Home / YANGILIKLAR / “MOTURIDIYLIK VA HOZIRGI ZAMON” MAVZUIDAGI XALQARO ILMIY SЕMINARLAR HAFTALIGI

“MOTURIDIYLIK VA HOZIRGI ZAMON” MAVZUIDAGI XALQARO ILMIY SЕMINARLAR HAFTALIGI

Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamkorligida 2021 yil 11-18 avgust kunlari “Moturidiylik va hozirgi zamon” mavzuida turkum xalqaro ilmiy seminarlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Anjuman va davra suhbatlarida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oʻqituvchisi, IMXITM Bosh ilmiy xodimi, doktor Ahmad Saʼd Damanhuriy oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etadi.

Ikki tomonlama hamkorlik doirasida 11 avgust kuni Markazga doktor Ahmad Saʼd Damanhuriy tashrif buyurdi. Direktor oʻrinbosari O.Muhammadiyev mehmonni Markaz faoliyati bilan tanishtirdi. Ahmad Saʼd Oʻzbekiston hukumati tomonidan allomalarimiz ilmiy merosini oʻrganish va targʻib etishga yuksak eʼtibor koʻrsatilayotganini mamnuniyat bilan taʼkidladi. Doktor Damanhuriyda Markaz kutubxonasiga Misr Arab Respublikasi va Turkiyadan olib kelingan nodir asarlar katta taʼassurot qoldirdi. Olim kelajakda bunday ilmiy-tadqiqot markazlarida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va boshqa yuzlab allomalarning asarlari oʻrganilib, keng jamoatchilikka yetkazilishiga ishonishini bildirdi.

Seminarlarda Markaz ilmiy xodimlari va boshqa tadqiqotchi islomshunos olimlar ishtirokida “Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosi”, “Taʼvilot al-Qurʼon” va “Tavhid” asarlari haqida maʼruzalar qilinadi, davra suhbatlari oʻtkaziladi.

Samarqandga tashrif asnosida mehmonning bu qadim shahardagi tarixiy obidalarga ziyorati hamda Samarqand qogʻozi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishuvi koʻzda tutilgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
matbuot xizmati

Check Also

Yangi loyiha boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) …