Home / MAQOLALAR / “SIYAR AʼLAMUN NUBALO” ASARIDA IMOM BUXORIY SIYRATI (7-QISM)

“SIYAR AʼLAMUN NUBALO” ASARIDA IMOM BUXORIY SIYRATI (7-QISM)

“AL-JOMEʼ AS-SAHIH” ASARIDA IMOM BUXORIY QURʼONI KARIMNI TAFSIR QILISHGA OID BOB AJRATISHI

 “Al-Jomeʼ as-Sahih” kitobi turli ilmlar hadis, roviylar, fiqh, tarixni jamlovchi kitoblar sirasiga kiradi. Asarda tafsirning boʻlishi esa ochiq-oydin maʼlumdir. Ibn Hajar Asqaloniy “Jomeʼ” kitobidan alohida (tafsirga oid) kitob ajratgan[1]. Shayx Muhammad Fuod Abdulboqiy Imom Buxoriyning “Gʻarib ul-Qurʼon”ga boʻlgan eʼtibori haqida kitob taʼlif qilgan[2].

Hadis asarlarida mustaqil tafsir boʻlimlarini ajratish odatini Buxoriy boshlab bergan. U bilan bir davrda yashagan Muslim “Sahih”ida “Tafsir” nomli yetti bobdan iborat kichikina bir boʻlim ajratgan. Termiziy “Sunan”ida, Nasoiy ham “as-Sunan al-kubro”sida tafsir boʻlimlarini ochganlar.

Hadis asarlaridagi tafsir boʻlimlarida oyatlar bob nomi shaklida zikr qilingan, ketidan oyatlarga aloqasi bor deb bilingan hadislar naql qilingan. Bu shaklda tartiblangan boblardan tafsir boʻlimlari tashkil topgan.

Qurʼoni Karim oyatlarining Paygʻambar alayhissalom va Sahobiylar soʻzlari bilan tafsir qilinishi rivoyat tafsiri deb yuritiladi. Tafsiri maʼsur yoki rivoyat tafsiri deganda, biror oyatning maʼnosini boshqa oyat yoki Paygʻambarimiz (s.a.v.)ning hadislari bilan, sahobiy yoki tobiiyndan naql qilingan soʻz bilan bayon etishni tushuniladi.

Hadis ilmi bilan bir qatorda tafsir ilmi bilan ham shugʻullangan olimlar qatoridan joy olgan Imom Buxoriyning mustaqil tafsiri boʻlgani haqida ham turli qarashlar mavjud. Jumladan, Hoji Xalifa Imom Buxoriyning mashhur shogirdlaridan biri Abu Abdulloh al-Firabriy (vaf. 932)ning maʼlumotlariga tayangan holda Imom Buxoriyning hadis ilmiga oid asarlaridan tashqari mustaqil tafsiri boʻlganligi haqidagi maʼlumotni oʻz asarida keltirib oʻtadi[3]. Shuningdek, Imom Buxoriyning “Xolqu Afʼal ul-Ibad” asarini tahqiq qilib nashr ettirgan Doktor Abdurrahmon Umayra ham Imom Buxoriyning “at-Tafsir al-kabir” nomli mustaqil asarining mavjudligi va hozir Jazoir Milliy kutubxonasi hamda Parijda ushbu asarning ikki nusxasi saqlanayotgani haqida maʼlumot berib oʻtgan[4]. Avval qayd etib oʻtganimizdek turli tafsir maktablariga mansub mufassirlar qatorida bir muhaddis sifatida Imom Buxoriyning ham mustaqil tafsir yozishi tabiiy holdir. Olimning tafsir ilmidagi oʻrni haqida gap ketganda uning bu jihatiga emas balki, Imom Buxoriyning rivoyat tafsiri yoʻnalishida biz uchun eng muhim jihati ichida ilk bora musannaf bir hadis kitobi ichida “Kitab at-tafsir” sarlavhasi ostida tafsirga joy ajratishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Buxoriydan oldin yozilgan hadis kitoblarida tafsir nomi ostida ajratilgan mustaqil boʻlimni uchratmaymiz. Hatto Buxoriydan 45 yil oldin vafot etgan Abdurazzoq ibn Hammom (vaf. 826)ning “Al-Musannaf” asarida bunday boʻlim uchramaydi[5]. Shuningdek, Imom Buxoriy bilan zamondosh boʻlgan Imom Dorimiyning “Sunan” asarida ham tafsirga bagʻishlangan biror boʻlimga duch kelmaymiz[6]. Ammo, Buxoriydan keyin yozilgan Imom Muslim (vaf.874) va Imom Termiziy (vaf. 892)ning hadis toʻplamlarida tafsir boʻlimini uchratish mumkin. Bundan koʻrinib turibdiki, hadis toʻplamlariga ilk bora tafsir Imom Buxoriy tomonidan olib kirilgan. 

“Sahih ul-Buxoriy”ning “Kitab at-tafsir” boʻlimida maʼlum oyatlar bob sarlavhalari sifatida yozilgan boʻlib, ortidan oyatlar bilan bogʻliq hadislar keltirilgan. Shuningdek, “Kitab at-tafsir”dan boshqa baʼzi kitoblar nomi ham maʼlum bir oyatlar bilan nomlangan. Shu shaklda yakunlangan boblar tafsir kitobini tashkil etadi.

Imom Buxoriyning tarojum (izohlar)larining sonini tadqiq qilgan Kirmoniy va boshqa olimlar izohlar 3450 va – 3882 hadislar oraligʻida ekanini aytganlar.

Biz tafsirga aloqador bob izohlarini oʻrganib chiqishimiz natijasida ularning soni 1129 taga yetdi. Bundan koʻrinib turibdiki, asarning uchdan biri tafsirga bagʻishlangan. Shu bilan bir qatorda oyatlar bilan boshlanuvchi kitoblar soni 18 tani tashkil etadi. Tafsir kitobidan tashqari izohlar boshqa boʻlimlarda 613 oʻrinda oyatlar izohlangan, tafsir kitobida esa bular 516 tani tashkil etadi. Fikrimiz isbotini quyidagi jadval orqali yanada aniqroq ifoda etish mumkin:

 

Juzlar

Oyatlar izohi

1-juz

35 ta izoh

2-juz

32 ta izoh

3-juz

66 ta izoh

4-juz

42 ta izoh

5-juz

67 ta izoh

6-juz

97 ta izoh

7-juz

23 ta izoh

8-juz

516 ta izoh.

Bu – “Kitob at-tafsir va al-magʻoziy” (“Tafsir va gʻazotlar”) boʻlimi.

9-juz

51 ta izoh

10-juz

33 ta izoh

11-juz

71 ta izoh

12-juz

30 ta izoh

13 juz

71 ta izoh.

 

“Sahih ul-Buxoriy”ning ushbu hususiyati Imom Buxoriyning tafsiri maʼsur yoʻnalishidagi oʻrni va ahamiyatini koʻrsatmoqda. Shuningdek, bir muhaddis sifatida olimning hadis toʻplamining ichiga tafsirni qoʻshgani hamda baʼzi oʻrinlarda filologik izohlar ham qoldirgani bilan ham ahamiyatlidir.

Buxoriyning tafsir boʻlimida boshqa hadis musanniflaridan farqli ravishda tafsir imkoniyatlarini kengaytirishga harakat qilgan. U “Kitobut tafsir”ning bob mavzularida tafsirga oid maʼlumotlarni bergan. Boshqa tomondan, ham asarning hammasida, ham tegishli boʻlimda hadislarni oʻz fikrini bayon qiladigan bir shaklda tanlashi va tartiblashi ham, uning boshqa hadis asarlaridagi tafsirga oid boʻlimlaridan koʻra farqli bir jihati bor ekanligini koʻrsatadi, deyish mumkin. Buxoriyning oʻz asarida ajratgan tafsir boʻlimi bu turdagi ishlarning ilk namunasi boʻlishiga qaramasdan turdoshlari orasida tafsir mavzusi boʻyicha yuqori bir saviyada ekanligi sababli uning tafsir anʼanasidan koʻproq istifoda qilganligini aytish mumkin boʻladi.

Abdulloh Ibn Abbos (r.a.) bilan Qurʼon tafsiriga oid oʻziga xos bir faoliyat sohasi yuzaga kelgan. Sahobalardan naql qilingan tafsir rivoyatlarining koʻp qismi, taxminan 80 foizga yaqin katta bir qismi aynan Abdulloh Ibn Abbos (r.a.) dan kelgan boʻlib, olimlar buni sahobiyning boshqalarga qaraganda biroz yoshligi va Qurʼoni karimni oʻrganishga boʻlgan ishtiyoqi balandligi hamda tirishqoqligi bilan izohlaydilar. Mana shu davrda tafsir Musʼhaf ustida olib borilgan bir harakat boʻlishi jihatidan alohida ilm sohasi boʻlib shakllana boshlagan[7]. Bu ilm sohasining asosiy manbasi ham “tafsir rivoyatlari”dir. Chunki ilk davr tafsirlarini oʻrganganimizda, ularda tafsirga oid rivoyatlarni jamlab, naql birinchi oʻringa qoʻyilganini koʻrish mumkin. Jumladan, Abdurrazzoq ibn Hammom (vaf. 827) “Tafsir”ida oyatlarning barchasi ham tahlil qilmagan va tafsir qilingan oyatlar boʻyicha eng koʻpi bilan bir-ikkita rivoyat naql qilsa ham izohlarini butunlay tafsir rivoyatlari bilan asoslagan[8]. Mufassir olim Tabariy har bir oyatning tafsirida tafsir maqsadida vorid boʻlmagan rivoyatlarga kam eʼtibor bergan. Balki u, oyatlarga tegishli boʻlgan bir xil matnga yoki mazmunga ega boʻlgan marfuʼ, mavquf va maqtuʼ, qancha rivoyat bor boʻlsa barchasini keltirgan[9]. Ibn Abu Hotim esa, iloji boricha marfuʼ rivoyat bor boʻlsa mavqufni, mavquf boʻlgan joyda maqtuʼni zikr qilmaslik kabi bir uslubda bayon qilgan boʻlsa ham tafsirni tafsir rivoyatlari bilan cheklash masalasida qatʼiy yondashib, boshqa masalalar haqida vorid boʻlgan hadislarni juda kam rivoyat qilgan.

Buxoriy, Termiziy va Nasoiy kabi muhaddislarning oʻz asarlariga tafsir boʻlimini kiritishlari Rasululloh (s.a.v.)ning butun hayotining Qurʼon tafsiri ekanligi haqidagi yondashuvni ular eng kamida amalda maʼqullamaganliklarini koʻrsatmoqda. Chunki bunday bir qarash asosida harakat qilishganida edi, bevosita yoki bilvosita butunligicha Rasululloh (s.a.v.)ning hollariga oid boʻlgan rivoyatlarni oʻz ichiga olgan asarlarida tafsir deb atalgan maxsus bir boʻlimni ajratishmagan boʻlar edilar. Shu bilan birga, tafsir rivoyatlari cheklangan miqdorda naql qilinganligi va koʻpincha tafsir maqsadida vorid boʻlmagan xabarlarni oyatlar bilan bogʻlashlari eng kamida uchinchi asrdagi rivoyat tafsiri yoʻnalishida ularning qaysidir maʼnoda harakat qilmaganlarini koʻrsatadi.

Tasnif qilingan asarlarning anʼanaviy tuzilishi eʼtiborga olinganda Buxoriyning “Sahih”ida oʻz shaxsiy qarashlarini koʻrsatish imkoniyatlarini yarata oladigan musannif ekanligi koʻzga tashlanadi. Buxoriy “Kitobut-tafsir”da buni bob mavzularida koʻpgina tafsir rivoyatlaridan tashkil topgan bir qancha maʼlumotlarni keltirish va rivoyatlarni ham shaxsiy qarashlarini maʼlum bir darajada ifodalaydigan shaklda bayon etish orqali amalga oshirgan.

Buxoriy boshqa muhaddislardan farqli ravishda bob mavzularida ayrim maʼlumotlarni taqdim qiladi. Boblarga qoʻygan nomlarini aslida hadis rivoyat qilinadigan asar boʻlgan va tuzilish xususiyatlari ham shunga koʻra shakllangan kitobida oʻz qarashlarini bayon qila olish imkoniyati deb bilgan. Muallif asarining tafsir boʻlimida ham ushbu ishni davom ettirgan, bob mavzularida koʻproq soʻzlarning izohlariga oid maʼlumotlarni bergan. Soʻzlar izohlari bilan bir qatorda oyatlarning tushinilishiga xizmat qiladigan tafsir rivoyatlarini ham naql qilgan. Turk tadqiqotchisi Fuad Sezgin Buxoriyning bevosita til kitoblaridan iqtibos yoki tafsir rivoyatlarini sanadsiz shaklda naql qilish yoʻli bilan taqdim qilgan ushbu maʼlumotlarni “Sahih”ning taxminan 1/5 ini tashkil qiladigan taʼliq tarzidagi rivoyatlardan deb hisoblagan. Unga koʻra, Buxoriy rivoyat qilish huquqiga ega boʻlmagan hadislarni sanadlarining hammasini yoki bir qismini tushirib qoldirib, koʻpincha “qola” soʻzi bilan naql qilgan[10].

Buxoriy tafsir kitobida baʼzi boblarning ichida hech qanday rivoyat naql qilinmasdan, faqat bob mavzularida tafsir rivoyatlari keltirilgan.

Buxoriyning “Kitobut-tafsir”da bob mavzularida bergan maʼlumotlarni “soʻz izohlari” bilan “bob mavzularida naql qilgan tafsir rivoyatlari” shaklida tahlil qilish mumkin.

“Sahih ul-Buxoriy”ning ushbu xususiyati Imom Buxoriyning tafsiri maʼsur yoʻnalishidagi oʻrni va ahamiyatini koʻrsatmoqda. Shuningdek, bir muhaddis sifatida olimning hadis toʻplamining ichiga tafsirni qoʻshgani hamda baʼzi oʻrinlarda filologik izohlar ham qoldirgani bilan ham ahamiyatlidir.

“Sahih ul-Buxoriy”ning deyarli har boʻlimidagi lugʻaviy izohlar koʻpincha Abu Ubaydaning “Majozul Qurʼon” asari bilan Farroning “Maʼonil Qurʼoni”dan olingan. Fuad Sezgin bu ikki tilshunos olimning Buxoriyga taʼsiri va xususan ulardan qilingan naqllarning xususiyatlari boʻyicha batafsil tadqiqot qilgan va “Buxoriyning manbalari” nomli tadqiqotining oxirida musannifning ushbu ikki asardan keltirgan naqllarini keltirib oʻtgan[11].

Buxoriy baʼzan bob mavzularida oyatlarning tushinilishiga yordam beradigan tafsir rivoyatlarni naql qiladi. Tafsir rivoyatlarini bevosita oyatlarning izohini koʻzlagan Rasululloh (s.a.v.)dan, sahobadan va tobiiynlardan kelgan maʼlumotlar shaklida taʼriflasak, yuqorida zikr qilingan ayrim misollarni ushbu guruhga kiritish mumkin boʻladi. Faqat biz bunday maʼlumotlarni “Soʻzlar izohlari” mavzusida Buxoriyning soʻz izohlaridagi bir butunlik yondashuviga misollar keltirish uchun zikr qilgan edik.

Imom Buxoriyning “Kitob ut-Tafsir”da naql qilgan sahobaga nisbat qilingan tafsir rivoyatlarining deyarli hammasi Ibn Abbos (r.a.)ga tegishli ekanini koʻrish mumkin. Masalan, Baqara surasining “Shubhasiz Safo va Marva Allohning (dinining) shiorlaridandir” shaklidagi 158-oyatga bagʻishlangan boʻlimda sanadini hazf qilib “Qola Ibn Abbos (r.a.): “toshdir” (الحجر)” shaklida bir rivoyatni naql qilgan[12]. Ushbu misolda bir masala diqqatga sazovor. Buxoriyning “Safo” soʻzini izohlash uchun naql qilgan rivoyat aslida Baqara surasining 264-oyatida zikr qilingan “صفوان” soʻzining izohiga tegishli edi. Tabariy va Ibn Abu Hotim ham ushbu rivoyatni bu oyatning tafsirida zikr qilishgan[13]. Bu misolda Buxoriy bir soʻzning izohini berganda bir xil oʻzakdan yasalgan boshqa bir soʻzga oid boshqa maʼlumotlarni ishlatmoqda. Diqqatni tortadigan boshqa bir jihat esa, tafsirlarda sanadli holda zikr qilingan mazkur rivoyatning bu yerda sanadsiz holda zikr qilinishidir. Bu rivoyatni Tabariy tafsirida “Haddasaniy al-Musanno: qola haddasana Abu Solih: qola haddasaniy Muoviya ʼan Ali ʼan Ibn Abbos (r.a.)” sanadi bilan zikr qilgan[14]. Ibn Abi Hotim ham al-Musanno oʻrniga “Abi” (Abu Hotim)ni zikr qilib ushbu sanad bilan rivoyat qilgan[15].

Buxoriy Nos surasiga tegishli bobning mavzusida “Ibn Abbos (r.a.): “الوسواس” “Bola tugʻilgan paytda shayton vasvasa qiladi. Alloh zikr qilinganda ketadi. Alloh zikr qilinmasa bolaning qalbiga joylashadi” degan” deb sanadsiz rivoyat keltirgan[16]. Vaholanki, Ibn Abbos (r.a.)ning bu gapi ozgina tafovut bilan tafsir asarlarida sanadi bilan naql qilingan[17]. Aʼrof surasidagi “Muso belgilab bergan joyimizga (Turga) kelib Parvardigor ham unga gapirganda “Ey parvardigorim! Menga (oʻzingni) koʻrsat, senga qarayin”, dedi…” oyatiga oid bobning mavzusida Ibn Abbos (r.a.)ning “أرني” (menga koʻrsat) ifodasiga bogʻlab “menga ber” (أعطني) shaklidagi izohini zikr qilgan[18]. Buxoriyning sanadsiz bergan ushbu maʼlumoti Tabariyning tafsirida “haddasana al-Musanno, haddasana Abdulloh haddasaniy Muoviya ʼan Ali ʼan Ibn Abbos (r.a.)” sanadi bilan naql qilingan[19]. Bunga oʻxshash boshqa bir misol ham Anʼom surasiga oid boʻlimning boshida ushbu surasning 23-oyatidagi “ثم لم تكن فتنتهم” ifodasini “uzrlari” (معذرتهم) shaklidagi izoh Ibn Abbos (r.a.)dan sanadsiz naql qilingan[20].

Buxoriy boblar ichida toʻplagan rivoyatlarning bob mavzulari bilan mosligi bilan birga oʻzaro oʻziga xos mazmunga ega bir butunlikni tashkil qilishini aytish mumkin. Albatta, bu holatning har bir bobda mavjudligini aniqlash batafsil tadqiqotni taqozo qiladi. Yana ham juda koʻp bobda hadislarning tartibi bilan bob mavzularida ifodalangan gʻoya orasida bir muvofiqlikning mavjud ekanligini bemalol aytish mumkin.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Buxoriy ham bob bilan hadislarning oʻzaro muvofiqligi, ham hadislar orasidagi muvofiqlik va bularni muayyan maʼno beradigan shaklda tartiblash boʻyicha katta mehnat qilgan. Bu holat uning faqat rivoyatlarni naql qilishiga izn bergan, talqinlarga imkon qoldirmaydigan bir shaklda, shaxsiy qarashlarini bayon etishga imkon topish koʻrinishida namoyon boʻladi. Tarjimalarda taqdim qilgan tafsir maʼlumotlari bilan birga masalalarga mavzu qoʻyishi aslida rivoyatlarni naql qilish tamoyilidan borgan bir asarda tafsir imkonlarini imkon qadar kengaytirgan.

Faqat buning bilan birga bir oyatning barcha qirralarini ochib berish, bir xulosaga borish kabi ideal bir izoh nuqtai nazaridan qaralganda, albatta, bu ish yetarli emas.

“Al-Jomeʼ as-Sahih” kitobining tafsirga aloqadorligini quyidagicha umumlashtirish mumkin:

“Al-Jomeʼ as-Sahih”ning turli kitob (boʻlim)larni oʻz ichiga olganligi uning hadis va fiqh emas, tafsir bobiga tegishli ekanini bildiradi. Misol uchun: Vahiy boshlanishi kitobi, yaratilish boshlanishi kitobi, paygʻambarlar kitobi, Kitob va Sunnatni mahkam tutish kitobi, tavhid kitobi, tafsir kitobi, Qurʼon fazilatlari kitobi.

Unda juda koʻp har xil kitob (boʻlim)larda tafsirga oid izohlarning mavjudligi. Masalan: iymon kitobi, qadar kitobi, zulmlar kitobi, vasiyatlar kitobi va boshqalar[21].

Imom Buxoriy baʼzi oʻrinlarda Qurʼon oyatlarini yoki Qurʼondan boʻlgan soʻzlarni osor va hadislar keltirmasdan sharhlaydi. Bu asarning juda koʻp oʻrinlarida keltirilgan.

[1] Qarang: Shokir Abdulmunʼim. Ibn Hajar va mavaariduhu fi al-isoba. – B. 156.
[2] Shayx Muhammad Fuod Abdulboqiy. Muʼjam alfoz al-Qurʼon. Dor al-maʼrifa. Bayrut. 2000.
[3] Hoji Xalifa. Kashfu-z-zunnun ʼan asomiy al-kutub va-l-funun. Dor ihyo at-turos al-arabiy. – Bayrut. 2008. J. 1. – B. 443
[4] Muhammad ibn Ismail al-Buxoriy. Xolqu afʼal ul-ʼibod. Dr. Abdurrahmon Umayra tahqiqi. Dor ul-Ukoz. – Jidda. – B. 23
[5] Qarang: al-Musannaf. Abdurazzoq ibn Hammom as-Sanoniy. Dor at-taʼsil. – Qohira. 2015. J. 9
[6] Qarang: Musnad ad-Dorimiy. Abdulloh ibn Abdussomad ad-Dorimiy. Dor al-Mugʻni. – Riyod. 2000. J.4
[7] Selim Türcan. İlk Dönem Kurʻan Tasavvuru ve Dönüşümü –Kimlik ve Kitâb İlişkisi Bağlamında, AÜSBE, Ankara, 2007, S. 305–306.
[8] Qarang: Abu Bakr ibn Abdurrazzoq ibn Nofeʼ Al-Humayriy. Tafsiru Abdurrazzaq. Mahmud Muhammad Ubda tahqiqi. Duru-l-kutub al-ilmiyya. – Bayrut. 1419/1998.
[9] Masalan, Nur surasining 2-oyating tafsirida mazkur holatning amaliy ifodasini koʻrish mumkin. ” طَائِفَةٌ” soʻzining izohiga doir mavquf va maqtuʼ tafsir rivoyatlarini keltirib oʻtgan. Qarang: Muhammad ibn Jarir At-Tabariy. Jomeʼ ul bayon ʼan taʼvili ayil-Qurʼan. Ahmad Muhammad Shokir tahqiqi. Muassasatu-r-risala. 1420/2000. J. 19. – B. 94-95
[10] M. Fuad Sezgin, Buhârîʻnin Kaynakları, Kitâbiyât, Ankara, 2000. – S. 147
[11] Oʻsha asar.
[12] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Al-Buxoriy. Al-Jomeʼ as-Sahih. Doru ibn Kasir. damashq. 2002. Kitab at-Tafsir. – B. 1102
[13] Qarang: Muhammad ibn Jarir At-Tabariy. Jomeʼ ul bayon ʼan taʼvili ayil-Qurʼan. Ahmad Muhammad Shokir tahqiqi. Muassasatu-r-risala. 1420/2000. J. 5. – B. 591., Abu Muhammad Abdurrahman ibn Abi Xotim, Tafsir, I-X, tahq.: Asʼad Muhammad at-Tayyib. al-Maktabat ul-asriyya. J. II, -B. 518.
[14] Qarang: Muhammad ibn Jarir At-Tabariy. Jomeʼ ul bayon ʼan taʼvili ayil-Qurʼan. Ahmad Muhammad Shokir tahqiqi. Muassasatu-r-risala. 1420/2000. J. 5. – B. 591
[15] Abu Muhammad Abdurrahman ibn Abi Xotim, Tafsir, I-X, tahq.: Asʼad Muhammad at-Tayyib. al-Maktabat ul-asriya. J. II, -B. 518
[16] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Al-Buxoriy. Al-Jomeʼ as-Sahih. Doru ibn Kasir. damashq. 2002. Kitab at-Tafsir. – B. 1282
[17] Muhammad ibn Jarir At-Tabariy. Jomeʼ ul bayon ʼan taʼvili ayil-Qurʼan. Ahmad Muhammad Shokir tahqiqi. Muassasatu-r-risala. 1420/2000. J. 24. – B. 709. Ibn Kasir.Tafiri ibn Kasir. J. 8. – B. 540
[18] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Al-Buxoriy. Al-Jomeʼ as-Sahih. Doru ibn Kasir. damashq. 2002. Kitab at-Tafsir. – B. 1190.
[19] Muhammad ibn Jarir At-Tabariy. Jomeʼ ul bayon ʼan taʼvili ayil-Qurʼan. Ahmad Muhammad Shokir tahqiqi. Muassasatu-r-risala. 1420/2000. J. 13. – B. 91.
[20] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Al-Buxoriy. Al-Jomeʼ as-Sahih. Doru ibn Kasir. damashq. 2002. Kitab at-Tafsir. – B. 1185.
[21] Kitob al-iymon. 16/42. Kitob al-qadar. 9/16. Kitob al-mazolim. 8/35. Kitob al-vasoyo. 12/36. Fath al-Boriy. 1/45. 11/229. 5/95. 5/312.
Azizxoʻja INOYATOV
Oʻzbekiston Xalqaro Islom akademiyasi
mustaqil tadqiqotchisi

Check Also

Islomda qoʻshnichilik haqlari va odoblari

Xalqimiz qadimdan yuksak qadriyat va urf-odatlariga sodiq millatdir. Shu sababli bu tabarruk zaminda insonlar bir …