Home / YANGILIKLAR / Diniy taʼlim borasida batafsil maʼlumotga egamizmi?

Diniy taʼlim borasida batafsil maʼlumotga egamizmi?

Soʻnggi yillarda barcha sohalarda boʻlgani kabi diniy-maʼrifiy jabhada ham keng koʻlamli islohotlar, oʻzgarishlar, yangiliklar amalga oshirilmoqda. Buni barchamiz koʻrib, guvohi boʻlib turibmiz.

Zero, Respublikamizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar hamda diniy konfessiya vakillari oʻrtasida oʻzaro doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy bagʻrikenglik tamoyillarini qaror toptirish borasida olib borilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak eʼtirof etilayotgani – bu borada olib borilayotgan ishlarning toʻgʻri oʻzanda ketayotganiga dalolat qiladi.

Afsuski, internet tarmoqlarida baʼzi mutaassib shaxs va toifalar tomonidan Oʻzbekistonning din ishlari sohadagi yagona davlat siyosatini noxolis baholash, yangiliklarni oʻz manfaatlariga moslab talqin qilish, voqeʼlikni oʻz oʻzanidan boshqa tomonga burish, holatni koʻpirtirish hamda ayrim diniy-ijtimoiy masalalar yuzasidan asossiz tanqidlar qilinmoqda.

Birinchidan, shuni unutmaslik kerak-ki, Oʻzbekiston – biz huquqiy demokratik, koʻp millatli va turli konfessiyali jamiyatda yashaymiz.

Ikkinchidan, bosh qomusimiz va amaldagi qonunchilikda hech qaysi dinga yoki diniy eʼtiqodga boshqalariga nisbatan biron-bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yoʻl qoʻyilmasligi belgilab qoʻyilgan.

Uchinchidan, turli millat va din vakillari istiqomat qiladigan jamiyatda qonun bilan oʻrnatilgan va ijtimoiy kelishuv asosida tartibga solinadigan munosabatlarga qarshi har qanday turdagi nojoiz xatti-harakat – turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi aholi orasida nizo va tushunmovchiliklar keltirib chiqaradi.

Kuzatuvlar shuni koʻrsatmoqda-ki, oxirgi paytlarda fuqarolar tomonidan bildirilayotgan takliflar, oʻrtaga qoʻyilayotgan masalalar, muayyan bir konfessiya, yaʼni islom diniga eʼtiqod qiluvchi fuqarolar manfaatlaridan kelib chiqib ilgari surilmoqda. Toʻgʻri, yurtimiz aholisining 94% dan ortigʻini musulmonlar tashkil etadi, lekin bu degani qaror qabul qilishda – mavjud qonunchilik va huquqiy meʼyor talablaridan chetga chiqishga asos boʻlmaydi, har qanday holatda ham boshqa dinlarga eʼtiqod qiluvchi fuqarolarning huquqlarini inobatga olish – Konstitutsiyaviy burch hisoblanadi. Aks holda, bu – diskriminatsiya va turli ijtimoiy muammolar kelib chiqishiga sabab boʻladi.

Shu nuqtai-nazardan, mamlakatimizda din sohasidagi davlat siyosati masalasida qabul qilinadigan har qanday qaror va qonunlar – barcha konfessiya vakillarini eʼtiborga olgan holda ishlab chiqiladi.

Bugun koʻtarilayotgan din sohasidagi har qanday taklif va talablar yuqoridagi mezonlar asosida koʻrib chiqilmas ekan, tushunmovchilik va ziddiyatlar kelib chiqaveradi. Masalaning muhim jihati, koʻpchilik ushbu yoʻnalishdagi davlat siyosatining mohiyatini toʻgʻri anglamasligi natijasida odamlar ongida turli notoʻgʻri fikrlar, munosabat va qarashlar hamda ikkilanishlar paydo boʻlmoqda.

Jumladan, xususiy tartibda diniy taʼlim olish va taʼlim berishga boʻlgan taqiqni bekor qilish masalasi ham bugun tushunmovchiliklarga sabab boʻlmoqda. Shunday ekan, mazkur masalaga ham oydinlik kiritish, chegarani belgilab olish lozim.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda diniy taʼlim olish sohasini shartli ravishda 3 ta yoʻnalishga boʻlish mumkin:

– ilohiyot yoʻnalishidagi professional diniy taʼlim;

– dunyoviy taʼlim muassasalaridagi dinga oid akademik taʼlim;

– aholi tomonidan qiziqish bildirilayotgan, kundalik hayoti uchun zarur deb hisoblanadigan diniy amaliyot qoidalarini oʻrganish hamda odob-ahloq bilan bogʻliq masalalarda diniy nuqtai nazarga asoslangan bilimlarni olish (“maishiy” diniy taʼlim).

1. Ilohiyot yoʻnalishidagi professional diniy taʼlim

Ushbu yoʻnalishdagi diniy taʼlim olish imkoniyatlari maxsus diniy taʼlim muassasalari orqali amalga oshiriladi va birinchi navbatda professional diniy soha xizmatchilarini tayyorlash uchun moʻljallangan. Bugungi kunda Oʻzbekistonda 15 ta diniy taʼlim muassasasi faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Shulardan 13 tasi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va oʻrta maxsus islom bilim yurtlari. Jumladan, 3 tasi oliy Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi va 10 ta oʻrta maxsus islom bilim yurtlari hisoblanadi, shundan 2 tasi ayol-qizlar oʻrta maxsus islom taʼlim muassasalaridir. Bular quyidagilar:

1.Toshkent islom instituti

2.“Mir Arab” Oliy madrasasi

3. Hadis ilmi maktabi

4.“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti

5.“Sayyid Muhyiddin maxdum” oʻrta maxsus islom bilim yurti

6.“Hidoya” oʻrta maxsus islom bilim yurti

7.“Muhammad al-Beruniy” oʻrta maxsus islom bilim yurti

8.“Faxriddin ar-Roziy” oʻrta maxsus islom bilim yurti

9.“Xoja Buxoriy” oʻrta maxsus islom bilim yurti

10.“Mir Arab” oʻrta maxsus islom bilim yurti

11. “Imom Termizi” oʻrta maxsus islom bilim yurti

12.“Xadichai Kubro” oʻrta maxsus islom bilim yurti

13.“Joʻybori Kalon” oʻrta maxsus islom bilim yurti.

Professional diniy taʼlim tizimida boshlangʻich daraja madrasa hisoblanadi hamda yuqorida koʻrsatib oʻtilgan 10 nafar oʻrta maxsus islom bilim yurtlariga kirish uchun maxsus diniy bilim talab etilmaydi. Ushbu taʼlim dargohlarida kirish imtihonlari maktab dasturi doirasida oʻqitiladigan fanlar, yaʼni xorijiy til va tarix fanlaridan Davlat test markazi tomonidan test shaklida oʻtkaziladi. 2019 yilga qadar Maʼnaviyat asoslari fanidan ijodiy imtihon ham oʻtkazilgan boʻlib, 2020 yilda pandemiya sababli faqat test shaklidagi imtihonlar tashkil etish bilan cheklangan.

Oʻz navbatida, oliy diniy taʼlim muassasalariga kirish uchun dunyoviy fanlar bilan bir qatorda sof diniy fanlardan ham imtihonlar oʻtkaziladi, mazkur bilimlarni fuqarolar madrasalarda olish imkoniyatiga ega boʻladi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, Oʻzbekistonda barcha din vakillariga bir koʻz bilan qaraladi, “diniy ozchilik” degan ibora esa oʻz mazmun-mohiyatiga koʻra oʻzbek tili uchun sunʼiy yasama boʻlib, bizning madaniyatimizga va tilimizga va umuman milliy qonunchiligimizga xos emas. Bu holat diniy taʼlim sohasida ham koʻzga tashlanadi. Buning isboti oʻlaroq, Toshkent pravoslav va Toshkent protestant seminariyalari faoliyat koʻrsatayotganini taʼkidlash oʻrinli.

Toshkent pravoslav seminariyasi 1990 yil 1 oktyabrda oʻrta maxsus bilim yurti sifatida tashkil etilgan. 1998 yil 9 apreldan oʻquv yurti seminariyaga aylantirilgan. Rus pravoslav cherkovi qoidalariga asosan seminariyaga yeparxiya rahbari rahbarlik qiladi. Seminariyada Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan tashqari Rossiya, Moldova, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistondan kelgan talabalar ham taʼlim olmoqda.

Toshkent protestant seminariyasi 1992 yildan eʼtiboran Samarqand shahrida “Samarqand protestant seminariyasi” sifatida faoliyat olib borgan. 2004 yilda seminariya Toshkent shahriga koʻchirilib, Toshkent protestant seminariyasi nomi bilan qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan.

Taʼkidlash lozimki, oʻtgan yaqin yillar davomida respublikamizda diniy taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan bir qator islohotlar amalga oshirildi. Diniy taʼlim tizimini jahon andozalariga mos ravishda tashkil etish va rivojlantirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Respublikada 2017 yilga qadar oliy diniy taʼlim muassasalari soni 1 tani tashkil qilgan boʻlsa, soʻnggi toʻrt yilda ularning soni 3 taga yetdi. Bugungi kunda Samarqand shahrida tashkil etilgan Hadis ilmi maktabi eng ilgʻor diniy taʼlim muassasasidir. Markaziy Osiyoda noyob hisoblangan bu taʼlim muassasasida taʼlim jarayonlari toʻliq raqamlashtirilgan boʻlib, taʼlim jarayonlariga xorijiy noyob mutaxassislar ham jalb qilinmoqda.

Oʻrta maxsus maʼlumotli imom-xatiblar malakasini oshirish va ularni oliy maʼlumotli qilish maqsadida Toshkent islom institutida 3 yillik modul taʼlim tizimi joriy etildi. Mazkur talim tizimiga 2019-2020 oʻquv yilidan asosiy ish joyidan ajralmagan holda imom-xatiblar oʻqishga qabul qilindi.

Davomi bor…

Manba: Din ishlari boʻyicha qoʻmita

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …