Home / ALLOMALAR / MIRZO ABDULAZIM SOMIYNING HAYOTI VA ILMIY MЕROSIGA DOIR YANGI MAʼLUMOTLAR

MIRZO ABDULAZIM SOMIYNING HAYOTI VA ILMIY MЕROSIGA DOIR YANGI MAʼLUMOTLAR

Zamonasining yetuk tarixnavisi, koʻzga koʻringan shoir va inshonavis Mirzo Abdulazim Somiy (1838-1907) uzoq yillar Buxoro hukmdorlari amir Muzaffar (1860-1885) va amir Abdulahad (1885-1910) saroyida kotib va bosh munshiy lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan. Amir Abdulahad hukmdorligining oʻrtalarida saroy xizmatidan chetlatiladi. Sadr Ziyo, Sadriddin Ayniy va boshqa zamondoshlarining guvohlik berishicha, umrining soʻnggi yillarini nochorlikda oʻtkazgan Mirzo Somiy 1907 yilda vafot etadi.

Mirzo Somiy tarjimai holiga oid qisqa maʼlumotlar avvalo uning oʻz asarlarida [17:3a-6a, 167b, 178b, 191b, 216a, 225a, 274a, 298a; 122:76-79], XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida yaratilgan tazkiralarda [6: 35b-36a; 12: 79b; 28: 112b‑113a 25: 318; 20: 90a-b; 21: 334a] hamda zamondoshlarining xotiralarida [3: 335; 2: 23] uchraydi. Ammo bu manbalar Somiy hayotining maʼlum davrlari haqida qasqacha maʼlumot beradi, xolos. Ayniqsa, tazkiranavislar uning qalamiga mansub asarlar nomini keltirish va sheʼrlaridan namunalar berish bilan cheklanadilar.

Xizmat yuzasidan asosiy vaqtini saroy ayonlari, yirik lashkarboshilar orasida oʻtkazgan Mirzo Somiy Buxoro amirligi hududlarining chor Rossiyasi tomonidan zabt etilishi arafasida, urush davrida va undan keyingi yillarda Buxoro davlati olib borgan ichki va tashqi siyosatdan boxabar edi. Shuningdek, u amir Muzaffarning Shahrisabz va Kitob bekliklari (1282/1863-1864), Hisori Shodmon (1280/1863-1864) va Koʻqon xonligiga (1282/1865-1866) qarshi yurishlarida yozuvchi (“navisanda”), Rus–Buxoro urushida voqealarni kuzatuvchi (“vaqoyenigor”) vazifasida ishtirok etib, jang tafsilotlarini yozib borgan. Bu esa muarrixga keyinchalik “Tuhfayi shohiy” va “Tarixi salotini mangʻitiya” asarlarida voqealarning shohidi sifatida bayon qilish imkonini berdi.

Mirzo Somiyning munshiylik faoliyati amir Abdulahad davrida ham davom etdi. 1881 yilda u rus imperatori Aleksandr II ning (1855-1881) taxtga oʻtirish marosimlarida ishtirok etish uchun Rossiyaga borgan Buxoro elchilari tarkibida amir Abdulahadni kuzatib boradi. Somiy “Tuhfayi shohiy” asarida bu haqda xabar berib, safar xotiralariga bagʻishlangan alohida kitob taʼlif etish niyatida ekanligini aytadi [17:298b]. Somiyning zamondoshlaridan Hoji Neʼmatulloh Muhtaram uning bir necha bor Rossiyaga sayohat qilgani haqida xabar beradi [28: 112b‑113a]. Bu maʼlumot boshqa biror manbalar asosida oʻz tasdigʻini topmagani uchun olimlar 1881 yilgi safar Somiyning Rossiyaga qilgan yagona safari boʻlgan, deb hisoblardilar [22:15]. Ammo keyingi yillarda adabiyotshunos olimlar Buxoroda Somiy nabiralarining qoʻlida uning oʻzi tuzgan bayoz saqlanib qolganini aniqlashdi [1:96]. Mazkur bayozda Somiyning 1897 yilda Rossiyaga safari xotiralarini hikoya qiluvchi qirq sakkiz baytlik manzumasi ham joy olgan ekan [13: 30b]. Ushbu manzumasida Somiy safardan qaytayotganda Tbilisida Abdulahadxon uni koʻkrak nishoni bilan taqdirlaganini maʼlum qilgan [13:38b‑39a].

Muarrixning toʻliq ismi Mirzo Muhammad Abdulazimdir. Biroq muarrixning oʻz asarlarida hamda zamondoshlarining tazkiralarida uning nomi baʼzan Abdulazim, baʼzida Azimiddin shaklida uchraydi. U saroyda mirzo va munshiy lavozimlarida xizmat qilgani bois Abdulazim Mirzo, Abdulazim Munshiy, Abdulazim Dabir ismlari, shuningdek, tugʻilgan qishlogʻiga nisbat beruvchi “Boʻstoniy” nisbasi bilan zikr etiladi. Uning taxalluslari ham bir nechta. Sharq xalqlari adabiyoti tarixida bir ijodkorning bir necha taxallus ostida ijod qilishi anʼanasiga koʻra, Abdulazim ham “Mohir”, “Somiy” va “Ulviy” kabi adabiy taxalluslarni istifoda etgan. Shu sababdan Somiyga zamondosh tazkiranavislar Somiy asarlarini sanaganda boshqa mualliflar asarlarini unga nisbat berishgan yoki aksincha, uning baʼzi asarlari va tarjimalar nomlarini qayd etishmagan. Masalan, ham ismlari, ham taxalluslarining bir xilligi tufayli Hoji Abdulazim Sharʼiy qalamiga mansub “Tazkirat al‑fuzalo” tazkirasi Abdulazim Somiyga nisbat berilgan, keyinchalik bu xatoni L. M. Yepifanova ham takrorlagan [27: 112a‑113b; 22: 18-19].

Muallifimiz Abdulazim oʻzining ilk “Mohir” taxallusidan voz kechib, “Ayn ut-tavorix” asarining muallifi Hoji Abdulazimning Somiy taxallusi bilan ijod qilishini bilibmi, bilmaymi, “Somiy” taxallusini tanlaydi. Shundan keyin Hoji Abdulazim Somiy oʻziga “Sharʼiy” degan taxallus tanlashga majbur boʻlgan.

Mirzo Somiyning ilmiy merosini oʻrgangan tadqiqotchilar uning asarlari haqida toʻliq maʼlumot bermaganlar [22: 23: 4:]. Ular Somiyning “Mirʼot al‑yaqin”, “Fazihot ash‑shiʼa”, “Manoshir al‑aʼlom” kabi kitoblarni yozgani va “Aʼlom an‑nos” va “Masobih al‑fikr”ning uning tomonidan amalga oshirilgan tarjimalar ekanligi haqida lom-lim demaganlar. Ehtimol, ular qoʻlyozma fondlaridan bu asarlarni topolmaganlari bois ularni chetlab oʻtishgandir. Quyida Mirzo Somiyning ilmiy jamoatchilikka ilgaridan maʼlum boʻlgan hamda yangi topilgan materiallarga tayangan holda, uning qalamiga oid asarlar haqida qisqacha maʼlumot beramiz.

Mirzo Somiy tartib bergan ilk asar “Mirʼot al‑yaqin fi radd ar‑ravofiz ash‑shayotin” (“Rofiziy shaytonlarini rad etishda eʼtiqod koʻzgusi”) deb ataladi. Asar 1300/1882‑1883 yilda yozilgan. Muallif ushbu asarga “Mafzahot” yoki “Fazahot ash‑shiʼa” (“Shiʼalarning sharmandaliklari”) degan ikkinchi nom ham bergan [16: 111a]. Tazkirashunoslar ushbu asarning ikkita nom bilan atalishiga ahamiyat qaratmay, uni ikkita alohida asar sifatida tilga oladilar [28: 112a‑113b; 21: 334a]. Tazkiralardan Somiyning “Mirʼot al‑yaqin” nomli asar taʼlif qilgani maʼlum boʻlsa‑da, koʻp yillargacha sharqshunoslar ushbu asarning bizgacha yetib kelgan‑kelmaganidan bexabar edilar. Buxoro viloyati kutubxonasi fihristi eʼlon qilinganidan soʻnggina ilm ahli asarning yagona nusxasi mazkur kutubxonada saqlanayotganidan xabardor boʻldi [9: №5].

Asarning nomidan ham koʻrinib turibdiki, Mirzo Somiy shialar mazhabi namoyandalariga nihoyatda radikal munosabatda boʻlgan. Bu, avvalo, muallifimizning sunniylik mazhabiga eʼtiqod qilishi bilan xarakterlansa, boshqa tomondan, bu davrga kelib shialar jamoasining hokimiyatdagi mavqei oshib ketgani bilan bogʻliq. Asar oʻn ikki boʻlim (mirʼot), muqaddima va xotimadan iborat. Asarning kirish qismida muallif uni yozishga undagan sabablar haqida mulohaza yuritadi. Uning fikricha, amir Shohmurod tomonidan Xuroson fath etilgach, Buxoroga olib kelingan hamda savdogarlik orqasidan bu shaharda yashab qolgan shialar “iqtidorli podshohlarning tigʻidan” qoʻrqib, oʻzlarining “botil” mazhablarini maxfiy tutishgan. Amir Nasrulloh (1826-1860) davrida Muhammad Shukurxon Eroniy lashkarboshi, Abdusamadxon Tabriziy esa toʻpchiboshi sifatida Buxoro qoʻshiniga xizmatga olingan, koʻplab shialar qoʻshin tarkibiga kiritilgan[1]. Keyingi amirlar davrida ham eroniylarning siyosiy nufuzi orta borgan. Ularning koʻpchiligi qullikdan ozod etilmay turib lavozimlarga tayinlangan. Masalan, amir Muzaffar Muhammadshoh qoʻshbegini bosh vazir etib tayinlaydi. Muhammadshohdan to Ostonaqulgacha toʻrtta eroniy bosh vazir lavozimini egallagan [11: 199]. Eroniylarning hokimiyatdagi taʼsiri oshgani sari ular diniy mavqelarini ham mustahkamlashga intilganlar. Ular oz‑ozdan oʻz “fosid” fikrlari va “rofiziylik shevasini” tarqatib, mazhab haqida yetarli bilimga ega boʻlmagan avomni “siroti mustaqimdan ogʻdirishga” intilganlar, buning ustiga, ahli sunna  va jamoa bilan munozaraga kirishib, ulamolarga eʼtiroz bildirishga jazm etganlar[16: 1b‑11b]. Oʻz maqsadiga erishish, yaʼni rofiziylar mazhabi va shia ulamolarining eʼtirozlarini rad etish uchun Somiy asarda Qurʼon oyatlari, hadislar va baʼzi risolalarda keltirilgan dalillardan foydalanadi.

Demak, doksografik asarlar sirasiga kiradigan “Mirʼot al‑yaqin” asari Buxorodagi ijtimoiy-siyosiy muhitning talabiga oʻziga xos javob, boshqacha aytganda, sunniy ulamo vakillarining shialarga raddiyasi sifatida yaratilgan. Somiydan biroz keyin Ahmad Donish (1827-1897) ham bu mavzuga qoʻl urdi va oʻzining “Meʼyor at-tadayyun” (“Taqvodorlik meʼyori”) asarini yozdi[2].

Somiyning oʻzi bu asarini yozishdan maqsadi “ahl as‑sunna va‑l‑jamoani[3] har xil shubhali va botil fikrlardan xoli, tiniq eʼtiqodini mustahkamlash”dan iboratdir, deyishiga qaramay, diniy muammolardan tashqari Buxoroda eroniylarning siyosiy mavqeining oshib ketishi uni koʻproq tashvishga solgan koʻrinadi. Chunki u boshqa bir asarida ham bu mavzuga yana qaytadi. “Amir Abdulahad hokimiyatni butkul qoʻldan berib qoʻydi, unda besh‑olti qozi hamda raislarni ishga tayinlash hamda rus xazinasi uchun soliqlarni yigʻishdan boshqa ish qolmadi”, deya kuyinadi u “Tarix‑i salatin‑i mangitiya” asarida [22: 120] “Aksincha, Buxoroning vaziri boʻlgan Ostonaqul qushbegining qudrati Horun ar-Rashid[4] davrida Jaʼfar Barmakiy[5] hukmronligidan ming barobar ortiqroqdir”, deb xabar beradi Somiy [22: 122].

Abdulazim Somiyning aynan 1300/1882-1883 yilda tartib berilgan va “Risolai insho” (“Insho haqida risola”), “Tanzih al-insho” (“Nuqsonsiz insho”), “Manozir al‑insho” (“Insho haqida munozara”), “Sanʼati maxzun” (“Xazinaga aylangan sanʼat”) kabi turli nomlar bilan ataluvchi ikkinchi asari inshoshunoslikka oiddir[6]. Ushbu asar vazir Ostonaqul qoʻshbegining topshirigʻi bilan kotiblarga dastur sifatida yozilgan. Asarning kirish qismida Somiy davlat ishlarida kotiblarga ehtiyoj kuchli boʻlishiga qaramay, savodli kotiblar yetishmayotganligi bois, ushbu asarni taʼlif qilganligini eslatib oʻtadi. Bu asarida, avvalo, inshoshunoslikning nazariy asoslari bayon qilingan. Shuningdek, muallif unga koʻplab rasmiy hujjatlar va maktublar matnini ilova qilganki, ular ayni paytda Buxoro amirligining oʻsha davrdagi tashqi aloqalarini oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Asar tojikistonlik tadqiqotchi Z.Sh.Hasanova tomonidan inshoshunoslik nuqtai nazaridan tahlil etilgan [23].

Koʻp yillik jimlikdan soʻng Mirzo Somiy 1322/1904-1905 yilda “Mirʼot al‑xayol” (“Xayol koʻzgusi”) nomli asarini oʻquvchilar hukmiga havola etdi[7]. Asar nazmda bitilgan boʻlib, unga muallif turli mazmundagi hikoyalar, maʼlum voqealarga bagʻishlab yozilgan tarixlar, amir Abdulahad va shahzoda Olimxonga bagʻishlangan qasida va madhiyalar, shuningdek, baʼzi amaldorlar hamda shoirlar hayoti va ijodi haqidagi maʼlumotlarni kiritgan. Adabiyotchilarning eʼtiroficha, “Mirʼot al‑xayol” tazkira janrining barcha talablariga javob bermasa‑da, asarda XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida yashagan koʻplab shoirlarning ijodi haqida maʼlumot berilishini nazarda tutib, uni tazkira deb hisoblash mumkin [4: 95]. Asar oʻsha davr tarixi hamda Buxoro adabiy muhitini oʻrganishda qimmatlidir.

Tazkiranavislar tomonidan Somiyga nisbat beriladigan “Manoshir al‑aʼlom” asari haqida hozircha maʼlumot topa olganimiz yoʻq. Ehtimol, u kataloglashtirish nihoyasiga yetkazilmagan biror‑bir fondda yoki shaxsiy jamgʻarmalarda saqlanayotgandir yoki bizgacha yetib kelmagan boʻlishi ham mumkin.

Davomi bor…

Sharifaxon TOSHOVA
OʻzR FA Milliy arxeologiya markazi ilmiy xodimi
______________________________________________________________
[1] Buxorodagi eronlik qullarni ozod ettirish va qul savdosini cheklashga kelishish maqsadida 1844 yilda Eron shohi Muhammadshoh Qojor tomonidan Buxoro amiri Nasrulloh huzuriga kelgan elchiga amir oʻzining 30 ming tillo evaziga sotib olgan shaxsiy qullaridan 1000 nafar eroniy Buxoro sarbozlari qatorida xizmat qilayotganini bildirib, ularni ham ozod etishga roziligini bildirgan. Buxoro safaridan qaytishda elchi oʻzi bilan amirning sarbozlarini emas, balki 1000 nafar ozod etilgan qullarni Eronga olib ketishga erishgan. Qarang: Buxoro safarnomasi / Forschadan oʻzbek tiliga oʻgiruvchi, kirish soʻzi va izohlar muallifi Ismoil Bekjon. –T.:, 2007. – B.61-79.
[2] OʻzR FA Sharqshunoslik instituti fondida ushbu asarning muallif dastxati bilan koʻchirilgan uchta nusxasi 2187; 2776; 553 ashyo raqamlari ostida saqlanmoqda.
[3] Ahl as‑sunna va‑l jamoa – musulmonlarning asosiy ommasi eʼtiqod va amal qilib kelayotgan aqidaviy mazhablarning umumiy nomi.
[4] Horun ar‑Rashid 786‑809 yillarda hukmronlik qilgan Abbosiy xalifa. 803 yilga qadar xalifalikda hokimiyat boshqaruvi amalda Barmakiylar sulolasiga mansub vazirlar qoʻlida boʻlgan.
[5] Jaʼfar Barmakiy – Horun ar‑Rashidning vaziri.
[6] Asarning uchta nusxasi (№№293,294/2, 4353) OʻzR FA Sharqshunoslik instituti xazinasida, ikkita nusxasi (№№419/2, 2307) Tojikiston FA Sharqshunoslik instituti fondida saqlanmoqda.
[7] Asarning ikkita nusxasi mavjud. Bittasi OʻzR FA Sharqshunoslik institutida (№ 2188), ikkinchisi esa Sankt‑Peterburg Sharq qoʻlyozmalari institutida saqlanmoqda.

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …