Home / YANGILIKLAR / SAYYOHSЕVAR YURT KUN SAYIN SAYQAL TOPMOQDA

SAYYOHSЕVAR YURT KUN SAYIN SAYQAL TOPMOQDA

Soʻnggi yillarda Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan turizmga oid qabul qilingan 30 dan ziyod farmon va qaror tashqi va ichki turizmni keng rivojlantirish hamda turizm infratuzilmasini yanada yaxshilashda muhim omil boʻlmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining joriy yil 9 fevraldagi Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi farmoni bu borada dasturilamal vazifasini oʻtamoqda.

Roʻyi zamin sayqali boʻlmish Samarqand ulkan turistik salohiyati bilan dunyo sayyohlari eʼtiborini tortib keladi. Prezidentimiz viloyatga bu yilgi tashrifi chogʻida hududning tu­rizm salohiyati, ziyorat turizmini rivojlantirishga doir taqdimot bilan tanishib, transport, yoʻl va kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, Samarqand shahrini obodonlashtirish, savdo va xizmatlarni kengaytirish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Ayni topshiriqlar ijrosi yuzasidan viloyatda qilinayotgan ishlar surʼati jadal. Bugun 366 ta joylashtirish vositasidagi xonalar soni 4 761 taga, ulardagi oʻrinlar soni esa qariyb 11 000 taga yetdi. Mehmonxonalar soni 165 taga, oilaviy mehmon uylari soni 177 taga yetib, 2018 yildagiga nisbatan qariyb 2,5 barobar koʻpaydi.

Viloyatda sayyohlarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish hamda madaniy meros obyektlari va ziyoratgohlar holatini yaxshilash borasida koʻplab amaliy ishlar bajarildi. Xususan, 10 ta ziyoratgoh va madaniy meros obyektida umumiy qiymati 4 milliard 700 ming soʻmlik rekonst­ruksiya ishlari amalga oshirilib, barcha shart-sharoit yaratildi. Erkin sayyohlarning belgilangan turizm manzillariga qulay hamda yuqori sifatli xizmat koʻrsatilgan holda yetib borishi uchun Samarqand temir yoʻl vokzalida turizm bekati ochildi.

Hududda ichki turizmni yanada rivojlantirish maqsadida 2020 yil 15 dekabrdan 2021 yil 15 yanvarga qadar “turizm oyligi” eʼlon qilinib, viloyatdagi joylashtirish vositalari tomonidan 35 foizgacha, turoperatorlar va madaniy meros obyektlari tomonidan 45 foizgacha chegirmalar taqdim etildi. Buning natijasida oylik doirasida 102 mingdan ortiq mahalliy sayyoh tashrif buyurdi.

 

ZIYORATDA IMKONIYATLARIMIZ ANCHA KЕNG

Tahlillarga koʻra, dunyo boʻylab har yili 148 million sayyoh aynan ziyorat maqsadida safar qiladi. Joriy yilda ham pandemiya bilan bogʻliq vaziyat qayta murakkablashmagan taqdirda Samarqandga keluvchi ziyoratchilar sonini 210 mingga yetkazish imkoniyati mavjud.

Xususan, Indoneziya, Turkiya, Pokiston, Malayziya kabi davlatlardan Imom Buxoriy merosiga qiziquvchi 100 mingdan ortiq, Hindiston, Turkiya, Pokiston, Bangladesh kabi davlatlardan Abu Mansur Moturidiy merosiga ixlosmand 26 mingdan ortiq ziyoratchi jalb etilishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, Indoneziya, Malayziya, Turkiya, Tatariston va Chechenistondan Xoʻja Ahror Valiy va Mahdumi Aʼzam izdoshlari boʻlgan 43 ming ziyoratchi, Xoʻja Doniyor hamda yahudiylar dini merosiga talabgor 40 mingdan ortiq ziyoratchini Isroil, AQSH, Fran­siya va Rossiyadan jalb qilish imkoniya­ti mavjud.

Buning uchun turli xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar oʻtkazilmoqda. Xususan, Indoneziyaning yirik turizm uyushmalari hisoblangan ASITA va SAPUHI bilan hamkorlikda Samarqandga har haftada 2 ta aviareys tashkil etish imkoniyati oʻrganilmoqda. Bu bilan 500 nafargacha sayyohni Samarqandga olib kelish, ularga 2 kun davomida ziyorat obyektlarida ziyorat turlarini tashkil etish boʻyicha bitimlar imzolangan boʻlib, Jakarta — Samarqand — Jakarta charter reysini yoʻlga qoʻyish yuzasidan “Uzbekistan Airways” bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Xuddi shunday hamkorlik aloqalarini oʻrnatish masalalari Hindiston, Eron, pokistonlik sheriklar bilan ham muhokama qilinyapti.

 

MЕHMONLAR MUNOSIB KUTIB OLINADI

Mavjud rejalarga koʻra, sayyohlarning belgilangan turizm manzillariga qulay, xavfsiz hamda yuqori sifatli servis koʻrsatilgan holda yetib borishi, erkin sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulugʻbek rasadxonasiga tutash hududlarda ham turizm bekatlari tashkil etiladi.

Imom Moturidiy maqbarasini moturidiya tariqati davomchilarining ziyorat markaziga aylantirish uchun uning atrofidagi 8 nafar buyuk ulamoning qabrlari qayta tiklanib, obodonlashtiriladi. Imom Buxoriyning ustozi Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy qoʻnim topgan ziyoratgohni obod qilish, Imom Buxoriy majmuasida bir vaqtning oʻzida 900 sayyohga xizmat qiluvchi mehmonxonalar hamda 3000 ziyoratchiga moʻljallangan, “halol” standartiga ega umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, Samarqand qogʻozi ustaxonasi, ipak mahsuloti ishlab chiqarish, hunarmandlik rastalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, turizm yoʻnalishlarini diversifikatsiyalash hamda viloyatda xorijiy va mahalliy sayyohlarning qolish muddatlarini uzaytirish maqsadida 2021-2022 yillarda bir nechta turizm mahallasi va turizm qishlogʻi bunyod etiladi. Ayni paytda esa, Konigil turizm qishlogʻidagi 2-bosqich qurilish-bunyodkorlik ishlarida 92 ta turistik obyekt va xizmat koʻrsatish nuqtasini hunarmand va tadbirkorlarga berish boʻyicha amaliy ishlar boshlandi.

Shuningdek, Samarqand shahridagi Alisher Navoiy, Islom Karimov koʻchalari turizm koʻchasiga aylantirilib, Mirzo Ulugʻbek, Davlatobod va Ozod Sharq koʻchalari kesishgan hududda “pub street” loyihasi amalga oshiriladi.

Aytish joizki, hozir viloyatning togʻli hududlarida turizmning ekstremal va togʻ turizmi yoʻnalishlarini rivojlantirish boʻyicha qator ishlar bajarilmoqda. Jumladan, Urgut tumanida Qoratepa-Omonqoʻton togʻ turizmi klasteri tashkil etiladi. Umumiy qiymati 2 million AQSH dollari boʻlgan loyiha doirasida “Doʻstlik” bolalar oromgohida 100 oʻrinli bolalar sport-sogʻlomlashtirish oromgohi, 75 oʻringa ega 20 ta kemping, 100 oʻringa moʻljallangan mehmonxona kompleksini barpo etish ishlari boshlab yuborilgan.

Qoratepa suv ombori hududida zamonaviy dam olish maskani tashkil etilib, unda mehmonxonalar, ovqatlanish shoxobchalari, sport maydonchalari qad koʻtaradi. Nurobod tumanidagi Hazrati Dovud ziyoratgohi hududida esa, xizmat koʻrsatish sifatini oshirish maqsadida osma dor yoʻli qurish loyihasi amalga oshirilmoqda.

“Tepaqul” QFYda bir kunda 500 nafar mahalliy va xorijiy sayyohga xizmat koʻrsatishga ixtisoslashtirilgan dam olish maskani barpo etilayotgan boʻlsa, Jomboy tumanidagi Zarafshon milliy tabiat bogʻi hududida 15 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan ekoturizm dam olish maskanlari tashkil etilib, tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy yengil konstruksiyali kempinglar, choʻmilish havzalari, ovqatlanish shoxobchalari, kuzatish minoralari kabi obyektlar qurilib, foydalanishga topshiriladi.

Umuman, Samarqandda 2021-2022 yillarda mahalliy va xorijiy tashabbuskorlar tomonidan jami qiymati 3 trillion 337 milliard soʻmlik 12b ta loyiha amalga oshirilishi hamda 3 074 ta yangi ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilmoqda.

— Samarqandda ziyorat turizmini rivojlantirish va viloyatga tashrif buyuruvchi ziyoratchilarga barcha shart-sharoitlarni yaratish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biridir. Biz aynan shu yoʻnalishda ishlayapmiz. Oʻylaymanki, yaqin kelajakda Samarqand ziyorat turizmi yoʻnalishida dunyo yetakchilari qatoridan joy oladi, — deydi viloyat hokimi oʻrinbosari, Turizm va sport bosh boshqarmasi boshligʻi Botir Nurullayev.

Muxtasar aytganda, Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi Samarqandning turistik salohiyatini toʻla namoyon etishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 23 iyun, № 126 (382)

Check Also

Yangi loyiha boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) …