Home / MAQOLALAR / Yoshlarga siyqasi chiqqan usullar bilan emas, aniq fikrlar bilan tarbiya bersak…

Yoshlarga siyqasi chiqqan usullar bilan emas, aniq fikrlar bilan tarbiya bersak…

Har bir raqam hosiyatli. Undan biror tarbiya yo‘lida foydalanish mumkin.

Biz hozir tarbiya fani uslublari va joylarda ma’naviyat haqida tadbirlar o‘tkazar ekanmiz, odamlarga siyqasi chiqqan ma’ruza usullari emas, balki aniq fikrlarni bersak, samarali bo‘ladi. Quruq nasihatlar ham zerikarli bo‘ladi.Tarbiya masalasida gohida aniqlik ham kerak. Hozirgi yoshlarga aniq va aniq gapirmasa qabul qilishi qiyin. Mahallalarda jamoatchilikka targ‘ibot ishlarini olib borishda raqamlar misolida hayotga bog‘lab, tushuntirish usullaridan foydalanish mumkin. Masalan, to‘rt raqami yoshlarga tarbiya unsurlarini singdirishi mumkin.  

Birinchisi, to‘rt kishidan hech qachon arazlamang, bular:
Ota
Ona
Aka-uka
Opa-singil.

Mana shu to‘rt jigarband atrofida qancha misollar va nasihatlar qilish mumkin. Mahallalarda shunday kishilar yo‘qmi? Shunday arazlar orqasidan qancha noxushliklar kelib chiqmoqda? Jigargo‘shalarini ko‘ra olmaydiganlar haqida ijtimoiy tarmoqlarda deyarli kunda bir xabar bor. Bemehrlik, mol-mulk talashish, ajrimlarni ildizlaridan biri shu kabi noinsoniy va noshoista xislatlar. Siylai rahm tushunchasini farzandlarimizga yoshlikdan tushuntirishimiz, bu xislat bor joyda ishda, umrda, jamiyatda baraka bo‘lishini aniq misollar bilan tushuntirishimiz darkor. Ijtimoiy tarmoqlardagi jirkanch holatlar sababini ham mana shu tushunchalardan uzoqlashish deb bilish lozim. Siylai rahmni bilganlar hech qachon ming tuban ketmaydi. Umuman qarindosh-urug‘lar bilan bordi-keldi qilmaydigan, yuz ko‘rmas odamlar bilan do‘st ham bo‘lish kerak emas, ulardan nariroq yurish lozim, chunki bu kabi odamlar boshqalar axloqini buzadi.  

Ikkinchi, to‘rt narsadan Yaratgandan panohini tilang, bular:  
G‘am
Mahzunlik
Ojizlik
Baxillik.

Vaqti soati bilan odamlarda o‘zi xohlasa-xohlamasa shunday vaziyat bo‘lib turadi.

Albatta, bunday hollarda kishining yaqinlari, qo‘shnilari va mahalla jamoatchiligini ko‘magi va ezgulikka chorlovchi taniqli kishilarni ko‘magiga muhtoj bo‘ladi kishi. Shuning uchun bekorga har bir nuroniy yoki taniqli kishi shunday ma’naviy ko‘makka muhtojlardan kamida besh nafarini otaliqqa olsin deyilmayapti. Hayotda bir kishining daldasi odamni inqirozdan chiqib ketishiga sabab bo‘ladi.  

Uchinchisi, to‘rt kishiga bag‘ritoshlik qilmang, bular:
Yetim
Miskin
Faqir
Bemorga.

Oramizda odamlarga qancha muruvvat yordamlari ko‘rsatilmoqda. «Yoshlar daftari», «Temir daftar», «Ayollar daftari» tuzilib ularning holidan xabar olinmoqda. Oliy ta’limga imkoniyatlar berilmoqda, uy-joy bilan ta’minlanmoqda. Xalqimizda yetimning va olimning ko‘ngilini Yaratgan nazorat qiladi, degan gap bor. Davlatimiz rahbarining «Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori juda muhim hujjat bo‘ldi. Shu daftarlardan ko‘pchilik chiqarib yuborishga ham sabab bo‘lindi. Bunda mahallalarga vazirlik, qo‘mita, sektor rahbarlari, bank xodimlari biriktirildi.

To‘rtinchi, to‘rt narsani taqinchoq kabi taqib oling, bular:
Sabr
Halimlik
Ilm
Saxiylik.

Bu to‘rtlik ustida har qancha gapirsa ham oz. Yoshi ulug‘lar oson tushunadi bu o‘gitlarni, ammo gap o‘rta va quyi qatlam avlodlar ustida ketmoqda. Bu ularda kuzatilayotgan besabrlik, dag‘allik, ilmsizlik, baxillikda gohida bilinib qolmoqda. Aslida hayot mazmuni moddiyatda emas. Bu yo‘lda Hazrati Alisher Navoiy va boshqa avliyolarimiz asarlarining mazmun-mohiyati, muqaddas dinimizning asosiy g‘oyalari haqida targ‘ibotlarni olib borishimiz kerak.  

Beshinchi, to‘rt kishiga yaqin yuring.
Muxlis
Vafodor
Ochiq ko‘ngilga;
Sodiqqa.

Shu kabi insonlardan faqat yaxshilik yuqadi. Yaxshilik ham, yomonlik ham yuqumli bo‘ladi. Xalqimizda «Yomonga yaqin yursang qarosi yuqadi», degan maqol bor. Yomon xislatli odamlardan uzoqroq yurgan ma’qul. Hatto ular suhbatidan ham qochish lozim, chunki bunday suhbatlardan azoblanib yurgandan ko‘ra, sahrodagi tashnalik afzal.  

Oltinchi, to‘rt kishidan uzoq yuring, bular,
Oilangizga ko‘z olaytiradigan fosiq
Millat xoini
Kishilarning xatosini izlab, sharmanda qilish uchun urinadigan «quloq»dan  
Dushmanga xizmat qiladigan pastkash «do‘st»dan.

Insoniyat paydo bo‘libdiki, ular oramizda bor. Ular har dam shikast berish, oyoqdan chalish payida. Shuning uchun ularning yaqiniga ham bormay, uzoq yurish lozim.

Yettinchi, to‘rt kishiga ishonmang, bular,
Kazzob
O‘g‘ri
Hasadgo‘y
Manmanga

Ijtimoiy tarmoqlarda qancha kishilarni aldab pulini olayotgan, poraxo‘r, muttaham, firibgarlar haqida kunda axborotlar o‘qiyapmiz. Bular orasida amaldorlarning bo‘lishi achinarli. Agar ular haromdan hazar qilganlarida edi, shunday noshoista ishlardan qochgan bo‘lar edilar. Bular ham amalga o‘tirishdan oldin malaka oshirganlar, attestatsiya va suhbatdan o‘tganlar. Ishonib amal kursisi topshirilgan. Afsuski, odamlarni ishontirib , laqillatib korrupsiya balosiga giriftor bo‘lmoqdalar. Sodda odamlarni aldash, el-yurt haqiga xiyonat qilmoqdalar.  

Sakkizinchi, to‘rt kishidan mehringni darig‘ tutmang, bular:
Juftlaringiz
Farzandlaringiz
Oilangiz
Do‘stlaringizdan.

Bularga qancha mehr berilsa, shuncha oz. Oilalarning mustahkamligi shular bilan. Bularni halol rizq bilan boqish ibodatlarni eng afzali deyiladi, muqaddas kitoblarimizda.  

To‘qqizinchi, to‘rt narsani kamaytiring, bular:
Yeyish
Uxlash
Dangasalik
Harakatsizlik.

Harakat qilgan odam muhtoj bo‘lmaydi. Kambag‘al ham bo‘lmaydi.

Nazarimizda, shu o‘gitlar dona-dona tushuntirilsa, joylardagi ma’naviyat targ‘ibotchilari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bular tarbiya darslari uchun ham metodik tavsiya. Oila davrasida ham farzand va nabiralarga ham anglatib borish lozim .  

Baxtiyor Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …