham baʼzi manbalarda moturidiylar hanafiylar deb ham ataladi. Ulamolar Imom Moturidiyni “Imomul hudo” – Hidoyat imomi, “Musahhihu aqoidi ahli sunna” – Ahli sunna aqidasini toʻgʻrilovchi deb eʼtirof etgan.

Imom Moturidiy tafsir yoʻnalishi boʻyicha “Taʼvilot al-Qurʼon” nomli benazir asar yozgan. Bu kitob ahli sunna val jamoaning Qurʼon oyatlari tafsiridagi qarashlari toʻgʻri ekanini asoslash, tasdiqlash va isbotlash bilan birga, adashgan firqalarning notoʻgʻri qarashlarini ham ochib beruvchi moʻtabar asar hisoblanadi.

Allomaning bu kitobi tafsir ilmining “tafsir bil maʼsur” (mufassir Qurʼon oyatlarini rivoyat qilingan sahih hadislar va sahobalarning qavllari bilan tafsir qiladi) va “tafsir bir raʼy” (mufassir oʻz fikri va ijtihodi ila tafsir qiladi) yoʻnalishlari oʻrtasini jamlagan holda yozilgan asardir. Unda asosan islomiy aqidaga nisbatan turli qarashlar bayon etilib, ularga moturidiya aqidasi asosida baho berilgan. Bu kitobni Imom Moturidiyning shoh asari deb atash mumkin.

Imom Moturidiy “Taʼvilot al-Qurʼon” tafsirida moʻtazila, xavorij, rofiza, karromiy, jahmiy, mushabbiha, munajjim, folbin va boshqalarning fikrlarini munoqasha qilgan va hammasiga raddiya bergan. U kishi ahli sunna val jamoani qoʻllab-quvvatlagan. Shu bois bu asarning boshqa bir nomi “Taʼvilotu ahli sunna” deb nomlanadi. Imom Moturidiy unda sunniy aqidaga taʼvilda zid qarashlarni rad etadi va Abu Hanifaning qarashlariga suyangan holda ish koʻradi.

Mazkur kitob bizga toʻliq holda etib kelgan boʻlib, dunyoning koʻplab qoʻlyozma fondlarida uning qoʻlyozma nusxalari mavjud. Eng qadimiy nusxasi Makkadagi “Maktabatul haram al-Makkiy” kutubxonasi qoʻlyozmalar fondida saqlanadi. Bu asar boʻyicha bir necha bor tadqiqot ishlari olib borilgan va nashr etilgan.

Toshkent nusxalari taqriban 700 yil burun koʻchirilgan. Asarning bir qoʻlyozma nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida 5126 raqami bilan saqlanadi. 1971 yili Qohirada Ibrohim Muhammad Avadayn va Sayyid Muhammad Avadayn kitobning bir qismini tadqiq etib, “Fotiha” surasidan “Baqara” surasining yarmigacha boʻlgan qismini nashr qilgan. 1983 yili Bagʻdodda Muhammad Mustafizurrohman “Fotiha” surasidan “Baqara” surasining oxirigacha boʻlgan qismini bosmadan chiqargan.

“Taʼvilot al-Qurʼon” bangladeshlik olim A.A. Rahmon tomonidan 1981 yilda yangi izoh va sharhlar bilan toʻliq nashr qilingan.

Bu kitobni 2004 yili Bayrutda Fotima Yusuf Xoymiy tadqiq qilib, besh jildda chop ettirgan.

“Taʼvilot al-Qurʼon” 2005 yili Bayrutdagi “Dorul kutubil ilmiya” nashriyotida ikkinchi marta doktor Majdiy Bosalum tomonidan tadqiq qilinib, oʻn jildda, 6230 sahifada nashr etilgan. Muhaqqiq kitobning birinchi jildida besh bobdan iborat 348 sahifalik muqaddima yozgan. Unda Imom Moturidiyning hayoti va faoliyati, mazkur kitobning yozilishi haqida batafsil maʼlumot bergan.

Ushbu kitob 2005 va 2009 yillarda turk olimi doktor Bekir Toʻpaloʻgʻli tomonidan Istanbuldagi “Dorul mezon” nashriyotida ikki marta oʻn sakkiz jildda nashr etildi.

Imom Moturidiyning bu tafsiri islom ilmlari taʼlimotida maʼlum va mashhur boʻlib, ulamolar nazdida boshqa biror avvalgi va keyingi tafsirlar unga tenglasha olmagan. “Kashfuz zunun” kitobi muallifi Hoji Xalifa “Taʼvilot al-Qurʼon” haqida Abu Muin Nasafiyning: “U biror kitob teng kela olmaydigan asardir. Bu fan boʻyicha yozilgan kitoblarning birortasi unga yaqin ham kela olmaydi”, degan taʼrifini keltiradi. Hoji Xalifaning taʼkidlashicha, ushbu kitob Imom Moturidiyning boshqa asarlari orasida tili va uslubi jihatidan eng yengili ham hisoblanadi. Shu sababli, ahli sunna val jamoa ulamolarining asosiy manbaidir.

Masalan: Alloh taolo “Layl” surasining 14-15 oyatlarida: “Unda faqat baxtsiz (odam) kuygay. Qaysiki, (dinni) inkor etib, (itoatdan) bosh tortgan boʻlsa”, deb marhamat qiladi.

Aslida kofirlarga taalluqli boʻlgan bu oyatni moʻtaziliylar: “U faqat inkor qilish maʼnosida kelmagan. Bu yerda Alloh taoloning buyruqlari borasida kamchilik va nuqsonga yoʻl qoʻyganlar va U qaytargan ishlarga qoʻl urganlar ham nazarda tutilmoqda”, degan. 

Xavorijlar bunday deydi: “Gunohi kabira qilganlar bu ishlari bilan inkor qiluvchi va yuz oʻgiruvchiga aylanadi. Chunki ular dastlab tavhid va imonga eʼtiqod qilganida buyruq kelgan barcha ishlarni toʻliq ado etishni, unga loyiq boʻlgan barcha ishlarni bajarish va unga munosib boʻlmagan barcha ishlardan tiyilishni zimmasiga olgan. Shunday ekan, bu narsa tark qilinadigan boʻlsa, aslida uni bajarishga eʼtiqod qilgan narsani inkor qiluvchiga aylanib qoladi”.

Imom Moturidiy bu ikki toifaning notoʻgʻri daʼvolariga raddiya oʻlaroq: “Biroq bizning aqidamiz boʻyicha amalni bajarmaslik bilan inkor qiluvchi boʻlib qolmaydi. Faqat vaʼdasi va eʼtiqodiga xilof ish qilgan kishiga aylanib qoladi”, deydi.

Alloh taolo faqat mushrik va kofirlarga azob beradi, degan fikrni ilgari suradigan murjiiylar bu oyatni dalil keltirib, bunday deydi: “U olovga faqat inkor qilgan va bosh tortgan kishilargina kiradi. Musulmon kishi garchi katta yoki kichik gunohga qoʻl ursa-da, inkor qiluvchi ham, bosh tortuvchi ham boʻlmaydi”.

 Imom Moturidiy murjiiylarning bu notoʻgʻri daʼvolariga raddiya berib, bunday deydi: “Lekin bizning nazdimizda bu oyat tavhid va imon ahllari emas, kofirlar toʻgʻrisida nozil boʻlgan.

Bu ikki oyat doʻzaxning bir eshigi qolib boshqa bir eshigi, bir qavati qolib boshqa bir qavati haqida kelgan boʻlishi mumkin. Chunki, (doʻzaxda) har bir toifaning oʻziga tegishli qavati bordir. Alloh taolo Niso surasining 145-oyatida: “Albatta, munofiqlar doʻzaxning eng tubida (boʻlur)lar” degan. Bu holat Gʻoshiya surasining 6-oyatida “Ular uchun taom boʻlmas, boʻlganda ham faqat zaharli giyohdan boʻlur”  yoki Hoqqa surasining 36-oyatida “Yiringdan boshqa biror taom ham yoʻqdir” deyilganidekdir. Oyatda aytib oʻtilgan zaharli giyoh  doʻzaxning bir eshigi va qavatida, yiring esa boshqa bir qavatida boʻladi. Binobarin, bu qavatga faqat baxtsiz insongina kirishi mumkin. Gunohi kabira qilgan kishilar uchun maxsus bir qavat boʻlishi ham mumkin.

Ulamolarning gunohi kabira egalari qattiq qoʻrqitilgan va tahdid qilingan, degan gapiga kelsak, biz ularga qilingan tahdidlarni hamda ularning azoblanishini inkor etmaymiz. Biroq gunohi kabira egalari doʻzaxga kiradigan boʻlsa, uning kofirlar tushgan qavatlarida boʻlmaydi, deb aytamiz. Ularning olovi va uning lovullashi bor deb zikr qilingan azobdan boshqa bir azob bilan azoblanishi ehtimoli ham yoʻq emas. Bizning nazdimizda gunohi kabira egalari Alloh taoloning xohish-irodasidadir. Xohlasa, ularni azoblaydi, xohlasa, afv etib, azobdan xalos qiladi. Ammo lovullab yonib turish sifati bilan zikr qilingan olov esa kofirlar uchundir”.

“Taʼvilot al-Qurʼon” oʻz davrida katta shuhrat qozongan. Bunga moturidiya ulamosi Abu Muin Nasafiy “Tabsiratul adilla” asarida aytgan quyidagi soʻzlarni misol keltirish mumkin: “Imom Moturidiyning Qurʼonga yozgan tafsiri barcha mavhum tuyulgan masalalarga aniqlik kiritib beruvchi, inson qalbidagi shubhali qora bulutlarni haydovchi hamda nihoyatda boligʻ vasf ila yozilgan asardir. Alloh shunday kitobni yozgan zotga oʻz salomini yoʻllasin”.

Imom Moturidiyning shu birgina asari uzoq tarix davomida koʻplab allomalar asarlariga asos, ijodiga turtki boʻlgan. Shulardan biri Abu Muin Nasafiyning shogirdi Alouddin Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Ahmad Samarqandiyning sharhidir. U “Sharhu taʼviloti ahli sunna” deb nomlanib, Sharqshunoslik instituti fondida bu asarning ikkita nusxasi saqlanadi. Mazkur sharhning bir qoʻlyozma nusxasi Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasi “Madina” boʻlimida 179 raqam bilan saqlanadi. Yana bir nusxasi Hindistondagi Xudobaxsh nomli kutubxonada 294 raqam ostida saqlanadi. Bu yoʻnalishda tadqiqot olib borgan doktor Ayyub Ali ushbu kitob Alouddin Samarqandiy tomonidan Moturidiyning tafsiriga yozilgan sharhdir, degan xulosaga kelgan. Alloma Alouddin Samarqandiy bu asarni ustozi Abu Muin Nasafiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” kitobidan dars berish jarayonida yozib borgan va sakkiz jildda jamlagan. Bu sharh qoʻlyozmasi hanuzgacha biror yerda chop etilmagan.

 “Taʼvilot al-Qurʼon” asarini oʻrganish, tadqiq qilish va xalqimizni bu bebaho ilmiy merosdan bahramand qilish bugungi turli buzgʻunchi oqimlarga qarshi kurashish, islom taʼlimotini fitna uyushtirish maqsadida notoʻgʻri talqin qilish holatlarining oldini olish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega. Shu sababli Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchi olimlari tomonidan bu asarni oʻzbek tiliga tarjima qilishdek sharafli ishga qoʻl urildi. Natijada bugun “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining 30-juzi ilk marta oʻzbek tilida nashr etildi.  Albatta, bu davlatimiz mustaqilligining 30 yilligiga munosib tuhfa boʻldi.

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ISLOMDA TAVFIQ MASALASI (1-qism)

Alloh taolo bandalarini Oʻziga toatu ibodat qilishi va xayrli ishlarni amalga oshirib, Oʻzining muhabbatu roziligiga …