Home / MAQOLALAR / “LUBOBUL KALOM” ASAPIDA ALLOHGA JIHAT VA MAKONNI NISBAT BЕRISH MASALASI

“LUBOBUL KALOM” ASAPIDA ALLOHGA JIHAT VA MAKONNI NISBAT BЕRISH MASALASI

Hozirgi kunning eng dolzarb va munozarali masalalaridan biri bu, shubhasiz, Alloh taologa jihat va makonning nisbat berilishidir. Ayrim buzuq aqidalar tarafdorlari tomonidan oʻrtaga tashlanayotgan bu mavzu azal-azaldan Alloh taoloni “Lo makon”, yaʼni makonsiz, deb eʼtiqod qilib kelgan musulmonlar orasida katta nizolar kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda. Oʻzining aqidaviy tamoyillaridan kelib chiqib, Ahli sunna val jamoa ulamolari, xususan, moturidiya kalom maktabi namoyandalari mazkur mavzuga oʻtmishda ham keskin, aniq va rad etib boʻlmas dalillar bilan javob bergan. Aksar musulmon ulamolarining eʼtirof etishicha, ularning raddiyalari ayni vaqtda ham oʻzining ilmiyligi va ahamiyatini yoʻqotgan emas. Oʻtmishda boʻlgani kabi hozir ham bunday buzuq aqidalarga qarshi raddiyalar berish maqsadida koʻplab ulamolar tomonidan katta-kichik asarlar yozilgan.

Buyuk vatandoshimiz Alouddin Usmandiyning “Lubobul kalom” asarida ham bu mavzu eʼtibordan chetda qolmagan. Muallif Allohga jihat va makonni nisbat berganlarga raddiyalar berar ekan, gapni olamning Yaratuvchisi araz, javhar va jism emasligi, surat va tarkib topish kabi sifatlar bilan sifatlanmasligi haqidagi mavzulardan boshlaydi. Jumladan, “Olamning Yaratuvchisi araz emasligining isboti haqidagi boʻlim”da quyidagi fikrlarni bildiradi:

“Olamning Yaratuvchisi araz emasligining dalili shuki, araz – oʻz-oʻzicha mavjud boʻlib tura olmaydigan, mavjud boʻlishi uchun qandaydir oʻringa muhtoj boʻladigan narsadir. Mana shunday holatdagi narsaning Hay (mangu barhayot), Olim (ilm egasi), Qodir (qudratli), Samiʼ (eshituvchi) va Basir (koʻruvchi) boʻlishi mahol hisoblanadi. Biz quyida zikr qilib oʻtadigan sabablar eʼtiboridan Alloh taolo mana shu sifatlarning barchasi bilan sifatlangan Zotdir. Shunday ekan, Uning araz emasligi oʻz-oʻzidan maʼlum boʻladi.

Yana bir dalil shuki, agar Alloh taolo araz boʻladigan boʻlsa, boshqa arazlar kabi Unga ham yoʻqlik yetishi mumkin, deb hisoblash vojib boʻlib qoladi. Bu esa, yuqorida aytilgan gaplarga koʻra, Alloh taoloning boshqa arazlar singari hodis – keyin vujudga kelgan boʻlishini taqazo qiladi. Binobarin, Alloh taoloning qadim zot ekani oʻz tasdigʻini topdi. Shunday ekan, Uning araz boʻlishi ham oʻz-oʻzidan yoʻqqa chiqadi”[1: 74].

Asarning “Olamning Yaratuvchisi javhar emasligi haqidagi boʻlim”ida Usmandiy Allohning javhar emasligiga quyidagicha raddiya beradi:

“Olamning Yaratuvchisi javhar emasligiga dalil shuki, javharning haqiqati (mohiyati) – bu oʻzining mavjudligida qaysidir jihatga qoʻshilib, birlashib turishdan ayro tushmaydigan narsadir. Biz buni yuqorida bayon qilib oʻtganmiz. Mana shunday holatda boʻlgan narsa hodis boʻlmish arazlar va toʻrt holat(harakat, harakatsizlik, birlashish va ajralish)dan xoli boʻlmaydi. Borligida hodislardan ayro boʻlmagan narsaning oʻzi ham hodis boʻladi. Alloh taoloning qadimligi oʻz isbotini topib, Uning javhar ekanligi yoʻqqa chiqdi” [1: 74].

Olamning Yaratuvchisi mavjuddir, shuningdek, javhar ham oʻz-oʻzicha bor boʻlib tura oladi. Shu maʼnoda, Alloh taologa nisbatan javhar ismini ishlatishni Usmandiy qoralaydi. Chunki, deydi u, javhar – bu asldir. Jismlar undan tarkib topadi. Shunday ekan, bu ismni U zotga nisbatan ishlatish mumkin emas.

“Olamning Yaratuvchisi jism emasligi haqidagi boʻlim”da Unga jism nisbatini bergan mujassimalarga quyidagicha raddiya beradi:

“Buning dalili shuki, jism javharlardan tarkib topgan boʻladi. Alloh taoloning javhar emasligi oʻz isbotini topgan ekan, Uning jism emasligi ham oʻz-oʻzidan maʼlum boʻladi. Chunki, Alloh taolo jism boʻladigan boʻlsa, hodis boʻlgan arazlar va holatlardan xoli boʻlmaydi. Hodislardan xoli boʻlmaydigan har qanday narsa hodisdir. Yuqorida oʻtgan gaplarga koʻra, Allohning qadimligi oʻz tasdigʻini topib boʻldi” [1: 74-75].

“Olamning yaratuvchisi (boshqa) “shay”larga oʻxshamagan “shay”dir”, deb aytganimizdek, “U (boshqa) jismlarga oʻxshamagan jismdir”, deb aytishimiz nima uchun mumkin emas?” deb eʼtiroz bildiruvchilarga Usmandiy bunday javob beradi:

“Siz “U (boshqa) jismlarga oʻxshamagan jismdir” degan soʻzingiz bilan tarkib topganlikni inkor etdingizmi yoki unga qoʻshib boshqa bir narsanimi?”

Agar u “Birinchisini inkor etdim”, desa u oʻzining soʻzini rad etgan boʻlib chiqadi. Chunki jism – bu zotida murakkab boʻlgan narsa. Binobarin, u goʻyo: “Olamning Yaratuvchisi jismga oʻxshamagan jismdir, murakkab boʻlmagan murakkabdir”, degandek boʻladi va bu gapda ziddiyat bor. Agar “ikkinchisini inkor etdim”, desa bu ham botildir. Chunki murakkab narsa borki, unda oʻzgarishlar sodir boʻlishdan xoli emas. Ammo “Olamning Yaratuvchisi (boshqa) “shay”larga oʻxshamagan “shay”dir”, degan soʻzimiz bunga oʻxshamaydi. Chunki “shay” – bu mavjudlikdan iboratdir. Biz “(boshqa) “shay”larga oʻxshamagan” degan soʻzimiz bilan mutlaq mavjudlikdan tashqari barcha sifatlarni, yaʼni keyin paydo boʻlganlik alomatlari hisoblanmish boshqa sifatlarni inkor etishni nazarda tutgan boʻlamiz. Ana shunda bizning “(boshqa) “shay”larga oʻxshamagan “shay”dir”, degan soʻzimiz “Keyin paydo boʻlganlikka dalolat qiladigan sifatlar borasida boshqa mavjudotlarga oʻxshamaydigan mavjuddir”, maʼnosida aytilgan boʻladi. Jism keyin paydo boʻlganlik va mavjudlikni taqozo qiladi. Mavjudlik esa keyin paydo boʻlganlikni taqazo etmaydi”[1: 75-76].

“Alloh taoloni surat va tarkib topganlik bilan sifatlash botil ekani haqidagi boʻlim”da Usmandiy Uni surat, rang, taʼm, hid, issiqlik, sovuqlik, namlik, quruqlik kabi sifatlar bilan sifatlashni botilga (asossizga) chiqaradi. Buning uchun yuqoridagi boʻlimlarda oʻtgan xulosalarni dalil qilib keltiradi. Uning fikricha, surat tarkib topishdan iborat. Uning tarkib topishi oʻzgarishi bilan taʼm va hidi ham oʻzgaradi. Mazkur toʻrt xususiyat javharlarga tegishli arazlardir. Yuqorida Alloh taoloning araz boʻlishi yoki arazlarga mahal (ular oʻrnashadigan joy) boʻlishi inkor etilganidan kelib chiqib, Usmandiy mazkur sifatlarning barchasi Unda mavjud emas, degan xulosaga keladi.

Asosiy mavzuga keladigan boʻlsak, Usmandiy bu xususda “Olamning Yaratuvchisi qaysidir jihat yoki makonda emasligi haqida” alohida boʻlim ajratib, Uning biror jihatda emasligini bir qator dalillar bilan isbotlab berishga harakat qiladi hamda bunday aqidada boʻlishni mahol hisoblaydi:

“Birinchi dalil shuki, – deb yozadi Usmandiy, – jihat ham, narsa band qilib turadigan tasavvurdagi boʻshliq ham bitta narsadir. Binobarin, Alloh taolo qaysidir jihatda boʻlsa, javharlar singari tasavvurdagi boʻshliqda oʻz oʻrniga ega boʻluvchiga aylanib qolar edi. Tasavvurdagi boʻshliqdan oʻz oʻrniga ega boʻluvchi narsa yuqorida aytib oʻtilganidek, keyin paydo boʻlgan holatlardan xoli boʻlmaydi. Hodislik alomatlaridan xoli boʻlmagan barcha narsa hodis, yaʼni keyin paydo boʻlgandir. Olamning yaratuvchisi qadim Zotdir. Demak, Alloh taoloning qaysidir jihatda boʻlishi asossizdir” [1: 76-77].

Usmandiy keltirgan dalilning ikkinchisi shuki, agar Alloh taolo qaysidir jihatda boʻladigan boʻlsa, mumkinlik yoʻliga koʻra boʻlar, qaysidir jihatda mavjud boʻlgan Zot undan boshqa bir jihatda mavjud boʻlishi ham mumkin boʻlar edi. Chunki qadim Zot qaysidir jihatlar qolib, baʼzi birlari bilan xoslanib qolmaydi. Shunday ekan, U muayyan bir jihatda mavjud boʻladigan boʻlsa, Uni oʻsha jihatga xoslab qoʻyuvchi boshqa bir zot mavjud boʻlishi kerak boʻladi. Ana shunda Alloh taolo keyin paydo boʻlganlik sifatlari bilan xoslanishida boshqa javharlarga oʻxshab qolgan boʻlar edi. Bu botil gapdir.

Uchinchi dalil sifatida Usmandiy quyidagilarni yozadi: “Olamning Yaratuvchisi muayyan bir jihatda boʻlsa, U oʻsha jihatda qaror topgan, chegaralangan va qismlangan boʻlib qoladi. Chunki biz muayyan bir jihatda, deb tasavvur qilgan narsa ikkinchi bir jihatga borib tugaydi. Bu – keyin paydo boʻlganlik alomati. Demak, olamning Yaratuvchisi qadim ekanligi oʻz tasdigʻini topgan ekan, Uning qaysidir jihatda boʻlishi ham asossizdir” [1: 76-77].

Maʼlumki, ayni kunlarda musulmonlar orasida Alloh taoloni “Arshning ustida” yoki “osmonda”ligi haqidagi buzuq aqida Ahli sunna aqidasiga muxolif guruhlar tomonidan shiddat bilan targʻib qilinmoqda. Koʻpchilik Ahli sunna ulamolari qatori Usmandiy ham Alloh taoloning makonda boʻlishini mahol hisoblaydi. Buning uchun oʻzining dalilini keltirib, bunday yozadi: “U zot azalda makon tutuvchi boʻlmagan. Chunki U qadim zot, makon esa yuqorida aytib oʻtilganidek, hodis, yaʼni keyin vujudga kelgan. Agar Alloh taolo makonni yaratganidan soʻng makon tutuvchi boʻlsa, avvalgi holatidan oʻzgargan boʻladi. Oʻzgarish keyin vujudga kelganlik alomatlaridan biridir. Olamning Yaratuvchisi qadim Zot boʻlib, Uning makonda boʻlishi botildir. Chunki U biror joyni makon tutuvchi boʻlganida yo undan kichik yoki kattaroq yohud hajmda u bilan barobar boʻlishi lozim boʻladi. Bularning barchasi chegaralanish va juzlarga boʻlinishga olib boradi. Bu ham keyin vujudga kelganlik alomatlaridan biridir”[1: 76-77].

Alloh taoloning biror makonda emasligiga olamning Yaratuvchisi biror joyni makon tutuvchi boʻlsa, oʻsha joyning qaysidir jihatida boʻlishi lozimligini, chunki bir joyni makon tutuvchi zot oʻsha joyning jihatlaridan birida boʻlmasligi aqlga toʻgʻri kelmasligini dalil qilib keltiradi. Yuqorida zikr qilingan gaplarga koʻra, U zotning biror jihatda boʻlishi asossiz ekanligidan kelib chiqib, Uning biror makonda boʻlishi ham asossiz, degan xulosaga keladi.

“Alloh taolo hech bir jihat va makonda emas, degan qarash bilan Uning jism, javhar va araz emasligi ham inkor etilgan boʻladi. Bu degani Alloh taoloni butunlay inkor etishdir. Chunki voqelikda ham bir narsani inkor etishda uning barcha jihat va makonlarda boʻlishini uning jism, javhar va arazligini inkor etishdan koʻra kuchliroq inkor mavjud emas”, deya eʼtiroz bildiradiganlarga Usmandiy bunday javob beradi:

“Biror jihat yoki makonda boʻlishi tasavvur qilinadigan har qanday narsaning barcha jihat va makonlarda boʻlishini inkor etish uni butunlay inkor etish hisoblanadi. Shuningdek, jism yoki javhar yohud araz boʻlishdan xoli boʻlmagan hodis – keyin vujudga keluvchi narsaning mana shu sifatlarini inkor etish uning oʻzini butunlay inkor etish hisoblanadi.

Ammo jihat va makonda boʻlishi, jism yo javhar yoki araz boʻlishi mahol hisoblanadigan mavjud zotga kelsak, Uning jihat va makonda boʻlishini, Unda keyin vujudga kelganlik sifatlari mavjud boʻlishini inkor etish Uni butunlay inkor etish hisoblanmaydi. Shuning uchun ham biz Uning jihat va makonda boʻlishi, jism, javhar va araz boʻlishi mahol hisoblanadi, deb daʼvo qilayotgan hamda buning uchun dalillar keltirayotgan olamning Yaratuvchisida mazkur sifatlarning birortasi mavjud emas, deyishimiz qanday qilib Uni butunlay inkor etish boʻlsin?

Buning dalili, yuqorida aytib oʻtilganidek, olam keyin vujudga kelgan boʻlib, uni vujudga keltiruvchi va unga oʻxshamaydigan qadim Zot boʻlishi lozim. Zero, unga oʻxshash boʻlsa, vujudga keltiruvchi Zotga muhtojlikda umumiy boʻlgan hodis narsaga aylanib qoladi. Bu – asossizdir”.

Usmandiy mavzuni davom ettirib: “Na jism, na javhar va na araz boʻlmagan, na biror jihatda, na makonda boʻlmaydigan, na tasavvurga sigʻmaydigan, na aql uni tasavvur qilolmaydigan narsa mavjudligini isbotlash imkonsizdir”, deydiganlarga bunday javob beradi:

“Tasavvur – sezgining natijasi. His qilinadigan narsani tasavvur qilish mumkin boʻladi. Yaratuvchi zotning borligi his qilib boʻlmaydigan, ammo tushuniladigan ishdir. Narsa his qilinmaydigan va tasavvur ostiga doxil boʻlmaydigan boʻlsa-da, uning borligini tushuniladigan ish boʻlishi joizdir. Bunga misol, insonning aqli, ilmi va kuchidir. Tasavvurning oʻzi tushuniladigan narsa emas, ammo aqlning dalolati ila maʼlum narsadir. Bu borada xulosa shuki, dalillar olamning Yaratuvchisi borligi va Uning qadimligiga dalolat qilgan. Shuningdek, Uning hodislarga oʻxshamaydigan, mana shunday sifatlarni qabul qilmaydigan Zot ekanligiga ham dalolat qilgan. Shunday boʻlgach, tasavvur ostiga doxil boʻlmasa-da, olamning Yaratuvchisi bor, deyish vojibdir”.

Darhaqiqat, Alloh taologa jihat va makonni nisbat beradigan guruhlar oʻz qarashlarini asoslash maqsadida Qurʼoni karimdagi bir qator oyatlar va bitta mantiqiy shubhani dalil qilib olishgan. Ularning ana shunday dalillariga Ahli sunna ulamolari tomonidan qoniqarli va rad etib boʻlmas hujjatlar taqdim etilgan. Shular qatori Usmandiy ham bu xususda soʻz yuritar ekan, mavzuga doir har bir oyat va aqliy shubhani chuqur tahlil qiladi va ish ular oʻylagandek emasligini isbotlab beradi.

“Lubobul kalom”da keltirilishicha, muxolif guruhlar dalil qilib keltiradigan oyatlar, asosan, quyidagilardir:

﴿ٱلرَّحۡمَٰنُ عَلَى ٱلۡعَرۡشِ ٱسۡتَوَىٰ﴾  [ar-rohmaanu ʼalal-ʼarshistavaa] – “(U) Arsh uzra “mustaviy” boʻlmish Rahmondir”; [2]

﴿ثُمَّ ٱسۡتَوَىٰ عَلَى ٱلۡعَرۡشِۖ﴾ [summastavaa ʼalal-ʼarsh] – “Soʻngra Arsh uzra “mustaviy” boʻlgan (Allohdir)”; [3] “Istivo” – oʻrnashib olishdir.

﴿ءَأَمِنتُم مَّن فِي ٱلسَّمَآءِ﴾ [a amintum man fis-samaai] – “Yo sizlar osmondagi zot (Alloh) sizlarni yerga yuttirib yuborishidan xotirjammisiz?!”; [4]

﴿وَهُوَ ٱلَّذِي فِي ٱلسَّمَآءِ إِلَٰهٞ وَفِي ٱلۡأَرۡضِ إِلَٰهٞۚ﴾ [va huvallazi fis-samaai ilaahun va fil-ardi ilaahun] – “U (Alloh) osmonda ham iloh, yerda ham ilohdir”; [5]

﴿وَهُوَ ٱلۡقَاهِرُ فَوۡقَ عِبَادِهِۦۚ﴾ [va huval-qohiru favqo ʼibaadih] – “Bandalari ustidan U gʻolibdir”; [6]

﴿إِنَّآ أَنزَلۡنَٰهُ﴾ [innaa anzalnaahu] – “Albatta, Biz uni (Kitobni) nozil qildik”; [7]. Nozil qilish faqatgina yuqori tarafdan boʻladi.

Aqliy shubhalariga kelsak, u quyidagichadir: Alloh taolo mavjud, olam ham mavjud. Sifat oʻz egasida qoim boʻlgani kabi ikki mavjuddan biri ikkinchisining vujudida qoim boʻlmaydi. Shunday ekan, bu ikki mavjud narsa bir-biridan ajralib turishi yoki bir-biriga tutashib turishi lozim boʻladi. Bu ishda oʻz-oʻzidan Alloh taoloning jihatda ekani tasdigʻi bordir.

Usmandiy ularning mazkur dalillariga quyidagicha javob beradi:

“Bu aqliy masalalar turkumiga kiradi. Bunday ishlarda aniqlik va ilmdan boshqa yoʻl mavjud emas. Shunday boʻlgach, taʼvil qilsa boʻladigan oyatlarning zohirini olib, dalil qilish toʻgʻri emas. Qolaversa, yuqorida oʻtganidek, aqliy dalillar Alloh taologa jihat va makonni nisbat berishni inkor etar ekan, dalillararo qarama-qarshilik vujudga kelishining oldini olish uchun mazkur oyatlarni taʼvil qilish lozim. Demak, biz bunday deymiz: “Istivodan murod istilo qilish (egallash) va qodir boʻlishdir, chunki istivo zikr qilinganda undan ana shu maʼno iroda qilinadi.

Shoir bunday degan:

قد استوى بشر على العراق من غير سيف ودم مهراق

(Yaʼni, “Bishr qurol-yaroqsiz va qon (toʻkilishlar)siz Iroqni istilo qildi”). Mazkur sheʼrdagi “istavaa”dan murod istilo qilishdir.

Ammo ﴿وَهُوَ ٱلَّذِي فِي ٱلسَّمَآءِ إِلَٰهٞ وَفِي ٱلۡأَرۡضِ إِلَٰهٞۚ﴾ [va huvallazi fis-samaai ilaahun va fil-ardi ilaahun] – “U (Alloh) osmonda ham iloh, yerda ham ilohdir”[5] va shu kabi oyatlarga kelsak, ulardan murod yerda va osmonda Allohning ilohligi namoyon boʻlishidir, ularda Uning zoti mavjud boʻlishi emas.

Ammo ﴿وَهُوَ ٱلۡقَاهِرُ فَوۡقَ عِبَادِهِۦۚ﴾ [va huval-qohiru favqo ʼibaadih] – “Bandalari ustidan U gʻolibdir” [8] oyatiga kelsak, undan murod qodirlik, kuch va gʻoliblik eʼtiboridan yuksalish hamda ustun kelishdir. Masalan, arablarda: “فوق كل يد يد أخرى” [favqo kulli yadin yadun uxro] – “Har qanday qoʻl ustida boshqa bir qoʻl bor”, degan gap yuradi.

Endi “nozil qilish” haqida gapiradigan boʻlsak, undan murod – Qurʼonni oʻzi bilan olib tushuvchi Jabroil alayhissalomdir. Chunki osmondan tushgan zot aynan udir. Uni bizning huzurimizga tushishga amr etgan zot Alloh taoloning oʻzidir. Buning uchun Alloh taolo biror jihatda boʻlishi shart emas.

Ularning aqliy shubhalariga quyidagicha javob beramiz: “Ikkita mavjud narsa bir-biri bilan tutashib turishi ham, bir-biridan ajralib turishi ham joizdir. Jihatlarning biri boshqasidan ajralib yoki unga tutashib turishi, uning tomonlaridan birida boʻlishi lozim. Biz yuqorida aytib oʻtgan aqliy dalil borligi uchun bu holat Alloh taologa nisbatan mahol hisoblanadi” [1: 80].

Usmandiy Alloh taologa nisbatan yuqorida zikr etilgan sifatlarni ishlatish, U haqda shunday aqidada boʻlishni qoralab, ilmiy asosda oʻz qarashlarini isbotlab berganidan soʻng “Olamning Yaratuvchisi olamga ham, uning biror narsasiga ham oʻxshamasligi haqidagi boʻlim”da quyidagi fikrlarni yozadi:

“Alloh taolo olamga ham, uning biror narsasiga ham oʻxshamasligi dalili shuki, bir-biriga oʻxshaydigan ikki narsa bir-biriga monand va teng boʻladi. Bir-biriga monand va teng boʻlgan ikki narsa – bu biri ikkinchisining oʻrnini bosadigan, uning oʻrnini almashtiradigan va vazifasini bajaradigan har qanday ikki mavjud narsadir. Shuning uchun bizlardan birimiz bir narsa boshqa bir narsaning oʻrniga oʻtishi va joyida boʻlishiga eʼtiqod qilsa, unga nisbatan “monandlik” nomini ishlatadi. Agar aksincha boʻlsa, bu nomni unga ishlatmaydi.

Bu narsa oʻz isbotini topgan ekan, biz bunday deymiz:

“Narsa oʻzidan boshqaning oʻrnini bosishiga sabab uning sifatlarida sherik boʻlganidir, xolos. Agar uning barcha sifatlarida oʻxshash boʻlsa, har tomonlama unga monand boʻladi. Agar ayrim sifatlarida oʻxshash boʻlsa, bir jihatdan unga monand boʻladi. Ammo buning sharti shuki, narsa oʻzidan boshqaning oʻsha sifatida har tomondan oʻxshasin va teng boʻlsin. Chunki oʻsha sifatda ular oʻrtasida tafovut boʻlsa, biri ikkinchisining oʻrnini bosmaydi va uning oʻrnini almashtirmaydi. Alloh taolo zotiy sifatlarida na javharlarga, na jismlarga va na arazlarga oʻxshaydi. Yaʼni, U javhar emas, tasavvurdagi boʻshliqda oʻz oʻrniga ega boʻluvchi emas, harakatlanuvchi va tarkib topuvchi emas. Shuningdek, baʼzi sifatlarda ham ularga oʻxshamaydi. Chunki Alloh taoloning barcha sifatlari qadim, mavjud boʻlishi lozim boʻlgan sifatlardir. Javharlar, jismlar va arazlardagi har bitta sifat ularning keyin vujudga kelgan ekaniga dalolat qiluvchi hodisadir. Demak, Alloh taoloning jismlar va arazlarga oʻxshamasligi oʻz-oʻzidan aniq boʻldi” [1: 80].

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, “Lubobul kalom” asari Imom Moturidiyning “Tavhid” va “Taʼvilotul Qurʼon”, Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla” asarlarida oʻz aksini topgan Ahli sunna val jamoa aqidasini keng targʻib etishda oʻziga xos aqidaviy manbadir. Mazkur asarlarda ilgari surilgan Allohning araz, javhar, jism emasligi, surat va tarkib topish bilan sifatlanmasligi, biror jihat va makonga nisbat berilishi joiz emasligi hamda olam va undagi biror narsaga oʻxshamasligi kabi mavzularning “Lubobul kalom” asarida ham oʻz ifodasini topganligi fikrimiz dalilidir. Zero, bu asar muallif aytganidek, “eʼtiqodni tuzatishni boshlovchi kishilar uchun hidoyat manbai” boʻlsin, degan maqsadda yozilgan.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Alouddin Usmandiyning “Lubobul kalom” asari.
  2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Tafsiri hilol” kitobi. Toha surasi, 5-oyat.
  3. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Tafsiri hilol” kitobi. Aʼrof surasi, 54-oyat.
  4. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Tafsiri hilol” kitobi. Mulk surasi, 16-oyat.
  5. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Tafsiri hilol” kitobi. Zuxruf surasi, 84-oyat.
  6. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Tafsiri hilol” kitobi. Anʼom surasi, 18-oyat.
  7. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Tafsiri hilol” kitobi. Yusuf surasi, 2-oyat.
 Otabek MUHAMMADIYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
direktori oʻrinbosari

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …