Home / MAQOLALAR / Yarim asrga teng din xizmati

Yarim asrga teng din xizmati

2021 yil 15 avgust kuni yurtimiz ahli ulkan musibatga, ogʻir judolikka uchradi. Koʻp yillardan beri nafaqat yurtimiz, balki mintaqadagi mamlakatlarga ham sermahsul xizmatlari bilan tanilgan, fazilatli ulamo, mohir mufassir, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Temirxon oʻgʻli Alimov hazratlari foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat qildilar.

Barchamiz uchun qadrli, muftiy Usmonxon Temirxon oʻgʻli Alimov hazratlari 1950 yilda Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi ziyoli oilada tavallud topganlar. 1982-1983 yillarda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, 1983-1987 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida, 1989-1990 yillarda esa Marokash davlatining “Karaviyn” dorilfununida tahsil olganlar.

Muftiy hazrat butun umrlari davomida Islom dini maʼrifatini tarqatish bilan shugʻullandilar. U kishi Samarqand viloyati Payariq tumanida joylashgan Imom Buxoriy nomidagi jome masjidida 1980-1982 yillarda imom noibi, 1987-2006 yillarda esa imom-xatibi vazifasida   faoliyat yuritdilar. Shu bilan birga, 2000-2006 yillarda Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi lavozimida ishlaganlar.

Ustozimiz Usmonxon Temirxon oʻgʻli hazratlari 2006 yilda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylanib, 15 yildan ziyod vaqt davomida muftiy lavozimida samarali faoliyat olib bordilar.

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo miqyosidagi obroʻ-eʼtiborli ulamolardan biri edilar. Hazrat 2012 yilda Diniy idora tarixida ilk bor Islom olami uyushmasi taʼsis majlisining aʼzosi hamda Butun dunyo ulamolar kengashi aʼzosi etib saylangan edilar.

Islom dini maʼrifatini tarqatish va oʻzaro hamkorlikdagi keng koʻlamli ishlar uchun Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Rossiya Federatsiyasining Sverdlovsk viloyati musulmonlari idorasi tomonidan “Kumush yarim oy” medali bilan taqdirlanganlar.

Marhum Usmonxon Alimov hazratlari Markaziy Osiyo musulmonlari maʼnaviy taraqqiyotiga koʻp yillar xizmat qilganlari, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik kabi islomiy tamoyillarga sodiqliklari, ota-bobolarimizdan meros boʻlib qolgan urf-odatlarni tiklash va asrab-avaylashga qoʻshgan hissalari uchun Qirgʻiziston musulmonlari idorasining 1-darajali “Ыntыmoq” medali (“Ittifoq”) bilan taqdirlanganlar.

Magʻfur Usmonxon Alimov hazratlari xalqaro eʼtibor va ehtirom sabab Ummon Sultonligi Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan 2019 yil 30 sentyabrda eʼlon qilingan “Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni” roʻyxatidan munosib oʻrin egalladilar. U kishi oʻtgan 11 yildan buyon ushbu roʻyxatdan mustahkam joy olganlar.

Fazilatli Usmonxon Alimov hazratlarining bir necha oʻnlab diniy-maʼrifiy asarlari va yuzlab ilmiy-ijodiy maqolalarini inobatga olgan holda Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi faxriy doktori unvoni berilgan edi. Shuningdek, 2021 yilda Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hayʼati raisi etib saylangan edilar.

2006, 2011 va 2016 yillarda tegishliligicha Mustaqillikning 15, 20 va 25 yilligiga bagʻishlangan esdalik nishonlari bilan taqdirlanganlar. Shuningdek, 2021 yil 19 apreldagi Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi Vasiylik Kengashi qarori asosida Birinchi darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan ham taqdirlangan edilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 1 yanvar kungi Farmoniga asosan tinchlik-osoyishtalik, farovonlik kabi islomiy tamoyillarga sodiqligi, yosh avlodni milliy va umuminsoniy gʻoyalar, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga katta hissa qoʻshganlari, uzoq yillardan buyon Islom dinining insonparvarlik, oliyjanoblik gʻoyalarini keng targʻib qilganlari uchun Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan edilar.

Muftiy hazratlari yurtimizdagi masjidlar faoliyati va madrasalari diniy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish, oʻquv rejalari va dasturlarini tayyorlash hamda ularni hayotga tatbiq etish ishlariga bevosita boshchilik qildilar. Bundan tashqari, xorijiy mamlakatlarda boʻlib oʻtadigan xalqaro anjumanlarda ilmiy asoslangan mazmunli maʼruzalari bilan muntazam ishtirok etdilar.

Muftiy hazratlari yurtimizda chop etiladigan diniy mavzudagi gazeta-jurnallar tahrir hayʼatlarining aʼzosi, nashr etilayotgan diniy kitoblarning masʼul muharriri sifatida ham islom maʼrifati targʻibotiga katta hissa qoʻshdilar. Hazrat oʻttizdan ziyod kitob va yuzdan ziyod ilmiy-ommabop maqolalar taʼlif etganlar. Bugungi kunga qadar u kishining “Tafsiri Irfon”, “Dolzarb savollarga haqzarb javoblar”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy barakoti”, “IX-X asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi”, “Hazrati Imom”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Rasulullohning muborak vasiyatlari”, “Rasululloh moʻjizalari”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “Soʻragan edingiz”, “Islom maʼrifati yoʻlida” “Hayotbaxsh maʼnaviy meros”, “Buxoriy bobom” kabi asarlari muxlislar koʻnglidan munosib joy olgan.

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Qurʼoni karim maʼnolarining oʻzbek tiliga tarjimasi va tafsiri mualliflaridan biri edilar. Qurʼoni karim oyatlari maʼnolarini tarjima va tafsir qilish ishi juda ham mashaqqatli, masʼuliyatli va ayni vaqtda sharafli vazifadir. Shu maʼnoda, xalqimizning Qurʼoni karimga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash yoʻlida muftiy Usmonxon Alimov hazratlari tomonidan Qurʼoni karimning maʼnolari tarjimasi va tafsiri kitobi taʼlif etilgan “Tafsiri Irfon” kitobida Qurʼoni karim oyatlari bugungi voqeligimizga moslab, xalqchil tilda, ayni chogʻda, yuksak ilmiy mahorat bilan tarjima va tafsir etilgan.

Islom dinining ezgu taʼlimotlarini barchaga goʻzal shaklda yetkazish savobi ulugʻ amallardan hisoblanadi. Alloh taolo Qurʼoni karimda Oʻz diniga xizmat qiluvchilarni shunday ifoda etadi:

“Ey, imon keltirganlar! Agar sizlar Allohga yordam bersangiz (dinining rivoji uchun harakat qilsangiz), U ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur” (Muhammad, 7).

Islom dini yoʻlida soch-soqoli oqargan moʻysafid odamlar haqida Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

مَنْ شَابَ شَيْبَةً فِي الْإِسْلَامِ كَانَتْ لَهُ نُورًا يَوْمَ الْقِيَامَةِ

“Islom yoʻlida kimning sochiga oq tushgan boʻlsa, Qiyomat kuni unga nur boʻladi”, deya marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati). Demak, din taʼlimotini yaxshi tushunadigan boʻlish inson uchun katta baxt-saodatdir. Alloh taolo Muftiy hazratlariga ana shunday yaxshilikni iroda etgan boʻlsin.

Islom dini ravnaqiga salmoqli hissa qoʻshgan, dovrugʻi nafaqat Oʻzbekiston balki qoʻshni va xorij mamlakatlarida ham maʼlum boʻlgan rahmatli Usmonxon Temirxon oʻgʻli Alimov hazratlarining serqirra faoliyatlari barchamizning faxru iftixorimizdir.

Yuqorida qayd etganlarimiz va muftiy Usmonxon Temirxon oʻgʻli Alimov hazratlarining yarim asrga teng – ellik yillik dini mubinimiz yoʻlidagi beqiyos xizmatlari, ilm-maʼrifat, ziyo taratish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini husni qabul aylab, Oʻz magʻfiratiga olsin, chekkan dardlarini barcha sahvu xatolariga kafforat qilib, rahmatiga chulgʻasin, qabrlarini jannat bogʻchalaridan qilib, oxiratlarini obod aylasin!

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi
Manba: muslim.uz

Check Also

MAVLONO MUHAMMAD QOZINING “SILSILATUL-ORIFIN VA TAZKIRATUS-SIDDIQIN” ASARIDAGI TARIXIY-TASAVVUFIY GʻOYALAR

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida dunyoga mashhur allomalarimiz maʼnaviy merosini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biz …