Home / Imom Buxoriy hadislari / Rasuli akram moʻjizalari “Sahihul Buxoriy”da …

Rasuli akram moʻjizalari “Sahihul Buxoriy”da …

TAOM BERARMIKAN, DEB SAVOL SO‘RAGAN INSON

II jild. 6452-hadis. Abu Hurayra roziyallohu anhu shunday der edi:

«O‘zidan boshqa iloh bo‘lmagan Allohga qasamki, ochlikdan bag‘rimni yerga berib qolar, qornimga tosh ham bog‘lab olar edim. Bir kuni odamlar chiqadigan yo‘lga o‘tirib oldim. Abu Bakr o‘tib qoldi. Undan Allohning Kitobidagi bir oyat haqida so‘radim. Buni menga taom  berarmikan, debgina so‘ragan edim. Lekin u bunday qilmay, o‘tib ketaverdi.

Keyin oldimdan Umar o‘tib qoldi. Undan ham Allohning Kitobidan bir oyat haqida so‘radim. Lekin u ham o‘tib ketaverdi.

Keyin Abul Qosim sollallohu alayhi vasallam o‘tib qoldilar. Meni ko‘riboq tabassum qildilar va holatimni, yuzimdagi ahvolni payqadilar.  

Keyin: “Ey Abu Hirr!” dedilar.  

“Labbay, ey Allohning Rasuli!” dedim.  

U zot: “Ortimdan yur”, deb yo‘lda davom etdilar.

Ortlaridan yurdim. U zot (uyga) kirib ketdilar. Izn so‘ragan edim, menga izn berdilar.

U zot kirsalar, hadya qilingan bir jom sut bor ekan.  

“Abu Hirr, suffa ahliga borib, ularni menga chaqirib kel!” dedilar.

Suffa ahli Islom mehmonlari bo‘lib, suyanadigan ahli-oilasi ham, mol-dunyosi ham, biror kishisi ham yo‘q edi. U zotga sadaqa kelsa, hech narsasiga tegmay, o‘shalarga jo‘natar edilar. Agar hadya kelsa, undan tatib ko‘rib, keyin baham ko‘rish uchun ularga yuborar edilar.

Bu (suffa ahlini chorlaganlari) menga sal ma’qul kelmadi. “Bu sut suffa ahliga nima ham bo‘lardi? Undan biroz ichib, sal quvvatga kirib olishga haqliroq bo‘lib turgan men bo‘lsam… Agar ular kelsa, menga buyuradilar, men sutni ularga beraman, keyin menga yetmay qolishi hech gap emas”, deb o‘yladim.

Lekin Alloh va uning Rasuli sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish lozimu lobud. Shuning uchun borib, ularni chaqirib keldim. Kelib joylashishdi.  

U zot: “Ey Abu Hirr, ma, ol, ularga ber”, dedilar. Men jomni olib bir kishiga berar edim, u qonguncha ichib, keyin jomni menga qaytarar edi. So‘ng men uni yana bir kishiga berar edim, u ham qonguncha ichib, keyin jomni menga qaytarar edi. So‘ng men uni yana bir kishiga berar edim, u ham qonguncha ichib, keyin jomni menga qaytarar edi. Nihoyat, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yetib keldim. 

Qavmning hammasi to‘yib bo‘lgan edi. U zot jomni olib, qo‘llariga qo‘ydilar-da, menga qarab, tabassum bilan: “Ey Abu Hirr, ikkovimiz qoldik, o‘tir, ich”, dedilar. Men o‘tirib, ichdim. So‘ng yana: “Ich!” dedilar. Men ichdim. U zot: “Ich!” deyaverdilar, nihoyat men: “Yo‘q! Sizni haq bilan yuborgan Zotga qasamki, unga joy topa olmayapman!” deb yubordim.  

U zot: “Qani, menga ko‘rsat-chi”, dedilar. Men jomni u zotga berdim. U zot Allohga hamd aytib, “Bismillah”, deb qolganini ichdilar.»

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Check Also

AYYOM FAZILATI: Yetimning kafili

Sahl ibn Saʼd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Men va yetimning kafili …