Home / YANGILIKLAR / “Sahihul Buxoriy” asarining qoʻlyozma nusxalariga oid xalqaro onlayn konferensiya Misr OAV nigohida

“Sahihul Buxoriy” asarining qoʻlyozma nusxalariga oid xalqaro onlayn konferensiya Misr OAV nigohida

Joriy yil 15 iyul kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashabbusi bilan bir qator xalqaro tashkilotlar, oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tadqiqot markazlari hamkorligida “Sahihul Buxoriy” asarining jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qadimiy va nodir qoʻlyozma nusxalari” mavzusida oʻtkazilgan xalqaro onlayn konferensiya tafsilotlari toʻgʻrisida Misr Arab Respublikasining

– https://gate.ahram.org.eg;

– https://www.shorouknews.com;

– https://m.akhbarelyom.com;

– https://nabd.cc kabi nufuzli axborot saytlarida “Imom Buxoriy insoniyatga taqdim etgan ilmiy merosi bilan oʻtmishning  sofligini saqlashga va bugunning madaniyati boyitishga ulkan hissa qoʻshgan olim” sarlavhali maqola eʼlon qilindi.

Maqola muallifi Al-Azhar Islom tadqiqotlar akademiyasi Bosh kotibi, prof. dr. Muhammad Nazir Ayyad Samarqandda onlayn tarzda tashkil etilgan konferensiya ochilish marosimida bevosita ishtirok etib, Al-Azhar shayxi, Bosh Imom – doktor Ahmad Toyyib janoblaridan salom yoʻllash imkoniyatiga ega boʻlganidan mamnunligini bildirgan.

Muhammad Nazir Ayyad 1995 yilda huquq, falsafa va din asoslari boʻyicha bakalavr, 2000 yilda magistrlik darajasini qoʻlga kiritgan.

U turli yillarda Mansura universitetida asisitent, oʻqituvchi, dotsent lavozimlarida ishlagan. Kafrush Shayx universitetida islom va arabshunoslik boʻlimi, shuningdek, eʼtiqod va falsafa kafedrasida faoliyat yuritgan. 2016 yilda professor ilmiy darajasini qoʻlga kiritgan.

Muhammad Nazir Ayyad Misrning Al-Azhar, Liviyaning Asmari, Saudiya Arabistonining Toif universitetlari mukofotlari bilan taqdirlangan.

Maqola muallifining aytishicha, boʻlib oʻtgan konferensiya insoniyatga taqdim etgan ilmiy merosi bilan oʻtmishning  sofligini saqlab, bugungi davr madaniyatini boyitishga ulkan hissa qoʻshib kelayotgan Imom Buxoriy shaxsiyati va uning yuksak maʼnaviy siyratini jahon miqyosida yana bir bor gavdalantirdi.

“Bu buyuk Imom bundan oldingi va hozirgi zamon  ulamolari orasida hadis ilmida eng ulugʻ unvon “Amirul moʻminin fil hadis” (hadis ilmida moʻminlarning amiri) deb tan olingan eʼtirofga aynan mos, zero, bu unvon eng oliy maqom sohibiga beriladi, –  deydi Muhammad Nazir Ayyad.

“Ushbu anjuman hozirgi avlodning bizga islomiy madaniyatni oʻzida aks ettirgan asarlar yozib qoldirgan, oʻzligimizni anglashga, eʼtiqodimizning mustahkamlanishiga oʻz hissasini qoʻshgan buyuk allomalarimizga sadoqatini ifodalaydi. Imom Buxoriy haqida esa qancha gapirsa ham ozdir. Ayni qancha koʻp gapirilsa ham undan hech kim malol olmaydi. Buyuk muhaddisning shaxsiyati va uning boy ilmiy merosi mohiyatini toʻla-toʻkis ochib berishga biz hali-hanuz ojizmiz”, deyiladi maqolada.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yangi loyiha boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) …