Home / YANGILIKLAR / VIJDON ERKINLIGINI TAʼMINLASHNING HUQUQIY ASOSLARI YARATILDI

VIJDON ERKINLIGINI TAʼMINLASHNING HUQUQIY ASOSLARI YARATILDI

MUNOSABAT

Din va eʼtiqod masalalari inson maʼnaviyatining uzviy qismidir. Mazkur masalalarning mazmun-mohiyati haqida chuqur va asoslangan bilimlarga ega boʻlish hayotiy-amaliy faoliyatni toʻgʻri tashkil etishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, vijdon erkinligi har bir shaxsning tabiiy huquq va erkinliklar sirasiga kiruvchi ajralmas huquqlaridan biridir. Vijdon erkinligi insonning eng muhim haqlaridan boʻlsa-da, qonunda oʻz ifodasini topib, muhofaza ostiga olingandagina chin maʼnoda huquq darajasiga koʻtariladi. Aks holda shaxsning qalb kechinmalarini ifodalovchi bu huquq haqiqiy maʼnosini yoʻqotadi.

Konstitutsiyamizdagi norma asosida vijdon erkinligi uch jihatni anglatadigan huquqiy kategoriya sifatida namoyon boʻladi:

— muayyan shaxs xudoga ishonishi, xohlagan diniga eʼtiqod qilishi mumkin;

— xudoga va dinga ishonmasligi, ularga nisbatan betaraf boʻlishi mumkin;

— dahriy, yaʼni hech bir dinga eʼtiqod qilmaygina qolmasdan, balki ularni inkor etishi mumkin.

Bu vijdon erkinligi huquqi aynan shu masalalar bilan cheklanadi, degani emas. Odatda konstitutsiya davlatning asosiy qonuni hisoblanib, yoritiladigan normaning umumiy jihatlarini oʻzida qamrab oladi. Konstitutsiya asosida qabul qilingan qonun va qonun osti hujjatlarda norma kengroq yoritiladi va sharhlanadi. Konstitutsiyadagi 31-modda yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunning 4-moddasi birinchi va ikkinchi bandlarida kengroq ochib berilgan. Unda aytilishicha, “Vijdon erkinligi — bu fuqarolarning xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik boʻyicha kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir.

Fuqaro dinga eʼtiqod qilishga yoki eʼtiqod qilmaslikka, ibodatlarda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka, diniy taʼlim olishga nisbatan oʻz munosabatini belgilayotganda uni u yoki bu tarzda majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi”.

Demak, vijdon erkinligi faqat xudoga ishonish yoki ishonmaslikdan tashqari, ibodat qilish, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda ishtirok etish yoki etmaslik erkini, shuningdek, diniy taʼ lim olish yoki olmaslikni oʻz ixtiyori asosida belgilash huquqlarini ham oʻz ichiga oladi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi demokratik prinsiplarga sodiqligi ifodasi sifatda vijdon erkinligini taʼminlashning asosiy ustuvorliklari quyidagilardan iborat deb belgilandi:

— fuqarolarning dinga munosabatidan qatʼi nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻymagan holda, ularning vijdon erkinligiga boʻlgan oʻz huquqlarini amalga oshirishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish;

— konfessiyalar oʻrtasidagi tinchlik va totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash;

— vijdon erkinligini taʼminlashda dunyoviy davlat qurilishini saqlab qolish;

— vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka fuqarolar hamda diniy tashkilotlar tomonidan rioya etilishini taʼminlash;

— jamoat tartibiga, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining sogʻligʻi va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy gʻoyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish;

— Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita vijdon erkinligini, shuningdek, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikning amalda izchil hamda bir xil tarzda qoʻllanilishini taʼminlashga doir choralarning amalga oshirilishi uchun masʼul boʻlgan vakolatli davlat organidir.

Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi normalarning qonunchilikka kiritilishi natijasida diyorimizda rasmiy fao liyat yuritayotgan barcha din vakillariga katta imkoniyatlar yaratildi.

Hukumatimiz tomonidan turli diniy tashkilotlarning oʻz faoliyatini amalga oshirish va mamlakat hayotida faol ishtirok etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Jumladan, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining markaziy televideniye orqali maʼnaviy-maʼrifiy koʻrsatuvlarni berib borishi, mashhur diniy arboblarning tavalludiga bagʻishlangan anjumanlarning keng koʻlamda nishonlanishi kabi tadbirlarni aytib oʻtish oʻrinlidir.

Afsuski, yaratilgan imkoniyatlarga qaramay, xalqimizning bagʻrikengligini suiisteʼmol qilgan ayrim toifalar siyosiy va ekstremistik maqsadlarni koʻzlab, xalqimiz uchun yot gʻoya va qarashlarni yoqlab chiqishlari barobarida ulamolarni haqoratlash, imomlar bilan masala talashish, ularni obroʻsizlantirish hamda boshqa mazhab vakillariga shaklan taqlid qilish kabi holatlar kuzatilmoqda.

Oʻz navbatida, amaldagi qonunchilikda bunday huquqbuzarliklarga nisbatan muayyan jazo choralari ham nazarda tutilgan. Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks va Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida vijdon erkinligi borasidagi qonunchilikni buzganlik uchun jazo sanksiyalari belgilangan.

Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunni hayotga tatbiq etish va sohaga oid amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar natijasida diniy tashkilotlarni roʻyxatga olish hamda ularga rahbarlik qilish, noanʼanaviy diniy oqimlar yoyilib ketishining oldini olish, diniy taʼlim tizimini takomillashtirish, shuningdek, diniy adabiyotlarni chop etish va tarqatish kabi diniy hayot barqarorligini taʼminlashga qaratilgan vazifalarni bajarish uchun zamon talablariga mos huquqiy mexanizm yaratildi.

Sodiq TOSHBOYEV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021-yil 13-iyul, №141

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …