Home / MAQOLALAR / “Tarixi tomm” oʻtmishning muhim sanalaridan soʻzlaydi

“Tarixi tomm” oʻtmishning muhim sanalaridan soʻzlaydi

Oʻsib kelayotgan yosh avlod qalbida Ona Vatanga muhabbat, ajdodlar merosiga sadoqat hissini shakllantirish va mustahkamlashda tarixiy manbalar oʻrni muhim. Ularni oʻrganar ekanmiz, azaldan insonparvarlik, bunyodkorlik, yuksak salohiyatli avlod tarbiyasi hayot mazmun-mohiyati darajasiga koʻtarilganiga guvoh bulamiz.

Eski oʻzbek yozuvida bitilgan qoʻlyozma va toshbosma manbalar Oʻzbekiston Respublikasi davlat kutubxonalari va shaxsiy fondlarda saqlanib kelmoqda.

Maʼlumki, turli davrga oid qoʻlyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy hujjatlar hamda epigrafik yodgorliklar tarixiy voqeliklarni oʻrganib, yashab oʻtgan allomalar hayoti va faoliyatini tadqiq etishda birlamchi manba boʻlib xizmat qiladi. Bu kabi manbalardan biri Sharafiddin Roqimning “Tarixi kasira” yoki “Tarixi tomm” asaridir. Bu asar “Tarixi Roqimiy”, “Tarixi Roqim”, “Tarixi Mir Said Sharif Roqim” nomlari bilan mashhur boʻlgan. Lekin “Tarixi Roqimiy”, “Tarixi kasira”nomlari bilan koʻproq tanilgan. Asarda mashhur shaxslarning hayoti va faoliyati, mamlakatda bunyod etilgan katta binolar, tim (usti yopiq bozor)lar, madrasa-yu masjidlar, mashhur tarixiy shaxslar hayoti bilan bogʻliq tarixiy sanalarga keng urgʻu berilgan.

“Tarixi tomm” muhim voqealar tarixini aniqlashda qimmatli manba ekanini asarning qoʻlyozma va toshbosma nusxalarining koʻplab marta qayta-qayta yozilganidan ham anglash mumkin.

Mehrojiddin Amonovning shaxsiy kutubxonasidan

Sharafiddin Roqimning “Tarixi tomm” asarida Amir Temur va temuriylar, shayboniylar, Ashtarxoniylar davrida yashagan hukmdor va allomalar, ularning hayoti va faoliyati, ulkan bunyodkorlik ishlari haqida tarixiy faktlar mavjud.

Mulla Sharafiddin Roqim XVII asrning ikkinchi yarmi va XVIII asrning birinchi choragida oʻtgan shoir va tarixchi olimdir. Uning hayoti va faoliyati haqida juda kam maʼlumot uchraydi. Akademik B.Ahmedov[1] V.R.Rozen va A.A.Semyonovning maʼlumotlariga asoslanib, mulla Sharafiddin Aʼlam asli andijonlik ekani, yoshligida Samarqandga kelgani, otasining ismi Nuriddin boʻlib, xalq orasida oxund mulla Farhod nomi bilan mashhur boʻlganini taʼkidlab oʻtadi.

Manbalarda uning Subhonqulixon (1681/1702) davri olimlaridan ekani, toʻliq ismi Mulla Sharafiddin Aʼlam ibn Nuriddin Oxund ibn Mulla Farhod boʻlgani qayd etilgan. U Samarqandning aʼlam (muhrdor) laridan biri mulla Boqijon Buxoriyning xizmatida tahsil olgan va uning vafotidan keyin oʻzi aʼlamlik vazifasini egallagan. Qozi Muhammad Badiʼ Samarqandiy oʻz tazkirasida uning Roqim taxallusi bilan sheʼrlar yozganini taʼkidlaydi.[2]

“Tarixi tomm” asarining nodir qoʻlyozma nusxalaridan biri toyloqlik Mehrojiddin Amonovning shaxsiy kutubxonasida saqlanmoqda. Mazkur nusxa toʻliq boʻlib, 310b varaqdan iborat. Uning 1– 2varaqlarida asar nomi “Tarixi tomm”[3],  “Tarixi kasira”, muallifi Roqim deb keltirilgan. Asarda sohibqiron Amir Temur tavalludi, Ashtarxoniy hukmdorlar Nadr Muhammadxon va Abdulazizxonning taxtga oʻtirgan yil va ular bilan bogʻliq voqealar qiziqarli tarzda, muhim faktlar bilan bayon etilgan.

Qoʻlyozmani koʻchirgan xattot oʻz ismini koʻrsatmagan. Kitobning 310b varagʻida “tahtihal anhar” asarning yozilgan yili ekani aytilgan. Bunda Abjad (abjad, yaʼni harflarni son bilan belgilash orqali topishmoqli jumlalar tuzish sanʼati) boʻyicha 1101/1689 yil hisobi hosil boʻladi. Yaʼni, muallif asarni 1689 yilda yozgan boʻlib chiqadi.

Mazkur qoʻlyozma asarda keltirilgan baʼzi maʼlumotlar haqida toʻxtalib oʻtsak.

Amir Temur 736/1336 yilda shaʼbon oyining 5 kuni Movarounnahrning goʻzal va soʻlim shaharlaridan biri boʻlmish, Keshda shanba kechasi tavallud topgan[4].

Tasavvuf olimi Alouddin Simnoniy 736/1336 yilda vafot etgan.

Alloma Taftazoniy 722/1322 yilda tavallud topgan, 16 yoshida, 738/1338 yil Zanjoniy kitobiga sharh yozgan. “Sharhu talxisul mafotih” asarini 752/1351 yili Hirotda bitgan. “Tahzibul kalom”, “Sharhi miftohil ulum”, “Sharhi maqosid”, “Sharhi kashshof” va “Sharhi miftohul fiqh” kabi asarlarini 784/1383 yilda Samarqandda yozgan. Gʻijduvon, Jom, Turkiston, Xorazm, Saraxs, Hirot shaharlarida ijod qilgan[5].

Muhammad Porso 822/1419 yili Madinada vafot etgan[6].

Shayx Xudoydod Azizon 939/1532 yili Gʻazirada vafot etgan.

Amir Arab tomonidan 942/1535 yilda Buxoroda madrasa barpo etilgan.

Abdulazizxon tomonidan 951/1544 yilda Bahouddin Naqshband ziyoratgohida xonaqoh bunyod etilgan.

Mavlono Zohid 1004/1595 yili vafot etgan.

Xoja Isʼhoq Vali ibn Maxdumi Aʼzam Dahbediy 1007/1598 yili vafot etgan.

Xojagi Imkanagiy 1010/1601 yilda vafot etgan.

Yalangtoʻshbiy Bahodir 1028/1618 yilda Samarqandda madrasa bunyod etgan.

Buxoro hukmdori Imomqulixon davrida 1040/1630 yili Nodir Devonbegi madrasasi barpo etilgan.

Olim shayx ibn Moʻmin shayx ibn Darvesh shayx Azizon 1041/1631 yilda vafot etgan.

Keltirilgan misollardan “Tarixi tomm” asari aniq maʼlumotlarga nechogʻli boy ekani, uning ilm-fan uchun gʻoyat muhim va zarur manbaligi yaqqol koʻrinib turibdi.

Mazkur nusxaning ilova va qoʻshimcha tarzida kelgan 11 a-b va 310b -312b varaqlarida keyingi davrlarda yozilgan qiziqarli ilmiy maʼlumotlarni uchratish mumkin. Masalan Yahyo alayhissalom haqida rivoyat, Paygʻambar sallallohu alayhi vasallamning muborak hadislaridan biri, Qosim shayx Azizon, Jaloliddin Dehliy va Eshoni Pir kabi allomalar vafoti haqidagi maʼlumotlar ham nazmiy usulda keltirilgan. Xatmi xojagon tartibi bayon etilib, Hakim ota va Zangi otaga tegishli baytlar ham oʻrin olgan. Asar Samarqand qogʻoziga qora siyoh bilan nastaʼliq xatida bitilgan. Bayt, masnaviy kabi soʻzlar va soʻz boshi, tarixiy sanalar, shaxslar nomlari qizil siyohda yozilgan. Har bir varaq 13 qatordan iborat boʻlib, matn qizil ramkaga olingan.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, boy tariximizni turli gʻoya va mafkuradan soqit qilib oʻrganishda Sharafiddin Aʼlam Roqimning “Tarixi tomm” asari muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Asarning turli davrlarda koʻchirilgan nusxalari borasidagi izlanishlar davom ettirilsa, oʻylaymizki, kelgusida uning yana ham mukammal, ehtimolki, batafsil izohli yoki hoshiyali nusxalari ham topiladi.

Ixtiyor QUSHSHAQOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
[1] Axmedov B. Oʻzbekiston tarixi manbalari. – T.: Oʻqituvchi, 2001. – B. 227-228.
[2] Sharafiddin Roqimiy. Tarixi tomm. – T.: Maʼnaviyat, 1998. – B. 4.
[3] Sharafiddin Roqimiy. Tarixi tomm. Amonov Mexrojiddin shaxsiy kutubxonasi. 1varaq.
[4] Sharafiddin Roqimiy. Tarixi tomm. Amonov Mexrojiddin shaxsiy kutubxonasi. 3varaq.
[5] Oʻsha asar. 35varaq.
[6] Oʻsha asar. 59varaq.

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …