Home / MAQOLALAR / YANGI QONUN – DINIY BAGʻRIKЕNGLIK VA MILLATLARARO TOTUVLIKNING HUQUQIY ASOSIDIR

YANGI QONUN – DINIY BAGʻRIKЕNGLIK VA MILLATLARARO TOTUVLIKNING HUQUQIY ASOSIDIR

Munosabat

Buyuk mutakallim alloma, vatandoshimiz Abu Muin Nasafiy hazratlari ezgulik va yovuzlikdan birini tanlash inson hayotining asosini tashkil etishiga eʼtibor qaratar ekanlar, baxtli yoki baxtsizligi ayni shu sabab bilan bogʻliqligini uqtiradilar hamda toʻgʻri tanlovning bir koʻrinishi jamiyatda mavjud qonunlarga itoat qilishda ekanini aytganlar.

Darhaqiqat, qonunlarga itoat etish va rioya qilish – totuvlik va tinchlikning asosidir! Qonunga rioya qilish jamiyat aʼzolarining barchasiga birdek taalluqli!

Ushbu kelishuvni qayd etish, rasmiylashtirish, amal qilish va nazorat qilish tizimining barchaga barobar tushunarli boʻlishi jamiyatning komillik darajasini belgilab beradi. Demak, barcha jabhalarda qonun ustuvor boʻlgan jamiyat – komil jamiyatdir! Intizom, tartib, oʻzaro hurmat boʻlgan jamiyat rivojlanish yoʻlini tez topib oladi va ushbu yoʻlda sobitqadamlik bilan ilgarilaydi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi yangi Qonunni imzoladi.

Mazkur Qonun jahon andozalaridan, inson huquqlari boʻyicha umumjahon namunalaridan, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi xalqaro qonunchiligidan, vijdon erkinligi hamda diniy soha boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning koʻplab hujjatlaridan, huquqshunoslikning vijdon erkinligi bandi boʻyicha dunyo tan olgan davlatlarning qonunlaridan, aksariyat xalqi musulmon dinimizga mansub davlatlarning, koʻplab arab davlatlarining, avval-azaldan dunyo xaritasida shu sohada obroʻ qozongan mamlakatlarning qonunlaridan yaxshi va manfaatli tomonlari olinibgina qolmasdan, balki tilimiz boshqa boʻlsa-da, DINIMIZ – BIR bulgan bir qancha diyorlarning AYNAN mana SHU qonunlari zoʻr professionallarimiz va kuchli mutaxassislarimiz taraflaridan har tomonlama puxta va chuqur, har jihatdan batafsil va keng oʻrganib chiqilgani yaqqol koʻrinib, ochiq-oydin sezilib, ravshan bilinib turibdi.

Buni nafaqat huquqshunos, nafaqat dinshunos, nafaqat islomshunos, balki har qanday oddiy fuqaro ham, oddiy bir moʻmin-musulmon odam ham yaxshilab, diqqat bilan oʻqib va uqib chiqsa, oʻzi anglab oladi.

6 ta bob, 35 ta moddadan iborat boʻlgan, Qonunchilik palatasi tomonidan 2021 yil 4 mayda qabul qilingan, Senat tomonidan 2021 yil 26 iyunda maʼqullangan, 2021 yil 5 iyulda qabul qilingan № OʻRQ-699-sonli “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi” qonunda bir talay oʻzgarishlar bor. Eng muhimi, diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi ham yengillashtirildi.

– diniy tashkilotni tuzish uchun tashabbuskorlarning soni 100 nafardan 50 nafarga qisqartirildi;

– diniy tashkilotni tuzish haqidagi yigʻilish oʻtkazilgandan keyin 6 oy mobaynida (amalda 3 oy) adliya organiga murojaat qilish huquqi mustahkamlandi;

– roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq xizmatlar toʻliq elektron koʻrinishda amalga oshirilishi joriy etildi;

– diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqishning 3 oylik muddati 1 oy etib belgilandi.

Dunyoda elatlar koʻp, eʼtiqodlar, din va mazhablar xilma-xil. Ming yillardan beri insoniyat bilan yonma-yon yashayotgan, uning maʼnaviy olamini toʻldirib, ezgu amallarga undab kelayotgan dinlarning mohiyatiga razm solsak, hamohanglik, mushtaraklik gʻoyalarni ilgʻaymiz. Hatto ularning daʼvati ham nihoyatda oʻxshash: “Odamlar, ahil-inoq yashang!”, “Oʻzganing haqidan xazar qiling!”, “Bir-biringizga yomonlik qilmang!”, “Oʻzingizga ravo koʻrganingizni yaqiningizga ham ravo koʻring!”, “Qoʻldan kelgancha yaxshilik qiling!”, “Mehr-muruvvatli boʻling!”…

Shunday boʻlsa-da, sayyoramizning turli nuqtalarida dinlararo ziddiyatlar, mazhablararo qarama-qarshiliklar hamon uchrayotgani, bu hol qonli toʻqnashuvlarga sabab boʻlayotgani, bundan tinch aholi jabr chekib, shaharlar, davlatlardagi barqarorlik izdan chiqayotgani ayni haqiqat. Insonlarning eng muqaddas aʼmoli – eʼtiqodidan foydalanib, mafkuraviy xuruj uyushtirish, din niqobi ostida manfur gʻoyalarini amalga oshirishdan tap tortmaydiganlar, afsuski, doimo payt poylaydi, sodda, gʻoʻr kishilarga, yoshlarga tuzoq qoʻyadi. Bunday tahdidlarga qarshi ogohlik va hushyorlikni yoʻqotmaslik, yoshlarning ongi va qalbini himoyalash – davr talabi.

Sir emas, ayrim gʻaraz maqsadli kimsalar muqaddas dinimizni niqob qilib olib, yoshlarni oʻz domiga tortmoqchi boʻlgani yaqin tariximizda kuzatildi. Shu va boshqa sabablarni inobatga olib, yangi qonunda diniy taʼlimning professional maqomi rasman eʼtirof etildi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, dinga boʻlgan munosabatidan qatʼi nazar, dunyoviy taʼlim olish huquqi taʼminlanishi qayd etildi.

Har qanday shaxsning “oʻzicha” aholiga diniy taʼlim berishi – noanʼanaviy aqidalarning tarqalishiga, mutaxassis boʻlmagan shaxslar tomonidan sof diniy masalalar boʻyicha biryoqlama tushunchalar berilishiga olib kelishini hayot koʻrsatmoqda…

Bu esa jamiyatda diniy masalalar bilan bogʻliq ixtiloflar kelib chiqishiga, aholining yot gʻoya va qarashlar taʼsiriga tushishiga sabab boʻladi. Shu maqsadda, diniy taʼlim muassasasidan tashqarida diniy taʼlim berish noqonuniy faoliyat sifatida belgilangani ayni muddao boʻldi.

Koʻp millatli hamda koʻp konfessiyali yurtimizda diniy bagʻrikenglik masalalariga katta eʼtibor berilayotgani bois turli millat va elat vakillari ahil-inoq yashab kelmoqda. “Jaholatga qarshi – maʼrifat” ustuvor tamoyilga amal qilinayotir.

Oqilona din siyosatidan minnatdor kishilar umuminsoniy gʻoyalar ostida birlashmoqda. Mamlakatimizda dinlararo bagʻrikenglik nafaqat dindorlarning, balki butun jamiyat aʼzolarining ezgulik yoʻlidagi hamkorligini yuzaga chiqarib, tinchlik va barqarorlikning muhim shartlaridan biriga aylangan.

Qonunning yana bir muhim jihati amaldagi qonunchilik hujjatlarida “ibodat libosi” tushunchasining huquqiy taʼrifi mavjud emasligi sababli jamoat joylarida ibodat libosida yurishga taqiq Qonundan chiqarib tashlandi.

Ushbu Qonun dono xalqimizning BUGUNGI xoxish-istaklariga, HOZIRGI zamon talablariga, AYNI PAYTDAGI davr ehtiyojlariga toʻla-toʻkis javob beradi, deb ishonamiz.

Qonun qabul qilindi, rasmiy kuchga ham kirdi… Endi hamma gap unga rioya qilishda. Zero, moʻmin-musulmonlarning yaxshisi ushbu hadisi sharifda goʻzal tarzda ifodalangan: “Oxirati deb dunyosini, dunyosi deb oxiratini tark qilgan banda sizlarning yaxshilaringiz emas. Zero, ikkisining jamgʻarishi lozim boʻlgan jihati bor. Odamlarga boqimanda boʻlib qolmanglar (yaʼni, ularga zinhor ogʻirligingiz tushmasin)!” (Imom Daylamiy rivoyatlari).

Hazrati Umar ibn Xattob raziyallohu anhu: “Dunyosini tark etib, faqat oxirati uchun amal qilgan odam ham va oxiratini tark etib faqat dunyosi uchun amal qilgan odam ham – sizlarning yaxshilaringiz emas. Balki unisiniyam, bunisiniyam ushlagan odam – yaxshilaringizdir! Eng johil inson – oxiratini birovning dunyosi uchun sotgan kishidir. Alloh xohlasa, bu dunyoda beradi, xohlasa, oxiratga qoldiradi. Uning dargohidagi ajr-mukofotlar tavakkul qilganlar uchun dunyo manfaatlaridan ustunroq va bitmas-tuganmasdir”, – deb ogohlantirganlar.

Husayin Voiz Koshifiy: “Davlat va jamiyatni qonun ustuvorligisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Chunki busiz dunyoning muhim ishlarini tartibga solish vazifasini amalga oshirish mumkin emas. Tarbiya va jazo haqidagi qonunlarning boʻlmaganligi davlat faoliyatining buzilishiga va inson huquqlarining kamsitilishiga olib keladi”, degan.

Abu Nasr Farobiy esa: “Qonunsiz jamiyatda tartib oʻrnatib boʻlmaydi”, deb hisoblaydi. Mutafakkirning fikricha, jamiyatda qonun ustuvor boʻlib, inson huquqlari kafolatlanmasa, oʻzaro bir-birini qoʻllab-quvvatlash tartibga solinmaydi. Chunki har kim oʻz shaxsiy manfaatini koʻzlab boshqalarga zarar yetkazadi, oʻzaro kurash, buzgʻunchilik va zoʻravonlik kabi illatlar avj oladi.

Muxtasar aytganda, dunyodagi boshqa davlatlarning qonunlaridan bizning yangi Qonunimizning ENG YOQIMLI tomoni ham, ENG CHIROYLI jihati ham, ENG MAʼQUL joyi ham bu – nafaqat muqaddas dinimiz asoslari – KALOMULLOHI KARIM, MUBORAK HADISI SHARIFLARNING koʻp maʼnolari AKS ETGANLIGI, nafaqat SHARIATIMIZ xukm-axkomlari, rukn-arkonlari QONUNAN MUSTAHKAMLAB QOʻYILGANLIGI, balki ota-onalarimizdan olgan OLIJANOB tarbiyamiz – milliy FAZILATLARIMIZ, diniy QADRIYATLARIMIZ ham YORITILIB, asrlar davomida ULUGʻ AJDODLARIMIZDAN DONO XALQIMIZGA betakror MЕROS boʻlib kelayotgan BЕQIYOS maʼnaviyatimiz ham INOBATGA OLINGAN yangi Qonun yurtimizda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash, barqarorlikni saqlash, adovat va murosasizlikka sabab boʻluvchi har qanday illatning payini qirqishda MUHIM huquqiy asos boʻladi.

“Alhamdulilloh, men ham – musulmonman!” degan har bir inson Sarvari koinot Janob Paygʻambarimiz Hazrati Muhammad mustafo Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning quyidagi muborak hadisi shariflarini unutmaslik lozim: “Sizlarning yaxshilaringiz – dunyo ishini deb oxirat ishini, oxiratni deb dunyo ishini tark qilmaydigan va odamlarga malolligini tushirmaydiganlaringizdir”!

Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari
Manba:Muslim.uz

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …