Home / YANGILIKLAR / Diniy taʼlim borasida batafsil maʼlumotga egamizmi?

Diniy taʼlim borasida batafsil maʼlumotga egamizmi?

Davomi…

3. Aholining kundalik hayotidagi diniy ehtiyojlarini qondirish uchun kerak boʻladigan diniy taʼlim

Mavjud qonunchiligimizga nazar tashlasak, Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunning 5-moddasida jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, har kimga taʼlim olish uchun teng huquqlar kafolatlanadi, deb belgilab qoʻyilganini koʻramiz.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi, har bir inson xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga egaligi aniq belgilangan boʻlib, diniy qarashlarni majburiy singdirishga yoʻl qoʻyilmaydi, deyiladi.

Amaldagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonunda ham Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim tizimi dindan ajratilgani, taʼlim tizimining oʻquv dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmasligi (bundan diniy taʼlim muassasalari mustasno) aniq belgilab berilgan. Yuqoridagilarga koʻra, muayyan din normalarini taʼlim tizimiga kiritish qonunan mumkin emas ekan.

Agar, talab qilinayotganidek, islom dini normalari taʼlim tizimiga kiritilsa, unda qonunga oʻzgartirish kiritish va barcha din vakillariga birdek imtiyoz berish kerak boʻladi. Natijada, umumtaʼlim maktablarida respublikamizda roʻyxatdan oʻtgan barcha konfessiya vakillari oʻz diniy taʼlimotlarini oʻrgatishlariga qonuniy asos yaratiladi. Bu esa, tabiiyki, aksariyat aholisi musulmon boʻlgan jamiyatda turli tushunmovchilik, kelishmovchilik, fitna va ixtiloflar kelib chiqishiga sabab boʻladi.

Shu oʻrinda, maktablarda islom dini tartib-qoidasi kiritilishini yoki xususiy tartibda diniy taʼlim berilishiga ruxsat berishni xohlayotgan ota-onalar oʻz farzandi fiqh, aqida, hadis yoki boshqa yoʻnalishlarda yetuk olim boʻlib chiqishini emas, yaxshi-yomonni ajratadigan, oq-qorani taniydigan, Qurʼoni karimni oʻqiy oladigan boʻlishini istayotganlarini taʼkidlab oʻtish lozim.

Demak, bu yerda ajratib olishimiz, tushunishimiz kerak boʻlgan nozik nuqta – yuqorida aytib oʻtilgan professional ilohiyot yoʻnalishidagi diniy taʼlim bilan ilmiy yoʻnalishdagi akademik diniy taʼlimni toʻgʻri anglash masalasidir. Xususiy tartibda diniy taʼlim berishga boʻlgan cheklov – aholining diniy ehtiyojini qondirish uchun hech qanday shart-sharoit mavjud emas, degan notoʻgʻri xulosaga sabab boʻlishi kerak emas.

Kezi kelganda, yurtimiz moʻmin-musulmonlarining diniy ehtiyojlarini qondirish maqsadida yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil toʻxtalib oʻtsak.

Birinchidan, bugungi kunda aholi uchun zarur boʻlgan kundalik hayotdagi diniy taʼlim olish imkoniyatlari rasmiy diniy taʼlim elektron portallar orqali amalga oshirilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining rasmiy veb-sayti muslim.uz, diniy taʼlim muassasalari, jomeʼ masjidlar, iqtidorli imom-xatiblarning sayt va ijtimoiy tarmoq sahifalari, telegram kanallarida ham diniy taʼlim olish imkoniyatlari mavjud: turkum video va audio darslar, maqolalar, infografikalar va boshqa turdagi axborot va maʼlumotlar shular jumlasidandir.

Quyida Oʻzbekiston musulmonlar idorasi tasarrufidagi veb-saytlar va ularning telegram kanallari bilan tanishishingiz mumkin.

Ikkinchidan, bugungi kunda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan diniy savollarga telefon orqali javob berish xizmati, yaʼni Koll-markaz faoliyati (telefon 78 150-33-44) yoʻlga qoʻyilgan.

Misol tariqasida, birgina 2020 yil davomida koll-markaz orqali aholi tomonidan kelib tushgan 75 000 dan ortiq savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi. Shuningdek, fatvo.uz va muslim.uz saytlari hamda SavollarMuslimUzBot telegram boti orqali yil davomida 96 mingga yaqin savollarga, jami 170 mingdan ortiq savolga javob berildi. 2020 yilda kelib tushgan savollarning mavzulari tasniflab chiqib, ularning mazmun-mohiyati monitoring tahlil qilinganda quyidagicha natija aks etdi:

Tahlillardan ham koʻrish mumkinki, savollarning aksariyat qismi namoz, tahorat, ibodat kabi masalalarni qamrab olgan. Chuqur bilim talab etiladigan masalalar kamdan kam holatda uchraydi. Ushbu koʻrsatkich aholining maxsus bilimlarni talab qiladigan ilohiyot yoʻnalishidagi diniy taʼlimga ehtiyoji aslida qanday ekani haqida maʼlumot beradi.

Bu kabi maishiy-diniy, ibodat masalalariga koll-markaz hamda respublikadagi 2091 ta masjidlarda imomlarning maʼruzalari, ayrim yirik jome masjidlarida haftaning har payshanba kunlari tashkil etilayotgan suhbatlar aholining din bilan bogʻliq savollariga toʻlaqonli javob olishiga xizmat qilmoqda.

Uchinchidan, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan diniy sohada rasmiy faoliyat olib borayotgan mutaxassislar tomonidan MuslimTV onlayn telekanali orqali aholining diniy ehtiyojini qondirish uchun quyidagi onlayn darslar tashkil etilgan:

Toʻrtinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi PF-5416 sonli Farmoniga asosan, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi barcha diniy taʼlim muassasalari huzurida 2019 yildan boshlab Qurʼon va tajvid kurslari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Hozirgi kunda 13 diniy taʼlim muassasasi hamda mazkur oʻquv yurtlari huzurida tashkil etilgan “Fiqh”, “Aqoid”, “Tassavvuf” va “Kalom” ilmiy maktablarida jami 17 ta joyda aholiga pullik xizmat asosida alohida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan “Qurʼon va tajvid kurslari” faoliyat yuritmoqda. Ushbu kurslarda hozirgi kunga qadar 17 mingga yaqin fuqaro tahsil olib, Qurʼon kurslari doirasida oʻzlariga kerakli darajada ilmlarni olishdi.

Hozirda ushbu kurslarda 1 200 ga yaqin fuqaro taʼlim olayotgan boʻlib, taʼlim muddati 3 oyni tashkil etadi.

Beshinchidan, turli diniy rasm-rusum va marosimlar, diniy amaliyot tartiblari, diniy masalalarni yoritib beruvchi katta hajmdagi diniy mazmundagi adabiyotlar yillar davomida respublikaning turli bosmaxona va nashriyotlarida chop etib kelinmoqda.

Bunda aholiga taqdim etilayotgan materiallarda ixtiloflar kelib chiqmasligi maqsadida yurtimizda anʼanaviy hisoblangan, diniy bagʻrikenglik va moʻtadilllikka asoslangan Hanafiy mazhabi, Moturidiya taʼlimoti asosida adabiyotlar chop etilishiga asosiy eʼtibor qaratilmoqda. Ushbu mazmundagi diniy adabiyotlar nafaqat oʻzbek tilida, balki rus, qoraqalpoq va boshqa tillarga ham tarjima qilinmoqda. Mavjud diniy adabiyotlarda sodda va tushunarli tilda turli nozik savollarga batafsil javoblar beradigan maʼlumotlar taqdim etib borilmoqda.

Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, diniy taʼlim boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda, ushbu yoʻnalishdagi faoliyat doimiy diqqat-eʼtiborda.

Kezi kelganda, diniy-maʼrifiy yoʻnalishda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga soya solmaslik, jamiyatda turli ixtilof va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmaslik hamda aholi ongida sohada olib borilayotgan davlat siyosatiga nisbatan norozilik kayfiyatini shakllantirmaslik maqsadga muvofiq ekanini taʼkidlab oʻtmoqchimiz.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …