Home / ALLOMALAR / IBN MUQAFFANING ISLOM SIVILIZATSIYASI TARAQQIYOTIGA QOʻSHGAN HISSASI

IBN MUQAFFANING ISLOM SIVILIZATSIYASI TARAQQIYOTIGA QOʻSHGAN HISSASI

Ibn Muqaffa (724-759) VIII asr islom ilm-fanining eng mahsuldor mutafakkirlaridan biri boʻlib, oʻz isteʼdodi va keng tafakkur sohibi ekanligidan guvohlik beruvchi bir qancha asarlari bilan arab-musulmon ilm-fanining, kitobat sanʼatining yuksalishiga katta taʼsir koʻrsatgan. Tarjimalari, falsafiy asarlari uning bepoyon, teran va aniq mantiqqa tayanganini, nozik did sohibi boʻlganini yaqqol namoyon etadi. U oʻz ijodiy faoliyatida asosan ikki masalaga diqqat qaratgan. Birinchisi – forslar adabiyoti va tarixini qayta tiklash, siyosiy hayotidagi asosiy voqealarni yoritish. Ikkinchisi – forslarning ijtimoiy tizimini oʻzlashtirgan holda, Abbosiylar davlatidagi jamiyat tizimini takomillashtirish.

Ibn Muqaffa fors tilidan bir qancha tarixiy asarlarni arab tiliga oʻgirgan. Jumladan, “Xudoynoma” – “Hukmdorlar kitobi” fors shohlarining tarjimai holini oʻz ichiga olgan. “Oyinanoma” – “Qoidalar kitobi” forslarning madaniyati va anʼanalari haqida hikoya qiladi. “Mazdak kitobi” mazdakiylik taʼlimotiga asos solgan Mazdak hayoti va uning Sosoniy hukmdor Qubod I bilan oʻzaro munosabatlariga bagʻishlangan boʻlib, Muqaffa tomonidan arab tiliga tarjimasi bugungi kunga qadar yetib kelmagan [1, 169]. “At-toj” – Xusrav Anushervonning tarjimai holiga bagʻishlangan.

Ibn Muqaffaning ilmiy faoliyatini tadqiq etuvchilar “Kalila va Dimna” kitobining tarjimasini birinchi oʻringa qoʻyadi. Jumladan, ingliz sharqshunosi Edvard Granvil Braun “A Literary History of Persia” (“Fors adabiyoti tarixi”) asarida ibn Muqaffaning tarjimalari orasida eng muhimi sifatida “Kalila va Dimna”ni qayd etadi. Ushbu asar Sosoniylar shohi Xusrav I Anushervon davrida saroy olimi Burzoye tomonidan Eronga keltirilib, pahlaviy tiliga tarjima qilingan. Abbosiylar sulolasi hukmronligi davrida hindlarning bu mashhur dostoni ibn Muqaffa tomonidan arab tiliga oʻgirilgan. Aynan ana shu tarjima “Kalila va Dimna”ning jahon boʻylab keng tarqalishiga sabab boʻlgan. Aytish kerakki, Ibn Muqaffa dostonni tarjima qilish bilan cheklanib qolmay, uning asosiy matniga birmuncha oʻzgartirish ham kiritgan. Keyinchalik shu tarjima asosida kitob koʻplab boshqa tillariga tarjima qilingan [2, 2].

Shuningdek, Ibn Muqaffa Aristotelning “Mantiq”, “Kategoriyalar”, “Analitika” asarlarini, Porfiriyning “Isogʻuchi” kitobini pahlaviy tilidan arabchaga oʻgirgan [3, 511]. Ammo baʼzi manbalarda ushbu tarjimalar uning oʻgʻli Muhammad ibn Abdullohga tegishli boʻlgani keltirilgan. Ibn Muqaffaning oddiy tarjimondan ajralib turadigan eng asosiy xususiyati shundan iborat ediki, u oʻzga xalqlar madaniyatining yutuqlarini arab tiliga tarjima qilish bilan cheklanib qolmasdan, ularni islom olamiga, ijtimoiy-siyosiy anʼanalarga moslashtirishga ham harakat qilgandi.

Ibn Muqaffa tarjimonlik faoliyatidan tashqari, davlat siyosatiga doir bir qancha asarlari, shuningdek, kimnidir tabriklash yoki tasalli berish maqsadida yozilgan maktublari bilan ham mashhurdir. Tarjima ilmidagi mahorati unga mualliflik huquqi bilan himoyalangan asarlar yozishni osonlashtirdi. Quyida ularni sanab oʻtamiz.

“Adabul kabir” kirish va ikki qismdan iborat. Kirish qismida qadimgi olimlarga ergashish, ularning bilim va asarlaridan bahramand boʻlishning ahamiyati qayd etilgan. Birinchi qism hukmdor, vazir va hokimlarning maʼmuriy va siyosiy xatti-harakatlariga bagʻishlangan. Ikkinchi qismda shaxslararo munosabatlar, odob-axloq qoidalari va haqiqiy doʻstning fazilatlari haqida soʻz boradi. Ushbu asarida yunon madaniyati va boshqaruvining siyosiy-falsafiy taʼsiri aks etadi.

“Adabus sagʻir”ning kirish qismida aqlning odob-axloqqa taʼsiri haqida toʻxtalgandan soʻng, aqlni oʻstirish, nafs tarbiyasi, tavhidga oid mulohazalar keltirilgan. Ayniqsa, asardagi oddiy odamlar uchun axloqiy tavsiyalar va hikmatlarni oʻz ichiga olgan fikrlar ahamiyatga molik. Uning yozilish sababini Ibn Muqaffa bunday tushuntiradi: “Men ushbu kitobga qalblarni toʻldirish va ularni sayqallashga, fikrlarni uygʻotish va yaxshi bilim olishga oʻrgatadigan soʻzlarni kiritdim” [4, 58].

“Adabul vajiz lil valadis sagʻir” muallifning oʻgʻliga axloqiy nasihatlaridan iborat. Unda shukrona, sabr-toqat, xotirjamlik, qadr-qimmatni bilish, haqiqatni tark etmaslik kabi fazilatlarni tavsiya etiladi. Afsuski, asarning arab tilidagi asl nusxasi yoʻqolgan. XIII asrda Nosiruddin Tusiy qilgan fors tiliga tarjimasi saqlanib qolgan.

“Risolatus sahoba”ni Ibn Muqaffa xalifa Abu Jaʼfar Mansurga bagʻishlab yozgan. Unda uchraydigan murakkab jumlalar muallifning asarni yozishda fors manbalaridan hamda fors uslubidan foydalanganini koʻrsatadi. “Risolatus sahoba” deb atalishiga kelsak, unda Ibn Muqaffa xalifalar va ularning yaqin safdoshlariga, maslahatchi va yaqin sirdoshlariga murojaat qilishi asosiy sababdir. Maʼlumki, islomda firqalarga boʻlinish boshlangan davrda bir masala boʻyicha turlicha qarashlar turli ixtiloflarni keltirib chiqargan. Ibn Muqaffa esa “Risolatus sahoba”dagi fikrlari orqali xalifa Mansurga islom qonunlarini kodifikatsiya qilishni taklif etgan. Oʻzi kuzatgan maʼmuriy, fiqhiy, harbiy, moliyaviy va ijtimoiy muammolarni tahlil etib, oʻziga xos yechimlarni tavsiya qilgan. Bundan tashqari, saroyning ichki muammolarini hal qilishda, vazir, hokim va amirlarni tayinlashda xalifa eʼtibor berishi kerak boʻlgan masalalar va oddiy xalqning hukmdordan nimalarni kutishi haqida yozgan. Asar oʻsha davrning oʻtkir masalalarini oʻz ichiga olgani, islomiy siyosiy fikrning eng dastlabki va tizimli manbalaridan biri boʻlgani uchun ham nihoyatda muhim hisoblanadi.

Biz Muhammad Kurd Ali tomonidan yozilgan “Rasoilul Bulagʻo” asariga kiritilgan Ibn Muqaffaga mansub baʼzi maktublar va saqlanib qolgan ayrim tarqoq sheʼrlarni ham taʼkidlab oʻtishimiz mumkinki, ular ham Ibn Muqaffa ilmiy-adabiy merosining uzviy bir qismini tashkil etadi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, Ibn Muqaffa islom sivilizatsiyasining oltin davri boʻlgan VIII asr ilm-fanining zabardast vakillaridan biri boʻlib, oʻz faoliyati orqali yunon, fors va hind madaniyatiga oid noyob durdona asarlarning islom olamiga kirib kelishida katta rol oʻynadi va shu orqali adab, axloq, siyosat va balogʻat kabi ilmlar rivojiga katta hissa qoʻshgan.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI 
  1. Edward G. Browne. A Literary History of Persia. From the Earliest Times until Firdawsi. – London, – P.548.
  2. Suyima Gʻaniyeva. Kalila va Dimna / tarj.– T.: Yangi asr avlodi, 2010. – 260.
  3. Ahmad Shavqiy Daif. Arab adabiyoti tarixi:birinchi abbosiylar davri. 3 jild. – Qohira. Dorul maʼorif. 1966. – 576.
  4. Xalil Mardam. Ibn al-Muqaffa aimat ul-ada (Ikkinchi qism). – Damashq. Maktabat arafa, 1930. – 68.
Sarvar Saidov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …