Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIYNING ILMIY SAFARLARI

IMOM BUXORIYNING ILMIY SAFARLARI

Imom Buxoriy oʻn olti yoshigacha Buxoroda taʼlim olgan. Soʻng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vatani va islom dinining markazi boʻlgan Hijozga yuzlangan. Imom Buxoriyning xos shogirdi va kotibi Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy bunday deydi: “Imom Buxoriy: “Men oʻn olti yoshimda Ibn Muborak va Vakiʼning kitoblarini yod oldim. Soʻng onam va akam bilan birga haj safariga chiqdim”, degan”.

Abu Jaʼfar Varroq Buxoriyning bu gapidan Imom Buxoriyning ilk safari 210/826 yilda boʻlganini bilib olamiz. Yaʼni, 204/820 yoki 205/821 yilda hadis tinglashni boshlagan boʻlsa, hajga ketguniga qadar oʻtgan 5-6 yillik mana shu oz fursatda oʻz shahrida fazilat va kamolga erishib, ishonchli roviy darajasiga yetgan.

Haj amallari yakuniga yetganidan soʻng onasi va akasi Ahmad yurtiga qaytdi. Imom Buxoriy Makkada qolishni afzal koʻrdi. Makka Hijozdagi eng muhim ilmiy markazlardan biri edi. Islomiy ilmlarga tashna boʻlgani uchun onasi va akasidan ajralishga rozi boʻldi va bu ulugʻ shahardagi shayxlarning majlislariga qatnay boshladi. Makkadagi barcha muhaddislardan hadis tingladi.

Imom Buxoriy Makkadan chiqib, Madinaga yuzlandi. Odamlar u yerga har joydan kelib hadis oʻrganardi. Imom Buxoriy Madinaga 212/828 yili oʻn sakkiz yoshida kelgan. Imom Buxoriy bu yerdagi nurli kechalarda oʻzining “Tarixul kabir” kitobi qoralamasini yozdi. Tarixchilar Imom Buxoriyning Hijoz (Makka, Madina, Toif va Jidda)da olti yil turganiga ittifoq boʻlgan. Lekin bu muddat uzluksiz boʻlmagan.

Imom Buxoriy Madinadan chiqib, Basraga yuzlandi. Chunki, Basra oʻsha paytda yirik ilm markazlaridan edi. Bu yerda Imom Abu Osim Nabil va Safvon ibn Iso kabi ulamolardan taʼlim oldi. Imom Buxoriy: “Men Basraga toʻrt marta borganman”, degan.

Basradan chiqib, Kufa va Bagʻdodga safar qildi. U yerlarga bir-necha marta borgan. Imom Buxoriyning xos shogirdi va kotibi ustozining Bagʻdod va Kufaga safari haqidagi soʻzini bunday keltiradi: “Men Kufa va Bagʻdodga muhaddislar bilan birga necha marta borganimni eslolmayman”.

Imom Navaviy oʻzining “Tahzibul asma val lugʻat” kitobida Imom Buxoriyning Kufadagi mashhur ustozlarining baʼzilarini zikr qilgan.

Bagʻdod Abbosiylar xalifaligining poytaxti boʻlgan. Hukumatning saʼy-harakati bilan ilm markaziga aylangan. U yerga har joydan ilm ahli toʻplangan. Shuning uchun ulugʻ muhaddis Bagʻdodga bir-necha marta borgan. Imom Buxoriyning u yerdagi eng mashhur ustozi Imom Ahmad ibn Hanbaldir.

Imom Abu Ali Gʻassoniy oʻzining “Taqyidul muhmal” kitobida Imom Buxoriyning Bagʻdoddagi oxirgi xayrlashuvini zikr qilgan. Bu sakkizinchi marta borishida boʻlgan edi. Imom Ahmad ibn Hanbalning oldiga xayrlashish uchun kirganida, Imom Buxoriyga hasrat va alam bilan: “Ilmni va shunday odamlarni tark qilib Xurosonga ketayapsizmi?” degan. Imom Buxoriy Buxoro hokimi Abu Tohirning fitnasi sababli Buxorodan chiqib ketganida afsuslanib: “Ustozim Ahmad ibn Hanbalning soʻzlarini endi anglayapman”, deb eslagan.

Bagʻdoddan chiqib Shomga borganda, Muhammad ibn Yusuf Firyobiy va Abu Nazr Isʼhoq ibn Ibrohim kabi yetuk ulamolardan taʼlim olgan.

Soʻng Misrga borib, Usmon ibn Solih va Abdulloh ibn Solih singari ulugʻ ustozlardan dars olgan.

Misrdan soʻng Jazira (Dajla va Furot daryosining orasida joylashgan mintaqa. Muhim shaharlari – Harron, Ruho, Raqqa, Mavsil va boshqalar)ga borib, Ahmad ibn Abdulmalik Harroniy va Ahmad ibn Yazid Harroniy kabi zabardast muhaddislardan taʼlim olgan.

Ammo Xuroson va uning atrofidagi Marv, Balx, Hirot, Nishopur, Ray, Vosit kabi shaharlar Imom Buxoriy koʻp ziyorat qilib yurgan joylar boʻlgan.

Xatib Bagʻdodiy: “Imom Buxoriy barcha shaharlardagi muhaddislarning oldiga borgan. Xuroson, Jibol, Iroqning barcha shaharlari, Hijoz, Shom, Misrda hadis yozgan va Bagʻdodda bir-necha marta boʻlgan”, degan.

Imom Buxoriy yuqorida zikr qilingan shaharlarga ilm talabida borgan, albatta. U kishi butun hayotini hadis ilmini mukammal oʻrganish va jamlashga bagʻishlagan.

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

MAVLONO MUHAMMAD QOZINING “SILSILATUL-ORIFIN VA TAZKIRATUS-SIDDIQIN” ASARIDAGI TARIXIY-TASAVVUFIY GʻOYALAR

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida dunyoga mashhur allomalarimiz maʼnaviy merosini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biz …